30-modda. Innovatsiya markazi
Innovatsion faoliyat toʻgʻrisida (O‘RQ-630-son) · Sana: 24.07.2020 · Amalda
Innovatsiya markazi innovatsion faoliyat sohasida yangi gʻoyalarni yaratishdan yangi ishlanmalarni tijoratlashtirishgacha boʻlgan toʻliq ishlar turkumini amalga oshirish maqsadida yuridik shaxs shaklida tashkil etiladi.
Innovatsiya markazi faoliyatining asosiy yoʻnalishlari quyidagilardan iborat:
yangi gʻoyalar va ishlanmalar bazasini shakllantirish;
yangi gʻoyalarni takomillashtirish va kuchaytirish boʻyicha chora-tadbirlar koʻrish (akseleratsiya);
innovatsiyalarga yangi gʻoyalar va ishlanmalarni tatbiq etish uchun moddiy-texnik shart-sharoitlarni taʼminlashga koʻmaklashish;
innovatsion menejment boʻyicha treninglar oʻtkazish;
innovatsion loyihalarni moliyalashtirish va ularni amalga oshirishga koʻmaklashish;
marketing tadqiqotlari oʻtkazish;
yangi ishlanmalarni bozor talablariga yoʻnaltirish va moslashtirish boʻyicha tavsiyalar ishlab chiqish;
innovatsion faoliyat subyektlari oʻrtasida kooperatsiyani rivojlantirish;
yangi gʻoyalar, ishlanmalar va texnologiyalarni ommalashtirish maqsadida reklama va koʻrgazmaga oid xizmatlar koʻrsatish.
Innovatsiya markazini tashkil etish, qayta tashkil etish va tugatish qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
