10-modda. Davlat qoʻriqxonalarining taʼrifi va vazifalari
Alohida muhofaza etiladigan tabiiy hududlar toʻgʻrisida (871-XII-son) · Sana: 07.05.1993 · Amalda
Davlat qoʻriqxonalari oʻz oldiga oddiy, odatiy va noyob tabiiy majmuilar, oʻsimliklar va hayvonlarning irsiy fondlarini saqlab qolish va oʻrganish, tabiiy jarayonlar va hodisalar oʻzgarishi ustidan monitoring oʻtkazish maqsadini qoʻygan tabiatni muhofaza etuvchi ilmiy-tadqiqot muassasalari hisoblanadi.
Davlat qoʻriqxonalari hududidagi yer, suv, yer osti boyliklari, oʻsimlik va hayvonot dunyosi xoʻjalik foydalanishidan toʻliq va bir umrga tortib olinadi hamda doimiy foydalanish uchun qoʻriqxonalarga bepul beriladi. Davlat qoʻriqxonalari yerlarini ijaraga berish taqiqlanadi.
Hududi tabiiy landshaftlarning xos boʻlaklaridan iborat boʻlgan va belgilangan tartibda biosfera qoʻriqxonalarining xalqaro shoxobchasiga kiritilgan davlat qoʻriqxonalari biosfera davlat qoʻriqxonalari maqomiga egadir.
Davlat qoʻriqxonalari zimmasiga:
muhofaza ostiga olingan butun tabiiy majmuini tabiiy holatda asrash;
ilmiy tadqiqotlar oʻtkazish;
roʻyobga chiqarilganda qoʻriqxonalar va muhofaza etilayotgan tegralarning tabiiy majmuiga salbiy taʼsir etishi mumkin boʻlgan xoʻjalik obyektlari va boshqa obyektlarning loyihalari hamda ularni joylashtirish kesmalarining davlat ekologik ekspertizasida qatnashish;
tabiatni muhofaza qilish sohasida ilmiy xodimlar va mutaxassislar tayyorlashga hamkorlik qilish;
ekologik bilimlarni targʻib etish vazifalari yuklanadi.
