20-modda. Shaharchalarni, qishloqlarni va ovullarni tuzish hamda tugatish
Oʻzbekiston Respublikasining maʼmuriy-hududiy tuzilishi toʻgʻrisida (O‘RQ-635-son) · Sana: 28.08.2020 · Amalda
Shaharchalarni, qishloqlarni va ovullarni tuzish hamda tugatish tegishli tumanlar hokimlarining iltimosnomalari asosida xalq deputatlari viloyat Kengashi tomonidan amalga oshiriladi.
Tegishli tuman hokimi xalq deputatlari viloyat Kengashiga quyidagi hujjatlarni taqdim etadi:
shaharcha, qishloq yoki ovulni tuzish yoki tugatish zarurligi va maqsadga muvofiqligi asoslantirilgan iltimosnoma;
tegishli tuman xalq deputatlari Kengashining shaharcha, qishloq yoki ovulni tuzish yoki tugatish masalasiga doir qarori;
tuman hokimi tomonidan tashkil etilgan komissiya xulosasi;
shaharcha, qishloq yoki ovul chegaralarining va shaharcha, qishloq yoki ovul tarkibiga hududlari oʻtkazilayotgan maʼmuriy-hududiy birliklar chegaralarining kartografik chizmasi hamda shaharcha, qishloq yoki ovul chegaralari chizigʻining tavsifi (shaharcha, qishloq yoki ovulni tuzish toʻgʻrisidagi taklifga ilova qilinadi);
tarkibiga tugatilayotgan shaharcha, qishloq yoki ovul hududi oʻtkazilayotgan maʼmuriy-hududiy birliklar chegaralarining kartografik chizmasi va maʼmuriy-hududiy birliklar chegaralari chizigʻining tavsifi (shaharcha, qishloq yoki ovulni tugatish toʻgʻrisidagi taklifga ilova qilinadi);
shaharcha, qishloq yoki ovulni tuzish yoki tugatish bilan bogʻliq tegishli hisob-kitoblar va xarajatlarni moliyalashtirish manbalari.
Xalq deputatlari viloyat Kengashi tegishli tuman hokimining shaharcha, qishloq yoki ovulni tuzish yoki tugatish haqidagi iltimosnomasini iltimosnoma kelib tushganidan keyin oʻttiz kun ichida koʻrib chiqadi va uni maʼqullash yoki rad etish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi.
