25-modda. Odam savdosidan jabrlanganlarga yordam koʻrsatish va ularni himoya qilish boʻyicha ixtisoslashtirilgan muassasalar
“Odam savdosiga qarshi kurashish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida (O‘RQ-633-son) · Sana: 17.08.2020 · Amalda
Odam savdosidan jabrlanganlarga yordam koʻrsatish va ularni himoya qilish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan odam savdosidan jabrlanganlarga yordam koʻrsatish va ularni himoya qilish boʻyicha ixtisoslashtirilgan muassasalar (bundan buyon matnda ixtisoslashtirilgan muassasalar deb yuritiladi) tashkil etiladi.
Ixtisoslashtirilgan muassasalarning asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:
odam savdosidan jabrlanganlarni, odam savdosidan jabrlangan deb taxmin qilinayotganlarni qulay yashash sharoitlari va shaxsiy gigiyena vositalari bilan taʼminlash;
odam savdosidan jabrlanganlarni, odam savdosidan jabrlangan deb taxmin qilinayotganlarni oziq-ovqat, dori vositalari va tibbiy buyumlar bilan taʼminlash;
odam savdosidan jabrlanganlarga, odam savdosidan jabrlangan deb taxmin qilinayotganlarga shoshilinch tibbiy, psixologik, ijtimoiy, huquqiy yordam va boshqa yordam koʻrsatish;
odam savdosidan jabrlanganlarning, odam savdosidan jabrlangan deb taxmin qilinayotganlarning xavfsizligini taʼminlash;
odam savdosidan jabrlanganlarning, odam savdosidan jabrlangan deb taxmin qilinayotganlarning qarindoshlari bilan aloqa oʻrnatishiga koʻmaklashish;
odam savdosidan jabrlanganlarga, odam savdosidan jabrlangan deb taxmin qilinayotganlarga oʻz huquqlari va qonuniy manfaatlari haqida axborot taqdim etish;
odam savdosidan jabrlanganlarning ijtimoiy reabilitatsiyasiga va moslashuviga koʻmaklashish.
Ixtisoslashtirilgan muassasalar oʻz faoliyatini Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadigan nizomga muvofiq amalga oshiradi.
