“Sihat-salomatlik yili” davlat dasturi toʻgʻrisida (30-son)
25.01.2005
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Jamiyatda sogʻlom turmush tarzini yanada shakllantirishga, aholi salomatligini mustahkamlashga, jismoniy sogʻlom va maʼnaviy boy yosh avlodni tarbiyalashga, fuqarolarning jismoniy tarbiya va sport bilan faol shugʻullanishga keng jalb etilishini taʼminlashga yoʻnaltirilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish maqsadida, shuningdek 2005-yil Oʻzbekiston Respublikasida “Sihat-salomatlik yili” deb eʼlon qilinganligi munosabati bilan Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2004-yil 15-dekabrdagi F–2095-son farmoyishi bilan tashkil etilgan Respublika komissiyasi tomonidan vazirliklar va idoralar, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, jamoat tashkilotlari va jamgʻarmalar bilan birgalikda ishlab chiqilgan “Sihat-salomatlik yili” davlat dasturi 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
“Sihat-salomatlik yili” davlat dasturining ilovada nazarda tutilgan tadbirlari tasdiqlangan respublika budjetida va mahalliy budjetlarda moliyalashtirishning aniq manbalari, bajaruvchilar mablagʻlari bilan 2-ilovaga muvofiq taʼminlanganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Quyidagilar “Sihat-salomatlik yili” davlat dasturining asosiy maqsadli vazifalari va yoʻnalishlari hisoblansin:
odamlarda bebaho boylik boʻlgan oʻz sogʻligʻini saqlashga toʻgʻri va masʼuliyatli munosabatda boʻlish, sogʻlom turmush tarzini olib borish, oʻz hayot faoliyatini oqilona tashkil qilish, zararli odatlardan voz kechish, sogʻlom boʻlishga, jismoniy va ruhiy jihatdan uygʻun kamol topishga intilishga yoʻnaltirilgan hayotiy falsafani shakllantirish;
onalik va bolalikni muhofaza qilish, ona va bola sogʻligʻini mustahkamlash, reproduktiv salomatlikni yaxshilash, tibbiy madaniyatni oshirish va oilada turmush tarzini sogʻlomlashtirish, jismonan baquvvat farzandlar tugʻilishini va ularni barkamol qilib tarbiyalashni taʼminlash loyihalari va tadbirlarini amalga oshirish;
aholining, ayniqsa qishloq joylarda yashaydigan aholining gigiyena sohasidagi bilimlari va madaniyatini oshirish, sanitariya va shaxsiy gigiyena qoidalarining ahamiyati hamda ularga rioya etish zarurligini yosh avlod chuqur anglab yetishida ota-onalar va pedagoglar rolini kuchaytirish;
giyohvandlikka, chekishga, yuqumli kasalliklar, shu jumladan sil kasalligi va VICh/OITS tarqalishiga qarshi kurash boʻyicha aniq maqsadga qaratilgan faoliyatni tashkil etish;
pensionerlar va nogironlar salomatligini mustahkamlash, ularga tibbiy, sanatoriya-kurort va kommunal-maishiy xizmat koʻrsatishni yaxshilash, keksalarning sogʻlom va munosib hayot kechirishlari uchun zarur shart-sharoitlar yaratish chora-tadbirlarini yanada kuchaytirish;
aholining keng qatlamlari foydalana oladigan va sifatli sogʻliqni saqlash tizimini yaratish, tibbiyot muassasalarining moddiy-texnika bazasini rivojlantirish va mustahkamlash, ularni zamonaviy tashxis va tibbiyot asbob-uskunalari bilan jihozlash chora-tadbirlarini amalga oshirish;
tibbiyot kadrlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishni tashkil etish tizimini takomillashtirish;
atrof muhitni muhofaza qilishga, ekologiya normalarini tatbiq etishga, aholini sifatli ichimlik suv bilan taʼminlashga yoʻnaltirilgan dasturlarni amalga oshirish;
aholi keng qatlamlarining jismoniy tarbiya va sport bilan shugʻullanishini, ayniqsa bolalarni sportga jalb etishni faollashtirish, musobaqalar, ommaviy sport va sogʻlomlashtirish tadbirlarini oʻtkazishni tashkil etish ishlarini amalga oshirish;
sogʻliqni saqlash xodimlarining murakkab va masʼuliyatli mehnatini moddiy hamda maʼnaviy jihatdan ragʻbatlantirish, koʻrsatilayotgan tibbiy xizmatlarning murakkabligi darajasi va sifatiga qarab mehnatga tabaqalashtirilgan holda haq toʻlashni joriy etish yuzasidan aniq yoʻnaltirilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish.
3. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari “Sihat-salomatlik yili” davlat dasturining asosiy qoidalariga muvofiq 10 kun muddatda hududiy dasturlar ishlab chiqsinlar va ularning bajarilishini taʼminlasinlar.
4. “Sihat-salomatlik yili” davlat dasturining bajarilishini tashkil etish va monitoringini olib borish Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2004-yil 15-dekabrdagi F-2095-son farmoyishiga muvofiq tashkil etilgan Respublika komissiyasiga yuklansin.
Respublika komissiyasi doirasida “Sihat-salomatlik yili” davlat dasturining asosiy boʻlimlari amalga oshirilishi uchun masʼullardan iborat boʻlgan 3-ilovaga muvofiq tarkibda Kengash tuzilsin.
5. “Sihat-salomatlik yili” davlat dasturida tasdiqlangan tadbirlarning bajarilishini nazorat qilishning quyidagi tizimi belgilansin:
Kengash har oyda toʻplanadi va “Sihat-salomatlik yili” davlat dasturiga kiritilgan aniq tadbirlar boʻyicha bajarish uchun masʼullarning hisobotini eshitadi;
Davlat dasturi asosiy boʻlimlarining bajarilishi uchun 1 va 3-ilovalarga muvofiq masʼullar har chorakda Respublika komissiyasi majlislarida dastur boʻlimlarining bajarilishi toʻgʻrisida hisobot beradilar;
Respublika komissiyasi (Sh.M. Mirziyoyev) har chorak yakunlari boʻyicha hisobot davridan keyingi oyning 5-kunigacha Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Devoniga “Sihat-salomatlik yili” davlat dasturida tasdiqlangan topshiriqlarning bajarilishi toʻgʻrisida axborot taqdim etadi.
Davlat dasturi asosiy boʻlimlarining bajarilishi uchun masʼullarning hisobotlarini tayyorlashda Vazirlar Mahkamasining Taʼlim, sogʻliqni saqlash va ijtimoiy muhofaza masalalari axborot-tahlil departamenti tegishli qoʻshimcha axborot tayyorlaydi va uni koʻrib chiqish uchun Respublika komissiyasiga kiritadi.
6. Oʻzbekiston matbuot va axborot agentligi, Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi, “Oʻzteleradio” kompaniyasi, ommaviy axborot vositalari “Sihat-salomatlik yili” davlat dasturida nazarda tutilgan tadbirlarning roli va ahamiyatini keng tushuntirishni, turli darajalarda dasturning amalga oshirilishi va uning natijalari muntazam yoritib borilishini taʼminlasinlar.
7. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh.M. Mirziyoyev zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2005-yil 25-yanvar,
30-son
Vazirlar Mahkamasining 2005-yil 25-yanvardagi 30-son qaroriga 1-ILOVA
“Sihat-salomatlik yili” davlat dasturi
Vazirlar Mahkamasining 2005-yil 25-yanvardagi 30-son qaroriga 2-ILOVA
“Sihat-salomatlik yili” davlat dasturini moliyalashtirish manbalari
Vazirlar Mahkamasining 2005-yil 25-yanvardagi 30-son qaroriga 3-ILOVA
“Sihat-salomatlik yili” davlat dasturining asosiy boʻlimlarini amalga oshirish kengashi tarkibi
(Oʻzbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari toʻplami, 2005-y., 3-4-son, 25-modda)
