14-modda. Onasi yoki otasi Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi boʻlgan bolalarning fuqaroligi
Oʻzbekiston Respublikasining fuqaroligi toʻgʻrisida (632-XII-son) · Sana: 02.07.1992 · Amalda
Ota-onasining fuqaroligi har xil boʻlib, ulardan biri bola tugʻilgan paytida Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi boʻlgan quyidagi hollarda bola Oʻzbekiston Respublikasining fuqarosi hisoblanadi:
1) agar u Oʻzbekiston Respublikasi hududida tugʻilgan boʻlsa;
2) agar u Oʻzbekiston Respublikasi hududidan tashqarida tugʻilgan boʻlsayu, ota-onasi yoki ularning biri shu vaqtda Oʻzbekiston Respublikasida doimiy istiqomat joyiga ega boʻlsa.
Ota-onasining fuqaroligi har xil boʻlib, ulardan biri bola tugʻilgan paytda Oʻzbekiston Respublikasining fuqarosi boʻlgan boʻlsa, agar bu vaqtda ota-ona Oʻzbekistondan tashqarida doimiy istiqomat joyiga ega boʻlgan boʻlsalar, Oʻzbekiston Respublikasidan tashqarida tugʻilgan bolaning fuqaroligi ota-onaning yozma tarzda ifodalangan kelishuvi bilan belgilanadi.
Ota-onasidan biri bola tugʻilgan paytda Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi boʻlgan, boshqasi esa fuqaroligi yoʻq shaxs boʻlgan yoxud nomaʼlum boʻlgan taqdirda, bola qayerda tugʻilgan boʻlishidan qatʼi nazar u Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi hisoblanadi.
Onasining fuqaroligi boʻlmagan bolaning otasi belgilanib, u Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi boʻlsa, 14 yoshga yetmagan bola, qayerda tugʻilgan boʻlishidan qatʼi nazar, Oʻzbekiston Respublikasining fuqarosi hisoblanadi.
