31-modda. Geodeziya va kartografiyaga doir materiallar (maʼlumotlar) ekspertizasi
Geodeziya va kartografiya faoliyati toʻgʻrisida (O‘RQ-626-son) · Sana: 02.07.2020 · Amalda
Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan moliyalashtiriladigan, umumdavlat ahamiyatiga molik boʻlgan geodeziya va kartografiyaga oid ishlarni bajarish natijasida olingan geodeziya va kartografiyaga doir materiallar (maʼlumotlar) ekspertiza qilinishi lozim.
Geodeziya va kartografiyaga doir materiallarning (maʼlumotlarning) ekspertizasini oʻtkazishda ularning geodeziya va kartografiya faoliyatini texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar, shuningdek geodeziya va kartografiyaga oid ishlarni bajarishning texnik loyihalari (dasturlari) talablariga muvofiqligi aniqlanadi.
Geodeziya va kartografiyaga doir materiallarning (maʼlumotlarning) ekspertizasi bajarilgan geodeziya va kartografiyaga oid ishlar haqidagi texnik hisobotlar asosida oʻtkaziladi. Ekspertiza natijalariga koʻra maxsus vakolatli davlat organi tomonidan xulosa beriladi.
