26-modda. Innovatsion texnologik park
Innovatsion faoliyat toʻgʻrisida (O‘RQ-630-son) · Sana: 24.07.2020 · Amalda
Innovatsion texnologik park direksiyasi nomidan innovatsion texnologik park (bundan buyon matnda innovatsion texnopark deb yuritiladi) innovatsion faoliyatni amalga oshirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratiladigan yagona moddiy-texnika majmuasi boʻlgan hududga mulk huquqi asosida yoki boshqa qonuniy asoslarda egalik qiluvchi yuridik shaxsdir.
Innovatsion texnopark rezidenti innovatsion texnopark hududida innovatsion loyihani amalga oshiruvchi yuridik yoki jismoniy shaxsdir.
Innovatsion texnopark faoliyatining asosiy yoʻnalishlari quyidagilardan iborat:
ilm-fan, taʼlim va ishlab chiqarish integratsiyasini taʼminlashga koʻmaklashish;
innovatsion tadbirkorlikni rivojlantirishga koʻmaklashish;
innovatsion faoliyat subyektlariga moddiy-texnik, tashkiliy-uslubiy, moliyaviy, axborotga oid, maslahat xizmatlari va boshqa servis xizmatlari koʻrsatish;
innovatsion loyihalarni boshqarishda koʻmaklashish;
yangi ishlanmalarning tajriba-sanoat sinovlarini oʻtkazish va intellektual mulk obyektlariga huquqiy muhofaza berilishiga koʻmaklashish;
yuqori texnologik va innovatsion ishlab chiqarishlarni tashkil etishdan manfaatdor boʻlgan mahalliy, xorijiy investorlarni hamda tadbirkorlik subyektlarini jalb etish;
innovatsiyalarni tashqi bozorda ilgari surish maqsadida tashqi iqtisodiy faoliyatni amalga oshirishda koʻmaklashish;
innovatsion faoliyat subyektlari oʻrtasida uzviy va amaliy hamkorlikni taʼminlash.
Innovatsion texnoparkning asosiy vazifasi uning rezidentlarini quyidagi yoʻllar bilan qoʻllab-quvvatlashdan iborat:
bozorda realizatsiya qilish uchun yangi yoki takomillashtirilgan mahsulot chiqaruvchi ishlab chiqarishlarni tashkil etishga koʻmaklashish, shuningdek yangi yoki takomillashtirilgan texnologiyalarni oʻzlashtirish;
koʻchar va koʻchmas mulkni, shu jumladan turli funksional maqsadlarga moʻljallangan xonalarni shartnoma asosida ijaraga berish;
tajriba namunasini tayyorlash hamda ularning sinovlarini oʻtkazish bilan bogʻliq ishlarni va boshqa tajriba-konstruktorlik ishlarini bajarish;
mahsulotni sertifikatlashtirish va roʻyxatdan oʻtkazish boʻyicha xizmatlar, shu jumladan intellektual mulk obyektlariga huquqiy muhofaza berish boʻyicha xizmatlar koʻrsatish;
koʻrgazmalarda, konferensiyalarda va boshqa tadbirlarda ularning ishtirok etishini tashkil qilish orqali innovatsion mahsulotni, texnologiyalarni ilgari surish;
