3-modda. Asosiy tushunchalar
Oʻzbekiston Respublikasining maʼmuriy-hududiy tuzilishi toʻgʻrisida (O‘RQ-635-son) · Sana: 28.08.2020 · Amalda
Ushbu Qonunda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
viloyat boʻysunuvidagi shaharlar (Qoraqalpogʻiston Respublikasi boʻysunuvidagi shaharlar) — aholisining soni, qoida tariqasida, kamida oʻttiz ming kishi boʻlgan, muhim maʼmuriy ahamiyatga, rivojlangan infratuzilmaga ega, shuningdek istiqbolli iqtisodiy va madaniy markazlar boʻlgan aholi punktlari;
maʼmuriy-hududiy tuzilish — Oʻzbekiston Respublikasi hududini maʼmuriy-hududiy birliklarga boʻlish;
maʼmuriy-hududiy tuzilish masalalari — maʼmuriy-hududiy birliklarni tuzish, tugatish va ularning chegaralarini oʻzgartirish, maʼmuriy-hududiy birliklarning maʼmuriy markazlarini belgilash va koʻchirish, maʼmuriy-hududiy birliklarning boʻysunuvini oʻzgartirish;
respublika boʻysunuvidagi shaharlar — Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlari bilan aniqlanishi mumkin boʻlgan, strategik ahamiyatga, yirik sanoat korxonalariga va rivojlangan infratuzilmaga ega, shuningdek istiqbolli iqtisodiy va madaniy markazlar boʻlgan aholi punktlari;
tuman boʻysunuvidagi shaharlar — aholisining soni, qoida tariqasida, kamida yetti ming kishi boʻlgan, sanoat korxonalariga va rivojlangan infratuzilmaga ega boʻlgan aholi punktlari;
tumanlar — viloyatlar, Qoraqalpogʻiston Respublikasi tarkibidagi, qoida tariqasida, shaharlar, shaharchalar, qishloqlar va ovullardan iborat boʻlgan maʼmuriy hududiy birliklar;
chegara chizigʻining tavsifi — chegara chizigʻining yoʻnalishi va maʼmuriy-hududiy birlik chegaralarining kartografik chizmasida koʻrsatilgan, chegara chizigʻini burilish nuqtalarining koordinatalari, shuningdek joyning tegishli topografik elementlari bilan bogʻlaydigan chegara nuqtalari oʻrtasidagi masofa koʻrsatilgan holda, chegara chizigʻining oʻtish tavsifini oʻz ichiga olgan asosiy hujjat;
shaharlardagi tumanlar — shaharlarning maʼmuriy-hududiy birlik maqomidagi, aholisining soni, qoida tariqasida, kamida yigirma ming kishi boʻlgan, fuqarolar yigʻinlaridan (mahallalardan) iborat boʻlgan qismi;
shaharchalar — aholisining soni, qoida tariqasida, kamida ikki ming kishi boʻlgan, sanoat korxonalari, temir yoʻl stansiyalari va boshqa muhim obyektlar yaqinida joylashgan, fuqarolar yigʻinlaridan (mahallalardan) iborat boʻlgan aholi punktlari;
Oʻzbekiston Respublikasining maʼmuriy-hududiy birliklari — viloyatlar, tumanlar, shaharlar, shaharchalar, qishloqlar, ovullar, shuningdek Qoraqalpogʻiston Respublikasi;
