Shahardagi Uzumzor mahalla fuqarolar yigʻini Soyboʻyi koʻchasidagi “Soy Shabbodasi” choyxonasining oldiga 3.27 “Toʻxtash taqiqlanadi” yoʻl belgisini oʻrnatishga ruxsat berish haqida (29-son)
17.01.2020
Fargʻona viloyati Margʻilon shahar hokimining
Qarori
Margʻilon shahar Uzumzor mahalla fuqarolar yigʻini Soyboʻyi koʻchasidagi “Soy Shabbodasi” choyxonasining oldiga 3.27 “Toʻxtash taqiqlanadi” yoʻl belgisini oʻrnatish haqidagi Margʻilon shahar Ichki ishlar boʻlimining 2019-yil 15-noyabr kungi 416-sonli murojaatini inobatga olib, Oʻzbekiston Respublikasining “Avtomobil yoʻllari toʻgʻrisida”gi Qonunning 7-moddasi (Oʻzbekiston Respublikasi QHT, 2007-yil, 40-son, 410-modda), Oʻzbekiston Respublikasining “Mahalliy davlat hokimiyati toʻgʻrisida”gi Qonunining 6 — 25-moddalari (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1993-yil, 9-son, 320-modda), Oʻzbekiston Respublikasining 2013-yil 10-apreldagi “Oʻzbekiston Respublikasi yoʻl harakati xavfsizligi toʻgʻrisida”gi Qonuniga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish haqida”gi 348-sonli Qonuni (Oʻzbekiston Respublikasi QHT, 2015-yil, 15-son, 197-modda) hamda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2015-yil 24-dekabrdagi “Yoʻl harakati qoidalarini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi 370-sonli qaroriga (Oʻzbekiston Respublikasining HQT 2015-yil, 12-son, 109-modda) asosan, qaror qilaman:
1. Margʻilon shahar Ichki ishlar boʻlimining 2019-yil 15-noyabr kungi 416-sonli murojaati qanoatlantirilsin.
2. Shaharning Uzumzor mahalla fuqarolar yigʻini Soyboʻyi koʻchasidagi “Soy Shabbodasi” nomli choyxona oldidan oʻtgan ichki avtomobil yoʻlida transport vositalarini tartibsiz joylashishlarini oldini olish maqsadida taʼqiqlovchi 3.27 “Toʻxtash taqiqlanadi” yoʻl belgisini oʻrnatishga ruxsat berilsin.
3. Margʻilon shahar yoʻllardan foydalanish tarmogʻi boshligʻi N. Mirzayevga va shahar IIB YHXB boshligʻi A. Oʻrinboyevga yuqorida koʻrsatilgan manzilda belgilangan yoʻl belgisini oʻrnatish vazifasi topshirilsin.
4. Margʻilon shahar Ichki ishlar boʻlimi (B.Nadjimitdinov) ga ushbu koʻchada harakatlanuvchi transport vositalarining mazkur yoʻl belgisiga qatʼiy rioya qilishini hamda harakat xavfsizligini taʼminlash choralarini koʻrish vazifalari yuklatilsin.
5. Shahar hokimligi axborot xizmatlari rahbari (A. Mansurov), devonxona mudiri (G. Xadjayeva) ga ushbu qarorni “Margʻilon Haqiqati” roʻznomasiga nashr etilishini, shahar hokimligining veb saytiga joylashtirilishini hamda qogʻoz va elektron shaklda bir kunlik muddatda davlat hisobiga olish maqsadida shahar adliya boʻlimiga va tegishli tashkilot rahbarlariga yetkazilishini tashkillashtirsin.
6. Mazkur qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
7. Ushbu qarorni bajarilishini nazorat qilish shahar hokimining oʻrinbosari R. Pirmatov zimmasiga yuklatilsin.
Shahar hokimi: M. UBAYDULLAYEV
Margʻilon sh.,
2020-yil 17-yanvar,
29-son
