11-modda. Sil kasalligiga chalingan shaxslarning huquqlari
Aholini sil kasalligidan muhofaza qilish toʻgʻrisida (215-II-son) · Sana: 11.05.2001 · Amalda
Sil kasalligiga chalingan shaxslar quyidagi huquqlarga ega:
oʻzlariga nisbatan muruvvatli va insoniy muomala qilinishi;
oʻz huquqlari toʻgʻrisida hamda chalingan kasalliklarining xususiyati va qoʻllanilayotgan davolash usullari haqida maʼlumot olish;
sil kasalligiga qarshi yordam koʻrsatishning barcha turlarini, shu jumladan ambulatoriya va statsionar sharoitlarida maslahat-tashxis qoʻyish, davolash va reabilitatsiya yordamini, sil kasalligi bilan bogʻliq barcha ekspertiza turlarini, sanitariya-profilaktika yordamini olish;
ixtisoslashtirilgan sanatoriylarda davolanish;
ijtimoiy-maishiy yordam olish;
ishga joylashishda koʻmak olish;
oʻqish va qayta taʼlim olish.
Sil kasalligining yuqumli shakliga chalingan, sil kasalligiga qarshi kurash muassasasining ixtisoslashtirilgan boʻlimida gʻayriixtiyoriy tartibda davolanayotgan shaxslar mazkur moddada nazarda tutilgan barcha huquqlardan foydalanadi, shu jumladan biror-bir cheklovlarsiz xatlar yozish va olishga, posilkalar, banderollar va pul joʻnatmalari olishga, telefondan foydalanishga, eng zarur narsalarga ega boʻlish va ularni olishga, oʻz kiyim-boshidan foydalanishga haqli.
Sil kasalligiga chalinish oqibatida mehnat qobiliyatini vaqtinchalik yoʻqotgan shaxslarning ish joyi, egallab turgan lavozimi belgilangan tartibda ularda saqlanib turadi hamda ularga vaqtincha mehnatga layoqatsizlik nafaqasi toʻlanadi.
Yotoqxonalarda, shuningdek aniq maqsadli kommunal uy-joy fondining turar joylarida yashovchi shaxslarda sil kasalligining yuqumli shakllari aniqlangan taqdirda, ularga qonunchilikda belgilangan tartibda alohida uy-joy maydoni beriladi.
Sil kasalligiga chalingan shaxslarning bolalari koʻp tarmoqli ixtisoslashtirilgan maktabgacha taʼlim tashkilotlariga, maktablar, internatlar va sanatoriy-sogʻlomlashtirish muassasalariga navbatdan tashqari qabul qilinish huquqidan foydalanadilar.
Sil kasalligiga qarshi kurash muassasasi yoki sanatoriysida davolanayotgan bolalarga umumiy oʻrta taʼlim dasturi boʻyicha oʻqish imkoniyati yaratiladi.
Sil kasalligiga chalingan va shu tufayli nogironligi boʻlgan bola deb topilgan bolalarning ota-onalari (qonuniy vakillari) sil kasalligiga qarshi kurash muassasasida bolalari bilan birga boʻlish huquqiga egadirlar.
Sil kasalligiga chalingan bemorlar va ularni kuzatib boruvchi shaxslar sil kasalligiga qarshi kurash sanatoriysiga borib kelishda mahalliy budjet mablagʻlari hisobidan yiliga bir marta tekin yurish huquqiga ega. Sil kasalligiga qarshi kurash muassasalariga maslahat olish va davolanish uchun chaqirilayotgan yoki yuborilayotgan, sil kasalligiga chalingan bemorlar mahalliy budjet mablagʻlari hisobidan tekin yurish (borib kelish) huquqiga ega.
