3-modda. Asosiy tushunchalar
Geodeziya va kartografiya faoliyati toʻgʻrisida (O‘RQ-626-son) · Sana: 02.07.2020 · Amalda
Ushbu Qonunda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
geografik axborot tizimi — geografik obyektlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni toʻplash, ularga ishlov berish, ularni tahlil qilish, saqlash, modellashtirish va aks ettirish uchun, shuningdek kartografiyaga oid axborotdan foydalangan holda umumdavlat ahamiyatiga yoki tarmoq ahamiyatiga molik axborotga va hisob-kitobga doir vazifalarni hal etish uchun moʻljallangan avtomatlashtirilgan tizim;
geodeziya — Yer shaklini, tashqi gravitatsiya maydonini, yer sathining koordinata nuqtalarini va ularning vaqt boʻyicha oʻzgarishlarini aniqlash boʻyicha ilmiy, taʼlim, ishlab chiqarish hamda boshqa faoliyat jarayonida yuzaga keladigan munosabatlar sohasi;
geodeziya va kartografiya faoliyati — Yer shaklining, tashqi gravitatsiya maydonining parametrlarini, yer sathining koordinata nuqtalarini va ularning vaqt boʻyicha oʻzgarishlarini aniqlashga, davlat geodeziya, gravimetriya va nivelir tarmoqlarini, doimiy faoliyat koʻrsatadigan sunʼiy yoʻldosh orqali kuzatish stansiyalari tarmogʻini yaratish, rivojlantirish va ishlash holatida saqlab turishga, davlat kadastrlari, geofazoviy maʼlumotlar banklari (bazalari) va geoaxborot tizimlari uchun topografik, tematik xaritalar, rejalarni va kartografik asosni yaratishga hamda yangilashga qaratilgan ilmiy, ishlab chiqarish va boshqaruv faoliyati;
geodeziya va kartografiyaga doir materiallar (maʼlumotlar) — axborotni qayd etish turi va usulidan qatʼi nazar, geodeziya va kartografiya faoliyati amalga oshirilayotganda olingan geodeziya, nivelir, gravimetriya oʻlchovlarining, aerokosmik va kartografik tasvirlarning barcha yakuniy va oraliq natijalari;
gravimetriya tarmogʻi — yer sathidagi ogʻirlik kuchining miqdorlari maʼlum boʻlgan geodeziya punktlari tizimi;
delimitatsiya qilish — Oʻzbekiston Respublikasi va chegaradosh davlatlar oʻrtasida tuzilgan Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalariga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasining Davlat chegarasi chizigʻini aniqlash, uning oʻtishini tavsiflash va uni xaritada grafik tarzda aks ettirish;
demarkatsiya qilish — Oʻzbekiston Respublikasi va chegaradosh davlatlar oʻrtasida tuzilgan delimitatsiya qilish toʻgʻrisidagi Oʻzbekiston Respublikasi xalqaro shartnomalariga muvofiq chegara belgilarini oʻrnatish yoʻli bilan joylarda Oʻzbekiston Respublikasining Davlat chegarasi chizigʻini belgilash;
