9-modda. Ov qilish joylari
Ov qilish va ovchilik xoʻjaligi toʻgʻrisida (O‘RQ-627-son) · Sana: 08.07.2020 · Amalda
Ov qilish joylari ov qilish uchun foydalaniladigan yoki foydalanilishi mumkin boʻlgan, yovvoyi hayvonlarning yashash muhiti, boʻlish va urchish joylari, ularning koʻchib oʻtish yoʻllari boʻlgan yerlar, suv obyektlari va oʻrmonlardan iborat boʻladi.
Ov qilish ovchilik xoʻjaliklariga biriktirilgan ov qilish joylarida hamda Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya va iqlim oʻzgarishi milliy qoʻmitasi tomonidan belgilanadigan erkin ov qilish joylarida amalga oshiriladi.
Ov qilish joylari hududida quyidagilar taqiqlanadi:
qishloq xoʻjaligi, meliorativ, oʻrmon xoʻjaligi ishlarini va boshqa ishlarni yovvoyi hayvonlarning nobud boʻlishiga olib keladigan usullarda amalga oshirish;
oʻzboshimchalik bilan yovvoyi qushlarning tuxumlarini yigʻish, uyalarini vayron qilish, yovvoyi hayvonlarning uychalarini, inlarini va boshqa uyalarini buzish, bundan yovvoyi hayvonlar sonini tartibga solish bilan bogʻliq hollar mustasno;
qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yerlarda hamda boshqa toifadagi yerlarda qurigan dov-daraxtlarni va ularning qoldiqlarini ildizi bilan yoqish;
yovvoyi hayvonlarning yashash muhiti, boʻlish va urchish joylarida, shuningdek ularning koʻchib oʻtish yoʻllari boʻlgan joylarda dov-daraxtlarni yoʻq qilib yuborish, qiyoq, qamish va yovvoyi holda oʻsuvchi boshqa oʻsimliklarning chakalakzorlarini yoqish.
Quyidagilar ov qilish joylariga kirmaydi:
aholi punktlarining yerlari;
sogʻlomlashtirish, rekreatsiya va tarixiy-madaniy maqsadga moʻljallangan yerlar;
muhofaza etiladigan tabiiy hududlar, agar ularning rejimida ov qilish nazarda tutilmagan boʻlsa;
shaharlar atrofidagi yashil zonalar;
korxonalarning sanitariya-himoya zonalari;
suv olish inshootlarining himoya zonalari;
aerodromlar;
temir yoʻllarning himoya zonalari;
chegara mintaqasi;
hosil yigʻishtirib olinguniga qadar qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yerlar;
toʻgʻonlar, suv ayirgichlar, koʻpriklar yonidagi, baliqchilik pitomniklari, hovuz xoʻjaliklari va boshqa madaniy baliqchilik xoʻjaliklari chegaralaridagi uchastkalar, agar ushbu obyektlarni muhofaza qilish rejimida ov qilishga doir taqiq nazarda tutilgan boʻlsa.
