3-modda. Asosiy tushunchalar
Innovatsion faoliyat toʻgʻrisida (O‘RQ-630-son) · Sana: 24.07.2020 · Amalda
Ushbu Qonunda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
innovatsiya — fuqarolik muomalasiga kiritilgan yoki shaxsiy ehtiyojlar uchun foydalaniladigan, qoʻllanilishi amaliyotda katta ijtimoiy-iqtisodiy samaraga erishishni taʼminlaydigan yangi ishlanma;
innovatsion infratuzilma — innovatsion faoliyatni moddiy-texnik, moliyaviy, tashkiliy-uslubiy, axborot, konsultativ va boshqa jihatdan taʼminlaydigan korxonalar, tashkilotlar, muassasalar, mulkchilikning istalgan shaklidagi ular birlashmalarining majmui;
innovatsion loyiha — yangi ishlanmalar yaratish uchun bajarish muddatlarini, ijrochilarni, moliyalashtirish manbalarini va tegishli infratuzilmani shakllantirishni nazarda tutuvchi tadbirlar majmui;
innovatsion faoliyat — yangi ishlanmalarni tashkil etish, shuningdek ishlab chiqarish sohasida ularning oʻtkazilishi va amalga oshirilishini taʼminlash boʻyicha faoliyat;
innovatsiyalar yaratish uchun davlat buyurtmasi — Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlari va qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobiga innovatsion loyihani bajarish uchun topshiriq;
texnologiyalar transferi — yangi ishlanmani u olinadigan (ishlab chiqariladigan) sohadan amalda qoʻllash sohasiga oʻtkazishga qaratilgan tadbirlar majmui;
yangi ishlanma — mavjud oʻxshash intellektual faoliyat natijalariga nisbatan yangi belgilarga ega boʻlgan, amalda qoʻllash mumkin boʻlgan va amaliyotda undan foydalanganda katta ijtimoiy-iqtisodiy samaraga erishishni taʼminlay oladigan intellektual faoliyat natijasi (ishlab chiqarish, maʼmuriy, tijorat yoki boshqa xususiyatga ega yangi yoki mukammal texnologiya, xizmat va tashkiliy-texnik yechim).
