Tojikiston Respublikasi bilan chegarani qoʻriqlash vazifalarini Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi zimmasiga vaqtincha yuklash toʻgʻrisida (412-son)
05.09.1992
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Tojikiston Respublikasida ijtimoiy-siyosiy vaziyatning murakkabligi munosabati bilan, chegara rayonlarida jamoat tartibini taʼminlash, jinoyatchilikka qarshi kurashni kuchaytirish, respublikaga jinoiy-bandit unsurlarning suqilib kirishiga, qurol-yarogʻ, oʻq-dorilar, narkotik moddalar olib kelinishiga yoʻl qoʻymaslik hamda Oʻzbekistondan moddiy vositalarning kontrabanda yoʻli bilan tashib ketilishining oldini olish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. “Oʻzbekiston Respublikasining davlat chegarasi toʻgʻrisida” Qonun qabul qilingunga qadar chegarani buzuvchilar, jinoiy guruhlar va transportning ehtimol tutilgan harakati yoʻllarida Tojikiston Respublikasi bilan chegarani qoʻriqlash Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi zimmasiga yuklatilsin. Chegarani qoʻriqlash Milliy xavfsizlik kuchlari bilan birgalikda hamda Mudofaa vazirligi bilan oʻzaro hamkorlikda amalga oshirilsin.
2. Surxondaryo, Qashqadaryo, Samarqand, Fargʻona va Toshkent viloyatlari hokimliklari IIV boʻlinmalarini joylashtirish va ularga yuklatilgan vazifalarning bajarilishi uchun zarur maishiy sharoitlar yaratsinlar.
3. Surxondaryo viloyatining Termiz shahrida alohida operativ batalon negizida operativ polk tashkil etilsin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi IIV ichki qoʻshinlarining Termiz shahridagi operativ polkining tuzilmasi va shtatlari soni tasdiqlansin (1, 2-ilovalar).
5. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Istiqbolni belgilash va statistika davlat qoʻmitasi Oʻzbekiston Respublikasi IIVning tuzilmasidagi oʻzgarishlar munosabati bilan uni mablagʻ bilan taʼminlasinlar, 1992-1993-yillarda Termiz shahrida ikkita 56 kvartirali uy qurilishiga zarur mablagʻlar, shuningdek, harbiy shaharchani qayta qurishga va 30 ta yengil avtomobil sotib olishga 37 mln soʻm ajratsinlar.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1992-yil 5-sentabr,
412-son
Vazirlar Mahkamasining 1992-yil 5-sentabrdagi 412-son qaroriga 1-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi IIV ichki qoʻshinlarining Termiz shahridagi operativ polki
TUZILIShI
Vazirlar Mahkamasining 1992-yil 5-sentabrdagi 412-son qaroriga 2-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi IIV ichki qoʻshinlarining Termiz shahridagi operativ polkining ShTATLARI SONI
