111-modda. Deputatning, senatorning odob-axloq qoidalari deputat, senator tomonidan buzilganligi uchun qoʻllaniladigan choralar
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatining va Senati aʼzosining maqomi toʻgʻrisida (704-II-son) · Sana: 02.12.2004 · Amalda
Deputatning, senatorning odob-axloq qoidalari deputat, senator tomonidan buzilganligi uchun deputatga, senatorga nisbatan quyidagi taʼsir choralari qoʻllanilishi mumkin:
deputatning, senatorning odob-axloq qoidalarini buzishga yoʻl qoʻyilmasligi koʻrsatib oʻtilgan holda deputatga, senatorga ogohlantirish berish;
deputatdan, senatordan tegishincha Qonunchilik palatasi, Senat, shuningdek oʻzi tarkibiga saylangan qoʻmita, komissiya majlislarida uzr soʻrashni talab qilish;
deputatning, senatorning odob-axloq qoidalari buzilishiga deputat, senator tomonidan yoʻl qoʻyilganligi faktini palata majlisida oʻqib eshittirish;
deputatning, Senatda doimiy asosda ishlovchi senatorning ish haqidan ushlab qolish;
deputatning, senatorning vakolatlarini muddatidan ilgari tugatish.
Deputat, Senatda doimiy asosda ishlovchi senator tegishli palata, oʻzi tarkibiga kirgan siyosiy partiya fraksiyasi, shuningdek oʻzi tarkibiga saylangan qoʻmita, komissiya majlislarida uzrli sabablarsiz ishtirok etmagan taqdirda, har bir ishtirok etilmagan holat uchun deputatning, Senatda doimiy asosda ishlovchi senatorning bir kunlik ish haqi ularning roziligisiz ushlab qolinadi. Bunda deputatning, senatorning vaqtincha mehnatga qobiliyatsizligi, xizmat safarida, mehnat taʼtilida yoki ijtimoiy taʼtilda boʻlganligi, shuningdek Qonunchilik palatasi Spikeriga, Senat Raisiga, siyosiy partiya fraksiyasi rahbariga, qoʻmita, komissiya raisiga oldindan xabar berilgan, mazkur majlislarda ishtirok etmaslikning boshqa sabablari tegishli palata, oʻzi tarkibiga kirgan siyosiy partiya fraksiyasi, shuningdek oʻzi tarkibiga saylangan qoʻmita, komissiya majlislarida ishtirok etmasligi uchun uzrli sabablar hisoblanadi.
Deputatning, senatorning odob-axloq qoidalari buzilgan taqdirda, odob-axloq komissiyasi yoki tegishli palata, uning Kengashi qaroriga asosan deputatning, senatorning xulq-atvori toʻgʻrisidagi masala koʻrib chiqiladi hamda unga nisbatan ushbu modda birinchi qismining ikkinchi, uchinchi va toʻrtinchi xatboshilarida nazarda tutilgan taʼsir choralari qoʻllaniladi. Ushbu modda birinchi qismining beshinchi xatboshisida nazarda tutilgan taʼsir chorasi tegishli palata Kengashining qarorlariga asosan qoʻllaniladi, ushbu modda birinchi qismining oltinchi xatboshisida nazarda tutilgan taʼsir chorasi esa tegishli palataning qarorlariga asosan qoʻllaniladi.
