Oʻzbekiston Respublikasi Harbiy-havo kuchlarining jangovar qobiliyatini oshirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida (PQ-3725-son)
14.05.2018
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Harbiy-havo kuchlarining moddiy-texnik bazasi, harbiy tayyorgarlik tizimini rivojlantirish, aviatsiya kadrlarini oʻqitishning ilgʻor metodlarini keng miqyosda joriy etish, moddiy va inson resurslaridan samarali foydalanish maqsadida, shuningdek, “Xonobod” aerodromining mavjud infratuzilmasini inobatga olgan holda
1. Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligining Jizzax oliy harbiy aviatsiya bilim yurtini 28-harbiy shaharchaga (Qarshi sh.) koʻchirib oʻtkazish hamda uning nomlanishini Oʻzbekiston Respublikasi Oliy harbiy aviatsiya bilim yurti (keyingi oʻrinlarda — OHABYU) deb oʻzgartirish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.
2. “Xonobod” aerodromining infrastrukturasi, oʻquv, moddiy-texnik bazasini takomillashtirish hamda Jizzax oliy harbiy aviatsiya bilim yurtini 28-harbiy shaharchaga (Qarshi sh.) koʻchirib oʻtkazishni nazarda tutuvchi Kompleks dastur (bundan buyon matnda Kompleks dastur deb yuritiladi) ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. Kompleks dasturga kiritilgan obyektlarni qurish, rekonstruksiya qilish va kapital taʼmirlash ishlarini bajarish doirasida:
buyurtmachi etib Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi;
bosh pudratchi tashkilot etib qonunchilikda belgilangan tartibda oʻtkazilgan tanlov (tender) savdolari gʻolibi belgilansin.
4. Kompleks dasturga kiritilgan tadbirlarning alohida qismlarini bajarish bilan bogʻliq xarajatlarni moliyalashtirish manbalari etib quyidagilar belgilansin:
qurilish va rekonstruksiya qilish — Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi uchun nazarda tutilgan markazlashgan kapital qoʻyilmalar limitlari hamda qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar;
kapital taʼmirlash, oʻquv va moddiy-texnik bazani takomillashtirish — Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligiga har yili ajratiladigan Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlari, budjetdan tashqari mablagʻlar va qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar;
tutash hududni obodonlashtirish va ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish — Qashqadaryo viloyatining mahalliy budjet mablagʻlari.
5. “Oʻzbekiston havo yoʻllari” milliy aviakompaniyasi “Shahrisabz” aeroportini barcha mavjud infratuzilmasi, binolari, inshootlari va tutash hududi bilan birgalikda bepul asosda topshirsin, Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi esa operativ boshqaruv huquqi bilan qabul qilib olsin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi xorijiy mamlakatlarning yetakchi taʼlim muassasalari bilan professor-oʻqituvchilar tarkibi, kursantlar hamda uchuvchilar va muhandis-texniklar tarkibiga mansub mutaxassislarni tayyorlash va qayta tayyorlash sohasida hamkorlik oʻrnatsin, bunda tayyorlov markazlarining imkoniyatlaridan faol ravishda foydalanilsin hamda Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi harbiy xizmatchilarining aviatsiyani qoʻllash bilan bogʻliq turli shakldagi operativ-taktik oʻquvlarda ishtirok etish amaliyoti joriy qilinsin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligining tavsiyasiga binoan Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligiga Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetidan ajratiladigan mablagʻlar hisobidan har yili oʻn nafar eng ilgʻor uchuvchi mutaxassislarga Toshkent shahridan kvartiralar ajratilishi nazarda tutilsin.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi va Moliya vazirligi Oʻzbekiston Respublikasi davlat dasturlarini shakllantirayotganda Kompleks dastur doirasidagi qurilish va rekonstruksiya qilish ishlarini amalga oshirish uchun tasdiqlangan loyiha-smeta hujjatlariga asosan markazlashgan kapital quyilmalari limitlarini nazarda tutsin.
9. Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi quyidagi hujjatlarning ishlab chiqilishini taʼminlasin:
texnik-iqtisodiy hisob-kitoblar, ularni koʻrib chiqish va kelishishni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 20-fevraldagi “Loyihaoldi, loyiha, tender hujjatlari va kontraktlarni ekspertizadan oʻtkazish tartibini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-3550-son qarorida belgilangan tartibda;
loyiha-smeta hujjatlari, ularni koʻrib chiqish va kelishishni oʻrnatilgan tartibda.
10. Oʻzbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi qurilish-montaj ishlarining sifatli bajarilishi ustidan arxitektura-qurilish nazoratini oʻrnatsin.
11. Mudofaa vazirligi Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi va boshqa manfaatli vazirlik va idoralar bilan birgalikda uch oylik muddatda:
qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin;
oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
12. Mazkur qaror ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xavfsizlik kengashi kotibi V.V. Maxmudov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2018-yil 14-may,
PQ-3725-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 14-maydagi PQ-3725-son qaroriga ILOVA
“Xonobod” aerodromining infrastrukturasi, oʻquv, moddiy-texnik bazasini takomillashtirish hamda Jizzax oliy harbiy aviatsiya bilim yurtini 28-harbiy shaharchaga (Qarshi sh.) koʻchirib oʻtkazishni nazarda tutuvchi
KOMPLEKS DASTUR
