3-modda. Asosiy tushunchalar
“Odam savdosiga qarshi kurashish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida (O‘RQ-633-son) · Sana: 17.08.2020 · Amalda
Ushbu Qonunda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
voyaga yetmagan shaxs savdosi — “odam savdosi” degan tushunchada koʻrsatilgan taʼsir oʻtkazish vositalaridan foydalanilgan-foydalanilmaganligidan qatʼi nazar, har qanday harakat yoki bitim boʻlib, ular vositasida voyaga yetmagan shaxs ota-onasi, boshqa qonuniy vakili yoki oʻzga shaxs tomonidan qonunga xilof ravishda undan foydalanish maqsadida yoxud moddiy yoki boshqa naf olish maqsadida boshqa shaxsga haq evaziga beriladi;
kelib chiqish mamlakati — hududidan odam savdosidan jabrlanganlarni olib chiqish amalga oshirilgan yoki fuqarolari odam savdosidan jabrlangan davlat;
majburlash — majburlanayotgan shaxsni uning irodasiga qarshi yoki irodasini chetlab oʻtib, biror-bir harakatni amalga oshirishga yoki biror-bir harakatni bajarishni majburlovchi shaxsning yoki boshqa shaxslarning foydasi uchun rad etishga undash maqsadidagi jismoniy, ruhiy, jinsiy va iqtisodiy zoʻravonlik yoki ularni qoʻllash tahdidi;
odam savdosi — kuch bilan tahdid qilish yoki kuch ishlatish yoxud majburlashning boshqa shakllaridan foydalanish, oʻgʻirlash, firibgarlik, aldash, hokimiyatni suiisteʼmol qilish yoki vaziyatning qaltisligidan foydalanish orqali yoxud boshqa shaxsni nazorat qiluvchi shaxsning roziligini olish uchun toʻlovlar yoki manfaatdor etish evaziga ogʻdirib olish yoʻli bilan odamlardan foydalanish maqsadida ularni yollash, tashish, topshirish, yashirish yoki qabul qilish. Odamlardan foydalanish boshqa shaxslarning fohishaligidan foydalanishni yoki ulardan shahvoniy foydalanishning oʻzga shakllarini, majburiy mehnatni yoki xizmatlarni, qullikni yoxud qullikka oʻxshash odatlarni, erksizlik holatini yoxud inson aʼzolarini va (yoki) toʻqimalarini olishni anglatadi;
odam savdosidan jabrlangan shaxs — odam savdosidan, bunday harakatga rozilik berganligi-bermaganligidan va jinoyat protsessida ishtirok etganligi-etmaganligidan qatʼi nazar, jabrlangan jismoniy shaxs;
odam savdosidan jabrlanganlarni identifikatsiya qilish — jismoniy shaxslarga nisbatan amalga oshiriladigan, ularga nisbatan odam savdosi sifatida malakalanadigan xatti-harakatlar sodir etilganligi toʻgʻrisida yoki sodir etish niyati haqida maʼlumotlar olishga qaratilgan chora-tadbirlar majmui;
