2017-2018-yillarda mintaqaviy avtomobil yoʻllarini rivojlantirish dasturi toʻgʻrisida (PQ-2775-son)
14.02.2017
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI PREZIDENTINING
QARORI
Yoʻl-transport infratuzilmasini yanada takomillashtirish, aholi, eng avvalo qishloq joylardagi aholining hayot faoliyati uchun qulay sharoitlar yaratish, mintaqaviy avtomobil yoʻllari yoʻl qoplamalarini tegishli holatga keltirish va ularning ekspluatatsiya tavsiflarini oshirish, shuningdek, respublika iqtisodiyoti tarmoqlari va hududlarini istiqbolda rivojlantirish boʻyicha amalga oshirilayotgan dasturlar bilan uzviy bogʻliq holda ishlab chiqarish, transport va muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasi tarmoqlarining jadal rivojlanishini taʼminlash maqsadida:
1. Mintaqaviy avtomobil yoʻllarini yanada rivojlantirishning asosiy ustuvor yoʻnalishlari etib quyidagilar belgilansin:
mintaqalarning zamonaviy yoʻl-transport infratuzilmasini yanada rivojlantirish va mustahkamlash boʻyicha tizimli chora-tadbirlar majmuini amalga oshirish;
mavjud mintaqaviy avtomobil yoʻllarini tiklash boʻyicha taʼmirlash ishlarini oʻtkazish yoʻli bilan yoʻl tarmogʻining saqlanishini taʼminlash;
yoʻl harakati xavfsizligini oshirish, transport vositalarining atrof-muhitga salbiy taʼsirini kamaytirish;
yoʻl-qurilish materiallari ishlab chiqarishning zamonaviy ilgʻor texnologiyalarini, yoʻl qoplamalarining ekspluatatsiya tavsiflarini oshirishni hisobga olgan holda ularni taʼmirlashni amalga oshirish usullarini joriy etish;
mintaqaviy avtomobil yoʻllarini taʼmirlash boʻyicha ixtisoslashtirilgan tashkilotlarning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash va ularni malakali mutaxassislar, muhandis-texnik hamda ishlab chiqarish xodimlari bilan toʻldirish;
mintaqaviy avtomobil yoʻllarini taʼmirlash va ulardan foydalanish sohasidagi normativ-huquqiy bazani takomillashtirish.
2. Quyidagilar tasdiqlansin:
a) 2017-2018-yillarda mintaqaviy avtomobil yoʻllarini rivojlantirish dasturi (keyingi oʻrinlarda — Dastur), jumladan uning tarkibida:
1- va 2-ilovalarga muvofiq 2017-2018-yillarda xoʻjaliklararo qishloq avtomobil yoʻllarini, shaharlar, shahar posyolkalari, qishloqlar va ovullar koʻchalarini kapital va joriy taʼmirlashning yigʻma parametrlari;
3-ilovaga muvofiq 2017-2018-yillarda xoʻjaliklararo qishloq avtomobil yoʻllarini, shaharlar, shahar posyolkalari, qishloqlar va ovullar koʻchalarini kapital va joriy taʼmirlashning viloyatlar va tumanlar kesimidagi asosiy parametrlari;
4-ilovaga muvofiq mintaqaviy yoʻllarni taʼmirlash boʻyicha ixtisoslashtirilgan tashkilotlarni jihozlash uchun 2017-2018-yillarda sotib olinadigan yoʻl-taʼmirlash texnikasi roʻyxati;
b) 5-ilovaga muvofiq 2017-2018-yillarda umumiy foydalanishdagi avtomobil yoʻllarini qurish va rekonstruksiya qilishning yangilangan dasturi.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bir oy muddatda Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri boʻyicha 2017-2018-yillarda xoʻjaliklararo qishloq avtomobil yoʻllarini, shaharlar, shahar posyolkalari, qishloqlar va ovullar koʻchalarini kapital va joriy taʼmirlashning manzilli roʻyxatlarini tasdiqlasin.
4. Dasturni moliyalashtirish manbalari etib quyidagilar belgilansin:
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Respublika yoʻl jamgʻarmasi mablagʻlari;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi respublika budjeti, viloyatlarning viloyat budjetlari va Toshkent shahrining shahar budjeti mablagʻlari.
5. Ushbu qaror bilan tasdiqlangan Dastur parametrlarining sifatli va oʻz vaqtida bajarilishini taʼminlash uchun Oʻzbekiston Respublikasi Avtomobil yoʻllari davlat qoʻmitasi raisi, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Respublika yoʻl jamgʻarmasi direktori, Oʻzbekiston Respublikasi iqtisodiyot vaziri, moliya vaziri, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimlari zimmasiga shaxsiy javobgarlik yuklansin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Avtomobil yoʻllari davlat qoʻmitasi, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Respublika yoʻl jamgʻarmasi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari quyidagilarni taʼminlasin:
loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish, Dasturga kiritilgan obyektlar boʻyicha yoʻl ishlarining manzilli roʻyxatlarini tasdiqlash va belgilangan tartibda pudrat shartnomalarini tuzish;
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Yoʻl-qurilish ishlari sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi va tegishli loyiha tashkilotlari bilan birgalikda olib borilayotgan yoʻl ishlarining sifati, shaharsozlik norma va qoidalariga rioya etilishi, mualliflik hamda texnik nazorat yuritilishi ustidan qatʼiy nazorat oʻrnatish.
7. Dastur amalga oshirilishini muvofiqlashtirish va monitoring qilish boʻyicha Ishchi guruh tarkibi 6-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Ishchi guruhning asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilansin:
Dasturda nazarda tutilgan tadbirlarning oʻz vaqtida va sifatli bajarilishi ustidan tizimli monitoring olib borish, zarurat boʻlganda xoʻjaliklararo qishloq avtomobil yoʻllarini, shaharlar, tuman markazlari, shahar posyolkalari va qishloq aholi punktlari koʻchalarini kapital va joriy taʼmirlashning asosiy parametrlari hamda manzilli roʻyxatlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish;
Dasturga kiritilgan xoʻjaliklararo qishloq avtomobil yoʻllarini, shaharlar, shahar posyolkalari, qishloqlar va ovullar koʻchalarini kapital va joriy taʼmirlash ishlarini muvofiqlashtirish va amalga oshirish;
Dasturni amalga oshirishda shaharsozlik, ekologik, sanitariya, yongʻin xavfsizligi va boshqa majburiy norma hamda qoidalarga mos keladigan yagona siyosat oʻtkazilishini taʼminlash.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi:
“Oʻzqurilishmateriallari” AJ, “Oʻzmetkombinat” AJ va “Oʻzbekneftgaz” MXK bilan birgalikda Dasturni amalga oshirish doirasida mintaqaviy avtomobil yoʻllarini kapital va joriy taʼmirlash boʻyicha buyurtmachilarning asoslangan hisob-kitoblariga koʻra sement, metall prokati va yoʻl bitumining tartibga solinadigan narxlarda ajratilishini taʼminlasin;
“Oʻzbekneftgaz” MXK bilan birgalikda neft mahsulotlarini ishlab chiqarish va taqsimlash balansini ishlab chiqishda Oʻzbekiston Respublikasi Avtomobil yoʻllari davlat qoʻmitasining asoslangan hisob-kitoblariga koʻra zarur miqdordagi yoʻl bitumini import qilishni nazarda tutsin.
9. Dasturni amalga oshirish uchun olib kirilayotgan, respublikada ishlab chiqarilmaydigan uskunalar, xom ashyo va materiallar, ehtiyot qismlar hamda butlovchi buyumlar va tugunlar Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tasdiqlaydigan roʻyxatlar boʻyicha 2019-yil 1-yanvarga qadar bojxona toʻlovlaridan (bojxona rasmiylashtiruvi yigʻimlaridan tashqari) ozod etilsin.
10. Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda yoʻl harakati xavfsizligini oshirishga hamda aholi, ayniqsa qishloq joylardagi aholi uchun qulay va maqbul sharoitlar yaratishga yoʻnaltirilgan avtomobil yoʻllari tarmoqlarini kompleks rivojlantirish va modernizatsiya qilish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar koʻlamining ommaviy axborot vositalarida ijtimoiy reklama shartlari asosida keng yoritilishini tashkil etsin.
11. Oʻzbekiston Respublikasi Avtomobil yoʻllari davlat qoʻmitasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Respublika yoʻl jamgʻarmasi, Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Adliya vazirligi, boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga ushbu qarordan kelib chiqadigan qonun hujjatlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida takliflar kiritsin.
12. Ushbu qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari — “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ Boshqaruvi raisi A.J. Ramatov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2017-yil 14-fevral,
PQ-2775-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 14-fevraldagi PQ-2775-son qaroriga 1-ILOVA
Xoʻjaliklararo qishloq avtomobil yoʻllarini, shaharlar, shaharchalar, qishloq va ovullar koʻchalarini 2017-yilda kapital va joriy taʼmirlashning
JAMLANMA KOʻRSATKICHLARI
Izoh. Asosiy koʻrsatkichlar loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish natijalariga koʻra aniqlashtiriladi. Hududiy yoʻllarni taʼmirlash boʻyicha ixtisoslashtirilgan tashkilotlarni jihozlash uchun yoʻl-taʼmirlash texnikasi sotib olinishini hisobga olgan holda, 2017-yilga mahalliy budjet mablagʻlari hisobidan 170 603,4 mln soʻm, Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiya dasturiga kiritilgan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Respublika yoʻl jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan 180 000,0 mln soʻm nazarda tutiladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 14-fevraldagi PQ-2775-son qaroriga 2-ILOVA
Xoʻjaliklararo qishloq avtomobil yoʻllarini, shaharlar, shaharchalar, qishloq va ovullar koʻchalarini 2018-yilda kapital va joriy taʼmirlashning
JAMLANMA KOʻRSATKICHLARI
Izoh. Asosiy koʻrsatkichlar loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish natijalariga koʻra aniqlashtiriladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 14-fevraldagi PQ-2775-son qaroriga 3-ILOVA
2017-2018-yillarda xoʻjaliklararo qishloq avtomobil yoʻllarini, shaharlar, shahar posyolkalari, qishloqlar va ovullar koʻchalarini kapital va joriy taʼmirlashning viloyatlar va tumanlar kesimidagi
ASOSIY PARAMETRLARI
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 14-fevraldagi PQ-2775-son qaroriga 4-ILOVA
Hududiy yoʻllarni taʼmirlash boʻyicha ixtisoslashtirilgan tashkilotlarni jihozlash uchun 2017-2018-yillarda sotib olinadigan yoʻl-taʼmirlash texnikasi
ROʻYXATI
* Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiya dasturiga kiritilgan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Respublika yoʻl jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan sotib olinadigan texnikaning qiymati yetkazib berish shartnomalari tuzilishi yakunlari boʻyicha aniqlashtiriladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 14-fevraldagi PQ-2775-son qaroriga 5-ILOVA
Umumiy foydalanishdagi avtomobil yoʻllarini 2017-2018-yillarda qurish va rekonstruksiya qilishning
YANGILANGAN DASTURI
Mazkur obyektlarda tayyorgarlik ishlarini bajarish, inshootlarni buzish, muhandislik kommunikatsiyalarini koʻchirish va sunʼiy inshootlarni qurish, yer polotnosini hamda yoʻl asosini barpo etish nazarda tutilgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 14-fevraldagi PQ-2775-son qaroriga 6-ILOVA
2017-2018-yillarda hududiy avtomobil yoʻllarini rivojlantirish dasturi amalga oshirilishini muvofiqlashtirish va monitoring qilish boʻyicha ishchi guruhining
TARKIBI
Ishchi guruhi tarkibiga Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisining hamda viloyatlar hokimlarining kapital qurilish, kommunikatsiyalar, kommunal xoʻjalik va obodonlashtirish masalalari boʻyicha oʻrinbosarlari kiradi.
Izoh. Ishchi guruhi aʼzolari boshqa ishga oʻtgan taqdirda, uning tarkibiga mazkur lavozimlarga yangidan tayinlangan shaxslar yoxud tegishli vazifalar yuklatilgan shaxslar kiritiladi.
