11-modda. Umumiy majlis
Qishloq xoʻjaligi kooperativi (shirkat xoʻjaligi) toʻgʻrisida (600-I-son) · Sana: 30.04.1998 · Amalda
Qishloq xoʻjaligi kooperativining (shirkat xoʻjaligining) umumiy majlisi:
kooperativning (shirkatning) ustavini qabul qiladi va unga belgilangan tartibda oʻzgartishlar kiritadi;
kooperativning (shirkatning) raisini, kooperativning (shirkatning) boshqaruvini va taftish komissiyasini (taftishchini) saylaydi va ularni chaqirib oladi, ularning faoliyati toʻgʻrisidagi hisobotlarini eshitadi va faoliyatiga baho beradi;
kooperativ (shirkat) aʼzoligiga qabul qilish, aʼzolikdan chiqarish toʻgʻrisidagi masalalarni, shuningdek kooperativ (shirkat) aʼzoligidan chiqish bilan bogʻliq masalalarni hal etadi;
kooperativning (shirkatning) ichki mehnat tartibi qoidalarini hamda mehnatga haq toʻlash tartibini belgilaydi;
kooperativ (shirkat) aʼzolarining mulkiy paylari miqdorini belgilaydi;
kooperativ (shirkat) faoliyatining biznes-rejalarini va ularning ijrosi toʻgʻrisidagi hisobotlarni tasdiqlaydi;
daromadni (foydani) taqsimlash tartibini, kooperativning (shirkatning) boʻlinmas, pay va boshqa jamgʻarmalari turlarini, miqdorini va ulardan foydalanish yoʻnalishlarini belgilaydi;
kooperativni (shirkatni) qayta tashkil etish va tugatish, uning uyushmalar, jamiyatlar, agrofirmalar va boshqa birlashmalarga kirishi va ulardan chiqishi masalalarini hal etadi.
Ushbu moddaning birinchi qismida koʻrsatilgan masalalarni hal qilish qishloq xoʻjaligi kooperativi (shirkat xoʻjaligi) umumiy majlisining mutlaq vakolatiga kiradi. Uning mutlaq vakolati jumlasiga kooperativning (shirkatning) ustaviga yoki umumiy majlisining qaroriga muvofiq kooperativ (shirkat) faoliyatining boshqa masalalari ham kiritilishi mumkin.
Qishloq xoʻjaligi kooperativining (shirkat xoʻjaligining) har bir aʼzosi, shu jumladan jamoa aʼzosi oʻzining mulkiy ulushi miqdoridan qatʼi nazar ovoz berishda bitta ovozga ega boʻladi.
Qishloq xoʻjaligi kooperativida (shirkat xoʻjaligida) mehnat shartnomasi asosida ishlayotgan shaxslar umumiy majlisda maslahat ovozi huquqi bilan ishtirok etadilar.
Umumiy majlis har yili moliya yili tugaganidan keyin oʻtkaziladi. U qishloq xoʻjaligi kooperativi (shirkat xoʻjaligi) boshqaruvining (raisining) qaroriga binoan yoki kooperativ (shirkat) aʼzolari kamida uchdan bir qismining tashabbusi bilan navbatdan tashqari chaqirilishi mumkin.
Aʼzolarining soni besh yuz kishidan ortiq boʻlgan yirik qishloq xoʻjaligi kooperativlarida (shirkat xoʻjaliklarida) umumiy majlis vakolatiga kiradigan masalalarni hal qilish uchun, ustavda nazarda tutilgan hollarda, vakillar majlisi chaqirilishi mumkin.
