27-modda. Qishloq xoʻjaligi kooperativining (shirkat xoʻjaligining) qishloq aholi punktlari ijtimoiy infratuzilmasini rivojlantirish borasidagi faoliyati
Qishloq xoʻjaligi kooperativi (shirkat xoʻjaligi) toʻgʻrisida (600-I-son) · Sana: 30.04.1998 · Amalda
Qishloq xoʻjaligi kooperativi (shirkat xoʻjaligi) qishloq aholi punktlari ijtimoiy infratuzilmasini rivojlantirish, kooperativ (shirkat) aʼzolari va unda mehnat shartnomasi asosida ishlayotgan shaxslarning, shuningdek ular oilalarining madaniy-maishiy turmush sharoitlarini yaxshilash, ularning salomatligini mustahkamlash, boshqa ijtimoiy ehtiyojlarini qondirish boʻyicha tadbirlarni amalga oshiradi. Bu maqsadlarda qishloq xoʻjaligi kooperativi (shirkat xoʻjaligi):
ijtimoiy infratuzilma obyektlarini quradi va jihozlaydi;
qishloq xoʻjaligi kooperativi (shirkat xoʻjaligi) hududidagi aholi punktlarini obodonlashtirish, elektrlashtirish, gazlashtirish va ichimlik suv bilan taʼminlashni amalga oshiradi, kooperativ (shirkat) aʼzolari va xodimlariga xizmat koʻrsatuvchi kichik korxonalarni rivojlantirishga koʻmaklashadi;
oʻz aʼzolarining dehqon xoʻjaliklarini rivojlantirishga ularga urugʻlik, koʻchat, yosh qoramollar va parrandalar realizatsiya qilish, agrotexnika va veterinariya xizmati koʻrsatish, yetishtirilgan qishloq xoʻjalik mahsulotini realizatsiya qilishda koʻmaklashish yoʻli bilan yordam beradi;
atrof muhitni muhofaza qilish, ekologik vaziyatni yaxshilash tadbirlarini amalga oshiradi;
kooperativda (shirkatda) davolash va profilaktika tadbirlarini oʻtkazishda sogʻliqni saqlash organlariga yordam beradi;
ijtimoiy sohani rivojlantirish boʻyicha kooperativ (shirkat) ustavida nazarda tutilgan boshqa tadbirlarni amalga oshiradi.
