15-modda. Davlat milliy tabiat bogʻlarining taʼrifi va vazifalari
Alohida muhofaza etiladigan tabiiy hududlar toʻgʻrisida (871-XII-son) · Sana: 07.05.1993 · Amalda
Davlat milliy tabiat bogʻlari tabiatni muhofaza qilish muassasasi boʻlib, ularning hududlari (akvatoriylari) alohida ekologik, tarixiy va estetik qimmatga ega boʻlgan hamda tabiatni muhofaza qilish, rekreatsiya, maʼrifiy, ilmiy va madaniy maqsadlarda foydalanishga moʻljallangan tabiiy majmuilarni qamrab oladi.
Davlat milliy tabiat bogʻlari hududi davlat milliy bogʻlariga egalik qilish yoki ulardan foydalanish uchun beriladigan yerlarda, shuningdek boshqa yer egalari va yerdan foydalanuvchilarning yerlarida joylashadi.
Davlat milliy tabiat bogʻlariga:
rekreatsiya, maʼrifiy va ilmiy maqsadlarda foydalanish uchun tabiiy majmuilar va tarixiy-madaniy meroslarni asrab qolishni taʼminlaydigan ish tartibiga rioya etish;
shikast yetgan tabiiy majmuilarni tiklash;
tarix, madaniyat, meʼmorchilik obidalarini saqlab qolish;
turizm, ekskursiya va dam olish uchun sharoit yaratish;
ekologiya bilimlarini targʻib qilish;
zaxiralarni tejaydigan, ekologik jihatdan sof texnologiyalarni qishloq xoʻjaligi, sanoat ishlab chiqarishi va boshqa faoliyatda ishlatishga joriy etishga koʻmaklashish;
tabiatni muhofaza qilish va tabiatdan oqilona foydalanish sohasida ilmiy tadqiqotlar oʻtkazish, ilmiy kadrlar va mutaxassislar tayyorlashga hamkorlik qilish vazifalari yuklatiladi.
