22-modda. Suvni muhofaza qilish mintaqalari (tegralari) va ularni tashkil etish
Alohida muhofaza etiladigan tabiiy hududlar toʻgʻrisida (871-XII-son) · Sana: 07.05.1993 · Amalda
Daryolarning, koʻllarning, suv omborlarining, kanallarning, kollektorlarning hamda boshqa suv obyektlarining oʻzanlariga tutash hudud suvni muhofaza qilish tegrasi deb eʼtirof etiladi va bu hudud uchun ifloslanish, bulgʻanish, sayozlanishning hamda suv obyektlari tuproq nurashi mahsullari boʻlmish loyqa bilan toʻlib qolishining oldini olish maqsadida, shuningdek eng maqbul suv maromini saqlab turish uchun maxsus tartib-qoida belgilab qoʻyiladi.
Suvni muhofaza qilish mintaqalari (tegralari)ning ish tartibi yer usti va yer osti suvlari hosil boʻladigan tegralar (daryo uvalari, oqiziqli adirlar, togʻ yonbagʻirlarining etaklari)ga ham taalluqlidir.
Suvni muhofaza qilish mintaqalari (tegralari) Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tasdiqlaydigan tartibga muvofiq tabiatni muhofaza qilish va suv xoʻjaligi idoralarining taqdimiga binoan belgilanadi.
Davlatlararo daryolardagi suvni muhofaza qilish tegralari manfaatdor davlatlar oʻrtasida tuzilgan shartnomalarga binoan belgilanadi. Aholi punktlari hududida xoʻjaliklararo yer tuzish va yer tekislash chogʻida suvni muhofaza qilish mintaqalari (tegralari) barpo etishga doir masalalar tabiatni muhofaza qilish va suv xoʻjaligi idoralari bilan kelishib olinishi lozim.
