7-modda. Tergov hibsxonalarida va jazoni ijro etish muassasalarida saqlanayotgan shaxslarni sil kasalligidan muhofaza qilish
Aholini sil kasalligidan muhofaza qilish toʻgʻrisida (215-II-son) · Sana: 11.05.2001 · Amalda
Tergov hibsxonalarida va jazoni ijro etish muassasalarida saqlanayotgan shaxslar sil kasalligining oldini olish maqsadida qonunchilikda belgilangan tartib va muddatlarda majburiy tibbiy koʻrikdan oʻtkazilishi shart.
Tergov hibsxonalarida va jazoni ijro etish muassasalarida saqlanayotgan shaxslar sil kasalligiga chalingan hollarda ularga zarur tibbiy yordam koʻrsatiladi.
Tergov hibsxonalarida va jazoni ijro etish muassasalarida saqlanayotgan, sil kasalligining yuqumli shakllariga chalingan shaxslar ajratib qoʻyiladi va davolash uchun ixtisoslashtirilgan sil kasalligiga qarshi kurash muassasalariga qonunchilikda belgilangan tartibda yotqiziladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining tibbiy xizmati xodimlari tergov hibsxonalarida yoki jazoni ijro etish muassasalarida saqlanayotgan shaxslarning turar joylaridagi sil kasalligiga qarshi kurash muassasalarini quyidagilardan xabardor qilishlari shart:
mazkur shaxslar sil kasalligiga chalinganligi ilk bor aniqlangan har bir holat haqida;
jazoni ijro etish muassasalaridan ozod qilinayotgan, sil kasalligiga chalingan bemorlar haqida;
mazkur shaxslarning sil kasalligidan vafot etganligi holatlari haqida.
Jazoni ijro etish muassasalari maʼmuriyati ozod qilinish toʻgʻrisidagi maʼlumotnomalarda jazoni oʻtab boʻlgan shaxslarda sil kasalligi bor-yoʻqligi haqida belgi qoʻyishi shart.
Ichki ishlar organlari:
jazoni ijro etish muassasasidan kelgan, sil kasalligiga chalingan bemor shaxsning identifikatsiyalovchi ID-kartasini yoki boshqa hujjatini rasmiylashtirish paytida sil kasalligiga qarshi kurash muassasasini u xizmat koʻrsatayotgan hududga sil kasalligiga chalingan bemor kelganligi haqida xabardor qiladi va uning yashash manzilini koʻrsatadi;
jazoni ijro etish muassasalaridan kelgan, sil kasalligiga chalingan bemorlar sil kasalligiga qarshi kurash muassasalarida hisobga olinishi ustidan nazoratni amalga oshiradi.
