“Seleksiya yutuqlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonunini amalga kiritish tartibi haqida (271-I-son)
30.08.1996
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining
Qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi qaror qiladi:
1. “Seleksiya yutuqlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni matbuotda eʼlon qilingan kundan eʼtiboran amalga kiritilsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi hukumatning qarorlarini “Seleksiya yutuqlari toʻgʻrisida”gi Qonunga muvofiqlashtirsin, vazirliklar va idoralar oʻzlarining ushbu Qonunga zid boʻlgan normativ hujjatlarini qoʻrib chiqishlari hamda bekor qilishlarini taʼminlasin.
3. Sobiq SSSRda seleksiya yutuqlariga berilgan himoya hujjatlarining Oʻzbekiston Respublikasi hududida amal qilishi eʼtirof etilsin. Ana shu himoya hujjatlari bilan muhofaza qilingan seleksiya yutuqlaridan qonunga muvofiq foydalanayotgan jismoniy va yuridik shaxslar seleksiya yutuqlaridan litsenziya shartnomasi tuzmagan holda bundan buyon ham foydalanish huquqlarini saqlab qoladilar. Ana shu seleksiya yutuqlarining mualliflariga haq toʻlash himoya hujjati berilgan sanada qonun hujjatlari bilan belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
4. Arizachilarga seleksiya yutuqlarining mualliflari bilan birgalikda talabnoma topshirilgan kundan eʼtiboran yigirma yillik muddat oʻtmagan himoya hujjatlarini amal qilishini toʻxtatish va ularni Oʻzbekiston Respublikasining himoya hujjatlari bilan almashtirish toʻgʻrisida iltimosnoma bilan murojaat qilish huquqi berilsin.
5. Seleksiya yutugʻi yuzasidan ariza beruvchilar sobiq SSSRda yoki boshqa davlatda topshirilib, ish yuritish tugallanmagan birinchi talabnoma sanasining ustunligini saqlab qolgan holda Oʻzbekiston Respublikasi himoya hujjatlarini berish toʻgʻrisida iltimosnoma bilan murojaat qilish huquqi berilsin.
6. Belgilab qoʻyilsinki, almashtirish toʻgʻrisida iltimosnoma topshirilgan himoya hujjatlari bilan muhofaza qilingan seleksiya yutuqlaridan qonunga muvofiq foydalanayotgan shaxslar bu yutuqlardan litsenziya shartnomasi tuzmagan holda himoya hujjatini almashtirish toʻgʻrisida iltimosnoma topshirilgan sanada erishilgan ishlab chiqarish hajmi doirasida bundan buyon ham foydalanish huquqini saqlab qoladilar.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Raisi E. XALILOV
Toshkent sh.,
1996-yil 30-avgust,
271-I-son
