37-modda. Alohida muhofaza etiladigan tabiiy hududlarning ish tartibini buzganlik uchun javobgarlik
Alohida muhofaza etiladigan tabiiy hududlar toʻgʻrisida (871-XII-son) · Sana: 07.05.1993 · Amalda
Quyidagi hollarda:
tabiat-qoʻriqxona fondi hududlari va obyektlaridan oʻz oʻrnida foydalanmaslikda, alohida muhofaza etiladigan hududlarni barpo etish va ular ishini yoʻlga qoʻyish loyihalarining talablarini buzganlikda;
alohida muhofaza etiladigan tabiiy hududlar, ularning muhofaza etiladigan tegralari doirasida man etilgan xoʻjalik faoliyati bilan shugʻullanganlikda;
alohida muhofaza etiladigan tabiiy hududlarning obyektlari va muhofaza etiladigan tegralarida oldindan ekologik ekspertiza oʻtkazmay turib yoki bunday ekspertiza xulosalarini buzgan holda xoʻjalik faoliyatini yoʻlga qoʻyganlikda;
alohida muhofaza etiladigan tabiiy hududlarda falokatlarning ekologik oqibatlari va boshqa zararli taʼsirlarning oldini olish va ularni bartaraf etish choralarini koʻrmaganlikda;
alohida muhofaza etiladigan tabiiy hududlar barpo etish toʻgʻrisidagi iltimosnomalarni qarab chiqish muddatlari va tartibini buzganlikda;
alohida muhofaza etiladigan hududlardan foydalanish talablarini buzganlikda;
alohida muhofaza etiladigan tabiiy hududlardan foydalanishda kimyoviy, fizik, biologik va oʻzga xil taʼsirlar yoʻl qoʻyiladigan meʼyordan oshib ketganlikda, bunday hududlarni istifoda etish uchun berilgan ruxsatnomalarning talablarini buzganlikda;
alohida muhofaza etiladigan tabiiy obyektlarning tabiiy majmuilari hamda ularning tarkibiga kiritishni moʻljallab asrab qoʻyilgan joylarni buzganlikda, ularga shikast yetkazganlikda yoki ularni yoʻq qilganlikda;
alohida muhofaza etiladigan tabiiy hududlarning chegarasini oʻzboshimchalik bilan oʻzgartirganlikda, bunday hududlarni oʻz bilgicha boshqa ehtiyojlar uchun ajratib berganlikda aybdor boʻlgan shaxslar maʼmuriy, jinoiy va oʻzga xil javobgarlikka tortiladilar.
Oʻzbekiston Respublikasi qonunlarida alohida muhofaza etiladigan tabiiy hududlar toʻgʻrisidagi qonunlarni oʻzgacha tarzda buzganlik uchun ham javobgarlik belgilanishi mumkin.
Korxonalar, muassasalar, tashkilotlar, oʻzga yuridik va jismoniy shaxslar alohida muhofaza etiladigan tabiiy hududlarning ish tartibini buzish orqali yetkazgan zararlarning oʻrnini qonunlarda belgilangan hajmda va tartibda qoplashga majburdirlar.
