28-modda. Innovatsion klaster
Innovatsion faoliyat toʻgʻrisida (O‘RQ-630-son) · Sana: 24.07.2020 · Amalda
Innovatsion klaster tegishli hududda innovatsiyalarni yaratishda ishtirok etuvchi innovatsion faoliyat subyektlarining, innovatsion faoliyat natijalari isteʼmolchilarining yigʻindisi sifatida yuridik shaxs tashkil etmasdan tuziladi va ushbu subyektlarning, isteʼmolchilarning asosiy maqsadi samarali hamkorlik qilishdan, quvvatlardan birgalikda foydalanishdan hamda bilimlar, koʻnikmalar almashishdan, shuningdek texnologiyalar transferiga ulushni taʼminlash orqali innovatsion faoliyatni ragʻbatlantirishdan iborat boʻladi.
Innovatsion klaster faoliyatining asosiy yoʻnalishlari quyidagilardan iborat:
muayyan innovatsiyalarni yaratish, shuningdek bozor ehtiyojlarini qanoatlantirish uchun ilm-fan, taʼlim va ishlab chiqarish sohasidagi innovatsion faoliyat subyektlarining salohiyatini birlashtirish;
innovatsion klasterlar faoliyatiga taalluqli boʻlgan kadrlarni tayyorlashga va qayta tayyorlashga, shu jumladan innovatsiyalarni yaratishga doir buyurtmalarni shakllantirish;
yangi yoki yaxshilangan ishlanmalarni ishlab chiqarishga ixtisoslashgan yangi tarmoqlar va korxonalar tashkil etishga koʻmaklashish;
innovatsion faoliyat natijalarini birgalikda bozorda ilgari surish.
Innovatsion klaster iqtisodiyot ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda, innovatsion faoliyat subyektlarining oʻzaro manfaatdorligi asosida tashkil etiladi va qonun hujjatlarida belgilangan tartibda ularning qarori boʻyicha tugatiladi.
