17-modda. Odam savdosiga qarshi kurashishga doir faoliyatni amalga oshirayotgan davlat organlariga koʻmaklashish
“Odam savdosiga qarshi kurashish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida (O‘RQ-633-son) · Sana: 17.08.2020 · Amalda
Davlat organlari, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari, shuningdek fuqarolar:
odam savdosiga qarshi kurashishda davlat organlariga koʻmaklashishi va zarur yordam koʻrsatishi;
odam savdosiga qarshi kurashish sohasidagi davlat dasturlarini va boshqa dasturlarni ishlab chiqish hamda amalga oshirishda ishtirok etishi;
odam savdosiga qarshi kurashish sohasida aholining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirishda ishtirok etishi;
odam savdosiga qarshi kurashish toʻgʻrisidagi qonunchilikni takomillashtirish boʻyicha takliflar kiritishi;
odam savdosidan jabrlanganlarni identifikatsiya qilishning har qanday bosqichida ishtirok etishi;
odam savdosidan jabrlanganlarning ijtimoiy reabilitatsiyasi va moslashuvi boʻyicha chora-tadbirlarni amalga oshirishda, shu jumladan odam savdosidan jabrlanganlarga yordam koʻrsatish va ularni himoya qilish boʻyicha ixtisoslashtirilgan muassasalarni tashkil etishda koʻmaklashishi;
odam savdosiga qarshi kurashish toʻgʻrisidagi qonunchilikning ijrosi ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshirishi;
qonunchilikka muvofiq boshqa tadbirlarda ishtirok etishi mumkin.
Nodavlat notijorat tashkilotlari odam savdosidan jabrlanganlarga yordam koʻrsatish va ularni himoya qilish boʻyicha markazlarni qonunchilikda belgilangan tartibda tashkil etishi mumkin.
Ommaviy axborot vositalari odam savdosiga qarshi kurashish sohasidagi davlat siyosatini amalga oshirishga, shu jumladan aholining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirishga, odam savdosiga nisbatan jamiyatda murosasizlik munosabatini shakllantirishga qaratilgan tadbirlarni yoritishi mumkin.
Davlat fuqarolar oʻzini oʻzi boshqarish organlarining, nodavlat notijorat tashkilotlarining va fuqarolik jamiyati boshqa institutlarining odam savdosiga qarshi kurashish borasidagi koʻmagini qonunchilikka muvofiq qoʻllab-quvvatlaydi.
