10-modda. Innovatsion faoliyatni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash va ragʻbatlantirish
Innovatsion faoliyat toʻgʻrisida (O‘RQ-630-son) · Sana: 24.07.2020 · Amalda
Innovatsion faoliyatni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash va ragʻbatlantirish innovatsion faoliyatni amalga oshiruvchi subyektlar uchun zarur huquqiy, iqtisodiy va tashkiliy shart-sharoitlar yaratish, innovatsion loyihalar hamda yangi ishlanmalarni moliyalashtirish maqsadida amalga oshiriladi.
Davlat innovatsion faoliyatni qoʻllab-quvvatlashni quyidagi yoʻllar bilan amalga oshiradi:
innovatsion rivojlantirish strategiyalarini qabul qilish va amalga oshirish;
innovatsion faoliyat sohasidagi normativ-huquqiy bazani takomillashtirish;
innovatsion faoliyat subyektlariga soliq, bojxona imtiyozlari va preferensiyalar berish;
Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjeti mablagʻlari va qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan innovatsiyalarni yaratishga oid davlat buyurtmasini bajarish;
innovatsion faoliyatni moliyalashtirishga xoʻjalik yurituvchi subyektlar mablagʻlarini jalb qilish uchun shart-sharoit yaratish;
ilm-fan yutuqlariga asoslangan mahsulotning va ilgʻor texnologiyalarning kafolatlangan tarzda tatbiq etilishini taʼminlash maqsadida ularning davlat xaridlarini tashkil etish;
innovatsion faoliyat sohasida kadrlarni tayyorlashga, qayta tayyorlashga va ularning malakasini oshirishga koʻmaklashish.
