31-modda. Hayvonot bogʻlari
Alohida muhofaza etiladigan tabiiy hududlar toʻgʻrisida (871-XII-son) · Sana: 07.05.1993 · Amalda
Hayvonot bogʻlari ekologik taʼlim-tarbiya ishlarini yoʻlga qoʻyish, hayvonlarning nodir ekzotik va mahalliy turlari ekspozitsiyalarini yaratish, ularning irsiy fondini saqlab qolish, yovvoyi hayvonlarni oʻrganish hamda ularni tutqunlikda koʻpaytirishning ilmiy asoslarini ishlab chiqish maqsadida barpo etiladi.
Umumdavlat ahamiyatiga molik hayvonot bogʻlari madaniy-maʼrifiy yoʻnalishdagi tabiatni muhofaza qilish muassasalari hisoblanadi.
Yer maydonlari barcha tabiiy zaxiralari bilan birgalikda Oʻzbekiston Respublikasi qonunlarida belgilab qoʻyiladigan tartibda xoʻjalik maqsadlarida foydalanishdan tortib olinib, hayvonot bogʻlariga beriladi.
Hayvonot bogʻlarining hududida ularning zimmasiga yuklatilgan vazifalarni bajarishga aloqasi boʻlmagan hamda bu bogʻlardagi hayvonlarning hayoti uchun qulay sharoitni saqlab qolishga tahdid qiluvchi faoliyat bilan shugʻullanish man etiladi.
Hayvonot bogʻlarining hududida ular oldiga qoʻyilgan vazifalarni bajarishni taʼminlash maqsadida:
hayvonlarni bir joyda asrash va ulardan madaniy hamda bilimni oshirish maqsadlarida foydalanish uchun ekspozitsiya tegrasi;
sarhadida ilmiy-tadqiqot ishlari olib boriladigan ilmiy tegralar (bunday tegraga kirishga ruxsat hayvonot bogʻining maʼmuriyati belgilab qoʻyadigan tartibda beriladi);
hayvonot bogʻi tomoshabinlarining dam olishi va ularga xizmat koʻrsatishni yoʻlga qoʻyish uchun rekreatsiya tegrasi;
yordamchi xoʻjalik obyektlarini joylashtirish uchun xoʻjalik tegrasi ajratib beriladi.
Hayvonot bogʻlari jonivorlarning koʻchma ekspozitsiyalarini tashkil etishlari, jonivorlarni ozuqa bilan taʼmin etish maqsadida barpo etiladigan yordamchi xoʻjaliklarga ega boʻlishlari mumkin.
