27-modda. Shaharchalarning, qishloqlarning va ovullarning chegaralarini oʻzgartirish
Oʻzbekiston Respublikasining maʼmuriy-hududiy tuzilishi toʻgʻrisida (O‘RQ-635-son) · Sana: 28.08.2020 · Amalda
Shaharchalarning, qishloqlarning va ovullarning chegaralarini oʻzgartirish xalq deputatlari viloyat Kengashlari tomonidan tegishli tumanlar hokimlarining iltimosnomalari asosida amalga oshiriladi.
Tegishli tuman hokimi xalq deputatlari viloyat Kengashiga quyidagi hujjatlarni taqdim etadi:
shaharcha, qishloq yoki ovulning chegaralarini oʻzgartirish zarurligi va maqsadga muvofiqligi asoslantirilgan iltimosnoma;
tegishli tuman xalq deputatlari Kengashining shaharcha, qishloq yoki ovulning chegaralarini oʻzgartirish masalasiga doir qarori;
tuman hokimi tomonidan tashkil etilgan komissiya xulosasi;
shaharcha, qishloq yoki ovul chegaralarining va shaharcha, qishloq yoki ovulning chegaralari oʻzgarishi munosabati bilan chegaralari oʻzgartirilayotgan maʼmuriy-hududiy birliklar chegaralarining kartografik chizmasi hamda shaharcha, qishloq yoki ovul chegaralari chizigʻining tavsifi;
shaharcha, qishloq yoki ovulning chegaralarini oʻzgartirish bilan bogʻliq tegishli hisob-kitoblar va xarajatlarni moliyalashtirish manbalari.
Xalq deputatlari viloyat Kengashi tegishli tuman hokimining shaharcha, qishloq yoki ovulning chegaralarini oʻzgartirish haqidagi iltimosnomasini iltimosnoma kelib tushganidan keyin oʻttiz kun ichida koʻrib chiqadi va uni maʼqullaydi yoki rad etadi.
