10-modda. Deputat va senator soʻrovi
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatining va Senati aʼzosining maqomi toʻgʻrisida (704-II-son) · Sana: 02.12.2004 · Amalda
Deputat davlat organlarining mansabdor shaxslariga, qoida tariqasida, tegishli saylov okrugi saylovchilarining huquqlarini va qonuniy manfaatlarini taʼminlash bilan bogʻliq masalalar yuzasidan, senator esa tegishli hududlarning manfaatlari bilan bogʻliq masalalar yuzasidan asoslantirilgan tushuntirish berish yoki nuqtai nazarini bayon etish talabi bilan soʻrov yuborishga haqli.
Davlat organlarining mansabdor shaxslari deputat, senator soʻroviga, agar boshqa muddat belgilangan boʻlmasa, soʻrov olingan kundan eʼtiboran oʻn kundan kechiktirmay yozma javob yuboradi. Deputat yoki senator soʻroviga javob oʻz nomiga soʻrov yuborilgan mansabdor shaxs yoki uning vazifalarini vaqtincha bajarayotgan shaxs tomonidan imzolanadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi, Bosh prokurori, surishtiruv va tergov organlari rahbarlari nomiga yoʻllangan deputat, senator soʻrovi ularning ish yurituvidagi muayyan ishlar va materiallarga taalluqli boʻlishi mumkin emas.
