7-modda. Innovatsion faoliyat sohasidagi vakolatli davlat organining vakolatlari
Innovatsion faoliyat toʻgʻrisida (O‘RQ-630-son) · Sana: 24.07.2020 · Amalda
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi innovatsion faoliyat sohasidagi vakolatli davlat organidir (bundan buyon matnda vakolatli davlat organi deb yuritiladi).
Vakolatli davlat organi:
innovatsion faoliyat sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshiradi;
davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining innovatsion faoliyat sohasidagi faoliyatini muvofiqlashtiradi;
innovatsion rivojlantirish strategiyalarini ishlab chiqadi va amalga oshiradi;
innovatsion faoliyat sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqadi;
innovatsion faoliyat xavflarini baholash boʻyicha tavsiyalar ishlab chiqadi;
mamlakatning innovatsion rivojlanish holati tahlilini amalga oshiradi;
innovatsion faoliyat subyektlari oʻrtasidagi hamkorlikni taʼminlashga doir chora-tadbirlarni amalga oshiradi;
innovatsion loyihalarning davlat ekspertizasi tashkil etilishini taʼminlaydi;
yagona davlat buyurtmachisi sifatida innovatsion loyihalarni shakllantiradi, tasdiqlaydi va moliyalashtiradi;
innovatsiyalar yaratish uchun davlat buyurtmasi doirasida innovatsion loyihalarning bajarilishini monitoring qiladi va bajarilish samaradorligini baholashni amalga oshiradi;
Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan xarid qilinadigan texnologiyalar transferiga oid shartnomalarni roʻyxatdan oʻtkazadi;
davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlariga, mahalliy davlat hokimiyati organlariga va boshqa tashkilotlarga moliyalashtirish uchun yangi ishlanmalarni tavsiya qiladi;
yangi ishlanmalarni tijoratlashtirishni moliyalashtiradi va texnologiyalar transferiga koʻmaklashadi;
innovatsion faoliyat subyektlarini tashkil etish va rivojlantirishga koʻmaklashadi, innovatsion faoliyat natijalarini joriy etishga doir samarali mexanizmlarni shakllantiradi;
innovatsion faoliyat subyektlari uchun kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimini tashkil qilishda ishtirok etadi;
innovatsion faoliyat sohasida xalqaro hamkorlikni amalga oshiradi.
Vakolatli davlat organi qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
