Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarida yoshlarga oid davlat siyosati samaradorligini yanada oshirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida (PQ-3394-son)
17.11.2017
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
Vatanining taqdiri va kelajagi uchun masʼuliyatni oʻz zimmasiga olishga, bu yoʻlda bor bilimi va salohiyatini safarbar etishga qodir boʻlgan, sogʻlom, barkamol rivojlangan, maqsad sari intiluvchi, gʻayratli yosh avlodni tarbiyalash — biz uchun eng muhim masaladir. Jamiyat hayotida hal qiluvchi kuch boʻlib shakllanib kelayotgan bunday yoshlarimiz qatorida Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari safida xizmat qilayotgan farzandlarimizning mustahkam oʻrni borligini alohida taʼkidlash lozim.
Oʻzbekiston Yoshlar ittifoqining boshlangʻich tashkilotlari faoliyatini Qurolli Kuchlar tizimida joriy qilish orqali yosh harbiy xizmatchilarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, mamlakatda amalga oshirilayotgan demokratik, siyosiy-huquqiy va ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarni yanada chuqurlashtirish, jamiyatda tinchlik va hamjihatlikni mustahkamlash jarayonlariga jalb etish, ularning huquq, erkinlik va qonuniy manfaatlarini himoya qilishni taʼminlash, maʼnaviy, kasbiy saviyasini yuksaltirish hamda intellektual va ijodiy salohiyatini roʻyobga chiqarish yoʻnalishida olib borilayotgan ishlar samaradorligini yanada oshirish, shuningdek, yosh harbiy xizmatchilarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, mamlakatimizda yoshlarga yaratilayotgan shart-sharoitlardan ularning ham unumli foydalanishlari uchun zamin yaratish maqsadida Oʻzbekiston Yoshlar ittifoqi hamda qator davlat va jamoat tashkilotlarining takliflarini inobatga olgan holda:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarida yoshlarga oid davlat siyosati samaradorligini yanada oshirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar dasturi (keyingi oʻrinlarda — Dastur deb yuritiladi) 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Respublika ishchi guruhi 2-ilovaga muvofiq tuzilib, unga Dasturdagi tadbirlarning sifatli va oʻz vaqtida ijro etilishini taʼminlash boʻyicha vazifalar yuklansin.
3. Vazirlik va idoralar, joylardagi davlat hokimiyati organlari va boshqa daxldor tashkilotlar rahbarlari zimmasiga Dasturda koʻrsatilgan chora-tadbirlarning yuqori saviyada va belgilangan muddatlarda amalga oshirilishi yuzasidan shaxsiy masʼuliyat yuklansin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Milliy gvardiyasi, Milliy xavfsizlik xizmati Chegara qoʻshinlari va harbiy tuzilmalari, Ichki ishlar vazirligi qorovul qoʻshinlari harbiy qism, boʻlinma, muassasalari (bundan buyon matnda — harbiy qism deb yuritiladi) va Davlat bojxona qoʻmitasi tizimidagi Oʻzbekiston Yoshlar ittifoqi boshlangʻich tashkilotlarining tashkiliy tuzilmasi va hamkorlik tizimi 3-ilovaga muvofiq maʼqullansin.
5. Mudofaa vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Milliy gvardiya, Milliy xavfsizlik xizmati va Davlat bojxona qoʻmitasi tashkil etilayotgan Oʻzbekiston Yoshlar ittifoqi boshlangʻich tashkilotlarining faoliyati samarali tashkil etilishini komandir (boshliq) larning harbiy-vatanparvarlik, maʼnaviy-axloqiy tarbiya va yoshlar bilan ishlash boʻyicha (kadrlar va shaxsiy tarkib bilan ishlash boʻyicha) oʻrinbosarlari zimmasiga yuklansin.
6. Belgilab qoʻyilsinki, Oʻzbekiston Yoshlar ittifoqining harbiy qismdagi boshlangʻich tashkiloti yetakchisi lavozimiga saylangan harbiy xizmatchi oʻz faoliyatini jamoatchilik faoliyati sifatida olib borishi va u komandir (boshliq)ning harbiy-vatanparvarlik, maʼnaviy-axloqiy tarbiya va yoshlar bilan ishlash boʻyicha (kadrlar va shaxsiy tarkib bilan ishlash boʻyicha) oʻrinbosarning yordamchisi deb hisoblanadi.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi — Oʻzbekiston Yoshlar ittifoqi Markaziy kengashi raisi ikki oy muddatda tegishli vazirlik va idoralar bilan birgalikda harbiy qismlardagi boshlangʻich tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish tizimini yoʻlga qoʻyish maqsadida Oʻzbekiston Yoshlar ittifoqi Markaziy kengashi va hududiy kengashlari apparatlarida alohida boʻlimlarni tashkil etish va mazkur boʻlimlarga ofitserlar tarkibiga mansub tajribali kontrakt boʻyicha harbiy xizmatchilarni jalb etish masalasini koʻrib chiqsin.
8. Oʻzbekiston Respublikasi taʼlim muassasalariga oʻqishga qabul qilish boʻyicha Davlat komissiyasi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Oʻzbekiston Yoshlar ittifoqi ikki oy muddatda har yili respublika oliy taʼlim muassasalariga imtihonlarsiz oʻqishga qabul qilish boʻyicha oʻrnatilgan davlat grantlari va kvotalariga qoʻshimcha ravishda har bir harbiy qismdan yuqori natijalari, faolligi, shijoati bilan alohida ajralib turgan bir nafardan yoshlarni harbiy qism qoʻmondonligi (rahbariyati) va Oʻzbekiston Yoshlar ittifoqining harbiy qismdagi boshlangʻich tashkilotlari tavsiyasiga koʻra respublika oliy taʼlim muassasalariga imtihonlarsiz oʻqishga qabul qilish tizimini ishlab chiqsin.
9. Oʻzbekiston milliy axborot agentligi, Oʻzbekiston milliy teleradiokompaniyasiga kuch tuzilmalarida amalga oshirilayotgan yoshlarga oid davlat siyosati sohasidagi ishlarni ommaviy axborot vositalarida muntazam yoritib borish tavsiya etilsin.
10. Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi, Adliya vazirligi, daxldor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga mazkur qarordan kelib chiqadigan oʻzgartish va qoʻshimchalar yuzasidan takliflar kiritsin.
11. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A. Aripov, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi K. Kuranbayev va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xavfsizlik Kengashi kotibi V. Maxmudov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2017-yil 17-noyabr,
PQ-3394-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 17-noyabrdagi PQ-3394-son qaroriga 1-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarida yoshlarga oid davlat siyosati samaradorligini yanada oshirish boʻyicha chora-tadbirlar
Dasturi
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 17-noyabrdagi PQ-3394-son qaroriga 2-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarida yoshlarga oid davlat siyosati samaradorligini yanada oshirish boʻyicha chora-tadbirlar Dasturi ijrosini taʼminlash boʻyicha Respublika ishchi guruhi
TARKIBI
Izoh: Respublika ishchi guruhi aʼzolari boshqa ishga oʻtganda, ishchi guruh tarkibiga mazkur lavozimlarga yangi tayinlangan (saylangan) shaxslar kiritiladi
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 17-noyabrdagi PQ-3394-son qaroriga 3-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Milliy gvardiya, Milliy xavfsizlik xizmati chegara qoʻshinlari va harbiy tuzilmalari, Ichki ishlar vazirligi qorovul qoʻshinlari harbiy qism, boʻlinma, muassasalari va Davlat bojxona qoʻmitasi tizimidagi Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi boshlangʻich tashkilotlarining
TASHKILIY TUZILMASI VA HAMKORLIK TIZIMI
* Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Milliy xavfsizlik xizmati va Davlat bojxona qoʻmitasi tizimidagi tegishli lavozimlar
** boshlangʻich tashkilot yetakchisi va tegishli yoʻnalishlar ilgʻorlari oʻz faoliyatlarini jamoatchilik faoliyati sifatida amalga oshiradilar
