“Oʻzbekiston havo yoʻllari” MAK uchun uchta yangi “Boing-787-8” samolyotini xarid qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida (PQ-3575-son)
01.03.2018
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
“Oʻzbekiston havo yoʻllari” MAK havo kemalari parkini zamonaviy aviatsiya texnikasi bilan yangilashni davom ettirish, mamlakatimiz fuqarolik aviatsiyasi parvozlarining raqobatbardoshligi va xavfsizligini taʼminlash maqsadida:
1. Maʼlumot uchun qabul qilinsinki:
“Oʻzbekiston havo yoʻllari” MAK va “Boing” kompaniyasi (AQSH) oʻrtasida 2018 — 2020-yillarda, shu jumladan, tijorat maqsadida foydalanish uchun toʻrtta yangi “Boing-787-8” samolyotini, 2019-2020-yillarda yetkazib beriladigan uchta “Boing-787-8” samolyotini (keyingi oʻrinlarda — uchta “Boing-787-8” samolyoti deb yuritiladi) xarid qilish toʻgʻrisida bitim tuzildi;
uchta “Boing-787-8” samolyoti boʻyicha avans toʻlovlari hisobiga “Boing” kompaniyasi tomonidan kredit memorandumi (chegirma) sifatida taqdim etilgan 2,0 mln. AQSH dollari oʻtkazildi;
Xitoy sanoat-tijorat banki va Xitoy davlat taraqqiyot banki kreditlari hisobiga uchta “Boing-787-8” samolyoti xarid qilinishini moliyalashtirish masalasi ishlab chiqildi.
2. Umumiy summasi 419,86 mln. AQSH dollari miqdoridagi uchta “Boing-787-8” samolyoti xarid qilinishini moliyalashtirish manbalari etib quyidagilar belgilansin:
100,41 mln. AQSH dollari miqdoridagi avans toʻlovlari — Oʻzbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasi kreditlari. Mazkur kreditlar 10 yil muddatga ajratiladi, imtiyozli davr — 3 yil, foiz stavkasi olti oylik LIBOR stavkasiga teng, qoʻshimcha ravishda yillik 2,5 foiz, shu jumladan, qayta moliyalashtiruvchi Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy bankining (keyingi oʻrinlarda — Oʻzmilliybank deb yuritiladi) 0,5 foiz miqdoridagi marjasi;
birinchi “Boing-787-8” samolyoti boʻyicha yetkazib beriladigan toʻlov — Xitoy sanoat-tijorat bankining 104,80 mln. AQSH dollari miqdoridagi krediti. Kredit 10 yil muddatga ajratiladi, foiz stavkasi olti oylik PVSJ stavkasiga teng, qoʻshimcha ravishda yillik 3,5 foiz, shu jumladan qayta moliyalashtiruvchi Oʻzmilliybankning 0,3 foiz miqdoridagi marjasi;
ikkinchi va uchinchi “Boing-787-8” samolyoti boʻyicha yetkazib beriladigan toʻlovlar — Xitoy davlat taraqqiyot bankining yoki boshqa chet el banklarining 212,65 mln. AQSH dollari miqdoridagi kreditlari.
3. Quyidagilar:
umumiy summasi 419,86 mln. AQSH dollari miqdoridagi uchta “Boing-787-8” samolyoti xarid qilinishini moliyalashtirish jadvali 1-ilovaga muvofiq;
uchta “Boing-787-8” samolyoti boʻyicha avans toʻlovlarini moliyalashtirish uchun jalb qilinadigan Oʻzbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasining kreditini uzish boʻyicha prognoz jadvali 2-ilovaga muvofiq;
birinchi “Boing-787-8” samolyoti boʻyicha yetkazib beriladigan toʻlovni moliyalashtirish uchun jalb qilinadigan Xitoy sanoat-tijorat bankining kreditini uzish boʻyicha prognoz jadvali 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
4. Belgilab qoʻyilsinki:
“Oʻzbekiston havo yoʻllari” MAK qarz oluvchi va Oʻzbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasi hamda chet el banklarining jalb qilinadigan kreditlaridan maqsadli foydalanish uchun javobgar ijro etuvchi organ hisoblanadi;
Oʻzbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasi hamda chet el banklarining jalb qilinadigan kreditlarini uzish, ular boʻyicha foizlar, komissiyalar va boshqa xarajatlarni toʻlash bilan bogʻliq xarajatlar “Oʻzbekiston havo yoʻllari” MAKning oʻz mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi.
5. Oʻzmilliybank uchta “Boing-787-8” samolyoti xarid qilinishini moliyalashtirish uchun tegishli chet el banklarining kredit liniyalarini jalb qilish maqsadida ular bilan qarz bitimlarini va jalb qilingan kreditlarni qayta moliyalashtirish uchun “Oʻzbekiston havo yoʻllari” MAK bilan kredit shartnomalarini tuzsin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi moliya vaziriga jalb qilinadigan kreditlar boʻyicha Oʻzmilliybankning chet el banklari oldidagi majburiyatlari yuzasidan va Oʻzbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasi hamda chet el banklarining qayta moliyalashtiriladigan kreditlari boʻyicha “Oʻzbekiston havo yoʻllari” MAKning Oʻzmilliybank oldidagi majburiyatlari yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasining davlat kafolatlarini toʻlov undirmay berish vakolati berilsin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi qarz bitimlarida nazarda tutilgan shakllar boʻyicha chet el banklariga taqdim etiladigan Oʻzbekiston Respublikasining kafolatlari boʻyicha yuridik xulosalarni belgilangan tartibda bersin.
8. “Oʻzbekiston havo yoʻllari” MAKga:
uchta “Boing-787-8” samolyotini xarid qilish boʻyicha loyihaoldi hujjatlarini bir bosqichda ishlab chiqish, shu jumladan texnik-iqtisodiy asoslarni ishlab chiqish;
Oʻzbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasi hamda Oʻzmilliybank bilan birgalikda texnik-iqtisodiy asoslar tasdiqlanganiga qadar uchta “Boing-787-8” samolyoti uchun 54,11mln. AQSH dollari miqdoridagi avans toʻlovlarini (100,41 mln. AQSH dollari miqdoridagi avans toʻlovlari umumiy summasidan) Oʻzbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasining krediti hisobidan amalga oshirishga ruxsat berilsin.
10. Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasi Oʻzmilliybank, Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, “Oʻzbekiston havo yoʻllari” MAK hamda Oʻzbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasi bilan birgalikda ikkinchi va uchinchi “Boing-787-8” samolyoti boʻyicha amalga oshiriladigan toʻlovlarni moliyalashtirishning eng maqbul shartlarini aniqlash boʻyicha Xitoy davlat taraqqiyot banki va boshqa chet el banklari bilan muzokaralar oʻtkazsin, ularning natijalari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
11. “Oʻzbekiston havo yoʻllari” MAKga birinchi “Boing-787-8” samolyotini jalb qilinadigan kredit boʻyicha majburiyatlarni taʼminlash sifatida Xitoy sanoat-tijorat bankiga garovga berish huquqi berilsin.
12. “Oʻzbekiston havo yoʻllari” MAK olib kiriladigan uchta “Boing-787-8” samolyoti uchun bojxona toʻlovlarini toʻlashdan ozod etilsin (bojxona rasmiylashtiruvi yigʻimlari bundan mustasno).
13. Oʻzbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 155-moddasiga muvofiq, mazkur qaror doirasida jalb qilinadigan kreditlar boʻyicha chet el banklarining daromadlari Oʻzbekiston Respublikasida soliqqa tortilmasligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
14. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari — “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ boshqaruvi raisi O.J. Ramatov, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri oʻrinbosari — Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasi raisi S.R. Holmurodov hamda “Oʻzbekiston havo yoʻllari” MAK bosh direktori vazifasini bajaruvchi B.I. Hakimov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2018-yil 1-mart,
PQ-3575-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 1-martdagi PQ-3575-son qaroriga 1-ILOVA
Uchta “Boing-787-8” samolyoti xarid qilishni moliyalashtirish
JADVALI
* Samolyotlarni yetkazib berish sanasidagi qiymatining haqiqiy eskalatsiyasini hisobga olgan holda yakuniy summalar aniqlashtirilishi lozim.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 1-martdagi PQ-3575-son qaroriga 2-ILOVA
Uchta “Boing-787-8” samolyoti boʻyicha avans toʻlovlarini moliyalashtirish uchun jalb qilinadigan Oʻzbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasining kreditini uzish boʻyicha
PROGNOZ JADVALI
Izoh.
Jadval hisoblangan boʻlib, kreditning haqiqiy summasi va olingan sanalari LIBOR oʻzgaruvchan stavkasi tebranishlariga koʻra (hisoblash uchun 1,72988 foiz miqdoridagi olti oylik LIBOR qabul qilingan) oʻzgartiriladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 1-martdagi PQ-3575-son qaroriga 3-ILOVA
Birinchi “Boing-787-8” samolyotini yetkazib berish toʻlovini moliyalashtirish uchun jalb qilinadigan Xitoyning Industrial-tijorat banki kreditini soʻndirish
PROGNOZ JADVALI
Izoh. Jadval hisoblangan boʻlib, samolyotni yetkazib berish sanasi, kreditdan foydalanishning haqiqiy summasi, LIBOR oʻzgaruvchan stavkasi tebranishlari (hisoblash uchun 1,72988 foiz miqdorida olti oylik LIBOR qabul qilingan)ga koʻra oʻzgartiriladi.
