Pedagog xodimlar bilan mehnat shartnomalari tuzishning kontrakt shakliga oʻtish toʻgʻrisida (394-son)
24.08.1992
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasining “Taʼlim toʻgʻrisida”gi Qonunini bajarish yuzasidan Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Pedagog xodimlar bilan mehnat shartnomalari tuzishning kontrakt shakli toʻgʻrisida ilova qilinayotgan Nizom tasdiqlansin.
2. Oliy oʻquv yurtlarining professor-oʻqituvchilari tarkibi va pedagog xodimlarning boshqa toifalari bilan kontraktlar shaklida mehnat shartnomalarini qayta tuzish 1992-1993-yillarda amalga oshirilsin.
3. Vazirliklar va idoralar bir oy muddat ichida tarmoq meʼyoriy hujjatlarini mazkur Nizomga muvofiqlashtirsinlar.
4. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Bosh vazir oʻrinbosari oʻrtoq M.Q. Qoraboyev zimmasiga yuklatilsin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. MUTALOV
Toshkent sh.,
1992-yil 24-avgust,
394-son
Vazirlar Mahkamasining 1992-yil 24-avgustdagi 394-sonli qarori bilan TASDIQLANGAN
Oʻzbekiston Respublikasi davlat oliy, oʻrta maxsus oʻquv yurtlari, hunar-texnika bilim yurtlari va umumtaʼlim maktablari pedagog xodimlari bilan mehnat shartnomasini tuzishning kontrakt shakli toʻgʻrisida
NI3OM
1. Oʻzbekiston Respublikasining “Taʼlim toʻgʻrisida”gi Qonuniga (31-modda) binoan davlat oliy va oʻrta maxsus oʻquv yurtlari, hunar-texnika bilim yurtlari va umumtaʼlim maktablari (maktabgacha tarbiya va maktabdan tashqari bolalar muassasalaridan boshqa) pedagog xodimlari bilan mehnat shartnomasi mazkur Nizomga muvofiq kontrakt asosida tuziladi.
1992-1993-yillarda tegishli lavozimga ilgari qabul qilingan (tanlovdan oʻtgan) pedagog xodimlar bilan kontraktlar tuzishga mehnat sharoitini jiddiy ravishda oʻzgartirish deb qaraladi va u Oʻzbekiston Respublikasining mehnat toʻgʻrisidagi qonunlari kodeksining 32-2-moddasida nazarda tutilgan tartibda amalga oshiriladi.
2. Shtat lavozimini egallash boʻyicha kontrakt 1 yildan 5 yilgacha boʻlgan muddatga tuziladi. Kontraktning aniq muddati tomonlarning kelishuviga muvofiq belgilanadi. Oʻquv yili doirasida qisqa muddatga oʻrindoshlik boʻyicha ayrim kurslar va fanlarni oʻqitish uchun kontrakt tuzishga yoʻl qoʻyiladi.
3. Kontrakt boʻyicha pedagoglik lavozimi, shu jumladan, kafedralar, oʻquv boʻlinmalari rahbarlari lavozimida ishlamoqchi boʻlgan shaxslarga nisbatan talablar davlat taʼlim andazasiga muvofiq ishlab chiqilgan malaka tavsifnomasi va lavozim qoʻllanmalari asosida oʻquv yurti maʼmuriyati tomonidan belgilanadi.
4. Kontrakt boʻyicha pedagog xodimlarni qabul qilish haqidagi eʼlon ommaviy axborot vositalarida, shu jumladan, oʻquv yurtining koʻp nusxali gazetasida berilishi mumkin. Arizalarni berish muddati, odatda, oʻquv yili boshlangunga qadar oʻquv yurti tomonidan belgilanadi.
5. Kontrakt asosida vakant lavozimni egallashga daʼvogarlar nomzodi oʻquv yurti rahbariyatining tavsiyasiga koʻra tegishli kafedrada, metodika birlashmasida oldindan muhokama qilinadi. Bunda oʻquv yurtida ishlab chiqilgan tizim boʻyicha testlashga, shuningdek, maʼlum muammolarga bagʻishlangan leksiyalar oʻqishga, tajriba mashgʻulotlari oʻtkazishga yoʻl qoʻyiladi. Professor-oʻqituvchilar tarkibini (oʻqituvchilarni) testlashni kafedra mudiri (metodik birlashma rahbari), kafedra mudirlari— prorektor tayyorlaydi va oʻtkazadi.
Kafedra mudiri, oʻquv boʻlinmasi rahbari lavozimiga nomzod muhokama qilinadigan kafedra, metodik birlashma majlisini prorektor (direktor oʻrinbosari) daʼvogarlarni belgilangan tartibda oʻrganib chiqqandan keyin oʻtkazadi.
6. Oʻquv yurtining kafedrasi, metodik birlashmasi shtatdagi oʻqituvchilar, shu jumladan, qoʻshimcha xizmatchilar koʻpchiligining ochiq yoki yashirin oddiy ovoz berish yoʻli bilan har bir nomzod boʻyicha tavsiyanoma qabul qiladi. Kontrakt tuzishga daʼvogarlar ovoz berishda qatnashmaydilar.
Kafedra, metodik birlashma aʼzolarining koʻpchiligi, lekin ovoz berishda qatnashganlarning kamida 50 foizi ovoz bergan shaxs kontrakt asosida lavozimni egallashga tavsiya etilgan hisoblanadi. Kafedra, metodik birlashmaning qarori ovoz berishda ular tarkibining kamida uchdan ikki qismi qatnashgandagina haqiqiy hisoblanadi.
Ovoz berishda qatnashgan shaxslarning ovozi teng kelib qolganda daʼvogarni tanlash huquqi rektorga (direktorga) beriladi.
Kafedra mudiri, oʻquv boʻlinmasining rahbari lavozimiga kontrakt tuzishga tavsiyanomani oʻquv yurtining ilmiy, pedagogika kengashi kafedra, metodik birlashma tomonidan xuddi shunday tartibda berilgan materiallar asosida qabul qiladi.
7. Kontrakt yozma ravishda, ikki nusxada tuziladi va rektor (direktor), shuningdek, lavozimga tavsiya etilgan shaxs tomonidan imzolanib, tomonlarning har birida saqlanadi.
8. Kontrakt tomonlarning kelishuvi bilan belgilangan kundan boshlab lavozimga tayinlash haqida buyruq chiqarish uchun asos boʻladi va u imzolangan kundan boshlab kuchga kiradi. U tomonlarning kelishuviga muvofiq oʻzgartirilishi mumkin.
9. Kontraktda uni tuzish shartlari, shuningdek, tomonlarning burchlari va masʼuliyati, mehnatga haq toʻlash va mehnatni tashkil etish shartlari, ijtimoiy-maishiy hamda tomonlar bajarilishi zarur deb hisoblagan boshqa shartlar, majburiyatlar aks ettiriladi.
Amaldagi qonunchilikda taʼlim tizimi xodimlari uchun belgilangan imtiyozlar va kafolatlar, huquq va burchlar kontrakt tuzgan xodimga ham toʻla taalluqlidir.
Ayollarning homiladorlik va tugʻish, shuningdek, bolasi uch yoshga yetgunga qadar parvarishlash boʻyicha taʼtilda boʻlgan vaqti kontrakt boʻyicha ish muddatiga qoʻshilmaydi.
10. Kontrakt boʻyicha ishga qabul qilinganlarning maoshi miqdori cheklanmagan, lekin u amaldagi qonunchilik boʻyicha mazkur lavozim uchun nazarda tutilgan maoshdan kam boʻlmasligi kerak.
Kontraktda mehnat haqi miqdorini koʻpaytirish yoki kamaytirish, ustamalar, mukofotlar, shu jumladan, yillik mehnat natijalariga koʻra, berish shartlari belgilanishi mumkin.
11. Kontrakt tuzayotganda tomonlar amaldagi qonunchilikda belgilanmagan qoʻshimcha imtiyozlarni: xoʻjalik hisobi daromadi hisobiga toʻlovlarni, har yillik taʼtilda moddiy yordam koʻrsatishni, xodimga bogʻliq boʻlmagan sabablarga koʻra, shu jumladan, pensiyaga chiqishi, yoshi yoki kasalligi natijasida kontrakt toʻxtatilgan hollarda pul kompensatsiyasi berishni nazarda tutishlari mumkin.
12. Agar kontraktda boshqa joyiga ishga oʻtish nazarda tutilgan boʻlsa, tomonlar kafolatlarni va amaldagi qonunchilikda nazarda tutilganidan past boʻlmagan miqdorlarda toʻlanadigan kompensatsiyalarni belgilaydilar.
13. Tomonlarning kelishuvi boʻyicha kontraktda ish vaqti va dam olish tartibi belgilab qoʻyilishi mumkin. Bunda qonunchilikda belgilangan taʼtilning davom etish muddati kamaytirilishi mumkin emas.
14. Kontrakt mehnat haqidagi qonunchilikda nazarda tutilgan asoslar boʻyicha ham, kontraktda nazarda tutilgan asoslar boʻyicha ham muddatidan ilgari bekor qilinishi yoki toʻxtatilishi mumkin.
Belgilangan shartlar asosida kontrakt bekor qilingan taqdirda xodim Oʻzbekiston Respublikasi mehnat toʻgʻrisidagi qonunlari kodeksi 36-moddasining 1-bandi (tomonlarning bitishuvi) boʻyicha ishdan boʻshatiladi.
15. Kontraktning amal qilish muddati tugagandan soʻng, tomonlarning bitishuviga koʻra u yangi muddatga uzaytirilishi yoki tuzilishi mumkin. Kontrakt muddati uzaytirilmagan yoki qayta tuzilmagan boʻlsa, muddatning tugashi xodimni Oʻzbekiston Respublikasi mehnat toʻgʻrisidagi qonunlari kodeksi 36-moddasining 2-bandi boʻyicha ishdan boʻshatish uchun asos boʻladi. Bunda oʻquv yurtining rahbari tegishli kafedra, metodik birlashmaning fikriga asoslanadi.
16. Kontraktni tuzgan tomonlar oʻrtasidagi bahslar amaldagi qonunchilikda belgilangan tartibda koʻrib chiqiladi.
BYuLLETEN
Izoh: 1. Ovoz berish nomzod familiyasini qoldirish yoki oʻchirish bilan ifodalanadi. 2. Bittadan ortiq nomzod qoldirilgan byulletenlar nohaqiqiy ifodalanadi.
