34-modda. Fuqarolik masalalariga oid arizalarning shakli
Oʻzbekiston Respublikasining fuqaroligi toʻgʻrisida (632-XII-son) · Sana: 02.07.1992 · Amalda
Oʻzbekiston Respublikasi fuqaroligiga olish, Oʻzbekiston Respublikasi fuqaroligiga tiklash yoki undan chiqish toʻgʻrisidagi iltimosnomalar arizachining yozma iltimosiga binoan koʻrib chiqiladi. 18 yoshga toʻlmagan shaxslar xususidagi iltimosnomalar ular vakillarining notarial idoralar tomonidan, chet elda esa Oʻzbekiston Respublikasining tegishli diplomatiya vakolatxonasi yoki konsullik muassasasi tomonidan tasdiqlangan qonuniy vakillarining iltimosiga binoan koʻrib chiqiladi.
14 yoshdan 18 yoshgacha boʻlgan bolalarni Oʻzbekiston Respublikasi fuqaroligiga olish, Oʻzbekiston Respublikasi fuqaroligiga tiklash va undan chiqarish toʻgʻrisida ariza topshirish chogʻida ularning roziligi boʻlishi shart. Bunday rozilik yozma bayon etilishi va notarial idoralar tomonidan, chet elda esa Oʻzbekiston Respublikasining tegishli diplomatiya vakolatxonasi yoki konsullik muassasalari tomonidan tasdiqlangan boʻlishi kerak.
Voyaga yetmagan bolaning Oʻzbekiston Respublikasi fuqaroligidan chiqishi toʻgʻrisida iltimosnoma topshirganda, basharti uning ota-onasidan biri Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi boʻlib qoladigan boʻlsa, uning oʻz bolasining Oʻzbekiston Respublikasi fuqaroligidan chiqishiga munosabati bildirilgan arizasi ham taqdim etilishi kerak. Bunday ariza notarius tomonidan, chet elda esa Oʻzbekiston Respublikasi diplomatiya vakolatxonasi yoki konsullik muassasasi tomonidan tasdiqlangan boʻlishi shart.
Basharti ariza beruvchi savodsizligi yoki jismoniy kamchiliklari sababli arizani imzolay olmasa, uning iltimosiga binoan boshqa kishi arizani imzolaydi, bu haqda ichki ishlar organi, chet elda esa Oʻzbekiston Respublikasi tegishli diplomatiya vakolatxonasi yoki konsullik muassasasi tomonidan arizaga yozib qoʻyiladi.
