2-modda. Asosiy tushunchalar
Aholini sil kasalligidan muhofaza qilish toʻgʻrisida (215-II-son) · Sana: 11.05.2001 · Amalda
Ushbu Qonunda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
BCG — Kalmett-Geren batsillasi: sil kasalligi mikrobining vaksina sifatida qoʻllaniladigan kuchsizlantirilgan shtammi (koʻrinishi);
vaksinatsiya — sil kasalligining oldini olish maqsadida chaqaloqlarda faol immunitet hosil qilish usuli;
revaksinatsiya — kasal yuqtirmaslik bobidagi yoʻqolgan xususiyatni tiklash yoki sil kasalligiga nisbatan yanada kuchliroq darajada immunitet hosil qilish uchun odam yoki hayvon organizmiga takroriy ravishda vaksina kiritish;
sil kasalligi — sil mikobakteriyalari qoʻzgʻatadigan yuqumli kasallik;
sil kasalligining yuqumli shakllari — sil kasalligining sil mikobakteriyalarini chiqarib turadigan faol shakllari;
sil kasalligiga koʻra noqulay boʻlgan chorvachilik obyekti — hayvonlarning sil kasalligiga chalinish holati mavjud boʻlgan obyekt;
sil mikobakteriyalari (mikroorganizmlar) — sil kasalligini qoʻzgʻatuvchilar;
tuberkulin yordamida tashxis qoʻyish — kasallikni aniqlash uchun odam va hayvonlarni tuberkulin yordamida tekshirish usuli.
