8-modda. Alohida muhofaza etiladigan tabiiy hududlarning davlat kadastri
Alohida muhofaza etiladigan tabiiy hududlar toʻgʻrisida (871-XII-son) · Sana: 07.05.1993 · Amalda
Alohida muhofaza etiladigan tabiiy hududlarning davlat kadastri bu hududlarning huquqiy maqomi, ularning jugʻrofiy mavqeyi, miqdor va sifat koʻrsatkichlari, ekologik, ilmiy, maʼrifiy va boshqa xil ahamiyati toʻgʻrisidagi, yer egalari va yerdan foydalanuvchilar haqidagi maʼlumotlarni qamrab oladi.
Oʻzbekiston Respublikasining alohida muhofaza etiladigan tabiiy hududlari davlat kadastri mazkur hududlar tarmogʻini rejalashtirish, ularni muhofaza etishni taʼminlash va ilmiy tadqiqotlar oʻtkazish, tegishli qoidaga rioya etilishi ustidan davlat nazorati darajasini oshirish, shuningdek ishlab chiqarish kuchlarini rivojlantirish va joylashtirishni rejalashtirish chogʻida bu hududlar oʻrni va ahamiyatini hisobga olish maqsadida yuritiladi.
Alohida muhofaza etiladigan tabiiy hududlarning davlat kadastri respublika budjeti hisobidan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tasdiqlagan yagona tizim asosida yuritiladi. Alohida muhofaza etiladigan tabiiy hududlarning davlat kadastrini yuritishni Oʻzbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qoʻmitasining idoralari Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi bilan birgalikda amalga oshiradilar.
