19-modda. Qishloq xoʻjaligi kooperativida (shirkat xoʻjaligida) mulkiy paylar
Qishloq xoʻjaligi kooperativi (shirkat xoʻjaligi) toʻgʻrisida (600-I-son) · Sana: 30.04.1998 · Amalda
Pay jamgʻarmasi qishloq xoʻjaligi kooperativi (shirkat xoʻjaligi) aʼzolari oʻrtasida mulkiy paylarga taqsimlanishi lozim.
Mulkiy pay qishloq xoʻjaligi kooperativi (shirkat xoʻjaligi) har bir aʼzosining kooperativ (shirkat) pay jamgʻarmasi qiymatidagi ulushini belgilaydi va kooperativ (shirkat) aʼzosiga kooperativning (shirkatning) yakuniy daromadidan (foydasidan) dividendlar tariqasida tegishli ulushni olish huquqini beradi.
Mulkiy pay miqdorini aniqlash, paylar boʻyicha dividendlar toʻlash tartibi, shartlari qonunchilik bilan belgilanadi. Qishloq xoʻjaligi kooperativi (shirkat xoʻjaligi) har bir aʼzosi mulkiy payining aniq miqdori kooperativning (shirkatning) aʼzosiga mol-mulkning muayyan ulushiga hamda xoʻjalik oladigan umumiy daromadning (foydaning) tegishli qismiga boʻlgan uning huquqini mustahkamlab qoʻyuvchi, nomi yozilgan guvohnoma berilgan holda kooperativning (shirkatning) yuqori boshqaruv organi qarori bilan belgilanadi.
Qishloq xoʻjaligi kooperativi (shirkat xoʻjaligi) daromadining (foydasining) paylar boʻyicha dividendlar toʻlash uchun moʻljallangan qismi yil yakunlariga koʻra taqsimlanadi va mulkiy payning miqdoriga mutanosib ravishda toʻlanadi.
Qishloq xoʻjaligi kooperativi (shirkat xoʻjaligi) aʼzoligidan chiqish fermer xoʻjaligi yoki yangi qishloq xoʻjaligi kooperativi (shirkat xoʻjaligi) tashkil etish maqsadida amalga oshirilgan hollarda mulkiy paylar qonunchilikka muvofiq ajratib beriladi.
Qishloq xoʻjaligi kooperativi (shirkat xoʻjaligi) aʼzosining mulkiy payini meros qilib olish qonunchilikda belgilangan tartibda faqat uning qiymatidagi ifodasida amalga oshiriladi.
