Pensiyalar, stipendiyalar va budjetdagi muassasalar xodimlarining ish haqi miqdorlarini oshirish choralari toʻgʻrisida (407-son)
04.09.1992
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Vazirliklar, idoralar, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, budjetdan mablagʻ bilan taʼminlanadigan tashkilotlar va muassasalar 1992-yil 1-sentabrdan boshlab:
oliy oʻquv yurtlarining talabalariga, texnikumlarning hamda kiyim-kechak va oziq-ovqat bilan taʼminlanmaydigan hunar-texnika bilim yurtlarining oʻquvchilariga, imtiyozli ovqatlanish uchun amaldagi oylik qoʻshimcha toʻlovlarni bekor qilgan holda, ilovaga muvofiq 50 foizga oshirilgan miqdorlarda stipendiyalar oʻz vaqtida toʻlanishini taʼminlasinlar.
2. Talabalar oshxonalari va tamaddixonalaridagi tushlik qiymatidan 50 foizli chegirmalar saqlab qolinsin.
3. Respublika Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi bilan Xalq taʼlimi vazirligi bir hafta muddat ichida oliy oʻquv yurtlari talabalariga hamda texnikumlar va hunar-texnika bilim yurtlari oʻquvchilariga stipendiyalar tayinlash va toʻlash tartibi toʻgʻrisidagi yoʻriqnomaga oʻzgarishlar kiritsinlar.
4. Ilgari ular uchun choʻl va suvsiz joylarda; baland togʻli joylarda hamda ogʻir tabiiy-iqlim sharoitlarida mehnat qilinadigan rayonlarda ishlaganlik uchun respublika hududida belgilangan eng kam ish haqining toʻrt baravari miqdorida imtiyozlar joriy qilingan korxonalar, tashkilotlar va muassasalarning xodimlari ish haqiga 1992-yil 1-sentabrdan boshlab koeffitsiyentlarni qoʻshib hisoblash uchun eng yuqori miqdor belgilansin.
Koeffitsiyentlarni qoʻshib hisoblash uchun eng yuqori miqdorning oshishi munosabati bilan ish haqiga sarflanadigan xarajatlar korxonalar, tashkilotlar va muassasalarning oʻz mablagʻlari hisobiga va doirasida amalga oshiriladi.
5. Vazirliklar, idoralar, uyushmalar, konsernlar, korxonalar va xoʻjaliklar ish haqining 1992-yil 25-avgustdagi Farmonga muvofiq belgilangan eng kam miqdorini hisobga olgan holda mehnat unumdorligini oshirish va tejamkorlik, barcha mavjud zaxiralarni jalb qilish asosida ishlab chiqarish hajmlarini tabiiy koʻrinishda (ishlar va xizmatlar) oshirish hisobiga ishlovchilarning ish haqi yanada oshishini taʼminlovchi chora-tadbirlarni amalga oshirsinlar.
6. Mehnat pensiyasi eng kam miqdorining 25 foizga oshishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasining 1992-yil 21-avgustdagi 307-f-son farmoyishi bilan tasdiqlangan tuzatish koeffitsiyentlari tegishli tarzda oshirilsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Mehnat vazirligi, Ijtimoiy taʼminot vazirligi va Pensiya jamgʻarmasining Oʻzbekiston respublika boʻlimi 10 kun muddat ichida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 1992-yil 25-avgustdagi Farmoni bilan belgilangan eng kam miqdordan kelib chiqqan holda fuqarolarning alohida xizmatlari uchun pensiyalarni oshirishning tuzatish koeffitsiyentlari toʻgʻrisida asoslangan takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritsinlar.
Ijtimoiy taʼminot vazirligi oʻrtacha oylik ish haqini va belgilangan tuzatish koeffitsiyenti boʻyicha ularning xizmatlari uchun pensiyalarni oshirishni hisoblab chiqish uchun fuqarolarning qayd qilib oʻtilgan toifalari pensiyalarining yangi miqdorlarini oʻz vaqtida qayta hisoblab chiqishni taʼminlasin.
7. “Oʻzsanoatqurilishbank”, “Oʻzdehqonchiliksanoatbank”, Pensiya jamgʻarmasi Oʻzbekiston respublika boʻlimi, shuningdek, tijorat banklari Vazirlar Mahkamasining 1992-yil 30-apreldagi 218-son qaroriga muvofiq pensiyalarni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 1992-yil 25-avgustdagi Farmonida nazarda tutilgan oshirilgan miqdorlarda toʻlashni taʼminlovchi sugʻurta badallarining toʻliq va oʻz vaqtida kelib tushishini taʼminlasinlar.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Ijtimoiy taʼminot vazirligi, Aloqa vazirligi, Oʻzbekiston respublika jamgʻarmalar banki 1992-yil 1-sentabrdan boshlab pensiyalarning oʻz vaqtida toʻlanishini taʼminlasinlar.
9. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasining 1992-yil 10-iyuldagi 319-son qarori 2-bandi ikkinchi xatboshining imtiyozli ovqatlanish uchun har oylik qoʻshimcha toʻlovlarga tegishli qismi oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
10. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosarlari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashining Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari zimmasiga yuklatilsin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. MUTALOV
Toshkent sh.,
1992-yil 4-sentabr,
407-son
Vazirlar Mahkamasining 1992-yil 4-sentabrdagi 407-son qaroriga ILOVA
Oliy oʻquv yurtlarining talabalariga, oʻrta maxsus oʻquv yurtlari va hunar-texnika bilim yurtlari oʻquvchilariga beriladigan stipendiyalar MIQDORLARI
Eslatma. Aspirantlar va doktorantlarga stipendiyalar Vazirlar Mahkamasining 1992-yil 20-iyuldagi 332-son qaroriga muvofiq belgilanadi.
