24-modda. Yangi ishlanmalarni tijoratlashtirish
Innovatsion faoliyat toʻgʻrisida (O‘RQ-630-son) · Sana: 24.07.2020 · Amalda
Foyda olish maqsadida innovatsion faoliyat subyektlari munosabatlarini tartibga soluvchi har xil turdagi shartnomalardan foydalangan holda yangi ishlanmalarni fuqarolik muomalasiga joriy etish jarayoni yangi ishlanmalarni tijoratlashtirishdir.
Yangi ishlanmalarni tijoratlashtirish:
yangi ishlanmalarni qoʻllagan holda yaratilgan tovarlarni (ishlarni bajarish, xizmatlarni koʻrsatish) realizatsiya qilish yoki ulardan oʻz ehtiyojlari uchun foydalanish;
taʼsischisi yoki taʼsischilaridan biri ustav jamgʻarmasiga ulush sifatida intellektual mulk obyektini yoki texnologiyani kiritgan tashkilot (affillangan tashkilot) boʻlgan tijorat tashkilotlarini tashkil etish;
intellektual mulk obyektlariga boʻlgan mulk huquqlarini uchinchi shaxslarga oʻtkazish va mazkur obyektlardan foydalanishga boʻlgan huquqni royalti ajratmalariga asoslangan litsenziya shartnomalarini tuzish yoʻli bilan berish, shu jumladan ularni keyinchalik ushbu huquqlarni oluvchi tomonidan tijoratlashtirish sharti bilan berish orqali amalga oshiriladi.
Intellektual mulk obyektiga doir huquq egasining tashkilot ustav fondidagi ulushi miqdori taʼsischilarning oʻzaro kelishuvi boʻyicha belgilanadi.
Davlat uchun strategik ahamiyatga ega boʻlgan yoki davlat sirlari jumlasiga kiruvchi maʼlumotlarni oʻz ichiga olgan yangi ishlanmalarni tijoratlashtirish davlat sirlarini saqlash toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladi.
