Oʻzbekiston Respublikasining Germaniya Federativ Respublikasi bilan ikki tomonlama hamkorlikni yanada kengaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida (PQ-3414-son)
30.11.2017
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
2017-yil 14 — 16-noyabr kunlari Myunxen shahrida boʻlib oʻtgan hukumat delegatsiyasining Germaniya Federativ Respublikasiga tashrifi doirasida GFR ishbilarmon doiralari va davlat organlari bilan oʻtkazilgan ikkitomonlama uchrashuvlar va tadbirlar yakunlari boʻyicha siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, transport va kommunikatsiya hamda madaniy-gumanitar sohalarda ikkitomonlama hamkorlikni rivojlantirishning yangi imkoniyatlari va istiqbollari muhokama qilindi.
Germaniya-Oʻzbekiston ishbilarmonlar kengashining yigʻilishi va GFR ishbilarmon doiralari ishtirokida oʻtkazilgan ikkitomonlama biznes-forum natijalariga koʻra, investitsiya, moliya va yuqori texnologiyalar sohalarida qoʻshma loyihalarni amalga oshirish hamda ikkitomonlama savdo aloqalarini rivojlantirish boʻyicha 1,3 mlrd. doll. qiymatidagi 71 ta hujjat imzolanishi taʼminlandi.
Hukumat delegatsiyasining GFRga tashrifi davomida erishilgan kelishuvlar va imzolangan bitimlar ijrosini oʻz vaqtida va sifatli amalga oshirishni taʼminlash maqsadida:
1. Tasdiqlansin:
2017-yil 15-noyabrda Germaniya-Oʻzbekiston biznes kengashi va ikki tomonlama biznes-forum doirasida imzolangan hujjatlarni amalga oshirish boʻyicha amaliy chora-tadbirlar rejasi (“Yoʻl xaritasi”) — 1-ilovaga muvofiq;
Oʻzbekiston Respublikasi va Germaniya Federativ Respublikasi oʻrtasida 2017 — 2018-yillarda siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, transport-kommunikatsiya hamda madaniy-gumanitar hamkorlikni yanada kengaytirish boʻyicha erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish boʻyicha amaliy chora-tadbirlar rejasi (“Yoʻl xaritasi”) — 2-ilovaga muvofiq.
2. Amaliy chora-tadbirlarning tasdiqlangan rejalarini oʻz vaqtida va soʻzsiz bajarishni nazorat qilish boʻyicha 3-ilovaga muvofiq Ishchi komissiya tuzilsin.
3. Ishchi komissiya (A. Aripov) quyidagilarni taʼminlasin:
Germaniya bilan hamkorlikni yanada kengaytirish boʻyicha erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish bilan bogʻliq masalalarni samarali muvofiqlashtirish, shuningdek Germaniya tomoni bilan, jumladan, hukumatlararo hamkorlik komissiyalari va boshqa ikki tomonlama maslahatlashuv mexanizmlari doirasida muntazam va samarali hamkorlikni tashkil etish;
1-2-ilovalarda koʻzda tutilgan tadbirlar va loyihalarning shartsiz, oʻz vaqtida va sifatli ijro etilishi yuzasidan doimiy nazorat va tizimli monitoringni yoʻlga qoʻyish;
Vazirliklar, idoralar va boshqa tashkilotlar — masʼul ijrochilarning ushbu qaror bilan tasdiqlangan “Yoʻl xaritalari”ning shartsiz ijrosini taʼminlash boʻyicha koʻrayotgan amaliy choralari yuzasidan hisobotlarini muntazam ravishda tinglash.
4. Vazirliklar, idoralar, xoʻjalik uyushmalari va tijorat banklari rahbarlari — masʼul ijrochilari:
bir hafta muddatda — ushbu qarorga 1-2-ilovalarida keltirilgan tadbirlar va loyihalarni amalga oshirish boʻyicha tarmoq jadvallarini ishlab chiqib, Ishchi komissiyaga tasdiqlash uchun taqdim etsinlar;
har oʻn kunda — “Yoʻl xaritalari” bandlarining bajarilishi toʻgʻrisidagi operativ maʼlumotlarni Tashqi ishlar vazirligi, Tashqi savdo vazirligi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasiga (tegishliligi boʻyicha) taqdim etsinlar.
5. Tashqi ishlar vazirligi (A. Kamilov), Tashqi savdo vazirligi (J. Xodjayev) va Oʻzbekiston Respublikasining Investitsiyalar boʻyicha Davlat qoʻmitasi (A. Axmedxodjayev) har oyning 10 sanasigacha Ishchi komissiyaga tasdiqlangan amaliy chora-tadbirlar rejalarining (“Yoʻl xaritalari”) ijrosi samaradorligi va natijadorligi toʻgʻrisida axborot taqdim etsinlar.
6. Ushbu qarorning ijrosi yuzasidan nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov va maslahatchi — Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Ijro apparati rahbari Z.Sh. Nizomiddinov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2017-yil 30-noyabr,
PQ-3414-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 30-noyabrdagi PQ-3414-sonli qaroriga 1-ILOVA
2017-yil 15-noyabrdagi Germaniya-Oʻzbekiston ishbilarmonlar kengashi va ikkitomonlama biznes-forum davomida imzolangan hujjatlarni amalga oshirish boʻyicha
AMALIY HARAKATLAR REJASI (“YOʻL HARITASI”)
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 30-noyabrdagi PQ-3414-sonli qaroriga 2-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi va Germaniya Federativ Respublikasi oʻrtasida 2017-2018-yillarga moʻljallangan siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, transport va kommunikatsiya hamda madaniy-gumanitar sohalarda hamkorlikni yanada kengaytirish boʻyicha erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish boʻyicha
AMALIY HARAKATLAR (“YOʻL XARITASI”) REJASI
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 30-noyabrdagi PQ-3414-sonli qaroriga 3-ILOVA
Hukumat delegatsiyasining 2017-yil 14 — 16-noyabr kunlari Myunxenga tashrifi yakunlari boʻyicha amaliy chora-tadbirlarning tasdiqlangan rejalarini oʻz vaqtida va soʻzsiz bajarishni nazorat qilish Ishchi komissiyasining
TARKIBI
