3-modda. Deputat vakolatlarining muddati
Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar kengashi deputatining maqomi toʻgʻrisida (706-II-son) · Sana: 02.12.2004 · Amalda
Deputat tegishli xalq deputatlari Kengashining vakolatlari muddatiga saylanadi.
Saylov okrugining hududi boshqa maʼmuriy-hududiy birlik tarkibiga oʻtkazilganda yoki uning hududida yangi maʼmuriy-hududiy birlik tashkil etilgan taqdirda ushbu saylov okrugidan saylangan deputatning vakolatlari saqlab qolinadi. Bunda deputat saylov okrugining hududi joylashgan xalq deputatlari Kengashi yoxud yangi tashkil etilgan maʼmuriy-hududiy birlikda shakllantirilgan xalq deputatlari Kengashi tarkibiga kiradi, deputatning vakolatlari muddati esa mazkur xalq deputatlari Kengashining vakolatlari muddatiga muvofiq boʻladi.
Deputatning vakolatlari quyidagi hollarda muddatidan ilgari tugatiladi:
u oʻz vakolatlarini zimmasidan soqit qilish toʻgʻrisida yozma ariza bergan taqdirda;
u qonunga koʻra deputatlik vakolatlarini amalga oshirishiga nomuvofiq boʻlgan lavozimga saylangan yoki tayinlangan taqdirda;
tegishli xalq deputatlari Kengashining, mazkur Kengash tomonidan tuzilgan, oʻzi tarkibiga saylangan komissiyaning majlislarida bir kalendar yil ichida oʻttiz yoki undan ortiq ish kuni uzrli sabablarsiz ishtirok etmagan taqdirda;
chet davlatning doimiy yashash guvohnomasini yoki chet davlat hududida doimiy yashash huquqini tasdiqlovchi boshqa hujjatni olgan taqdirda;
unga nisbatan sudning ayblov hukmi qonuniy kuchga kirgan taqdirda;
u chaqirib olingan taqdirda;
sud uni muomalaga layoqatsiz deb topgan taqdirda;
u sudning qonuniy kuchga kirgan qarori asosida bedarak yoʻqolgan deb topilgan yoki vafot etgan deb eʼlon qilingan taqdirda;
u Oʻzbekiston Respublikasi fuqaroligini yoʻqotgan taqdirda;
u vafot etgan taqdirda.
Alohida hollarda deputatning vakolatlari tegishli xalq deputatlari Kengashi qaroriga binoan muddatidan ilgari tugatilishi mumkin. Deputat degan yuksak nomga dogʻ tushiruvchi xulq-atvor bunday masalani koʻrib chiqish uchun asos boʻlishi mumkin.
Ushbu modda uchinchi qismining toʻrtinchi xatboshisida nazarda tutilgan hollarda deputatning vakolatlari tegishli xalq deputatlari Kengashining qaroriga binoan muddatidan ilgari tugatiladi.
Deputatning vakolatlarini boshqa shaxsga topshirish mumkin emas.
