35-modda. Geodeziya va kartografiyaga doir materiallardan (maʼlumotlardan) foydalanish tartibi
Geodeziya va kartografiya faoliyati toʻgʻrisida (O‘RQ-626-son) · Sana: 02.07.2020 · Amalda
Yuridik va jismoniy shaxslar davlat kartografiya-geodeziya fondining hamda idoraviy kartografiya-geodeziya fondlarining materiallaridan (maʼlumotlaridan) ushbu Qonun talablariga rioya etgan holda foydalanish huquqiga ega.
Kartografiya-geodeziya fondining materiallaridan foydalanish chogʻida:
geodeziya va kartografiyaga doir materiallardan (maʼlumotlardan) ruxsatsiz koʻchirma nusxa olish;
aerosuratga olish materiallarini, shuningdek davlat sirini tashkil etuvchi maʼlumotlar mavjud boʻlgan materiallarni bunday materiallarning saqlanishini taʼminlash uchun rejim organi va lozim darajada shart-sharoitlari boʻlmagan tashkilotlarga berish taqiqlanadi.
Davlat kartografiya-geodeziya fondining geodeziya va kartografiyaga doir materiallaridan (maʼlumotlaridan) foydalanuvchilar olingan materiallarning (maʼlumotlarning) but saqlanishini taʼminlashi, ularni belgilangan muddatlarda qaytarishi hamda ularda mavjud boʻlgan davlat sirini tashkil etuvchi maʼlumotlarni oshkor etmasligi shart.
Davlat kartografiya-geodeziya fondining geodeziya va kartografiyaga doir materiallarini (maʼlumotlarini) uchinchi shaxslarga berishga hamda ulardan koʻchirma nusxa olishga ushbu materiallar (maʼlumotlar) oʻz tasarrufida boʻlgan organlarning ruxsatisiz yoʻl qoʻyilmaydi.
Davlat sirini tashkil etuvchi geodeziya va kartografiyaga doir materiallar (maʼlumotlar) yoʻqotilgan taqdirda, geodeziya va kartografiyaga doir materiallardan (maʼlumotlardan) foydalanuvchilar qonunchilikda nazarda tutilgan choralarni koʻrishi, shuningdek yoʻqotish aniqlangan paytdan eʼtiboran bir kundan oshmaydigan muddatda maxsus vakolatli davlat organini xabardor qilishi shart.
Davlat kartografiya-geodeziya fondining geodeziya va kartografiyaga doir materiallaridan (maʼlumotlaridan) foydalanganlik uchun maxsus vakolatli davlat organi tomonidan belgilanadigan miqdorda yigʻim undiriladi.
