Oʻzbekiston Respublikasining Yagona milliy baholash standartini tasdiqlash haqida (3239-son)
04.06.2020
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi direktorining
buyrugʻi
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2020-yil 4-iyunda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 3239]
Oʻzbekiston Respublikasining “Baholash faoliyati toʻgʻrisida”gi Qonuni, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 2-martdagi PF-5953-son “2017 ― 2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasini “Ilm, maʼrifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi toʻgʻrisida”gi Farmoni va 2019-yil 1-iyuldagi PQ-4381-son “Baholash faoliyatini yanada takomillashtirish hamda past rentabelli va faoliyat yuritmayotgan davlat ishtirokidagi korxonalarni sotish mexanizmlarini soddalashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq buyuraman:
1. Oʻzbekiston Respublikasining Yagona milliy baholash standarti 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Ayrim idoraviy normativ-huquqiy hujjatlar 2-ilovaga muvofiq oʻz kuchini yoʻqotgan deb topilsin.
3. Mazkur buyruq rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran uch oydan keyin kuchga kiradi.
Direktor S. BEKENOV
Toshkent sh.,
2020-yil 1-may,
01/11-15/62-son
Oʻzbekistan Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi direktorining 2020-yil 1-maydagi 01/11-15/62-son buyrugʻiga 1-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasining yagona milliy baholash
STANDARTI
Mazkur Standart Oʻzbekiston Respublikasining “Baholash faoliyati toʻgʻrisida”gi Qonuni, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 2-martdagi PF-5953-son “2017 ― 2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasini “Ilm, maʼrifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi toʻgʻrisida”gi Farmoni, 2019-yil 1-iyuldagi PQ-4381-son “Baholash faoliyatini yanada takomillashtirish hamda past rentabelli va faoliyat yuritmayotgan davlat ishtirokidagi korxonalarni sotish mexanizmlarini soddalashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori hamda xalqaro baholash standartlari tamoyillari asosida ishlab chiqilgan boʻlib, Oʻzbekiston Respublikasidagi baholash faoliyatini normativ jihatdan tartibga solinishini belgilaydi.
I BOʻLIM. BAHOLASh FAOLIYATIDA FOYDALANILADIGAN PRINSIPLAR, ATAMALAR VA TARIFLAR (1-SON MBS)
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Baholash faoliyatida foydalaniladigan prinsiplar, atamalar va tariflar (1-son MBS) (bundan buyon matnda 1-son MBS deb yuritiladi) baholovchilar uchun baholashning umumiy prinsiplarini aks ettiradigan milliy baholash standartlari (bundan buyon matnda MBS deb yuritiladi) prinsiplarini, mulohazalarning obyektivligi, malakalilik va mazkur Standart talablaridan chekinishlarning yoʻl qoʻyiladigan darajasini, shuningdek mulkni baholash va mulkiy huquqlar sohasida qoʻllaniladigan prinsiplar, atama va tariflarni belgilaydi.
2. 1-son MBS qiymat turlari, baholash obyekti, baholash yondashuvlari va usullarini belgilashda, shuningdek barcha mulkchilik shakllaridagi mulk qiymatini baholashda qoʻllanilishi majburiydir.
2-bob. Asosiy atamalar va tariflar
3. Mazkur Standartda qiymatni baholash, buxgalteriya hisobi yoki moliya sohasidagi bazaviy atamalar tarifi keltirilmaydi, chunki baholovchilar bunday tushunchalar haqida tasavvurga ega deb hisoblanadi.
4. Ushbu Standartda quyidagi atama va tariflardan foydalaniladi:
aktiv yoki aktivlar ― baholashga oid vazifa (baholash vazifasi) tatbiq etiladigan baholash obyektlari. Mazkur Standartda “aktiv yoki aktivlar” tushunchasining boshqacha maʼnosi koʻrsatilmagan boʻlsa, uning qoʻllanilishi “aktiv”, “aktivlar guruhi”, “majburiyat”, “majburiyat guruhi” yoki “aktivlar va majburiyatlar guruhi” maʼnosida ishlatilishini ham nazarda tutadi;
baholash maqsadi ― aktiv qiymatining baholashga oid vazifada baholash natijasidan qanday foydalanilishi moʻljallanayotganligini hisobga olib belgilangan turini aniqlash. Baholashning umumiy maqsadlari moliyaviy va soliq hisoboti uchun, mijozning manfaatlarini sudda himoya qilish, bitimlarga hamrohlik qilish, garov kreditlari boʻyicha qarorlarni asoslash uchun baholashni oʻz ichiga oladi;
baholash ekspertizasi — qonunchilik hujjatlariga muvofiq baholash haqidagi hisobotlarning ishonchliligini ekspert tekshiruvidan oʻtkazish;
baholovchi — belgilangan tartibda Davlat aktivlarini boshqarish agentligi tomonidan berilgan baholovchining malaka sertifikatiga ega boʻlgan jismoniy shaxsdir;
boʻlishi mumkin/mumkin/ehtimol ― ushbu soʻzlardan foydalanilishi baholovchilar tushunishi va eʼtiborga olishi kerak boʻlgan harakatlar va tartib-taomillar borligini koʻrsatadi. Baholovchi bu masalalarni baholashga oid vazifada qanday hisobga olishi uning ushbu Standart maqsadlariga muvofiq keladigan holatlarda qanday kasbiy mulohaza yuritishiga bogʻliq;
buyurtmachi ― baholash kim uchun olib borilayotgan boʻlsa, oʻsha shaxs;
vazn koeffitsiyenti/vazn ― yakuniy qiymat haqida xulosani shakllantirish jarayonida muayyan qiymat koʻrsatkichiga ishonch darajasi;
gudvill ― korxonadan alohida identifikatsiya qilinishi va baholanishi mumkin boʻlmagan omillar (korxona nomi va ishlab chiqarilayotgan mahsulotning mashhurligi, muayyan obroʻ va ishga doir aloqalar mavjudligi, joylashgan yer va boshqa shunga oʻxshash omillar) taʼsirida vujudga keladigan nomoddiy aktiv;
diskontlash stavkasi ― boʻlgʻusi pul tushumlarini joriy qiymatga aylantirish uchun foydalaniladigan iqtisodiy samara stavkasi;
joriy qiymat ― tegishli diskontlash stavkasidan foydalanib, muayyan sanaga keltirilgan boʻlgʻusi daromadlar qiymati;
intellektual mulk obyekti ― jismoniy yoki yuridik shaxsning intellektual faoliyat natijalari hamda fuqarolik muomalasi ishtirokchilarining tovarlar, ishlar va xizmatlarning xususiy alomatlarini aks ettiruvchi vositalarga boʻlgan mutlaq huquqi;
ishtirokchi ― baholash haqida vazifada qoʻllaniladigan baholash bazasi (bazalari)ga muvofiq manfaatdor ishtirokchi yoki ishtirokchilar. Baholash bazalarining har xilligi baholovchiga turli nuqtai nazarlarni, xususan, “bozor ishtirokchilari” pozitsiyalarini (masalan, bozor qiymati, adolatli qiymat) yoki muayyan mulkdor yoki potensial xaridor pozitsiyasini (masalan, investitsiya qiymati) hisobga olish zarurligini uqtiradi;
kapitallashtirish stavkasi ― muayyan davr uchun daromad miqdorini qiymatga aylantirish uchun foydalaniladigan, qoida tariqasida, foiz hisobida ifodalanadigan boʻluvchi. Koʻchmas mulk obyektining umumiy tannarxi uni ishlab chiqarishga ketgan bevosita va bilvosita xarajatlarni oʻz ichiga oladi.
Agar xaridor koʻchmas mulkni sotib olgandan keyin qoʻshimcha kapital xarajatlar qilgan boʻlsa, tannarxni hisoblashda bu xarajatlar sotib olishning retrospektiv (oʻzi uchun) qiymatiga qoʻshiladi. Bu xarajatlar obyektning bozor qiymatiga bozor ularni qanchalik maqsadga muvofiq deb hisoblashiga qarab, oʻz hissasini qoʻshadi;
qiymat ― sotib olish mumkin boʻlgan tovarlar yoki xizmatlar xaridorlari va sotuvchilari kelishib olishlari ehtimoli yuqori boʻlgan narxga tegishli iqtisodiy tushuncha. Qiymat bu fakt emas, balki aniq vaqtda aniq tovarlar va xizmatlarning tanlangan qiymat talqiniga muvofiq ehtimol qilinadigan va hisoblab chiqiladigan kattalik. Qiymatning iqtisodiy tushunchasi baholash sanasida ushbu tovarlar egasi boʻlgan yoki ushbu xizmatlarning foydalanuvchilari oladigan foydaga bozorning qarashini aks ettiradi.
Qiymat baholarini tushunish va qoʻllash uchun qiymatning turi va talqinini aniq koʻrsatish, shuningdek ularning baholash boʻyicha topshiriqqa muvofiqligini taʼminlash zarur. Qiymat talqinining oʻzgarishi turli mulk obyektlari uchun qayd qilib qoʻyiladigan qiymat miqdoriga jiddiy taʼsir koʻrsatishi mumkin.
Qiymat tushunchasi qandaydir bitim bilan bogʻliq pul summasini nazarda tutadi. Shunga qaramay, baholanayotgan mulkning sotilishi, uning baholash sanasida bozor qiymati tarifida mujassam shartlarga amal qilgan holda sotilishi mumkin boʻlgan narxini belgilash uchun zaruriy shart boʻlmaydi;
qiymatni baholash sohasidagi ekspert ― boshqa baholovchi tomonidan bajarilgan baholash haqidagi hisobotning ishonchliligi ekspertizasini oʻtkazadigan hamda baholash obyektini takroriy baholashni oʻtkazmasdan ekspert xulosasida oʻzining baholash haqidagi hisobotning ishonchliligi haqidagi xolis fikrini bildiradigan professional baholovchi;
multiplikator ― korxonaning narxi yoki oʻzgacha qiymat asosi va uning faoliyatini tavsiflovchi moliyaviy, ishlab chiqarish yoki ashyoviy koʻrsatkich oʻrtasidagi nisbatni koʻrsatuvchi koeffitsiyent;
narx ― qandaydir tovar yoki xizmat uchun taklif etilayotgan, soʻralayotgan yoki toʻlangan pul summasi. Sotuv narxi, u ochiq eʼlon qilingan yoki sir saqlanganligidan qatʼi nazar, sodir boʻlgan fakt hisoblanadi. Aniq xaridorlar va sotuvchilarning moliyaviy imkoniyatlari, motivlari yoki alohida manfaatlaridan kelib chiqib, tovar yoki xizmatga toʻlangan narx tovar yoki xizmatning qiymatiga mos kelmasligi mumkin. Shunga qaramay, narx qoida tariqasida ushbu tovarlar yoki xizmatlarga mazkur xaridor va/yoki sotuvchi tomonidan muayyan vaziyatlarda oʻrnatiladigan nisbiy qiymat indikatoridir;
nomoddiy aktivlar ― tashkilot tomonidan ulardan ishlab chiqarish, ishlar bajarish, xizmatlar koʻrsatish yoki tovarlarni sotish jarayonida foydalanish maqsadida yoxud maʼmuriy va boshqa funksiyalarni amalga oshirish uchun uzoq muddat mobaynida tutib turiladigan, moddiy-ashyoviy mazmunga ega boʻlmagan identifikatsiyalanuvchi mol-mulk obyektlari;
natijalarni oʻlchash ― qoida tariqasida turli yondashuvlarni qoʻllash doirasida olingan turli qiymat koʻrsatkichlarini tahlil qilish va muvofiqlashtirish jarayoni;
pul oqimi ― muayyan davr mobaynida aktiv, aktivlar guruhi, korxona tomonidan yaratiladigan pul mablagʻlari oqimi;
salmoqli/ahamiyatli/jiddiy (yoki muhim) ― baholash jihatlarining baholash vazifasi (shu jumladan, dastlabki maʼlumotlar, farazlar, shuningdek qoʻllaniladigan usullar va yondashuvlar) nuqtai nazaridan ahamiyatliligi, ularni qoʻllash va/yoki ularning baholashga taʼsiri baholash foydalanuvchilarining iqtisodiy yoki boshqa qarorlariga taʼsir koʻrsatadi;
tannarx ― tovar yoki xizmatni xarid qilish, yaratish va ishlab chiqarishga doir xarajatlar yigʻindisidan iborat;
tiklash qiymati ― baholash obyektiga oʻxshash yangi obyektni oʻxshash materiallar va texnologiyalardan foydalanib yaratish xarajatlari summasi;
oʻrniga belgilash qiymati ― baholash obyektiga oʻxshash foydali xossalarga ega boʻlgan yangi obyektni zamonaviy materiallar va texnologiyalar yordamida yaratish xarajatlari summasi;
xarajatlar ― tovar yoki xizmatni yaratish yoki ishlab chiqarish uchun talab qilinadigan resurslar miqdorining pullik ifodasi. Xaridor tomonidan tovar yoki xizmat uchun toʻlangan narx uning uchun ularni sotib olish xarajatlariga aylanadi.
Mulk obyekti uchun xarajatlarni hisoblab chiqish ishlab chiqarish xarajatlari yoki almashtirish xarajatlarining hisoblab chiqilgan miqdoriga asoslanishi mumkin.
Ishlab chiqarish xarajatlari mavjud obyekt nusxasini oʻxshash texnologiyalar va materiallardan foydalanib yaratishga qilingan xarajatlardir.
Almashtirish xarajatlari esa hisoblangan miqdori ayni paytda bozorda qoʻllaniladigan texnologiyalar va materiallardan foydalanib taqqoslanarli foydalilikka ega obyektni yaratishni nazarda tutadi;
yaxshilashlar ― yer uchastkasini undan keyinchalik foydalanish uchun oʻzgartirish borasidagi faoliyat natijasida yaratilgan va u bilan uzviy bogʻliq boʻlgan yer uchastkasidagi oʻzgarishlar. Yaxshilashlar binolar, inshootlar, muhandislik sistemalari va tarmoqlari, koʻp yillik oʻsimliklarni va ular bilan jamuljam holda konstruktiv yoki funksional yaxlitlikni tashkil etadigan boshqa obyektlarni oʻz ichiga oladi.
3-bob. Standart prinsiplari
5. Quyidagilar mulkni baholashning asosiy prinsiplari hisoblanadi:
standart talablariga rioya qilish prinsipi ― mazkur Standart baholovchilar va baholash tashkilotlari uchun moʻljallangan boʻlib, aktivlar qiymatini baholash boʻyicha xizmatlar koʻrsatilganda hamda ekspertlar tomonidan baholash obyektini baholash toʻgʻrisidagi hisobotning (bundan buyon matnda baholash haqidagi hisobot deb yuritiladi) ishonchliligi tekshirilganida qoʻllash majburiy hisoblanadi. Agar, baholash ushbu Standartga muvofiq oʻtkazilgan yoki oʻtkaziladi deb koʻrsatilgan boʻlsa, qiymat bahosi mazkur Standartning barcha tegishli MBSga rioya etgan holda tayyorlanganligini anglatadi;
aktivlar va/yoki majburiyatlarni baholashni oʻtkazishda standartni qoʻllash prinsipi ― mazkur Standart aktivlar, majburiyatlar yoki aktivlar va majburiyatlar guruhlarining qiymatini baholashda qoʻllaniladi;
xolislik prinsipi ― baholash jarayoni baholovchidan dastlabki maʼlumotlar va farazlarning ishonchliligi yuzasidan xolis mulohazalarni shakllantirishni talab qiladi. Qiymat bahosining ishonchligini taʼminlash uchun, ushbu mulohazalar shaffoflik hamda har qanday subyektiv omillarning baholash jarayoniga taʼsiri ehtimolini eng past darajaga tushirish mumkinligini inobatga olgan holda ishlab chiqilgan boʻlishi kerak.
Baholash jarayonida qoʻllaniladigan mulohaza va tahlillarning aniq oʻtkazilmasligi hamda obyektiv boʻlmagan xulosalar va yakuniy natijalarning shakllantirilishining oldini olish uchun xolis boʻlishi kerak.
Ushbu Standartni qoʻllashning asosiy sharti baholash jarayonida subyektiv omillarning natijaga taʼsir qilmasligini belgilaydigan zarur obyektivlik darajasini taʼminlay oladigan zarur nazorat va usullardan foydalanishni nazarda tutadi;
malakalilik prinsipi ― qiymatni baholash tegishli koʻnikma, tajribaga, baholash predmeti, aktiv aylanadigan bozor (bozorlar) hamda baholash maqsadlari haqida bilimlarga ega boʻlgan baholovchilar tomonidan bajarilishi kerak.
Agar baholovchi baholashni hamma jihatdan bajarish uchun barcha kerakli koʻnikmalarga, tajribaga hamda bilimlarga ega boʻlmasa, u holda baholovchi umumiy vazifaning baʼzi bir jihatlari boʻyicha yordam soʻrab mutaxassisga murojaat etishi mumkin, bunda baholashga oid vazifada, shuningdek baholash haqidagi hisobotda mazkur holat aks ettirilishi kerak. Baholovchi har qanday mutaxassislarning ishi natijalarini aniqlashtirib olishi, tushunishi va qoʻllashi uchun texnik koʻnikmalarga, tajribaga va bilimlarga ega boʻlishi lozim;
chekinishlar prinsipi ― baholash standartlaridan chekinishlar bu shunday vaziyatki, unda mazkur Standartning ayrim talablaridan farq qiladigan aniq qonunchilik, normativ yoki boshqa umumeʼtirof etilgan talablarga rioya etish zarur boʻladi.
Chekinishlar ushbu Standartga rioya etishni taʼminlash uchun baholash maqsadlariga va doirasiga javob beradigan qonunchilik, normativ va boshqa umumeʼtirof etilgan talablarga rioya etilishi zarurligi bilan bogʻliq majburiy chora hisoblanadi. Baholovchi, agar chekinishlarga mana shunday vaziyatlarda yoʻl qoʻygan boʻlsa, baholash Standartga muvofiq oʻtkazildi deb hisoblanishi mumkin.
Qonunchilik, normativ va boshqa umueʼtirof etilgan talablarga amal qilgan holda Standartdan chekinishlar Standartning boshqa barcha talablariga nisbatan ustunlikka ega.
Baholovchi har qanday chekinishlarning xususiyatini aniqlab olishi kerak. Agar bajarilayotgan tartib taomillar xususiyatiga, qoʻllanilayotgan dastlabki maʼlumotlar va farazlarga va/yoki baholash boʻyicha xulosa (xulosalar)ga jiddiy taʼsir koʻrsatadigan qandaydir chekinishlar boʻlsa, baholovchi aniq qonun talablari, normativ hujjatlar va boshqa umumetirof etilgan talablarni hamda ushbu Standart talablaridan farqni yuzaga keltiradigan muhim jihatlarni koʻrsatishi shart.
Baholashlarni mazkur Standartga muvofiq bajarishda qonunchilik talablari, normativ hujjatlar va/yoki boshqa umumeʼtirof etilgan talablar bilan belgilanmagan standartlardan chekinishlarga yoʻl qoʻyilmaydi.
Baholash jarayoni hamda olingan natijani bayon etishga, baholashga va yakuniy qiymat haqidagi xulosaga daxl qiladigan har qanday farazlar va cheklovchi shartlarni ochib berishda ushbu Standartdan chekinishlarga yoʻl qoʻyilmaydi.
4-bob. Baholash prinsiplari
6. Mulkni baholash turli omillarning mulk qiymati miqdoriga taʼsirini aniqlash imkonini beradigan iqtisodiy prinsiplar yigʻindisi asosida amalga oshiriladi.
Boshqa teng sharoitlarda mulk obyekti qiymatiga hal qiluvchi taʼsir koʻrsatadigan omillarga qarab, mulkni baholashda qoʻllaniladigan iqtisodiy prinsiplar yigʻindisi quyidagi tarzda tasniflanishi mumkin:
bozor muhitiga bogʻliq baholash prinsiplari;
mulkdorning mulk haqidagi tasavvuri bilan bogʻliq baholash prinsiplari;
mulkdan foydalanish xususiyati bilan bogʻliq baholash prinsiplari.
7. Bozor muhitiga bogʻliq prinsiplarga quyidagilar kiradi:
a) talab va taklif prinsipi ― mulkning bozor qiymati bozorda talab va taklifning oʻzaro taʼsirlashuvi hamda sotuvchilar va xaridorlarning raqobat xususiyati natijasida shakllanadi.
Talab qoida tariqasida xaridorlar maʼlum vaqt oraligʻida, shu paytda qaror topgan bozor qiymati boʻyicha sotib olishga tayyor yoki sotib olishi mumkin boʻlgan tovarlar yoki xizmatlar miqdori bilan belgilanadi. Tovar yoki xizmatga boʻlgan talabga taʼsir qiladigan hal qiluvchi omillar potensial isteʼmolchilarning shu tovar yoki xizmatni olishga istagi va imkoniyatlarini aks ettiruvchi afzal koʻrishlari va xarid qilish qobiliyatidir. Shunday qilib, tovar yoki xizmatga talab shunday tovar yoki xizmatning foydaliligi bilan yaratiladi, ularning tanqisligi va kerakliligi taʼsirida boʻladi hamda potensial xaridorlarning xarid qobiliyati bilan cheklanadi.
Taklif ayni paytda bozorda aniq narxda sotuvga taklif etilgan obyektlar miqdori bilan belgilanadi. Tovar yoki xizmat taklifiga taʼsir qiluvchi asosiy omillar bunday tovar yoki xizmatning foydaliligi va ularning aylanmadagi miqdorining cheklanganligidir. Shu bilan birga, tovar yoki xizmatning mavjudligi potensial isteʼmolchilarning haqiqiy xarid qobiliyati bilan cheklangan.
Talab va taklif nisbati teng vaznli bozordagi narxlar darajasini belgilaydi. Talab va taklif nisbatining ehtimol qilinadigan quyidagi holatlarini ajratish mumkin:
talab va taklif teng, bozor bitimlari natijasida mulk obyektlarining teng vaznli adolatli bozor narxi shakllanadi;
talab taklifdan ortiq, bu bozorda narxlarning oshib ketishi bilan ifodalanadi;
taklif talabdan yuqori, bu bozorda narxlarning tushib ketishi bilan ifodalanadi;
b) raqobat prinsipi ― bozor mexanizmlari boshqarish taʼsiriga ega. Bozor talabi foydani keltirib chiqaradi, foyda, oʻz navbatida, raqobatni yuzaga keltiradi. Qoʻshimcha foyda olish imkoniyati yoki monopollashuv jarayonlari raqobat mexanizmlarining buzilishiga olib keladi hamda mulk qiymatini buzib yuborib, bozorga putur yetkazadi;
v) oʻzgarish prinsipi ― mulkning bozor qiymati vaqtga bogʻliq holda oʻzgaradi hamda muayyan sanaga belgilanadi. Mulk obyektining oʻzi ham, tashqi sharoitlari ham oʻzgarishga moyil;
g) muvofiqlik prinsipi ― mulkning eng yuqori qiymati mulk obyektining oʻzi hamda undan foydalanish xususiyati bozor ehtiyojlari va kutuvlarga mos kelganda shakllanadi;
d) bogʻliqlik (tashqi taʼsir) prinsipi ― mulk obyekti qiymati unga nisbatan ichki va tashqi omillar yigʻindisining taʼsiriga bogʻliq.
8. Mulkdorning mulk haqidagi tasavvurlariga bogʻliq prinsiplarga quyidagilar kiradi:
a) foydalilik prinsipi ― foydalilik koʻchmas yoki koʻchar mulk obyektlarini baholashda asosiy mezon hisoblanadi. Baholash jarayonida qoʻllaniladigan tartib-taomillarning umumiy maqsadi baholanayotgan mulkning foydaliligi yoki yaroqliligi darajasini aniqlash va miqdoriy ifodalashdan iborat.
Foydalilik aniq shart-sharoitlarga nisbatan qaraladigan nisbiy tushuncha. Mol-mulkning qiymati yuridik, jismoniy, funksional, iqtisodiy va ekologik omillarni birgalikda hisobga olgan holda uning foydaliligini baholash yoʻli bilan belgilanadi.
Mol-mulk qiymatini baholash undan foydalanish usuli va/yoki uni bozorda oddiy sotish tartib-taomiliga bogʻliq. Baʼzi mol-mulk obyektlari mazkur mol-mulk obyektlarining tarkibiy qismlaridan alohida foydalanilganda optimal foydalilikni kasb etadi. Boshqa mol-mulk obyektlari esa muayyan mulk obyektlari guruhi tarkibida foydalanilganda optimal foydalilikka erishadi. Tegishlicha, mol-mulkning alohida ajratilgan obyekt sifatidagi foydaliligi hamda mulk obyektlari guruhining bir qismi sifatidagi foydaliligini farqlash kerak.
Baholovchi mulkni u bozorda qanday koʻrinishda boʻlsa, shunday baholashi lozim (mol-mulkning alohida obyekti sifatida, mol-mulk obyektlari guruhining bir qismi sifatida). Agar mulk obyektlari guruhining bir qismi sifatida baholanayotgan mulkning qiymati xuddi shu mol-mulk obyektining alohida ajratilgan mulk sifatidagi bahosidan farq qilsa, bunday qiymat baholash haqidagi xulosaga kiritilishi kerak.
Alohida ajratilgan va mustaqil ishlaydigan mol-mulk obyektlari, qoida tariqasida, bittalab sotiladi va tegishlicha baholanadi. Mol-mulk obyektlarining bahosi uning ishlashi yoki boshqa mol-mulk obyektlari bilan iqtisodiy bogʻliqligi natijasida oshsa (kamaysa), bunday qoʻshimcha qiymat baholash haqidagi xulosaga kiritilishi kerak. Bunday qoʻshimcha qiymat tegishlicha asoslanmasdan bozor qiymati sifatida qaralmasligi kerak.
Alohida mulk obyekti boshqa shaxslarning mulkida boʻlgan mulk obyektlari bilan jismoniy yoki funksional bogʻliqligi hisobiga yoxud oʻzining xaridor uchun jozibadorligi tufayli oʻz qiymatidan yuqori qoʻshimcha (maxsus) qiymatga ega boʻlishi mumkin. Baholash haqidagi hisobotda bunday qoʻshimcha (maxsus) qiymat miqdori mazkur baholash standartlariga muvofiq belgilangan bozor qiymatidan alohida koʻrsatilishi kerak.
Foydalilik mulk obyektidan yoki mulk obyektlari guruhidan butun foydalanish davri davomida baholanadi. Mulk obyekti aylanmadan vaqtincha yoki toʻliq olingan taqdirda bunday mulk obyektini baholash baholovchidan maxsus bilimlarni talab qiladi, bunday mulkni baholash haqidagi hisobot mazkur standartlar talablariga mos holda tuzilishi kerak.
Baholash haqida hisobotni tuzishda baholovchi mulk qiymati haqida xulosa qilish uchun asos boʻlgan axborotning ochib berilishini taʼminlashi, shuningdek bunda maxsus taxminlarga va cheklovlarga yoʻl qoʻyilganmi yoʻqmi, shu taxminlar va cheklovlarni koʻrsatishi lozim.
Mulkning baholash sanasidagi foydaliligi darajasini tashqi yoki iqtisodiy omillar taʼsiri tufayli aniq belgilab boʻlmasligi mumkin. Bunday holda mazkur Standart talablariga muvofiq baholash haqidagi hisobot mulk qiymati haqidagi xulosaga asos boʻlgan axborotni ochib berishi, shuningdek agar mulk obyektini baholashda maxsus farazlar va cheklovlarga yoʻl qoʻyilgan boʻlsa, ularni koʻrsatishi kerak.
Foydalilik siyosiy yoki iqtisodiy mavhumlik vaziyatida oʻzgarishi mumkin. Korxonalar faoliyatining vaqtinchalik yoki toʻliq toʻxtatilishi ularning mol-mulki qiymatiga arzimas taʼsir koʻrsatishi mumkin, ayni paytda faoliyatning uzoq vaqt toʻxtatilishi istiqboli esa ularning qiymatiga ancha jiddiy taʼsir koʻrsatishi mumkin. Mulkni baholashda baholanayotgan mulkka undan foydalanish natijalariga taʼsir koʻrsatadigan ichki va tashqi omillarni birgalikda hisobga olgan holda qaralishi kerak;
b) almashtirish prinsipi ― oddiy xaridor mulk obyekti uchun, ogʻirlashtiruvchi vaqt omillari, koʻproq xavf-xatar yoki qandaydir noqulayliklar boʻlmaganda, oʻzining foydalilik tavsiflari bilan oʻxshash boshqa mulk obyektiga almashtirish uchun talab etiladigan summadan ortigʻini toʻlamaydi.
Mulk obyektining boʻlishi mumkin boʻlgan eng yuqori qiymati bir xil foydalilikka ega boshqa mulk obyektini sotib olish mumkin boʻlgan eng past narx bilan belgilanadi.
Bunday eng past narx baholanayotgan mulk obyektiga ekvivalent foydaliligi eng yaqin boʻlgan yangi oʻxshash mulk obyektini yaratish uchun eng ehtimol qilinadigan xarajatlar miqdori bilan belgilanadi;
v) oldindan bilish prinsipi ― daromad keltiradigan mulk qiymati ushbu mulkka egalik qilishdan kelgusida olinishi mumkin boʻlgan daromadlarning joriy qiymati bilan belgilanadi.
9. Mulkdan foydalanish xususiyati bilan bogʻliq prinsiplarga quyidagilar kiradi:
a) eng yaxshi va eng samarali foydalanish prinsipi ― eng yaxshi va eng samarali foydalanish mulkdan qonunchilik hujjatlariga zid boʻlmaydigan, jismonan va moliyaviy jihatdan amalga oshirilishi mumkin boʻlgan va bunda ushbu mulkni baholash eng yuqori qiymat miqdorini berishi ehtimol qilinadigan foydalanishdir.
Mulkdan qonunchilik hujjatlariga zid tarzda yoki jismoniy imkoni yoʻq foydalanish eng yaxshi va eng samarali foydalanish deb qaralmaydi. Mulkdan qonunchilik hujjatlariga zid boʻlmagan va jismoniy imkoni boʻlgan tarzda foydalanilganda baholovchi mulkdan bunday foydalanilishni eng ehtimoliy ekanligi haqidagi fikrini asoslab berishi kerak. Mulkdan foydalanish ehtimolining bitta yoki koʻproq variantlari boʻlganda ularni moliyaviy asoslab berish kerak. Baholanayotgan mulkdan foydalanganda bu mulk eng yuqori qiymatga ega boʻlsa hamda bunday foydalanish koʻrsatilgan talablarga javob bersa, bu eng yaxshi va eng samarali foydalanish boʻladi.
Beqaror va teng vaznli boʻlmagan bozorlarda mulkni undan keyingi foydalanish uchun saqlash eng yaxshi va eng samarali foydalanish sifatida qaralishi mumkin.
Ehtimol qilinadigan eng yaxshi va eng samarali foydalanishning bir nechta variantlari aniqlanganda munosib variantni tanlash mulkdan foydalanishning har bir variantida kelishi kutiladigan pul oqimlarini tahlil qilish asosida amalga oshiriladi. Modifikatsiyalanish holatida boʻlgan mulkdan foydalanishda eng yaxshi va eng samarali foydalanish sifatida oraliq foydalanish qaralishi mumkin.
Eng yaxshi va eng samarali foydalanish tushunchasi asosiy boʻlib, mulkning bozor qiymati hisob-kitoblarining ajralmas qismi hisoblanadi;
b) hissa qoʻshish prinsipi ― har qanday qoʻshimcha elementlar va yaxshilanishlar, mulk obyekti qiymatining oshishi bunday elementlarni sotib olish va amalga oshirishga ketgan xarajatlardan yuqori boʻlganda, oʻzini oqlagan boʻladi;
v) muvozanatlashganlik prinsipi ― agar mulk obyekti ikki yoki undan ortiq tarkibiy elementlardan iborat boʻlsa, bunday tarkibiy elementlar oʻzaro funksional bogʻliqlikda va muvofiqlashgan boʻlishi kerak;
g) oshib boruvchi va kamayuvchi unum prinsipi ― kapital qoʻyilmalarining oshirib borilishi shunga mos ravishda mulkdan foydalanishdan unumning muayyan chegaragacha proporsional oshishiga olib keladi, shundan keyin mulkdan foydalanishdan unumning oʻsishi kapital qoʻyilmalarning oshishiga nisbatan kamayib boradi;
d) mulkiy huquqlarni maqbul taqsimlash prinsipi ― mulkiy huquqlar mulk obyekti umumiy qiymatining eng yuqori darajasini taʼminlaydigan tarzda modifikatsiya qilinishi (birlashtirilishi, ajratilishi) kerak.
II BOʻLIM. BAHOLAShGA OID VAZIFA (2-SON MBS)
1-bob. Umumiy qoidalar
10. Aktivlar qiymatini baholash jarayoni baholovchining baholashga oid vazifani belgilashdan tortib obyektning pul birliklarida ifodalangan qiymat bahosini oʻz ichiga olgan baholash haqidagi hisobotini buyurtmachiga topshirishgacha boʻlgan izchil harakatlari tizimini qamrab oladi.
Baholashga oid vazifani aniq belgilash baholashga oid vazifaning xususiyatini toʻliq va aniq talqin etish, baholash yondashuvlari va usullarini tanlash hamda hisobotda aks ettirilgan natijalarni talqin etish uchun zarur.
Baholashga oid vazifa baholovchi tomonidan buyurtmachi bilan birgalikda tuziladi hamda aktiv (aktivlar)ni baholash haqidagi shartnomaga ilova sifatida rasmiylashtiriladi hamda aktivni baholash jarayonining mustaqil va ahamiyatli elementi hisoblanadi.
11. Baholash boʻyicha olib boriladigan ishlar baholash uchun belgilangan maqsadlarga mos kelishi kerak. Baholovchi, baholash jarayoni boshlanishidan va baholash haqidagi hisobot shaklida taqdim etishdan oldin, buyurtmachi unga qanday axborot taqdim etilishini va undan foydalanishda qanday cheklovlar borligini tushunayotganligiga ishonch hosil qilishi zarur.
12. Baholashga oid vazifada uning quyidagi asosiy shartlari koʻrsatiladi:
baholanayotgan aktivning nomi va tavsifi;
baholash obyektiga boʻlgan huquqlar;
baholash obyektining joylashgan joyi;
buyurtmachi va uning rekvizitlari;
baholovchi tashkilot va uning rekvizitlari;
baholash maqsadi hamda baholashda ishtirok etayotgan taraflar majburiyatlari;
baholash natijalaridan foydalanish moʻljali;
baholash sanasi;
baholash maqsadiga muvofiq boʻlgan qiymat turi;
cheklovchi shartlar;
buyurtmachi yoki u vakolat bergan shaxs taqdim etishi lozim boʻlgan boshlangʻich axborot roʻyxati;
baholash ishlarini bajarish muddatlari.
Baholash maqsadiga va baholash obyektining xususiyatlariga qarab baholashga oid vazifa qoʻshimcha shartlarni oʻz ichiga olishi mumkin.
13. Baholovchi baholashga oid vazifani tayyorlashni tugatishidan oldin buyurtmachi bilan baholashga oid vazifani, shu jumladan, uning quyidagi masalalarini muhokama qilib olishi zarur:
a) baholovchi haqidagi maʼlumotlar. Agar baholovchining qaralayotgan aktiv yoki baholashga oid vazifaning boshqa taraflariga qandaydir munosabati boʻlsa yoki jiddiy daxldorligi boʻlsa yoki xolis va obyektiv bahoni tayyorlashda baholovchining imkoniyatlarini cheklashi mumkin boʻlgan boshqa qandaydir omillar mavjud boʻlsa, bunday dalillar haqida vazifaning boshidanoq maʼlum qilish lozim.
Agar baholovchi baholashga oid vazifaning qandaydir jihati boʻyicha boshqa shaxslarga yordam soʻrab murojaat qilishi lozim boʻlsa, ushbu yordam xususiyati va ishonch darajasi aniq koʻrsatilishi lozim;
b) buyurtmachi (buyurtmachilar) haqidagi maʼlumotlar. Baholashga oid vazifa kim uchun bajarilayotganligi haqidagi axborotni koʻrsatish baholash haqidagi hisobotning shakli va mazmunini belgilashda, unda ularning ehtiyojlariga muvofiq boʻlgan axborot boʻlishini kafolatlash uchun katta ahamiyatga ega;
v) boshqa taxmin qilinayotgan foydalanuvchilar (agar mavjud boʻlsa) haqidagi maʼlumotlar. Baholash haqidagi hisobotdan boshqa qandaydir taxmin qilinayotgan foydalanuvchilar bor yoki yoʻqligini tushunib olish, ularning identifikatsion maʼlumotlarini va ularning ehtiyojlarini aniqlash, baholash haqidagi hisobotning mazmuni va formati bunday foydalanuvchilar ehtiyojlariga javob berishini kafolatlash uchun muhimdir;
g) baholanadigan aktivlar. Baholashga oid vazifada baholanayotgan aktivga aniq taʼrif berilishi shart;
d) baholashning maqsadi. Baholashga oid vazifa tayyorlanayotganda hisobga olinadigan maqsad aniq belgilanishi lozim, chunki baholash boʻyicha maslahatlashuv uning mazmunidan chetga chiqib ketib yoki vazifa uchun asos boʻlmagan maqsadlarda amalga oshirilmasligi muhimdir. Baholash maqsadi, shuningdek qoʻllaniladigan baholash bazasi/bazalari yoki ularni belgilashga taʼsir koʻrsatadi;
e) qoʻllaniladigan baholash bazasi/bazalari. Baholash bazalari baholash maqsadlariga muvofiq boʻlishi lozim. Har qanday qoʻllaniladigan baholash bazasini taʼriflash manbalari koʻrsatilishi yoki bunday baza mazmuni tushuntirib berilishi lozim;
j) baholashda qoʻllaniladigan valyuta haqida axborot. Baholashni oʻtkazishda qoʻllaniladigan valyutani belgilab olish zarur. Bu talab turli valyuta amalga oshirilgan pul oqimlarini koʻrib chiqishda, ayniqsa, muhimdir;
z) baholash sanasi. Baholash sanasi koʻrsatilgan boʻlishi shart. Agar baholash sanasi baholash haqidagi hisobotni tuzish sanasidan yoki tahlilni oʻtkazish va tugatish sanasidan farq qilsa, bunday sanalarni aniq chegaralab qoʻyish lozim;
i) baholovchi ishining xususiyati va hajmi hamda bu bilan bogʻliq har qanday cheklovlar. Baholashga oid vazifani bajarishdagi har qanday cheklovlar yoki koʻzdan kechirish chegaralari, soʻrovlar va/yoki tahlillar identifikatsiyalangan boʻlishi shart. Agar vazifa shartlariga koʻra tekshiruvlar cheklanganligi sababli zarur axborotni olishning imkoni boʻlmasa, u holda bunday cheklovlarning hammasi hamda har qanday kerakli farazlar yoki tegishli cheklov mavjudligi natijasida joriy etilgan maxsus farazlar koʻrsatilishi shart;
k) baholovchi ishida asoslanadigan axborot xususiyati va manbalari. Baholash uchun asos qilib olinadigan har qanday muhim axborotning xususiyati va manbasi, shuningdek baholashni bajarish jarayonida barcha axborotni tekshirish mumkinligi va hajmlari belgilab qoʻyilishi zarur;
l) farazlar. Baholashni bajarish va hisobotni tuzishda hisobga olinishi shart boʻlgan barcha ahamiyatli farazlar, shu jumladan, maxsus farazlar aniqlab olinishi lozim;
m) hisobot shakli. Hisobotning shakli, yaʼni baholash elektron yoki qogʻoz koʻrinishda taqdim etilishi koʻrsatilgan boʻlishi lozim;
n) baholash haqidagi hisobotdan foydalanish, tarqatish va chop qilishga cheklovlar. Baholashdan foydalanishni yoki unga tayanadigan shaxslar doirasini cheklab qoʻyish zarur, bunda tegishli cheklovlar koʻrsatilishi maqsadga muvofiq;
o) baholashni mazkur Standartga muvofiq oʻtkazish va undan chekinishlar. Baholovchi baholashni Standart talablariga muvofiq oʻtkazishi lozim, bunda Standartdan har qanday chekinishlar asoslantirilgan boʻlishi shart.
14. Baholovchi baholash jarayonini boshlashdan oldin baholashga oid vazifani tayyorlashi va buyurtmachi bilan kelishib olishi (imzolatishi) kerak. Agar baholash boʻyicha ishlarning toʻliq hajmi baholashga oid vazifani bajarishning boshlanishida aniq boʻlmasa, baholovchi baholashni oʻtkazish boʻyicha ishlar hajmi aniqlanishi bilan baholashga oid vazifani oʻz buyurtmachisi bilan kelishib olishi zarur.
15. Baholashga oid vazifa baholash maqsadlariga va baholash obyekti xususiyatlariga bogʻliq holda, baholashga oid vazifada qoʻshimcha maʼlumotlar koʻrsatilishi mumkin.
2-bob. Baholashga oid vazifaga oʻzgartirish kiritish
16. Muayyan vaziyatlarda mazkur Standartning 13-bandida koʻrsatilgan ayrim masalalarni baholashga oid vazifani bajarishni boshlamasdan hal qilib boʻlmagan hollarda yoki vazifani bajarish jarayonida unga oʻzgartirishlar kiritish zarurati yuzaga kelishi mumkin boʻlgan qoʻshimcha axborot paydo boʻlganda yoxud oʻrganishni talab qiladigan boshqa holatlar yuzaga kelganda baholashga oid vazifaga baholash oʻtkazishning butun davri mobaynida tegishli oʻzgartirishlar kiritilishi mumkin.
17. Baholashga oid vazifalarda, vaqt oʻtishi bilan oʻzgaradigan ishlar hajmlari, mazkur Standartning 13-bandida koʻrsatilgan masalalar hamda vaqt baholashga oid vazifa tuzilgandan keyin kiritilgan har qanday oʻzgarishlar buyurtmachi tomonidan baholovchiga vazifa bajarilgunga va baholash haqida hisobot tuzilmagunga qadar maʼlum qilinishi shart.
III BOʻLIM. BAHOLASh JARAYoNIDA OʻTKAZILADIGAN OʻRGANIShLAR VA TAHLILLAR (3-SON MBS)
1-bob. Umumiy qoidalar
18. Mazkur Standart asosida baholash obyektini baholashning asoslanganligi va ishonchliligini taʼminlash uchun oʻtkaziladigan oʻrganishlar hamda baholash uchun zarur axborot va maʼlumotlarni yigʻish Baholash jarayonida oʻtkaziladigan oʻrganishlar va tahlillar (3-son MBS) (bundan buyon matnda 3-son MBS deb yuritiladi) talablariga muvofiq boʻlishi shart.
19. 3-son MBS har qanday aktivlar va majburiyatlarni baholash boʻyicha vazifalarni bajarishda, shuningdek baholash haqidagi hisobotlar ishonchliligini tekshirishda (baholash ekspertizasi) qoʻllaniladi.
20. Baholash haqida vazifani bajarish davomida oʻtkaziladigan oʻrganishlar baholash haqida vazifa maqsadlariga va baholash bazasi (bazalari)ga muvofiq boʻlishi lozim.
21. Asoslangan baholashni tayyorlash uchun obyektni koʻzdan kechirish (identifikatsiya qilish), soʻrovlar tuzish, hisob-kitoblar va tahlil oʻtkazish kabi vositalar yordamida yetarli miqdorda maʼlumotlar toʻplanishi kerak.
22. Agar baholashga oid vazifa baholovchidan tashqari boshqa shaxsdan olinadigan axborotdan foydalanishni nazarda tutsa, u holda bunday axborot qanchalik ishonchli ekanligi hamda bu axborotga baholash haqidagi hisobotning obyektivligiga salbiy taʼsir koʻrsatmaydigan tarzda qanchalik tayanish mumkinligi tahlil qilinishi kerak. Baholovchiga taqdim etilgan axborotlar tasdiqlangan boʻlishi lozim.
Taqdim etiladigan axborotning toʻgʻriligi yoki ishonchliligini tasdiqlashning imkoni boʻlmagan hollarda bunday axborotdan foydalanilmasligi kerak.
23. Taqdim etiladigan axborotning toʻgʻriligi va ishonchliligi masalasini hal qilishda baholovchi quyidagilarni hisobga olishi lozim:
baholashning maqsadini;
axborotning qiymat haqida xulosa qilish uchun ahamiyatliligini;
manbaning ishonchliligini;
axborot manbai affillangan shaxs sifatida qaralayotgan aktivga yoki baholashni oluvchisiga bogʻliq yoki bogʻliq emasligini.
24. Agar baholashga oid vazifani bajarish vaqtida baholashga oid vazifaga kiritilgan va bajarilayotgan oʻrganishlar natijalari toʻgʻri baholashni taʼminlamasligi yoxud uchinchi shaxslar beradigan axborotdan foydalanishning imkoni yoʻqligi yoki notoʻgʻriligi ayon boʻlib qolsa, u holda baholovchi baholashga oid vazifani bajarishni davom ettirishni rad etish haqida qaror qabul qilishi lozim.
2-bob. Qiymatni baholash boʻyicha maʼlumotlar
25. Baholovchi baholash jarayonida olingan, qiymat toʻgʻrisida yakuniy xulosa chiqarishga yordam bergan barcha maʼlumotlarni baholash haqidagi hisobot nusxasini saqlash uchun qonunchilik hujjatlarida belgilangan muddat davomida saqlashi lozim. Bu maʼlumotlar yakuniy xulosalarni olishga asos boʻlgan asosiy boshlangʻich maʼlumotlarni, hisob-kitoblarni, oʻrganish va tahlillar natijalarini, shuningdek buyurtmachiga taqdim etiladigan har qanday dastlabki va yakuniy hisobotlar nusxalarini oʻz ichiga olishi lozim.
26. Baholashni olib borishda baholovchi mavjud barcha axborot va maʼlumotlardan qonunchilik hujjatlari talablaridan kelib chiqqan holda maxfiylik sharoitida foydalanishi shart.
3-bob. Standartdan chekinish shartlari
27. Mazkur Standart prinsiplariga muvofiq, agar ushbu Standartning baʼzi bir talablaridan farq qiladigan qonunchilik hujjatlari, normativ hujjatlar yoki boshqa umumeʼtirof etilgan talablarga rioya etilishi zarur boʻlsa, baholovchi shu talablarga rioya etishi lozim. Baholash haqidagi hisobotda mazkur Standart talablaridan chekinishlar dalillar bilan tasdiqlangan va asoslangan boʻlishi sharti bilan, bunday baholash Standartga muvofiq oʻtkazilgan deb hisoblanadi.
28. Baholovchi tashkilotlar oʻz ichki hujjatlarida oʻrnatgan baholash boʻyicha oʻrganishlar oʻtkazish va axborot toʻplash tartib-taomillariga, agar ular mazkur Standartga hamda baholash faoliyati toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjatlariga zid boʻlmasa, rioya etishlari mumkin.
IV BOʻLIM. BAHOLASh HAQIDAGI HISOBOTNI TUZISh (4-SON MBS)
1-bob. Umumiy qoidalar
29. Baholash natijalari baholash faoliyati toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjatlariga muvofiq tuzilgan hamda baholovchi tashkilotning toʻplangan axborot va hisob-kitoblari asosida tasdiqlangan baholash obyekti qiymati toʻgʻrisidagi baholash haqidagi hisobot bilan rasmiylashtiriladi.
30. Baholash haqidagi hisobotda baholashni yoki baholash ekspertizasini toʻgʻri tushunish uchun zarur axborot boʻlishi lozim. Hisobot foydalanuvchilarga baholash haqida aniq tasavvur berishi zarur.
31. Baholash haqidagi hisobotni tuzish (4-son MBS) (bundan buyon matnda 4-son MBS deb yuritiladi) har qanday aktivlar va majburiyatlarni baholash boʻyicha barcha hisobotlarni tuzishda, shuningdek baholash haqidagi hisobotlar ishonchliligini ekspertiza qilishda qoʻllash majburiy hisoblanadi.
32. Baholash haqidagi hisobotda mazkur Standartga muvofiqligi koʻrsatilishi va ulardan har qanday chekinishlar ochib berilishi, foydali axborot berish maqsadida baholashga oid vazifaning hajmi va mazmuni, uning maqsad va foydalanish (shu jumladan, foydalanishga har qanday cheklovlar) qatʼiy va aniq bayon etilgan boʻlishi, shuningdek har qanday chekinishlarni yoki baholashga toʻgʻridan-toʻgʻri taʼsir qiladigan cheklovchi shartlarni ochib beruvchi axborotni oʻz ichiga olishi lozim.
33. Baholash haqidagi hisobot shakli (elektron yoki qogʻoz koʻrinishda) baholashga oid vazifaga muvofiq taraflar tomonidan kelishib olinishi lozim.
34. Baholash haqidagi hisobotning mazmuni hisobot foydalanuvchilarini adashtirmasligi, shuningdek baholash natijalarining har xil talqin etilishiga yoʻl qoʻymasligi lozim. Bunda hisobotda baholashga oid vazifaning hajmi, bajarilgan ishlar va olingan natijalar haqida axborot boʻlishi zarur. Baholash haqidagi hisobotda ilgari baholashga oid vazifada ishtirok etmagan baholash boʻyicha malakali mutaxassis, haqiqiy vaziyatdan kelib chiqqan holda, hisobotni tahlil qila olishi hamda mazkur Standartning 36 ― 41-bandlarida koʻrsatilgan masalalarni tushunishi uchun yetarli miqdordagi axborotga ega boʻlishi lozim.
35. Baholash haqidagi hisobotga oraliq va yakuniy natijalarni belgilashda baholash jarayonida foydalanilmaydigan axborot, agar mazkur Standart talablariga muvofiq majburiy boʻlmasa, kiritilmasligi lozim.
2-bob. Baholash toʻgʻrisidagi hisobot mazmuniga oid talablar
36. Baholash toʻgʻrisidagi hisobotda quyidagilar koʻrsatilgan boʻlishi kerak:
baholash toʻgʻrisidagi hisobot tuzilgan sana va uning tartib (roʻyxatdan oʻtkazilganlik) raqami;
baholash obyektini baholashdan oʻtkazish uchun asos;
baholash obyektini baholashning maqsadi;
baholash obyektining aniqlanadigan qiymati turi;
baholovchi tashkilotning nomi, joylashgan eri (pochta manzili) va baholovchi tashkilotlarning professional jamoat birlashmalaridan biriga aʼzo boʻlganligi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
baholash obyektini baholashdan oʻtkazgan baholovchining (baholovchilarning) malaka sertifikati toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
baholash obyektining uning qiymatini aniqlash sanasidagiga aynan identifikatsiya qilish imkonini beradigan tavsifi, shuningdek baholash obyekti mulkdorining rekvizitlari;
baholash standartlari, ulardan foydalanish uchun asos, baholash obyektini baholashdan oʻtkazishda foydalanilgan maʼlumotlarning mazkur maʼlumotlar olingan manbalar koʻrsatilgan holdagi roʻyxati;
baholash obyektini baholashdan oʻtkazish izchilligi, shuningdek olingan natijani qoʻllanish chegaralari;
baholash obyektining qiymati aniqlangan sana;
baholovchi tashkilot foydalanadigan hamda baholash obyektining miqdor va sifat xususiyatlarini belgilaydigan hujjatlar roʻyxati.
Baholash toʻgʻrisidagi hisobotda baholovchi boshqa axborotlarni ham koʻrsatishi mumkin.
37. Baholash jarayonida foydalanilgan axborot baholash haqidagi hisobotda baholash faoliyati sohasida maxsus bilimlarga ega boʻlmagan hisobotdan foydalanuvchilar tomonidan baholash jarayonining mantiqini hamda baholovchining aktiv yoki aktivlar qiymatini baholash boʻyicha amalga oshirgan xatti-harakatlari ahamiyatini tushuna olishi kerak.
38. Baholash jarayonida foydalanilgan axborot ochib berilishi kerak, bundan maxfiy tusga ega boʻlgan axborot mustasno. Maxfiy axborotni baholovchi faqat buyurtmachi va (yoki) bunday axborotni bergan shaxslar bilan kelishgan holda yoki sudning tegishli qarori boʻyicha ochib berishi mumkin. Foydalaniladigan axborotning maxfiylik darajasi buyurtmachi va (yoki) bunday axborotni bergan yoki unga bevosita aloqador boʻlgan shaxslar tomonidan belgilanadi.
39. Baholash uchun foydalanilgan hamda baholash haqidagi hisobotda koʻrsatilgan axborotda, u yozma yoki ogʻzaki boʻlishidan qatʼi nazar, qaysi manbadan olinganligiga havola berilishi lozim.
40. Baholash haqidagi hisobotning har bir sahifasi raqamlangan va baholovchi (baholovchilar) tomonidan imzolangan, tikilgan boʻlishi, shuningdek baholovchi tashkilot rahbari tomonidan tasdiqlangan boʻlishi shart.
Agar baholash bir nechta baholovchi tomonidan olib borilgan boʻlsa, baholash haqidagi hisobotda ularning baholash haqidagi hisobotni tayyorlash jarayonida bajargan ishlari koʻrsatiladi.
Baholash haqidagi hisobot elektron hujjat shaklida tayyorlanganda ushbu hisobot baholovchi va baholovchi tashkilot rahbari tomonidan elektron raqamli imzo bilan tasdiqlanadi.
41. Baholash haqidagi hisobotga ilovalarda baholovchi baholash haqidagi hisobotni tayyorlash jarayonida foydalangan hujjatlar nusxalari, shuningdek baholovchi tashkilotlarning professional jamoat birlashmalaridan biriga aʼzo boʻlganligi toʻgʻrisidagi maʼlumotnoma, baholovchilarning malaka sertifikatlari va fuqarolik javobgarligini sugʻurta qilish polisi nusxalari boʻlishi lozim.
V BOʻLIM. BAHOLASh BAZALARI (5-SON MBS)
1-bob. Umumiy qoidalar
42. Baholash maqsadlariga qarab baholash obyekti xususida bozor qiymati yoki bozor qiymatidan farqlanuvchi qiymat qoʻyiladi.
43. Baholash bazalari (5-son MBS) (bundan buyon matnda 5-son MBS deb yuritiladi) qiymat bazalarini aniqlash va talqin etish, shuningdek turli bozor qiymatlari hamda bozor qiymatidan farq qiladigan boshqa bazalarni bir-biridan farqlashdan iborat.
2-bob. Baholash bazasi va qiymat turlari
44. Baholash bazalari baholash haqidagi hisobotda koʻrsatilgan qiymat uchun asos boʻlgan asosiy prinsiplarni belgilaydi. Baholash bazasi (bazalari) boshlangʻich maʼlumotlar va farazlarni tanlashga taʼsir koʻrsatishi yoki belgilab berishi, shuningdek qiymat haqidagi yakuniy xulosaga taʼsir koʻrsatishi mumkin.
45. Baholash faoliyatida baholashni oʻtkazishda qoʻllaniladigan koʻplab baholash bazalari mavjud boʻlib, ularning aksariyati quyidagi umumiy elementlarga ega:
moʻljallanayotgan bitim;
bitimning moʻljallanayotgan sanasi;
bitimning moʻljallanayotgan taraflari.
46. Baholash bazasiga bogʻliq holda, moʻljallanayotgan bitim bir qator shakllarga boʻlinadi:
gipotetik bitim;
haqiqiy bitim;
xarid bitimi;
sotuv bitimi;
muayyan yoki gipotetik bozorda belgilangan tavsiflar boʻyicha amalga oshiriladigan bitim.
47. Bitimning moʻljallanayotgan sanasi baholovchi baholashni olib borayotganda qanday axborot va maʼlumotlarni eʼtiborga olishiga taʼsir koʻrsatadi. Aksariyat baholash bazalari baholash sanasi yoki qiymatni aniqlash sanasi holatidagi zarur oʻrganishlarni oʻtkazish natijalari boʻyicha ishtirokchilarga tanish boʻlmagan yoki ularga tanish boʻla olmaydigan axborotni yoki bozordagi vaziyatni eʼtiborga olish imkonini bermaydi.
48. Baholash bazasi aniqlanadigan qiymat uchun asos qilib olinadigan asosiy farazlarni, shu jumladan, gipotetik bitim xususiyatini, bitim taraflari munosabatlari va motivatsiyasini, shuningdek aktivning (baholash obyektining) bozordagi ekspozitsiyasi darajasini bayon qiladi.
49. Mazkur Standartga rioya etilishi uchun baholovchi baholashga oid vazifa shartlari va maqsadlariga mos keladigan baholash bazasi (bazalari)ni tanlashi va ushbu baholash bazasi bilan bogʻliq barcha belgilangan talablarga amal qilishi zarur.
50. Baholash bazasini va qiymat turini tanlash aktivni baholash haqida shartnomani tuzishdan oldin amalga oshiriladi hamda aktivni baholash nima uchun kerakligiga, uning xususiyatlariga, shuningdek normativ talablarga bogʻliq boʻlib, baholashga oid vazifada aks ettiriladi.
51. Baholash bazalari quyidagilarga ajratiladi:
bozor qiymati;
bozor ijara haqi;
adolatli qiymat;
investitsiya qiymati;
sinergetik qiymat;
tugatish qiymati;
yoʻq qilish qiymati;
almashtirishning qoldiq qiymati;
takror ishlab chiqarish qoldiq qiymati;
maxsus qiymat;
sugʻurtaga oid qiymat;
soliqqa oid qiymat.
52. Baholashda hisoblab chiqilgan (baholangan) qiymat bitimni amalga oshirishdagi sotuvchi va xaridorning xarajatlarini, shu jumladan, ushbu bitim natijalari boʻyicha toʻlanishi shart boʻlgan soliqlarga xarajatlarni hisobga olmasdan aks ettiriladi.
53. Baholovchi barcha foydalaniladigan baholash bazalariga aloqador boʻlgan tushuncha va atamalarni qanday talqin etilishi uchun javobgardir.
3-bob. Bozor qiymati baholash bazasi sifatida
1-§. Bozor qiymati
54. Bozor qiymati deganda eng ehtimol tutilgan narx tushunilib, unga koʻra mazkur baholash obyektining ochiq bozorda raqobat sharoitida, bitimning taraflari barcha zarur axborotga ega boʻlgan holda oʻz manfaatlari yoʻlida oqilona va ixtiyoriy ravishda harakat qiladi, bitim narxining baland-pastligida esa, biron-bir favqulodda holatlar, shu jumladan, taraflardan birining ushbu bitimga qoʻshilish majburiyati aks etmaydi.
Agar biron-bir baholash obyektining baholashda majburiy oʻtkazish talabi mavjud boʻlgan normativ hujjatda yoki baholash obyektining baholash toʻgʻrisidagi shartnomada qiymatning aniq turi koʻrsatilgan boʻlmasa, mazkur obyektning bozor qiymati belgilanishi lozim. Mazkur qoida normativ hujjatda baholash obyekti qiymatining turini aniqlovchi Oʻzbekiston Respublikasining “Baholash faoliyati toʻgʻrisida”gi Qonunida yoki mazkur Standartda nazarda tutilmagan atamalarda foydalanilgan taqdirda ham qoʻllanishi kerak.
55. Bozor qiymati quyidagi konseptual doiralarga muvofiq talqin etilishi lozim:
a) “hisoblab topiladigan va eng ehtimol tutilgan pul summasi boʻlib...” deganda pulda ifodalangan, bozorda tijorat bitimi tuzilganda aktiv uchun toʻlanishi mumkin boʻlgan eng ehtimoliy narx tushiniladi. Bozor qiymati, bozor qiymati taʼrifida koʻrsatilgan shartlarga rioya etilganda baholash sanasida bozorda oqilona oʻylab qabul qilinishi ehtimoli eng yuqori boʻlgan narxdir. Bu narx ― oqilona oʻylaganda sotuvchi uchun erishilishi mumkin boʻladigan eng yaxshi, xaridor uchun esa oqilona oʻylaganda erishilishi mumkin boʻlganlardan eng foydalisidir. Bu narxni aniqlashda, xususan, bitimning alohida shartlari yoki holatlariga, masalan, moliyalashtirishning noodatiy shakli, mulkni sotib, keyin ijaraga qayta olish, bitimga jalb etilgan taraflardan biri tomonidan taqdim etilgan maxsus kompensatsiyalar yoki chegirmalar kabilarga bogʻliq holda oshirib yoki tushirib yuborilgan narxlar hisobga olinmaydi, shuningdek faqat muayyan aniq mulkdor yoki xaridor uchun hamyonbop boʻlgan qiymatning birorta elementi hisobga olinmaydi;
b) “... aktiv yoki majburiyat ayirboshlanishi mumkin boʻlgan …” shundan dalolat beradiki, aktiv yoki majburiyat qiymati oldindan belgilab qoʻyilgan yoki haqiqiy sotuv narxi emas, balki taxmin qilinadigan hisoblab chiqilgan miqdor. Bu narx baholash sanasidagi bitimning shunday narxiki, baholashni amalga oshirganda bozor qiymati taʼrifida koʻrsatilgan barcha boshqa shartlar bajarilgan boʻladi:
v) “... baholash sanasiga ...” qiymat miqdori aniq sanaga tegishli boʻlishi haqidagi talabni ifodalaydi. Bozor va bozor sharoitlari oʻzgarishi mumkinligi bois, boshqa vaqtda taxmin qilingan qiymat xato boʻlib chiqishi yoki haqiqatga toʻgʻri kelmasligi mumkin. Qiymatni baholash natijasi qandaydir boshqa sanadagi emas, balki baholash sanasidagi bozorning holati va shartlarini aks ettiradi;
g) “... manfaatdor xaridor va ...” sotib olish uchun asosi boʻlgan, ammo uni bunga hech kim majburlamaydigan kishiga tegishli. Bunday xaridorda aktivni sotib olish kuchli zarurati yoʻq, shuningdek u har qanday narxni berishga ham moyil emas. Bundan tashqari, u aniq ifodalab ham, koʻrib ham boʻlmaydigan gipotetik bozordagi emas, balki joriy bozordagi voqelik va imkoniyatlarga qarab xaridni amalga oshirmoqda. Faraz qilinadigan xaridor bozor talab qilganidan yuqori narxni toʻlamaydi. Aktivning hozirgi egasi ham bu “bozor”ni tashkil etuvchilar sirasiga kiradi;
d) “... manfaatdor sotuvchi ...” deganda sotish istagi kuchli boʻlmagan, sotishga majbur boʻlmagan, har qanday narxga sotib yuborishga yoki ayni paytda bozorda oqilona hisoblanmaydigan narxni talab qilishga tayyor boʻlmagan sotuvchi nazarda tutiladi. Manfaatdor sotuvchining asosi munosib tarzda marketing oʻtkazilgandan keyin aktivni bozor sharoitida ochiq bozordagi eng yuqori ehtimol qilinadigan narxda, bu narx qanday boʻlmasin, sotib yuborishdir. Mulkning real mulkdorining haqiqiy ahvoli eʼtiborga olinmaydi, chunki “manfaatdor sotuvchi” ― bu gipotetik mulkdor;
e) “... tijorat bitimi natijasida ...” taraflar oʻrtasida narxni bozor uchun xos boʻlmagan darajaga olib keladigan yoki uni oshirib yuboradigan hech qanday alohida yoki maxsus oʻzaro munosabatlar, masalan, bosh va shuʼba kompaniyalari oʻrtasidagi yoki uy egasi bilan ijarachilar oʻrtasidagi munosabatlar yoʻqligini anglatadi. Bozor qiymatidagi bitim qandaydir munosabatlar bilan oʻzaro bogʻlanmagan taraflar oʻrtasida sodir etilishi va har bir taraf mustaqil harakat qilishi nazarda tutiladi;
j) “... munosib tarzda marketing olib borilgandan keyin ...” aktiv oqilona oʻylab qaraganda erishish mumkin boʻlgan, bozor qiymati taʼrifiga muvofiq keladigan narxda sotilishini taʼminlash uchun u bozorga eng munosib tarzda olib chiqilganini anglatadi. Sotuv usuli shunday tanlanishi kerakki, u bozorda eng munosib narxni olishni taʼminlashi, sotuvchi undan foydalana olishi mumkin boʻlsin. Bozorga qoʻyish davrining muddati aktiv turiga va undagi sharoitlarga bogʻliq holda turlicha boʻlishi mumkin. Yagona shart shuki, bu muddat aktiv yetarli sondagi bozor ishtirokchilarining eʼtiborini tortishi uchun yetarli boʻlsin. Bozorga qoʻyish davri baholash sanasidan oldin keladi;
z) “... bunda har bir taraf yetarlicha axborotga ega boʻlgan holda, oqilona, harakat qilgan …” ― manfaatdor xaridor ham, manfaatdor sotuvchi ham sotilayotgan aktivning xususiyati va xossalari, uning haqiqiy va potensial foydalanilishi, shuningdek baholash sanasida bozordagi ahvol haqida yetarli darajada xabardor qilingan deb taxmin qilinishini anglatadi. Shundan keyin, ularning har biri, tegishli axborotdan, bitimdagi oʻz pozitsiyasi nuqtai nazaridan eng maqbul narxni qoʻlga kiritishga intilgan holda, oqilona oʻylab foydalanadi.
Bunda oʻtgan sana bilan kechroq muddatga nisbatan retrospektiv farazlarga emas, balki baholash sanasidagi bozor holatiga nisbatan oqilonalik nazarda tutiladi. Masalan, sotuvchi aktivni bozorda narxlar tushib ketayotganda oldingi bozor narxidan pastroq sotishi doim ham omilkorlik emas deb hisoblanmaydi. Bu holda, narxlarning oʻzgarib turishi sharoitida boshqa bitimlar vaziyatlarida boʻlganidek, oqilona ish tutadigan xaridor yoki sotuvchi ayni paytda ular foydalanishi mumkin boʻlgan bozor holati haqidagi eng toʻliq axborotga muvofiq ish tutadilar;
i) “...ixtiyoriy ravishda harakat qilgan...”, taraflarning har birida bitim tuzishga oʻz asoslari bor, ammo ularning birortasi ham bitim tuzishga majbur emasligi yoki xaddan tashqari moyilligi yoʻqligini anglatadi.
56. Bozor qiymati narxlar ishtirokchilari erkin harakat qila oladigan ochiq va raqobatli bozorda oʻrnatilishini nazarda tutadi. Aktiv bozori ham xalqaro, ham mahalliy bozor boʻlishi mumkin. Bozor koʻp sonli xaridorlar va sotuvchilardan tuzilgan boʻlishi yoki bozor ishtirokchilari sonining cheklanganligi bilan tavsiflanishi mumkin. Aktiv sotuvga gipotetik taklif qilinadigan bozor, bu shunday bozorki, unda, qoida tariqasida, ushbu aktivlar bilan almashinuv yuz beradi deb taxmin qilinadi.
57. Aktivning bozor qiymati undan eng samarali foydalanilishini aks ettiradi. Eng samarali foydalanish deganda aktivdan uning salohiyatini eng yuqori darajaga koʻtarib jismonan mumkin boʻlgan, yuridik jihatdan yoʻl qoʻyiladigan va moliyaviy amalga oshirsa boʻladigan tarzda foydalanish tushuniladi.
Eng samarali foydalanishda aktivdan mavjud foydalanishni davom ettirish yoki undan muqobil foydalanilishiga muvofiq boʻlishni nazarda tutishi mumkin. U bozor ishtirokchisi aktiv uchun taklif qilishga tayyor boʻlgan narxni shakllantirishda aktivdan qanday foydalanmoqchi boʻlganligi bilan belgilanadi.
58. Baholashga oid boshlangʻich maʼlumotlarning tabiati va manbalari baholash bazasiga mufofiq boʻlishi, baholash bazasi esa, oʻz navbatida, baholash maqsadlarini hisobga olishi lozim.
Masalan, bozor qiymati haqida xulosa chiqarish uchun, bozordan olingan boshlangʻich parametrlarga asoslangan maʼlumotlardan foydalanilsa, turli yondashuvlar va usullar qoʻllanilishi mumkin. Qiyosiy yondashuvda bozordan olingan boshlangʻich maʼlumotlardan foydalaniladi. Daromad yondashuvini ishtirokchilar (bozordagi) qoʻllashi mumkin boʻlgan boshlangʻich maʼlumotlar va farazlardan foydalanib bozor qiymatini aniqlash uchun qoʻllashi kerak. Xarajat yondashuvidan foydalanib bozor qiymatini aniqlash uchun taqqoslanuvchi foydalilikka ega aktivga ketgan xarajatlarni hamda bozorga bogʻliq xarajatlar va qadrsizlanish stavkalarini tahlil qilishga asoslangan eskirish/qadrsizlanish stavkalarini qoʻllash kerak.
59. Baholash faoliyatida qoʻllaniladigan bozor qiymati quyidagi bir qator shartlarga rioya etilgan holda amalga oshiriladigan adolatli bitim natijasidir:
bitim amalga oshirilayotgan bozorning ochiqligi;
bozorning raqobatliligi;
taraflarning tipik motivatsiyasi;
taraflarning oqilona darajada axborotga egaligi;
baholash obyektini bozorda sotish uchun taklif etilgan vaqtning yetarliligi;
odatiy toʻlov vositalaridan foydalanish;
bitimning noodatiy shartlarining yoʻqligi.
60. Bozor qiymati asosidagi baholashlar taqqoslanuvchi mulk obyektlariga tegishli axborotga asoslanishi lozim. Baholash jarayoni, baholovchidan zarur va kerakli tekshiruvlarni oʻtkazishni, toʻgʻri tahlil olib borishni hamda axborot va dalillar bilan asoslangan farazlarni shakllantirishni talab qiladi. Bu jarayonda baholovchilar bozorda kuzatiladigan va ishga daxldor barcha faktlarni, tendensiyalarni, taqqoslanuvchi bitimlarni va boshqa axborotni koʻrib chiqishlari lozim.
Bozor maʼlumotlari cheklangan boʻlsa yoki umuman mavjud boʻlmasa, baholovchi lozim darajada vaziyatni ochib berishi hamda maʼlumotlarning yetarli emasligi bois hisob-kitoblar qandaydir tarzda cheklanganligi (agar cheklangan boʻlsa) koʻrsatishi lozim. Baholovchining shaxsiy mulohazalari barcha baholashlarda talab etiladi.
61. Agar baholovchi baholanayotgan aktiv bozoriga aloqador boʻlgan ochiq maʼlumotlar va holatlarni tahlil qilish imkoniyatiga ega boʻlsa, baholash jarayonida qoʻllaniladigan har bir yondashuv yoki usul baholash obyektining bozor qiymatini aniqlashni taʼminlashi lozim.
2-§. Bozor ijara haqi
62. Bozor ijara haqi qiymati yetarli marketing oʻtkazilgandan keyin tuzilgan tijorat bitimi natijasida manfaatdor sotuvchi va xaridor oʻrtasida tegishli ijara shartlarida baholash sanasida mulk huquqini ijaraga berish mumkin boʻlgan hisoblab chiqilgan-baholangan pul miqdori boʻlib, bunda har bir taraf yetarlicha axborotga ega boʻlgan holda, oqilona va majburlovsiz harakat qilgan deb tushuniladi.
63. Bozor ijara haqidan ijaraga berish munosabati bilan yuzaga kelgan ijara shartnomasini yoki huquqini baholashda baholash bazasi sifatida foydalanish mumkin. Bunday hollarda shartnomaviy ijara haqini va bozor ijara haqini (agar u shartnomaviy ijara haqidan farq qilsa) eʼtiborga olinishi kerak.
64. Shartnomaviy ijara haqi haqiqiy ijara shartnomasi shartlariga muvofiq toʻlanadigan ijara haqi hisoblanadi. U ijara muddatiga qatʼiy belgilab qoʻyilgan boʻlishi yoki oʻzgartirilishi mumkin. Ijara haqining hisoblab chiqiladigan oʻzgarishlari ijara shartnomasida bayon etiladi hamda ijaraga beruvchi oladigan naflarning umumiy hajmini hamda ijaraga oluvchining majburiyatlarini aniqlash uchun baholovchi tomonidan belgilanishi va unga tushunarli boʻlishi lozim.
65. Baʼzi bir hollarda bozor ijara haqi mavjud shartnoma shartlari asosida hisoblab chiqilishi mumkin.
4-bob. Bozor qiymatidan farqlanuvchi baholash bazalari
1-§. Adolatli qiymat
66. Adolatli qiymat deganda aktiv, aniq belgilangan va barcha zarur axborotga ega boʻlgan manfaatdor taraflar oʻrtasida ayriboshlanganda (mulk sotilganda yoki qarzdorlik hisobdan chiqarilganda) ushbu taraflarning manfaatlarini aks ettiradigan, hisoblab chiqiladigan-baholanadigan pul miqdori tushuniladi.
67. Adolatli qiymatni aniqlash qatʼiy belgilangan taraflar oʻrtasida ushbu taraflarning har biri bitimdan koʻradigan afzalliklari yoki salbiy tomonlarini hisobga olganda adolatli boʻladigan xuddi shunday pul miqdorini baholashni talab qiladi.
Bunda, bozor qiymatini aniqlashda, qoida tariqasida, umumiy hisobda bozor ishtirokchilariga xos boʻlmaydigan yoki ular foydalana olmaydigan barcha afzalliklar yoxud salbiy holatlar hisobga olinmaydi.
Adolatli qiymat bozor qiymatiga qaraganda ancha kengroq tushuncha boʻlib, garchi taraflar oʻrtasidagi bitimda adolatli boʻlgan baho bozorda olish mumkin boʻlgan bahoga teng boʻlsa-da, shunga qaramay, shunday vaziyatlar yuzaga kelishi mumkinki, adolatli qiymatni aniqlashda bozor qiymatini aniqlashda eʼtiborga olinmaydigan jihatlar, masalan, moddiy manfaatdorlikni uygʻunlashtirganda yuzaga keladigan sinergetik qiymatning baʼzi bir jihatlari eʼtiborga olinishi zarur boʻladi.
2-§. Investitsiya qiymati
68. Investitsiya qiymati deganda aktivning aniq egasi yoki potensial egasi uchun ularning xususiy investitsiyaviy yoki operatsion (xoʻjalik) maqsadlari hisobga olinadigan qiymat tushuniladi.
69. Investitsiya qiymati subyektiv oʻziga xos baholash bazasi boʻlib, aktiv qiymati uning egasi uchun uni boshqa tarafga sotganda olish mumkin boʻlgan miqdorga teng boʻlsa-da, ushbu baholash bazasida iqtisodiy subyekt aktivga egalik qilishdan va tegishlicha aktiv bilan hech qanday almashuv moʻljallanmasdan olishi mumkin boʻlgan foydalar aks ettiriladi.
70. Investitsiya qiymatida iqtisodiy subyektning moliyaviy ahvoli va baholashni bajarishdan moliyaviy maqsadlari aks ettiriladi. Bu qiymatdan koʻpincha investitsiyalar samaradorligini aniqlash uchun foydalaniladi.
3-§. Sinergetik qiymat
71. Sinergetik qiymat ikki va undan ortiq aktivlar yoki ishtirokchilikdagi ulushlarning birlashtirilishi natijasida qiymatning umumiy yigʻindisi summasi ularning alohida-alohida olingan qiymatlari summasidan ortiq boʻlib chiqqanda hosil boʻladi.
72. Faqat aniq xaridor sinergik samarani qoʻlga kiritsa, sinergik qiymat bozor qiymatidan farqlanadi, chunki sinergik qiymatda aktivning faqat aniq xaridor uchun qimmatga ega boʻlgan aniq tavsiflari aks etadi.
4-§. Tugatish qiymati
73. Tugatish qiymati deganda aktiv yoki aktivlar guruhini qismlarga boʻlib-boʻlib sotib yuborganda olinishi mumkin boʻlgan summa tushuniladi. Tugatish qiymatida aktivlarni sotishga tayyorlash xarajatlari hamda sotish boʻyicha xarajatlarini hisobga olish kerak.
74. Tugatish qiymatini baholashni oʻtkazishning quyidagi shart-sharoitlaridan foydalanib aniqlash mumkin:
qoida tariqasidagi marketing davridagi tartibga solingan bitim;
marketing davri qisqartiriladigan majburiy bitim.
Baholovchi baholashni oʻtkazishning moʻljallanayotgan shart-sharoitlarini koʻrsatishi shart.
5-§. Yoʻq qilish qiymati
75. Yoʻq qilish qiymati deganda baholash obyektining uni tashkil etgan materiallarning bozor qiymatiga teng qiymati tushuniladi.
Bu qiymat yalpi yoki sof qiymat (sotish xarajatlarini chegirgan holda) tarzida ifodalanishi mumkin.
6-§. Almashtirishning qoldiq qiymati
76. Almashtirishning qoldiq qiymati deganda baholash obyektiga oʻxshash obyektni yaratishga ketgan xarajatlarning baholashni oʻtkazish sanasida mavjud bozor narxlaridagi baholash obyektining eskirishini hisobga oluvchi qiymati tushuniladi.
7-§. Takror ishlab chiqarish qoldiq qiymati
77. Takror ishlab chiqarish qoldiq qiymati deganda baholash obyekti bilan bir xil obyektni bir xil materiallar va bir xil texnologiyalardan foydalangan holda yaratishga sarflanadigan, baholashni oʻtkazish sanasida mavjud bozor narxlarida oʻlchanadigan, baholash obyektining eskirishini hisobga oluvchi xarajatlar summasi tushuniladi.
8-§. Maxsus qiymat
78. Maxsus qiymat bozor qiymatidan ortiq summa boʻlib, faqat maxsus xaridor (alohida manfaatga ega boʻlgan) uchun qiymatga ega boʻlgan aktivlarning muayyan tavsiflarini aks ettiradigan qiymat tushuniladi.
9-§. Sugʻurtaga oid qiymat
79. Sugʻurtaga oid qiymati deganda mulkning shartnoma yoki sugʻurta polisi qoidasida nazarda tutiladigan qiymati tushuniladi. Bunda shartnoma yoki sugʻurta polisi imzolangan kundagi sugʻurta maqsadlari uchun mulkning haqiqiy qiymati aniqlanadi.
10-§. Soliqqa oid qiymat
80. Soliqqa oid qiymat deganda amaldagi soliq qonunchiligi asosida hisoblab chiqiladigan qiymat tushuniladi.
81. Bozor qiymatidan farqlanuvchi baholash bazalari asosida bajarilgan barcha baholash natijalari har xil farazlarni talab qiladiki, ular baholovchi tomonidan aniq identifikatsiya qilinishi va baholash haqidagi hisobotga kiritilishi lozim. Baʼzi bir vaziyatlarda baholashning tegishli muqobil bazasini taʼminlashning imkoni boʻlmaydi, bunday hollarda baholovchi baholashga oid vazifani oʻzgartirishi lozim boʻladi.
11-§. Baholash shart-sharoitlari
82. Baholash shart-sharoitlarida aktiv yoki majburiyatdan foydalanish shartlari (holatlari) aks ettiriladi. Turli baholash bazalari uchun alohida baholash shart-sharoitlari talab etilishi yoki ular bir nechta baholash shart-sharoitlarida koʻrib chiqilishi mumkin. Quyidagilar umumiy baholash shart-sharoitlari hisoblanadi:
eng samarali foydalanish;
joriy/mavjud foydalanish;
tartibga solingan tugatish (sotish);
majburiy sotish.
83. Eng samarali foydalanish deganda aktivdan foydalanishning shunday shakli tushuniladiki, bunda aktiv ishtirokchi nuqtai nazaridan aktivning eng yuqori qiymati taʼminlanadi. Eng samarali foydalanishning jismoniy imkoni boʻlishi (bu mezon oʻrinli boʻlganda), moliyaviy asoslangan, yuridik jihatdan yoʻl qoʻyiladigan boʻlishi va eng yuqori qiymatga olib kelishi shart. Agar bunday foydalanish turi joriy foydalanishdan farq qilsa, aktivni undan samaraliroq foydalaniladigan shakliga oʻtkazish xarajatlari uning qiymatiga taʼsir qiladi.
84. Eng samarali foydalanish turini aniqlash quyidagilarni nazarda tutadi:
aktivdan u yoki bu tarzda foydalanishning jismonan imkoni bor yoki yoʻqligini aniqlash, bunda ishtirokchilar oqilona deb tan oladigan foydalanishlar hisobga olinadi;
“yuridik jihatdan yoʻl qoʻyilishi” talabini hisobga olish uchun aktivdan foydalanishdagi har qanday cheklovlarni, masalan hududlar boʻyicha shaharsozlik taʼriflari/cheklovlarini, shuningdek bu cheklovlar kelgusida oʻzgarishi mumkinligini eʼtiborga olish kerak;
foydalanilish “moliyaviy asoslangan boʻlishi kerakligi” haqidagi talab jismonan mumkin boʻlgan va yuridik jihatdan yoʻl qoʻyilgan aktivdan muqobil foydalanish qoida tariqasidagi ishtirokchiga aktiv bunday muqobil foydalanishga oʻtkazilgan xarajatlar hisobga olingandan keyin, undan joriy foydalanishda oladiganidan yetarlicha yuqori foyda beradimi yoki yoʻqmi, shuni hisobga oladi.
85. Joriy/mavjud foydalanish deganda aktiv, majburiyat yoki aktivlar va/yoki majburiyatlar guruhlaridan hozirgi paytdagi foydalanish shakli tushuniladi. Joriy foydalanish aktivdan eng samarali foydalanish shakli ham boʻlishi mumkin, ammo bu majburiy emas.
86. Tartibga solingan tugatishda (sotishda) xaridor (xaridorlar)ni izlashga oqilona muddatlarni nazarda tutgan holda, tugatib sotib yuborish jarayonida sotilishi mumkin boʻlgan aktivlar guruhining qiymati koʻrsatiladi, bunda sotuvchi aktivni “mavjud holatida” va “joylashgan joyida” sotishga majbur boʻladi. Xaridor (xaridorlar)ni izlashga ajratilgan oqilona muddat aktiv turiga va bozor sharoitlariga qarab turlicha boʻlishi mumkin.
87. Majburiy sotish deganda quyida koʻrsatilgan barcha shartlarga rioya etganda aniq mulk uchun olish mumkin boʻlgan eng ehtimoliy narxni aks ettiradi:
sotishni qisqa muddatda tugatish;
aktiv baholash sanasida yoki bitim shartlarini bajarib tugatish shart boʻlgan muayyan vaqt davri mobaynida amalda boʻlgan bozor shartlari taʼsiriga mos kelib qoladi;
xaridor va sotuvchi oqilona oʻylab va xabardorlik asosida harakat qiladi;
sotuvchi sotishga majbur;
xaridorning bitim tuzishdan odatiy asosi bor;
har ikkala taraf oʻzlari uchun yaxshi boʻladigan tarzda harakat qiladi;
ekspozitsiyaga ajratilgan muddatning qisqaligi tufayli marketing oʻtkazishning oddiy choralarini qoʻllab boʻlmaydi;
toʻlov pul mablagʻlari bilan amalga oshiriladi.
12-§. Alohida iqtisodiy subyektlar uchun oʻziga xos omillar
88. Aksariyat baholash bazalari uchun faqat aniq xaridor yoki sotuvchiga xos boʻlgan hamda umuman boshqa ishtirokchilarga tatbiq etilmaydigan omillar bozor bahosini oʻtkazishda boshlangʻich maʼlumotlardan chiqarib tashlanadi.
89. Alohida iqtisodiy subyektlarga xos boʻlib, boshqalarga tatbiq etilmaydigan omillarga quyidagilar misol boʻladi:
oʻxshash aktivlar portfelini yaratish natijasida yuzaga kelgan qoʻshimcha qiymat yoki qiymatning pasayishi;
aktivning iqtisodiy subyektga tegishli boshqa aktivlar bilan betakror oʻzaro taʼsirlashuvi (sinergizmi);
faqat qaralayotgan iqtisodiy subyektga nisbatan qoʻllaniladigan yuridik huquqlar yoki cheklovlar;
qaralayotgan iqtisodiy subyektga qoʻllaniladigan soliq imtiyozlari yoki soliq solish majburiyatlari;
qaralayotgan iqtisodiy subyekt uchun istisno boʻlgan aktivdan foydalanish mumkinligi.
Agar baholashni oʻtkazishda qoʻllaniladigan baholash bazasining maqsadi aniq mulkdor uchun qiymatni (masalan, investitsiya qiymatini) aniqlash boʻlsa, aniq iqtisodiy subyekt uchun oʻziga xos boʻlgan omillar aktiv bahosida aks ettiriladi.
13-§. Farazlar va maxsus farazlar
90. Baholash bazasini koʻrsatish bilan birga, gipotetik almashish bitimida aktivning holatini yoki aktiv almashinuvi moʻljallanayotgan holatlarni aniqlashtirish uchun bitta yoki bir nechta farazlarni koʻrsatish zarur boʻladi. Bunday farazlar qiymatga jiddiy taʼsir koʻrsatishi mumkin.
91. Farazlar turlari quyidagi ikki toifaga ajratiladi:
qabul qilingan faktlar baholash sanasida mavjud faktlardan farqlanadi yoki mos kelishi mumkin;
qabul qilingan faktlar baholash sanasida haqiqatda mavjud boʻlgan faktlardan farq qiladi.
92. Baholash sanasida mavjud faktlardan farqlanadigan yoki mos kelishi mumkin boʻlgan faktlar bilan bogʻliq farazlar baholovchi bajargan tekshiruvlar yoki soʻrovlar hajmining cheklanganligi oqibati boʻlishi mumkin.
93. Agar baholash sanasida qabul qilingan faktlar haqiqiy mavjud faktlardan farq qilsa, ular maxsus farazlar deb ataladi.
Maxsus farazlardan koʻpincha yuzaga kelishi mumkin boʻlgan oʻzgarishlarning aktiv qiymatiga taʼsirini koʻrsatish uchun foydalaniladi. Ular, baho foydalanuvchisiga, joriy vaziyatlarning oʻzgarishiga bogʻliqligini yoki u baholash sanasida ishtirokchilar qoʻshilmagan fikrni aks ettirishini taʼkidlash uchun koʻrsatiladi.
Bunday farazlarga quyidagilar misol boʻladi:
koʻchmas mulk ijara majburiyatlari yuklatilmagan toʻliq mulk huquqida ekanligi;
taklif etilayotgan bino qurilishi baholash sanasida haqiqatda tugallanganligi;
garchi aniq shartnoma haqiqatda hali tuzilmagan boʻlsa-da, baholash sanasida u mavjud boʻlganligi;
moliyaviy vosita ishtirokchi foydalanishi taxmin qilinadigan daromadlilik egri chizigʻidan foydalangan holda baholanayotgani.
94. Barcha farazlar va maxsus farazlar asoslangan, tegishli dalillar bilan mustahkamlangan hamda baholash maqsadidan kelib chiqib dolzarb boʻlishi lozim.
VI BOʻLIM. BAHOLASh YoNDAShUVLARI VA USULLARI (6-SON MBS)
1-bob. Umumiy qoidalar
95. Baholovchilar mazkur Standartni qoʻllashda kerakli yondashuv va usullarni tanlash uchun javobgar hisoblanadi.
96. Baholashga yondashuv umumiy metodologiya bilan birlashtirilgan baholash usullari yigʻindisidan iborat. Baholash usullari baholash obyekti qiymatini mazkur usullar uchun muhim boʻlgan axborot asosida baholashga yondashuvlarning bittasi doirasida aniqlash imkonini beradigan tartib-taomillar ketma-ketligidir.
97. Baholash yondashuvlari quyidagilardan iborat:
qiyosiy yondashuv;
daromad yondashuvi;
xarajat yondashuvi.
Baholash yondashuvlarining har biri turli qoʻllanilish usullariga ega.
98. Aktivni baholashda baholash yondashuvi va usullarini tanlashdan koʻzlangan maqsad aniq holatlarda foydalanish uchun eng mos keladigan usulni topishdan iborat. Baholash usullaridan birortasi ham barcha vaziyatlarda qoʻllash uchun mos kelmasligi mumkin. Ularni tanlashda quyidagilarni hisobga olish kerak:
baholashga oid vazifa shartlari va maqsadlariga muvofiq tegishli baholash bazasi va baholash shart-sharoitlari;
baholashga qoʻllasa boʻladigan yondashuvlar va usullarning nisbatan kuchli va zaif tomonlari;
aktiv, yondashuv yoki usullarning tabiatini hisobga olgan holda tegishli bozor ishtirokchilari qoʻllaydigan har bir usulning maqsadga muvofiqligi;
usulni qoʻllash uchun zarur boʻlgan ishonchli axborotning borligi.
99. Baholovchi har bir baholash yondashuvi doirasida aniq baholash usullarini oʻzi mustaqil belgilash huquqiga ega. Baholash usullarini tanlashda u yoki bu usulni qoʻllash uchun ochiq boʻlgan axborotning yetarliligi va ishonchliligi hisobga olinadi.
100. Agar baholovchi baholashga oid vazifa shartlarini eʼtiborga olganda yagona baholash usulining aniqliligi va ishonchliligiga amin boʻlsa, qiymatni baholashning bittadan koʻp usulidan foydalanishiga zarurat boʻlmaydi. Shunga qaramay, baholovchi baholashga bir nechta yondashuv va baholash usullarini hamda obyektiv xulosa olish maqsadida yagona usulni qoʻllash uchun yetarli miqdorda haqiqiy yoki bozorga xos boʻlgan boshlangʻich maʼlumotlar boʻlmaganda qiymat koʻrsatkichini olish uchun ulardan foydalanish mumkinligini hisobga olishi kerak.
Agar bittadan ortiq baholash yondashuvi va usulidan yoki bitta yondashuv doirasida bir nechta usuldan foydalanilsa, bunday yondashuvlar va/yoki usullar yordamida olingan baholash haqidagi xulosa asoslangan boʻlishi, turli baholarni tahlil qilish va yakuniy natijaga keltirish jarayonini esa hisobotda bayon etilgan boʻlishi kerak.
101. Agar baholashda turli yondashuvlar va/yoki baholash usullaridan foydalangan holda qiymat koʻrsatkichlarida jiddiy farqlanishlar olinsa, baholovchi qiymat koʻrsatkichlari nima uchun bunday farqlanayotganini tushunish uchun tahlil olib borishi kerak, chunki, qoida tariqasida, bitta yoki ikkita farqlanayotgan qiymat koʻrsatkichini oddiygina (arifmetik) oʻlchash maqsadga muvofiq boʻlmaydi.
Bunday hollarda baholovchi qoʻllanilgan yondashuvlar/usullardan birortasi qiymatning munosibroq yoki ishonchliroq koʻrsatkichini olishni qanchalik taʼminlay olishi masalasini hal qilish uchun mazkur Standartning 100-bandi ikkinchi xatboshisi talablarini hisobga olishi kerak.
2-bob. Baholash yondashuvlarini qoʻllash
1-§. Qiyosiy yondashuv
102. Qiyosiy yondashuv deganda aktiv qiymatini baholashning baholanayotgan aktivni analog aktivlar bilan tuziladigan bitim yoki taklif narxlari haqida axborot mavjud boʻlganda shunday aktiv bilan qiyoslashga asoslangan usullari yigʻindisi tushuniladi. Qiyosiy yondashuv almashtirish prinsipiga asoslanadi.
103. Qiyosiy yondashuv usullari taqqoslanuvchi baholash obyektlarining faol bozori mavjud boʻlganda samarali boʻlib, obyektning haqiqatan ham bozor qiymati haqida tasavvur beradi.
104. Qiyosiy yondashuvni quyidagi holatlar mavjud boʻlganda qoʻllash va uning salmogʻini koʻtarish kerak boʻladi:
baholanayotgan aktiv baholashda qoʻllanilayotgan baholash bazasi nuqtai nazardan eʼtiborga olish mumkin boʻlgan yaqinda tuzilgan bitimda sotilganda;
baholanayotgan aktiv yoki mohiyatiga koʻra unga oʻxshash aktivlar bozorda koʻplab sotilsa;
mohiyatiga koʻra oʻxshash aktivlar bilan yaqinda amalga oshirilgan bitimlar mavjud boʻlsa.
105. Koʻpchilik aktivlarning turli xilligi, ayrim hollarda bir xil yoki oʻxshash aktivlar bilan bitimlar haqidagi bozor maʼlumotlarini topish imkonini bermaydi. Qiyosiy yondashuvdan foydalanilmasdan, boshqa yondashuvlar qoʻllanilganida ham dastlabki bozor maʼlumotlaridan yuqori darajada foydalanilishi kerak.
106. Qiyoslanuvchi bozor axboroti xuddi shunday yoki mohiyatiga koʻra xuddi shunday aktivlarga tegishli boʻlmaganda, baholovchi baholanayotgan va qiyoslanayotgan aktivlar oʻrtasidagi sifat va miqdoriy oʻxshashlik hamda farqlarni qiyosiy tahlil qilishi lozim. Bunda tegishli axborotga qiyosiy tahlil natijalarini hisobga olib tuzatishlar kiritish hamda baholovchi tomonidan tuzatishlar kiritish sabablari hujjatlashtirilib qoʻyilishi, miqdoriy bahoni qanday berganligini tushuntirib berishi lozim.
107. Qiyosiy yondashuvni qoʻllaganda asosiy talab qiyoslash obyektini (analogni) toʻgʻri tanlash hisoblanadi. Qiyoslash obyekti baholanayotgan obyekt bilan nafaqat funksional, balki klassifikatsion oʻxshashlikka ega boʻlishi, yaʼni baholanayotgan aktiv va qiyoslash obyekti vazifasi hamda eng asosiy narxni hosil qiluvchi parametrlari qiymatlari boʻyicha bitta klassifikatsion guruhga mansub boʻlishi zarur.
108. Qiyosiy yondashuvda koʻpincha taqqoslanuvchi obyektlar tanlanmasidan olinadigan bozor multipikatorlaridan foydalanishga toʻgʻri keladi, ularning har biriga oʻz multiplikator qiymati xos boʻladi. Mavjud qiymatlar ichidan munosib multiplikatorni tanlashda sifat va miqdoriy omillarni eʼtiborga oladigan asoslashni taqozo etadi.
109. Aktiv qiymatini qiyosiy yondashuv orqali baholashda quyidagi asosiy usullardan foydalaniladi:
taqqoslanuvchi bitim usuli;
kapital bozori (analog-kompaniya) usuli.
110. Qiymat koʻrsatkichini olish uchun taqqoslanuvchi bitimlar usuli qoʻllanilganda baholanayotgan aktivga oʻxshash yoki xuddi shunday aktivlar bilan bitimlar haqidagi axborotdan foydalaniladi. Agar taqqoslanuvchi bitimda baholanayotgan aktiv ishtirok etsa, bu usul “oldingi bitimlar usuli” deb ataladi.
111. Agar yaqin orada haqiqatda bir nechtagina bitimlar tuzilishi amalga oshirilgan boʻlsa, baholovchi bir xil yoki oʻxshash aktivlarga nisbatan taklif bahosini eʼtiborga olishi mumkin, faqat tegishli axborotning oʻrinliligi aniqlanishi, tahlil qilinishi va hujjatlar bilan tasdiqlanishi shart.
Bunday tahlil qiymat koʻrsatkichini ishlab chiqishda yagona manba sifatida qoʻllanilmaydi, bundan boshqa usullar bilan birga qoʻllaniladigan hollar mustasno. Sotib olish yoki sotish haqida takliflarni tahlil qilganda, narxga oid dalillar/taklif narxlari salmogʻida koʻrsatilgan narxlarga bogʻliq majburiyatlar darajasini va qaralayotgan taklif bozorda qancha uzoq vaqt turgani hisobga olinishi kerak.
Masalan, aktivni eʼlon qilingan narxda sotib olish yoki sotish boʻyicha majburiyatdan iborat boʻlgan taklifga bunday qatʼiy majburiyatni nazarda tutmasdan aytilgan narx taklifiga qaraganda kattaroq salmoq berish kerak.
112. Taqqoslanuvchi bitimlar usulini qoʻllaganda baholash obyekti parametrlarini qiyosiy tahlil qilishning turli xil natijalaridan, shuningdek taqqoslash uchun baza boʻlib xizmat qiladigan “taqqoslash birligi” parametrlaridan foydalanish mumkin. Bularga quyidagilar kiritilishi mumkin:
kvadrat metr bahosi ― koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlarni koʻrib chiqishda kvadrat metr bahosi taqqoslash birliklaridan biri sifatida qaraladi, bunda bir kvadrat metr uchun ijara haqi hamda kapitallashtirish stavkalari aniqlanadi;
soliqlarni, foizlarni va moddiy va nomoddiy aktivlar amortizatsiyasini chegirgungacha boʻlgan foyda (bundan buyon matnda EBITDA deb yuritiladi) multiplikatorlari, narx/foyda multiplikatori, narx/tushum multiplikatori va narx/balans qiymati multiplikatori ― biznesni baholashda qoʻllaniladigan taqqoslash birliklaridan biri hisoblanadi;
daromadlilik va foiz stavkalari sperdlari (foiz stavkasidan yuqori marja) ― moliyaviy vositalarni baholashda qoʻllaniladigan taqqoslash birliklari hisoblanadi.
Foydalaniladigan taqqoslash birliklari bir-biridan aktiv mansub boʻlgan guruh, tarmoq va mintaqaga bogʻliq holda farq qilishi mumkin.
113. Taqqoslanuvchi bitimlar usulini qoʻllash quyidagi asosiy bosqichlarda amalga oshiriladi:
tegishli bozorda ishtirokchilar foydalanadigan taqqoslash birliklarini aniqlash;
zarur taqqoslanuvchi bitimlarni aniqlash va asosiy (salmoqli) baholash koʻrsatkichlarini, shu jumladan, ushbu bitimlar boʻyicha multiplikatorlarni hisoblash;
taqqoslanuvchi aktivlar va baholanayotgan aktivlar oʻrtasidagi sifat va miqdoriy oʻxshashliklar va farqlarni izchil qiyosiy tahlil qilish;
baholanayotgan aktiv bilan taqqoslanuvchi aktivlar oʻrtasida farqlarni aks ettirish uchun baholash koʻrsatkichlariga zarurat boʻlgan hollarda tuzatishlar kiritish;
baholanayotgan aktivga tuzatilgan baholash koʻrsatkichlarini qoʻllash;
agar bir nechta baholash koʻrsatkichlaridan foydalanilgan boʻlsa, olingan qiymat koʻrsatkichlarini kelishish.
114. Baholovchi taqqoslanuvchi bitimlarni quyidagilarni hisobga olgan holda tanlashi kerak:
bir nechta bitimlar boʻyicha maʼlumotlar, qoida tariqasida, bir martalik bitim yoki hodisaga qaraganda samarali hisoblanadi;
juda oʻxshash aktivlar bilan tuzilgan bitimlar, haqiqiy sotish bahosi mazkur bitimda jiddiy tuzatishlarni talab qiladigan aktivlarga qaraganda yaxshiroq koʻrsatkichni beradi;
baholash sanasiga yaqinroq amalga oshiriladigan bitimlar uzoqroq muddatlarda, ayniqsa beqaror bozorlarda amalga oshiriladigan bitimlarga qaraganda ishonchlirok buladi;
bitimlar erkin bozor shartlarida oʻzaro bir-biriga bogʻliq boʻlmagan taraflar ishtirokida sodir etilgan boʻlsa, bunday bitimlar baholash maksadlarida koʻproq toʻgʻri keladi;
baholovchida taqqoslanuvchi aktiv tavsifini chuqurroq tushunish va baholash koʻrsatkichlarini tahlil qilish imkoniyati boʻlishi uchun, bitim haqidagi tegishli axborotdan foydalanish mumkin boʻlishi kerak;
taqqoslanuvchi bitimlar haqidagi axborotni ishonchli va eʼtiborga molik manbadan olish kerak;
amalga oshirilgan bitimlar, moʻljallanayotgan bitimlarga (taklif narxiga) qaraganda ishonchliroq boʻladi.
115. Baholovchi taqqoslanuvchi bitimlar/takliflar narxlari bilan baholanayotgan aktiv oʻrtasidagi har qanday jiddiy farqlarni tahlil qilishi va tuzatishlar kiritib borishi kerak. Tuzatishlar talab etiladigan eng koʻp tarqalgan farqlar quyidagilardan iborat:
muhim tavsiflar (oʻlchami, tuzilishi va shunga oʻxshash boshqa xususiyatlari);
baholanayotgan aktiv yoki taqqoslanuvchi aktivlarga qoʻyilgan tegishli cheklovlar;
geografik oʻrni (aktivning joylashgan joyi va/yoki aktiv bilan bitim amalga oshirilishi mumkin boʻlgan yoki undan foydalanadigan joy) hamda tegishli iqtisodiy va huquqiy muhit;
aktivlar rentabelligi yoki foydaliligi;
tarixiy yoki kutilayotgan oʻsish;
daromadlilik darajasi/kupon boʻyicha foiz stavkalari;
taʼminot turlari;
taqqoslanuvchi bitimlarni tuzishdagi noodatiy shartlar;
taqqoslanuvchi aktiv va baholanayotgan aktivga nisbatan likvidlilik va nazorat darajasi bilan bogʻliq farqlar;
mulkchilik tavsiflari (masalan, egalik qilishning huquqiy shakli, egalik qilishning foiz ifodasidagi ulushi);
taqqoslanuvchi aktivlar taklif narxlari va sodir etilgan bitimlar narxlari.
116. Kapital bozori (analog-kompaniya) usuli taqqoslash uchun baza sifatida baholanayotgan aktivga oʻxshash yoki xuddi shunday ommaviy sotiladigan taqqoslanuvchi aktivlar haqidagi axborotdan foydalanishni nazarda tutadi.
Kapital bozori usuli taqqoslanuvchi bitimlar usuliga oʻxshash boʻlib, ayrim farqlari bundan mustasno, ular ochiq bozorda savdo qilinadigan taqqoslanuvchi aktivlarga bogʻliq boʻladi. Quyidagilar kapital bozori usulining taqqoslanayotgan aktivlarning ochiq bozorda sotilishi bilan bogʻliq farqli jihatlari hisoblanadi:
faqat baholash sanasidagi qiymat bahosi koʻrsatkichlaridan foydalanish mumkin;
taqqoslanuvchi aktivlar haqidagi bunday axborotdan ochiq foydalanish mumkin;
ochiq foydalaniladigan axborot buxgalteriya hisobi standartlarini hisobga olgan holda tayyorlanadi.
117. Kapital bozori usulidan, baholanayotgan aktiv ochiq bozorda sotiladigan analog-obyektga juda oʻxshash boʻlgandagina foydalanish mumkin, bu ularning toʻgʻri taqqoslanishini taʼminlaydi.
118. Kapital bozori usulini qoʻllash quyidagi asosiy bosqichlarda amalga oshiriladi:
tegishli bozorda ishtirokchilar qoʻllaydigan baholashning solishtirma koʻrsatkichlarini/taqqoslanuvchan maʼlumotlarni belgilash;
baholash maqsadiga qarab ochiq bozorda sotiladigan analog-obyektlarni tanlash hamda ular bilan bitimlarda belgilangan asosiy baholash koʻrsatkichlarini (multiplikatorlarni) hisoblab chiqish;
bozorda sotiladigan analog-obyektlar bilan baholanayotgan aktiv oʻrtasidagi sifat va miqdoriy oʻxshashliklar hamda farqlarni izchil qiyosiy tahlil qilish;
zarur boʻlganda, baholanayotgan obyekt bilan ochiq bozorda sotiladigan analog-obyektlar oʻrtasidagi farqlarni hisobga olish maqsadida hisoblab chiqilgan baholash koʻrsatkichlariga tuzatishlar kiritish;
tuzatilgan baholash koʻrsatkichlarini baholanayotgan aktivga qoʻllash;
agar bir nechta baholash koʻrsatkichlaridan foydalanilgan boʻlsa, har bir holatda olingan qiymat koʻrsatkichlarini (baholash natijalarini) kelishish.
119. Baholovchi ochiq bozorda sotiladigan analog-obyektlarni quyidagilarni hisobga olib tanlashi kerak:
ochiq bozorda sotiladigan bir nechta analog-obyektlardan foydalanish bitta analog-obyektdan foydalanishga qaraganda afzalroq;
ochiq bozorda sotiladigan oʻxshash obyektlar asosida olingan dalillar (masalan, oʻxshash bozor boʻgʻini, tushumlar hajmi, oʻsish surʼatlari, rentabellik koeffitsiyentlari, qarz kapitalidan foydalanish, likvidlilik va diversifikatsiya) jiddiy tuzatishlarga muhtoj taqqoslanuvchi analoglarga qaraganda yaxshiroq koʻrsatkichlarni olish imkonini beradi;
faol sotilayotgan qimmatli qozogʻlar sust aylanayotgan qimmatli qogʻozlarga qaraganda muhimroq maʼlumotlarni beradi.
120. Baholovchi foydalanilgan ochiq bozorda sotiladigan analog-obyektlar bilan baholanayotgan obyekt oʻrtasidagi har qanday jiddiy farqlarni tahlil qilishi va tegishli tuzatishlar kiritishi lozim. Tuzatishni talab qiladigan keng tarqalgan farqlarga quyidagilar misol boʻlishi mumkin:
muhim tavsiflar (oʻlchami, tuzilishi va shunga oʻxshash boshqa xususiyatlari);
tegishli chegirmalar va mukofotlar;
baholanayotgan yoki taqqoslanuvchi obyektlarga nisbatan tegishli cheklovlar;
tahlil qilinayotgan obyektning geografik joylashuvi hamda tegishli iqtisodiy va huquqiy muhit;
aktivlar rentabelligi yoki daromadliligi;
tarixiy va kutilayotgan oʻsish;
taqqoslanayotgan va baholanayotgan aktiv likvidliligi hamda nazorat tavsiflari bilan bogʻliq farqlar;
mulkchilik shakli.
121. Qiyosiy yondashuvda anolog-obyektlarga tuzatishlar kiritish baholanayotgan aktiv bilan amalga oshirilgan bitimlar yoki bozorda aylanayotgan qimmatli qogʻozlar oʻrtasidagi farqlarni hisobga olish maqsadida amalga oshiriladi. Qiyosiy yondashuvdan foydalanganda anolog-obyektlarga kiritilayotgan odatiy tuzatishlarning asosiysi ― bu chegirmalar va mukofotlar hisoblanadi.
122. Cheklangan likvidlilik uchun chegirma (DLOM) taqqoslanuvchi analoglar baholanayotgan aktivga nisbatan yuqoriroq bozor likvidliligiga ega deb hisoblanganda qoʻllaniladi.
Cheklangan likvidlilik uchun chegirma (DLOM) bir qarashda bir xil koʻringan aktivni taqqoslaganda oson sotiladigan aktiv sotilishi qiyinroq yoki sotishga cheklovlari koʻproq boʻlgan aktivga qaraganda koʻproq qiymatga egaligi haqidagi umumiy tasavvurni aks ettiradi.
Masalan, bozorda aylanayotgan qimmatli qogʻozlarni deyarli bir vaqtning oʻzida sotib olish va sotish mumkin, vaholanki xususiy kompaniya aktiyalari uchun xaridorlarni topish va bitim tuzish uchun koʻp vaqt talab etilishi mumkin. Koʻpchilik baholash bazalari baholanayotgan aktivga tegishli realizatsiya cheklovlari masalasini hal qilishga imkon bersa-da, ammo faqat aniq mulkdorgagina xos boʻlgan cheklovlar masalasini koʻrib chiqishni taqiqlaydi.
123. Nazorat paketlari borligi uchun mukofotlar (ustamalar) taqqoslanuvchi analog bilan qaralayotgan aktiv oʻrtasidagi uning qarorlar qabul qilishga taʼsiri borasidagi farqini aks ettirish hamda nazoratni amalga oshirish natijasida obyekt/kompaniya faoliyatiga oʻzgartirishlar kiritish uchun qoʻllaniladi.
Ishtirokchilar, qoida tariqasida, baholanayotgan aktivni nazorat qilmaslikdan koʻra uni nazorat qilishni afzal koʻradilar. Shunga qaramay, ishtirokchilarning nazorat borligi uchun haq toʻlashga yoki nazoratning yoʻqligi uchun chegirma qilishga tayyorligi, ushbu aktiv egasi uchun iqtisodiy foydani haqiqatan ham oshirish koʻrsatkichi boʻlib xizmat qiladi.
Nazorat borligi uchun mukofot yoki nazorat yoʻqligi uchun chegirmalar har qanday oqilona usuldan foydalangan holda hisoblab chiqilishi mumkin. Biroq, qoida tariqasida, pul oqimlari koʻpayishining aniq natijalarini yoki nazorat qilinganda xavf-xatarning kamayishini tahlil qilish asosida yoxud qimmatli qogʻozlar bozorida aylanayotgan nazorat paketi uchun toʻlanadigan haqiqiy narxlarni bunday bitim eʼlon qilinishidan oldingi bozordagi narx bilan taqqoslash asosida hisoblanadi.
124. Baholanayotgan aktiv bozorda aylanadigan aksiyalar paketi uning egasi bunday paketni ochiq bozorda unda berilayotgan narxga salbiy taʼsir koʻrsatmagan holda tez sotib yubora olmaydigan darajada katta boʻlganda, baʼzan bloklovchi chegirmalardan foydalaniladi.
Bloklovchi chegirmalarga har qanday oqilona usuldan foydalangan holda miqdoriy baho berish mumkin, biroq, qoida tariqasida, ishtirokchi sotilishi moʻljallangan aksiyalarni bozorda berilayotgan narxga salbiy taʼsir koʻrsatmasdan sotib yuborishi (yaʼni, qimmatli qogʻozlarning bir kunlik odatiy savdolar hajmini tashkil qiladigan qismiga nisbatan kamroq qismini sotish) mumkin boʻlgan muddatni hisobga oladigan modeldan foydalaniladi.
2-§. Daromad yondashuvi
125. Daromad yondashuvi baholash obyekti qiymatini, baholash obyektidan kelgusida kutilayotgan daromadlarni yagona joriy kiymatga keltirish orkali baholshni nazarda tutadi. Daromad yondashuvidan foydalanilganda, aktiv qiymati undan foydalanish okibatida keladigan daromadlar yoki pul oqimlari yoxud tejaladigan xarajatlarning qiymati bilan belgilanadi.
126. Daromad yondashuvi quyidagi holatlar mavjud boʻlganda qoʻllanilishi va uning salmogʻini koʻtarish kerak:
aktivning daromad keltirish mumkinligi, uning qiymatiga taʼsir koʻrsatadigan eng muhim omildir;
baholanayotgan aktivga nisbatan boʻlajak daromad olish summasi xamda muddatlarini ishonchli prognoz qilish mumkinligi va ayni vaqtda bozorda oʻxshash analog-obyektlar soni koʻp emasligi (agar mavjud boʻlsa).
127. Daromad yondashuvida eng muxim omil investorlarning oʻz sarmoyalaridan daromad/samara kutishlari boʻlib, bunda daromad olishda sarmoyalar boʻyicha aniqlangan tavakkalchilik darajalarini hisobga olishlari kerak boʻladi.
128. Baholash obyekti qiymatini daromad yondashuvi bilan baholash uchun baholovchi baholash obyektidan kutilayotgan daromadni baholash sanasidagi yagona qiymat birligiga aylantirishga asoslangan quyidagi usullarning biridan foydalanadi:
pul oqimlarini diskontlash usuli (bundan buyon matnda POD usuli deb yuritiladi) ― baholash obyekti qiymati baholash sanasi holatiga, prognoz va prognozdan keyingi davrlardagi (davrning oxiridagi) pul oqimlarining joriy qiymatlarini qoʻshish yoʻli bilan aniqlashga asoslanadi;
daromadni kapitallashtirish usuli ― baholash obyekti qiymati yagona davrdagi daromad miqdorini ushbu daromadga mos keladigan kapitallashtirish stavkasiga boʻlish orqali aniqlanadi.
129. POD usuli pul oqimlari beqaror boʻlgan obyektlarni baholash uchun qoʻllaniladi.
130. POD usuliga muvofiq prognozlanayotgan kelajakdagi pul oqimlari baholash sanasiga kadar diskontlanadi va buning natijasida aktivning joriy qiymati aniklanadi.
131. Quyidagilar POD usulini qoʻllashning asosiy yoʻnalishlari hisoblanadi:
baholanayotgan aktivning va uni baholashning xususiyatlarini hisobga olgan holda pul oqimining eng munosib turini tanlash, yaʼni real yoki nominal pul oqimlari, soliqlar toʻlangunga qadar yoki soliqlar toʻlangandan keyingi pul oqimlari, xususiy kapital uchun yoxud investitsiyalangan kapital uchun pul oqimlari va h.k.;
pul oqimi prognoz davrining davom etish muddatini aniqlash;
pul oqimi prognoz davri mobaynidagi pul oqimi prognozini tayyorlash;
belgilangan prognoz davri tugagandan soʻng, baholanayotgan aktiv uchun prognozdan keyingi qiymatni (bundan buyon matnda terminal qiymat deb yuritiladi) aniqlash zarurati boʻlsa, baholanayotgan aktivning xususiyatlarini inobatga olgan holda tegishli terminal qiymatni aniqlash;
tegishli diskontlash stavkasini aniqlash;
diskontlash stavkasini, zarur boʻlganda terminal qiymatini ham hisobga olgan holda prognozlanayotgan boʻlgʻusi pul oqimiga qoʻllash.
132. Aktiv yoki uni baholash xususiyatini hisobga olgan holda tegishli pul oqimi turini tanlashda baholovchi quyidagi omillarni eʼtiborga olishi lozim:
yaxlit aktiv yoki uning ulushiga toʻgʻri keluvchi pul oqimi, qoida tariqasida, yaxlit aktivga toʻgʻri keluvchi pul oqimidan foydalaniladi. Baʼzan xususiy kapital uchun pul oqimi yoki dividendlar kabi daromadning boshqa turlaridan ham foydalanilishi mumkin;
pul oqimlari soliq toʻlagunga qadar yoki soliq toʻlangandan keyingi pul oqimlari koʻrinishida boʻlishi mumkin, bunda qoʻllaniladigan soliq stavkasining baholash bazasiga muvofiqligini taʼminlash kerak boʻladi va koʻp hollarda bunday stavka aniq mulkdor uchun soliq stavkasi emas, balki ishtirokchilarga xos soliq stavkasi boʻladi;
real yoki nominal stavkalar, real pul oqimida inflatsiya hisobga olinmaydi, nominal pul oqimida esa, inflatsiyani hisobga olinadi. Agar kutilayotgan pul oqimi inflatsiyani hisobga olsa, diskontlash stavkasi xuddi shunday inflatsiya darajasini oʻz ichiga olishi lozim;
valyuta baholashda qoʻllaniladigan valyutani tanlash inflatsiya va tavakkalchilikka bogʻliq farazlarga taʼsir koʻrsatishi mumkin.
prognozni tashkil etuvchi pul oqimlari turi, masalan, pul oqimi prognozi, ehtimolligi boʻyicha turli ssenariylarning oʻrtacha tortilgan darajasidagi pul oqimlarini, yuqori ehtimolli pul oqimlarini, shartnomaviy pul oqimlarini va boshqa shu kabi pul oqimlarini aks ettirishi mumkin.
Diskontlash stavkasi va baholashda qoʻllaniladigan boshqa koʻrsatkichlar tanlangan pul oqimi turiga mos kelishi kerak.
133. Prognoz davrini tanlash mezonlari baholash maqsadiga, aktivning oʻziga xos xususiyatiga, mavjud axborotga va talab etiladigan baholash bazalariga bogʻliq boʻladi. Foydalanish muddati katta boʻlmagan aktivlar boʻyicha esa, pul oqimlarini ulardan foydalanishning butun muddati mobaynida prognozlash mumkin.
134. Prognoz davrini tanlashda baholovchilar quyidagi omillarni hisobga olishlari kerak:
aktivdan foydalanish muddati;
prognoz uchun asos boʻladigan ishonchli axborot mavjud boʻlgan muddat;
aktivning va undan koʻriladigan foydaning barqaror oʻsishiga erishish uchun yetarli boʻlgan, undan keyin terminal qiymatni qoʻllash mumkin boʻlgan eng kam prognoz davri;
davriy aktivlarni baholashda belgilanadigan prognoz davri, qoida tariqasida, imkon boricha butun davrni oʻz ichiga olishi lozim;
unumli foydalanish muddati cheklangan aktivlar uchun pul oqimi, qoida tariqasida, ushbu aktivdan toʻliq foydalanish muddati davomida prognoz qilinadi.
135. Prognoz qilinadigan pul oqimida baholanayotgan aktivga bogʻliq barcha boʻlajak tushumlar va pul mablagʻlari sarflarining hajmi va muddatlari, tegishli baholash bazasidan kelib chiqqan holda, hisobga olinishi kerak.
136. Qoida tariqasida, prognoz qilinadigan pul oqimida quyidagilardan bittasi aks ettiriladi:
shartnomada belgilangan va kelishilgan pul oqimi;
yuqori ehtimolli pul oqimi;
turli ehtimolliklarda kutilayotgan oʻrtacha tortilgan pul oqimi;
boʻlajak pul oqimlarining bir nechta ehtimoliy rivojlanish yoʻnalishlari.
137. Turli xil pul oqimlari aksariyat hollarda turli xil tavakkalchilik darajalarini aks ettiradi va ular uchun tegishli diskontlash stavkalari talab etilishi mumkin.
138. Baholovchi, baholanayotgan obyektda pul oqimlarini prognozlashda mavsumiylik va davriylik lozim darajada inobatga olinganligini kafolatlashi kerak.
139. Agar, aktiv muayyan prognoz davri tugagandan keyin ham amalda boʻlishi kutilayotgan boʻlsa, baholovchi aktiv qiymatini prognoz davri oxirida baholashi lozim. Bunda aniqlangan terminal qiymat baholash sanasiga, qoida tariqasida, prognoz davridagi pul oqimiga qoʻllanilgan diskontlash stavkasini qoʻllagan holda keltiriladi.
140. Terminal qiymatda quyidagilar inobatga olinishi zarur:
aktivning samaradorligi pasayib borishi yoki yoʻqligi, unumli foydalanish muddati cheklanganligi yoki cheklanmaganligi kabi xususiyatlari (bunday holatlarning mavjudligi terminal qiymatni hisoblash uchun qoʻllaniladigan usulni tanlashga taʼsir koʻrsatadi);
aktivning prognoz davridan keyingi oʻsish salohiyati;
prognoz davri oxirida olinishi kutilayotgan oldindan belgilangan kapital summasining nazarda tutilganligi;
terminal qiymat aniqlanadigan paytga kelib aktivga nisbatan kutiladigan tavakkalchilik darajasi;
prognoz davri yakunlangandan keyin mazkur aktivga xos soliq normalari (zarur boʻlgan hollarda) hamda bunday soliq normalarining cheklanmagan davr mobaynida amal qilishda davom etishi nazarda tutilganligi.
Pul oqimi davriy aktivlarga nisbatan olingan hollarda, terminal qiymat aktivning davriylik xususiyatini hisobga olishi, uni aniqlashda esa, pul oqimlarining “eng yuqori” yoki “eng past” darajalari cheklanmagan muddat davomida saqlanib qoladi deb hisoblanmasligi kerak.
141. Baholovchilar terminal qiymatni hisoblashning har qanday oqilona usulini qoʻllashi mumkin. Terminal qiymatni hisoblashning turli xil usullari mavjud boʻlib, quyidagilar eng koʻp qoʻllaniladigan usullar hisoblanadi:
Gordon (doimiy oʻsish) usuli;
multiplikatorlar usuli;
tugatish qiymati usuli.
142. Gordon (doimiy oʻsish) usulida aktiv kelajakda doimiy ravishda oʻsadi yoki pasayadi.
143. Multiplikatorlar usuli orqali terminal qiymatni hisoblash bozor maʼlumotlari yoki bozor multiplikatorini qoʻllashni nazarda tutadi. Multiplikatorlar usulidan foydalanganda baholovchilar mazkur Standartning qiyosiy yondashuv hamda qiyosiy yondashuv usullarida bayon etilgan talablariga muvofiq harakat qilishlari kerak. Shu bilan birga, baholovchilar belgilangan prognoz davri oxirida kutilayotgan bozor sharoitlarini hisobga olishlari va tegishli tuzatishlar kiritishlari lozim.
144. Ayrim aktivlarning terminal qiymati avvalgi pul oqimlariga hech qanday aloqasi boʻlmasligi mumkin. Bunday aktivlarga kon yoki neft qudugʻlari kabi tugaydigan aktivlar misol boʻladi.
Bunda, terminal qiymat, qoida tariqasida, aktivni sotish xarajatlarini chegirgan holda tugatish qiymati usuli hisoblanadi. Agar xarajatlar bunday sotish qiymatidan yuqori boʻlsa, terminal qiymat manfiy qiymatga ega boʻladi hamda “yoʻq qilish xarajatlari” yoki “aktivlarning chiqib ketishi boʻyicha majburiyatlar” sifatida belgilanadi.
145. Prognozlanadigan pul oqimining diskontlash stavkasida nafaqat pulning vaqtinchalik qiymati, balki prognoz qilinayotgan pul oqimi turiga va aktivdan kelgusida foydalanishga bogʻliq tavakkalchiliklar ham hisobga olinadi.
146. Baholovchilar diskontlash stavkasini hisoblash uchun har qanday oqilona usuldan foydalanishlari mumkin. Quyidagilar diskontlash stavkasini hisoblashning umumeʼtirof etilgan usullari hisoblanadi:
kapital aktivlarni hisoblash (CAPM);
oʻrtacha hisoblab chiqilgan kapital qiymati (WACC);
diskontlangan pul oqimini tahlil qilish;
ichki daromadlilik stavkasi (IRR);
oʻrtacha hisoblab chiqilgan aktivlar daromadliligi stavkasi (WARA);
kumulyativ tuzish (qoida tariqasida, faqat bozor maʼlumotlari boʻlmaganda qoʻllaniladi).
147. Qoʻllaniladigan diskont stavkasining toʻgʻriligini tekshirishda, baxolovchilar tasdiqlovchi tahlillarni hisobga olishlari kerak. Bunda, ichki daromadlilik stavkasi (IRR) yoki oʻrtacha hisoblab chiqilgan aktivlar daromadliligi stavkasi (WARA)ni topish hamda tahlil qilish kerak.
148. Diskontlash stavkasini shakllantirishda baholovchi quyidagilarni inobatga olishi zarur:
baholanayotgan aktiv turini (masalan, qarzni baholashda qoʻllaniladigan diskontlash stavkalari koʻchmas mulk yoki biznesni baholashda qoʻllaniladigan diskontlash stavkalaridan farq qiladi);
bozor bitimlarida qoʻllaniladigan stavkalarni;
aktivning geografik joylashuvini va/yoki ular sotiladigan bozorlarning joylashuvini;
aktivdan unumli foydalanish muddati hamda boshlangʻich maʼlumotlarning muvofiqlashtirilganligini (masalan, qoʻllaniladigan tavakkalchiliksiz stavka muddati shartlariga bogʻliq boʻlib, odatda tavakkalsiz stavkani baholanayotgan pul oqimlari davriga muvofiqlashtiriladi);
foydalaniladigan baholash bazalarini;
prognoz qilinadigan pul oqimlari qaysi valyutada hisoblanganligi;
149. Diskontlash stavkasini shakllantirishda baholovchi quyidagilarni:
diskontlash stavkasini hisoblashda qoʻllanilgan usulni hujjatlashtirishi va undan foydalanilgan usulni asoslashi;
diskontlash stavkasini kelib chiqishini isbotlovchi dalillarni, shu jumladan, muhim maʼlumotlar va manbalarning qoʻllanilishini asoslashi shart.
150. Daromadni kapitallashtirish usuli pul oqimlari oʻzgarmas boʻlgan hollarda qoʻllaniladi. Bunda baholovchi:
retrospektiv va joriy moliyaviy hisobotni tahlil qilishi va zarur boʻlsa, uni meʼyorlashtirishi;
kapitallashtiriladigan daromad turi va miqdorini tanlashi;
kapitallashtirish stavkasini hisoblab chiqishi;
baholash obyektining joriy qiymatini aniqlashi;
yakuniy tuzatishlar kiritishi shart.
151. Kapitallashtirish stavkasi tanlangan daromad turiga mos kelishi lozim va quyidagi usullarning biri orqali hisoblab chiqiladi:
oʻxshash obyektlar haqidagi bitimlar va takliflar xususida maʼlumotlar boʻlsa, bozor ekstraksiyasi usuli;
diskontlash stavkasida daromad oʻzgarishining doimiy surʼatini hisobga olish usuli.
152. Baholash obyekti qiymati tanlangan daromad miqdorini kapitallashtirish stavkasiga boʻlish orqali hisoblanadi.
3-§. Xarajat yondashuvi
153. Xarajat yondashuvi baholash obyekti qiymatini baholashning baholash obyekti eskirishini hisobga olib, uni tiklash yoki almashtirish uchun zarur xarajatlarni aniqlashga asoslangan usullar yigʻindisi. Ushbu mulkni oʻrnini bosish uchun asl mulkning nusxasi yoxud xuddi shunday foydalilikni taʼminlay oladigan boshqa mulkni yaratish mumkinligi nazarda tutiladi.
Bunday yondashuv aktivni almashtirish yoki takror ishlab chiqarishga xarajatlarni hisoblash hamda jismoniy va boshqa oʻrinli eskirish turlariga chegirmalar qoʻllash yoʻli bilan qiymat koʻrsatkichini olish imkonini beradi.
154. Xarajat yondashuvi quyidagi hollarda qoʻllaniladi:
ishtirokchilar baholanayotgan aktivdaga oʻxshash foydali aktivni normativ yoki huquqiy cheklovlarsiz takror ishlab chiqarishga qodir boʻlgan va bu aktivni tez yaratish oqibatida, ishtirokchi baholanayotgan aktivdan shu zahoti foydalanish uchun koʻp pul toʻlashi shart boʻlmaganda;
baholanayotgan aktiv bevosita daromad olib kelmaydigan, shuningdek aktivning oʻziga xos xususiyati daromad yondashuvi va/yoki qiyosiy yondashuvdan foydalanish imkonini bermaganda;
qoʻllaniladigan baholash bazasi takror ishlab chiqarish qoldiq qiymati kabi almashtirish xarajatlariga asoslanganda.
155. Quyidagi holatlar mavjud boʻlganda xarajat yondashuvini qoʻllashda, xarajat yondashuvidan foydalanish doirasida olingan qiymat koʻrsatkichini tasdiqlash maqsadida baholovchi boshqa yondashuvlarni qoʻllashi hamda natijalarini ular bilan solishtirish imkoniyatlarini eʼtiborga olishi lozim:
ishtirokchilar oʻxshash foydali aktivni takror yaratish imkonini koʻrib chiqilganda, biroq jiddiy huquqiy cheklovlar ehtimoli va aktivni yaratish bilan bogʻliq jiddiy vaqt xarajatlari mavjud boʻlganda;
xarajat yondashuvidan boshqa yondashuvlarning asoslanganligini tekshirish uchun foydalanilganda (masalan, xarajat yondashuvini “amaldagi korxona” sifatida baholanayotgan biznesni tugatish qiymati bazasida koʻproq qiymatga ega boʻlishi mumkinligini tekshirish uchun qoʻllaniladi);
aktiv yaqinda yaratilganda, bunda xarajat yondashuvida qoʻllanilgan farazlar yuqori ishonchlilik darajasiga ega boʻladi.
156. Qisman tugallangan aktiv qiymati, qoida tariqasida, aktivni yaratish jarayonida qilingan xarajatlarni, shuningdek ishtirokchilarning aktiv toʻliq yaratilganida mulk qiymatiga nisbatan kutuvlarini aks ettiradi, biroq bunda aktivni tugallash uchun zarur xarajatlar, vaqt, foyda va tavakkalchilikka tegishli tuzatishlar ham hisobga olinadi.
157. Xarajat yondashuvi quyidagi asosiy usullar orqali hisoblanadi:
almashtirishning qoldiq qiymati usuli, bunda qiymatni teng qiymatli foydaliligi taklif qilinadigan oʻxshash aktivga xarajatlarni hisoblash yoʻli bilan aniqlanadi;
takror ishlab chiqarish qoldiq qiymati usuli, bunda qiymatni aktivning aniq nusxasini yaratishga ketgan xarajatlarni hisoblash yoʻli bilan aniqlanadi;
komponent usuli, bunda uning yordamida aktiv qiymati uning tarkibiy qismlarining alohida qiymatlarini qoʻshish orqali hisoblanadi.
158. Qoida tariqasida, almashtirish xarajatlari aktivning aniq jismoniy xususiyatlari uchun emas, balki aktivning foydaliligi uchun toʻlaydigan narxni aniqlashga aloqador xarajatlarini oʻzida aks ettiradi. Bunda almashtirish xarajatlariga jismoniy va boshqa barcha tegishli eskirish shakllarini hisobga olib tuzatish kiritiladi. Bunday tuzatishlarning barchasi amalga oshirilgandan keyin ularni almashtirishning qoldiq qiymati deb atash mumkin.
159. Almashtirishning qoldiq qiymati usuli quyidagi bosqichlar orqali amalga oshiriladi:
teng qiymatli foydali aktivni yaratish yoki sotib olish istagida boʻlgan ishtirokchi amalga oshiradigan barcha xarajatlarni hisoblash;
baholanayotgan aktivning jismoniy, funksional va tashqi eskirishi munosabati bilan qanchalik qadrsizlanishi mumkinligini aniqlash;
baholanayotgan aktiv qiymatini olish uchun umumiy xarajatlar summasidan jami eskirish-qadrsizlanishni chegirish.
160. Almashtirish xarajatlari baholanayotgan aktiv bilan bir xil funksiyalarni bajaradigan hamda teng qiymatli foydalilikni taʼminlaydigan, iqtisodiy samarador materiallar va texnologiyalardan foydalangan holda qurilgan yoki zamonaviy ekvivalent aktivga tegishli boʻladi.
161. Takror ishlab chiqarish qoldiq qiymati usuli quyidagi hollarda qoʻllaniladi:
zamonaviy ekvivalent aktivga qilingan xarajatlar baholanayotgan aktivning aniq nusxasini yaratish xarajatlaridan yuqori boʻlganda;
baholanayotgan aktiv beradigan foydalilikni zamonaviy ekvivalent aktiv emas, balki uning aniq nusxasi taʼminlashi mumkin boʻlganda.
162. Takror ishlab chiqarish qoldiq qiymati usuli quyidagi bosqichlar orqali amalga oshiriladi:
baholanayotgan aktivning aniq nusxasini yaratish maqsadini qoʻygan odatiy ishtirokchining barcha sarf-xarajatlarini hisoblash;
baholanayotgan obyektda jismoniy, funksional yoki tashqi eskirish oqibatida qandaydir qadrsizlanish bor-yoʻqligini aniqlash;
baholanayotgan aktiv qiymatini olish uchun umumiy xarajatlar summasidan jami amortizatsiya summasini chegirish.
163. Komponent usuli, qoida tariqasida, investitsiya kompaniyalariga yoki qiymati birinchi navbatda ularning qoʻyilmalari yoki mulki bilan belgilanadigan korxonalarga yoki aktivlarga nisbatan qoʻllaniladi.
164. Komponent usuli quyidagi bosqichlar orqali amalga oshiriladi:
tegishli yondashuvlar va baholash usullarini qoʻllagan holda, baholanayotgan aktiv tarkibiga kiradigan har bir tarkibiy aktivni (komponentni) baholash;
baholanayotgan aktiv qiymatini olish uchun barcha tarkibiy aktivlar qiymatini qoʻshish.
165. Xarajat yondashuvida, qoida tariqasidagi ishtirokchining barcha boʻlajak xarajatlarini qamrab olinishi kerak.
Hisobga olinadigan xarajatlar elementlari aktiv turlariga qarab farq qilishi mumkin va oʻz ichiga toʻgʻridan-toʻgʻri xarajatlarni (materiallar va mehnatga haq toʻlash) hamda aktivni baholash sanasida almashtirish/takror ishlab chiqarish jarayonida yuzaga kelishi mumkin boʻlgan bilvosita xarajatlarni (transport xarajatlari, montaj ishlariga xarajatlar, mutaxassislarga mehnat haqi toʻlash va boshqa toʻlovlar, yuklama xarajatlar, soliqlar, moliyalashtirish xarajatlari, aktivlarni yaratayotgan shaxsning foyda normasi/tadbirkorlik foydasi) oʻz ichiga olishi kerak.
166. Xarajat yondashuvida “eskirish-qadrsizlanish” tushunchasi har qanday eskirishning baholanayotgan aktiv qiymatiga taʼsirini aks ettirish maqsadida teng foydalilikka ega aktivni yaratish uchun ketadigan hisoblab chiqilgan xarajatlarga kiritilgan tuzatishlarga tegishli.
167. Eskirish bilan bogʻliq tuzatishlar quyidagilardan iborat:
jismoniy eskirish, bunda tabiiy eskirish, notoʻgʻri foydalanish, konstruktiv nuqsonlar, shuningdek aktiv elementlarining mexanik shikastlanishlari bilan belgilangan aktivlar qiymatidagi yoʻqotishlar inobatga olinadi;
funksional eskirish, bunda aktivlar toʻlaligicha yoki ayrim elementlariga koʻra bozor talablariga muvofiq emasligi bilan belgilangan aktivlar qiymatidagi yoʻqotishlar aks ettiriladi;
tashqi (iqtisodiy) eskirish, bunda aktiv qiymati mazkur baholanayotgan aktiv obyektdan tashqi omillar taʼsiri natijasida pasayishi inobatga olinadi.
168. Eskirishlarni hisoblashda aktivning jismoniy va iqtisodiy unumli foydalanish muddati eʼtiborga olinishi kerak.
Unumli foydalanishning jismoniy muddati, rejali xizmat koʻrsatish sharoitida, biroq qayta jihozlash yoki rekonstruksiya qilish imkoniyatlarini hisobga olmasdan, aktiv ishdan chiqquncha yoki uni taʼmirlash iqtisodiy maqsadga muvofiq boʻlmay qolguncha qancha vaqt foydalanilishi mumkinligini koʻrsatadi.
Unumli foydalanishning iqtisodiy maqsadga muvofiq muddati, aktivdan joriy foydalanganda u qancha uzoq vaqt moliyaviy foyda olib kelishi yoki nomoliyaviy foyda berishi mumkinligini koʻrsatadi. Bu aktivning funksional yoki iqtisodiy eskirish darajasiga bogʻliq boʻladi.
169. Aksariyat eskirishlar turlari baholanayotgan aktivni va almashtirish yoki takror ishlab chiqarish xarajatlarini hisoblash uchun asos boʻlgan gipotetik aktivni taqqoslash yoʻli bilan oʻlchanadi.
170. Jismoniy eskirishning quyidagi koʻrinishlari mavjud:
bartaraf etib boʻlmaydigan eskirish, bunda bartaraf etish xarajatlari bartaraf etish natijasida aktivga qoʻshiladigan qiymatidan koʻproq boʻladi;
bartaraf etib boʻladigan eskirish, bunda bartaraf etish xarajatlari bartaraf etish natijasida aktivga qoʻshiladigan qiymatidan kamroq yoki unga teng boʻladi.
Jami moʻljallanayotgan unumli foydalanish muddatini har qanday oqilona usulda, shu jumladan, yil oʻlchovidagi moʻljallanayotgan unumli foydalanish muddati, bosib oʻtilgan masofa, mahsulot birligi va boshqalarda ifodalash mumkin.
171. Funksional eskirishning quyidagi koʻrinishlari mavjud:
dizayn, qurilish materiallari, ishlab chiqarish texnologiyalarining eskirishi oqibatida ortiqcha kapital xarajatlarining yuzaga kelishi, bular baholanayotgan aktivga nisbatan ancha kam kapital kiritmalarni talab qiladigan zamonaviy ekvivalent aktivlarning koʻproq hamyonbopligiga olib keladi;
ortiqcha foydalanish xarajatlari, ular dizaynni takomillashtirish yoki ishlab chiqarish quvvatlaridan toʻliq foydalanmaslik natijasida yuzaga kelishi mumkin, bu foydalanish xarajatlari baholanayotgan aktivga nisbatan ancha kam boʻlgan zamonaviy ekvivalent aktivlarning koʻproq hamyonbopligiga olib keladi.
172. Iqtisodiy eskirish tashqi omillarning alohida aktivga yoki biznesda ishtirok etayotgan barcha aktivlarga taʼsir qilishi bilan bogʻliq boʻlishi mumkin, unga tuzatishlar esa, jismoniy va funksional eskirish hisobga olinganidan keyin kiritiladi.
173. Pul mablagʻlari va ularning ekvivalentari eskirmaydi va tuzatilmaydi. Likvidli aktivlar ularning qiyosiy yondashuv doirasida aniqlangan bozor qiymatidan past darajagacha kamaytirilmasligi kerak.
174. Agar baholovchilar turli yondashuv va usullardan foydalanganda qiymat koʻrsatkichlarida jiddiy farqlar kelib chiqsa, qiymat koʻrsatkichlari nima uchun bunday farq qilayotganini tushunish uchun tahlil oʻtkazishlari kerak, chunki qiymatning eng koʻp farq qiladigan ikkita yoki undan ortiq koʻrsatkichini oddiygina arifmetik muvofiqlashtirish yetarli hisoblanmaydi.
Bunday hollarda qoʻllanilayotgan yondashuv/usullardan birontasi qiymatni qanchalik munosib yoki ishonchli aks ettirishini hal qilish uchun mazkur Standartning 101-bandi talablari hisobga olinishi zarur.
3-bob. Qoʻllanilgan baholash yondashuvlari doirasida olingan natijalarni muvofiqlashtirish
175. Baholash obyektini baholashning turli baholash yondashuvlari va baholash usullarini qoʻllash orqali olingan natijalarni muvofiqlashtirish hamda uning natijalarini baholash toʻgʻrisidagi hisobotda aks ettirish lozim.
176. Baholash natijalarini muvofiqlashtirish deganda baholashga nisbatan turli yondashuvlar yordamida olingan natijalarni oʻlchash va taqqoslash yoʻli bilan baholash obyektining yakuniy qiymatini aniqlash tushuniladi.
177. Baholash natijalarini muvofiqlashtirish, qoida tariqasida, turli baholash yondashuvlari bilan olingan baholash natijalari uchun solishtirma oʻlchovlarni aniqlash orqali amalga oshiriladi, bunda baholovchi:
baholash maqsadini va baholash natijalaridan foydalanish moʻljalini;
baholanayotgan biznes va uning aktivlari xususiyatini;
qiymat turini;
baholash yondashuvlarini qoʻllashda foydalanilgan axborot hajmi va sifatini hisobga olishi lozim.
178. Baholash natijalarini muvofiqlashtirish quyidagi usullardan biri orqali amalga oshiriladi:
mantiqiy muvofiqlashtirish usuli. Bunda baholovchi barcha muhim parametrlarni hisobga olgan holda solishtirma oʻlchovlarni tanlaydi va ularni tahlil qiladi. Baholovchi aktiv qiymatini baholashda ustun yondashuvni aniqlaydi, qolgan yondashuvlarning natijalaridan esa ustun yondashuv yordamida olingan natijani tekshirish va unga tuzatish kiritish uchun foydalanadi;
matematik oʻlchash usuli. Bunda turli baholash yondashuvlari bilan olingan natijalarning solishtirma oʻlchovlarini aniqlash uchun bir nechta mezonlardan foydalaniladi va ularning yordamida qoʻllanilgan hisoblash usulining afzalliklari yoki kamchiliklari aniq obyektni baholash xususiyatlarini hisobga olgan holda tavsiflanadi.
179. Solishtirma oʻlchovlarni aniqlashda baholovchi quyidagi asosiy omillarni tahlil qilishi lozim:
tahlil va hisoblashlarga asos boʻlgan axborotning ishonchliligi va yetarliligini;
baholash yondashuvi baholash obyektiga xos boʻlgan narx belgilovchi omillar tuzilishini hisobga olishga qodirligini;
yondashuv baholash obyektiga oʻxshash obyektlarning qoida tariqasidagi xaridorlari va sotuvchilari motivatsiyasini aks ettirishga qodirligini;
baholash yondashuvi hisoblanayotgan qiymat turiga muvofiqligini.
180. Baholash natijalarini muvofiqlashtirish usuli va solishtirma oʻlchovlarning tanlanishi, shuningdek bunda baholovchining barcha mulohazalari va farazlari baholash toʻgʻrisidagi hisobotda asoslanishi lozim.
VII BOʻLIM. BIZNESNI VA BIZNESDA IShTIROK ETISh HUQUQINI BAHOLASh (7-SON MBS)
1-bob. Umumiy qoidalar
181. Biznesni va biznesda ishtirok etish huquqini (bundan buyon matnda biznes deb yuritiladi) baholash 1 ― 6-son MBS talablari asosida amalga oshiriladi. Biznesni va biznesda ishtirok etish huquqini baholash (7-son MBS) (bundan buyon matnda 7-son MBS deb yuritiladi) biznesni baholashga doir qoʻshimcha talablarni belgilaydi.
182. 7-son MBS maqsadlarida biznes deganda iqtisodiy foyda olishga qaratilgan tijorat, sanoat, servis yoki investitsiya faoliyati tushuniladi. Biznes qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan har qanday shaklda boʻlishi mumkin. Biznes qiymati bunday biznesni tashkil qiladigan alohida aktivlar yoki majburiyatlar qiymatlari yigʻindisidan farq qilishi mumkin.
183. Biznesga tegishli alohida aktivlar yoki majburiyatlarni baholashda baholovchi ushbu aktiv yoki majburiyat turi uchun mazkur Standartning 8 ― 11-son MBSga asoslanib ish tutishi kerak.
184. Baholovchilar biznesni baholashda mazkur Standartning 1-ilovasida kelitirilgan Metodikadan foydalanishlari mumkin.
185. Quyidagilar biznesni baholash obyekti boʻlishi mumkin:
korxonalar butunligicha (korporatsiya, kompaniya, aksiyadorlik jamiyati, masʼuliyati cheklangan jamiyat yoki yakka tartibdagi tadbirkor va boshqalar);
aksiyalar, investitsiya va pay fondlaridagi paylar (aktivlar), ustav kapitalidagi ulushlar;
korxona, tashkilotning mulkiy majmuasi yoki amaldagi biznesning alohida mulk shaklidagi bir qismi.
186. Baholovchilar tomonidan qiymat bahosi butun tashkilotga, shu tashkilot aksiyalariga yoki aksiyalar paketiga (nazorat paketi yoki nazorat qilmaydigan paket) tegishli ekanligi yoki tashkilot xoʻjalik faoliyatining aniq yoʻnalishiga tegishli ekanligi (yaʼni kompaniyaning investitsiya loyihasi sifatida baʼzi bir biznes yoʻnalishlarini baholash) aniqlanishi lozim.
Baholashga oid vazifada baholanadigan biznesga yoki unda ishtirok etish huquqiga aniq taʼrif berilishi shart. Baholash butun biznesga nisbatan yaxlit olib borilganda ham, ushbu baholash ifodalanishi mumkin boʻlgan darajalar har xil boʻlishi mumkin. Masalan:
korxona qiymati ― koʻpincha biznesning oʻz kapitali qiymati va qarz yoki qarz majburiyatlari summasining umumiy yigʻindisidan bunday majburiyatlarni bajarish uchun mavjud boʻlgan har qanday naqd pul yoki uning ekvivalentlari chegirmasi natijasidir;
jami investitsiyalangan kapital qiymati ― ayni payta biznesga kiritilgan pullarning, ularning manbasidan qatʼi nazar, umumiy summasi, koʻpincha qisqa muddatli majburiyatlar va naqd pullar chegirilgandan keyingi jami aktivlar qiymati sifatida tavsiflanadi;
operatsion qiymati ― biznesning asosiy (operatsion) faoliyati umumiy qiymati, har qanday nooperatsion aktivlar va majburiyatlarni istisno etgan holda;
xususiy kapital qiymati ― biznesning uning barcha aksiyadorlari/taʼsischilari uchun qiymati.
187. Baholovchi baholashga oid vazifani 2-son MBS talablari doirasida tuzadi. Bunda quyidagi qoʻshimcha axborotlar koʻrsatilishi kerak:
a) baholash obyekti haqidagi maʼlumotlar, xususan:
aksiyalarni baholashda ― aksiyalar miqdori, turi, aksiyalar chiqarilishining davlat roʻyxati raqami va sanasi;
tashkilot ustav kapitalidagi ulushni baholashda ― baholanayotgan ulush miqdori;
investitsiya va pay fondlaridagi paylarni (aktivlarni) baholashda ― baholanayotgan pay (aktiv) miqdori, paylar (aktivlar) soni;
tashkilot mulkiy kompleksini baholashda ― uning tarkibi tavsifi;
b) mulkiy majmuasi baholanayotgan tashkilotning (bundan buyon matnda biznes yurituvchi tashkilot deb yuritiladi) toʻliq yoki qisqartirilgan firma nomi (shu jumladan, tashkiliy-huquqiy shakli), aksiyalari, investitsiya va pay fondlaridagi paylari (aktivlari) va ustav kapitalidagi ulushlari, shuningdek uning joylashgan joyi.
Biznes yurituvchi tashkilot yoki uning qismini baholash tashkilot faoliyatini saqlab qolish shart-sharoitlaridan kelib chiqib oʻtkaziladi, bunda biznes yurituvchi tashkilot tarkibi aniq identifikatsiya qilinishi lozim.
188. Baholovchi biznes yurituvchi tashkilot faoliyat yuritayotgan tarmoqning holati va rivojlanish istiqbollari haqidagi axborotni, shu jumladan, biznes yurituvchi tashkilotning tarmoqdagi egallagan oʻrni hamda baholash obyekti qiymatini aniqlash uchun keyingi hisob-kitoblarda qoʻllaniladigan boshqa bozor maʼlumotlarini tahlil qiladi va baholash toʻgʻrisidagi hisobotda taqdim etadi.
189. Baholovchi biznes yurituvchi tashkilot faoliyatini tavsiflovchi axborotni, shu jumladan:
biznes yurituvchi tashkilotning faoliyat yuritish shartlarida biznesni tashkil qilish va rivojlantirish haqidagi axborotni;
ishlab chiqarilayotgan mahsulot (tovarlar) va/yoki bajarilayotgan ishlar, koʻrsatilayogan xizmatlar haqidagi axborotni, tashkilot faoliyati boʻlgʻusi koʻrsatkichlarining eng ehtimoliy xususiyati haqida xulosa qilish mumkin boʻlgan davrdagi (bundan buyon matnda reprezentativ davr deb yuritiladi) ishlab chiqarish faoliyati natijalari haqidagi axborotni;
biznes yurituvchi tashkilotning moliyaviy axborotini, shu jumladan, yillik va oraliq (zarur boʻlganda) moliyaviy (buxgalteriya) hisoboti, reprezentativ davrdagi moliya-xoʻjalik faoliyati natijalari haqidagi axborotni;
biznes yurituvchi tashkilotning prognoz maʼlumotlari, shu jumladan, budjetlari, biznes-rejalari va baholash obyekti qiymatiga taʼsir qiluvchi asosiy koʻrsatkichlarning prognoz miqdorlarini belgilovchi boshqa ichki hujjatlarini baholash natijalaridan foydalanish moʻljalidan kelib chiqib tahlil qiladi va baholash toʻgʻrisidagi hisobotda taqdim etadi.
190. Baholovchi baholash obyekti haqidagi axborotni, shu jumladan:
a) biznes yurituvchi tashkilotning ustav kapitali, investitsiya va pay fondi tarkibi haqida, xususan:
aksiyalar qiymatini baholashda ― joylashtirilgan va ovoz beruvchi oddiy aksiyalar nominal qiymati va miqdori, ovoz beruvchi va ovoz bermaydigan imtiyozli aksiyalar nominal qiymati va miqdori haqidagi axborotni;
ustav kapitalidagi ulushlarni baholashda ― ustav kapitali miqdori, ulushlarning miqdori va nominal qiymati haqidagi axborotni;
investitsiya va pay fondlaridagi paylarni (aktivlarni) baholashda ― pay fondi miqdori, paylar (aktivlar) soni haqidagi axborotni;
b) biznes yurituvchi tashkilotning taʼsis hujjatlarida oddiy va imtiyozli aksiyalar, investitsiya va pay fondidagi paylar (aktivlar), ustav kapitalidagi ulushlarga nisbatan nazarda tutilgan huquqlar haqidagi axborotni;
v) biznes yurituvchi tashkilot foydasini taqsimlashda, shu jumladan, aksiyalar qiymatini baholashda ― tashkilotning reprezentativ davr uchun dividend tarixi (dividend toʻlovlari), ustav kapitalidagi ulushlarni baholashda tashkilot foydasining taʼsischilar oʻrtasida taqsimlanadigan qismi haqidagi axborotni tahlil qiladi va baholash toʻgʻrisidagi hisobotda taqdim etadi.
191. Baholovchi qoʻshimcha tarzda quyidagi bozor axborotini toʻplashi va tahlil qilishi lozim:
makroiqtisodiy axborot, unga milliy iqtisodiyotning holati va uning mazkur korxonaga taʼsiri haqidagi axborot kiradi;
korxona joylashgan mintaqa;
korxona mansub bozor/bozor boʻgʻini.
2-bob. Biznesni baholashda qoʻllaniladigan baholash yondashuvlari va usullari
192. Biznesni baholashda baholovchi har bir baholash yondashuvi doirasida 7-son MBSda belgilangan usullarni tanlashni baholash maqsadi, baholash obyektining xususiyati va rivojlanish imkoniyatlari, cheklovchi shartlar, axborot bazasi mavjudligi va uning toʻliqligini hisobga olib mustaqil amalga oshiradi.
193. Biznesni baholashda koʻpincha qiyosiy yondashuvdan foydalaniladi, chunki bu aktivlar odatda baholash yondashuvlari va usullari (6-son MBS)da (bundan buyon matnda 6-son MBS deb yuritiladi) belgilangan mezonlarga javob beradi.
194. Quyidagilar biznesni qiyosiy yondashuvdan foydalanib baholashda qoʻllaniladigan keng tarqalgan maʼlumotlar manbalari hisoblanadi:
oʻxshash tijorat korxonalarida ishtirok etish ulushlari erkin muomala qilinadigan ommaviy qimmatli qogʻozlar bozorlari;
baholanayotgan biznes ulushlari bilan ilgari amalga oshirilgan bitimlar yoki ular boʻyicha takliflar;
butun kompaniyalar yoki tijorat korxonalarining nazorat ulushlari sotiladigan va sotib olinadigan qoʻshib yuborish va birlashtirishlar bozori.
195. Qiyosiy yondashuvdan foydalanganda biznes analoglarini tanlash va ular bilan taqqoslash uchun yetarlicha asoslar (taqqoslanuvchanlik)ga ega boʻlish kerak. Bunday biznes analoglari baholanayotgan biznes qaysi tarmoqqa tegishli boʻlsa, oʻsha tarmoqqa yoki xuddi shunday iqtisodiy koʻrsatkichlar amal qiladigan tarmoqqa tegishli boʻlishi lozim. Taqqoslash uchun asoslar mavjudligi haqidagi masalani hal qilishda quyidagi omillar inobatga olinadi:
sifat va miqdoriy tavsiflarni hisobga olganda baholanayotgan biznesga oʻxshashlik;
oʻxshash bizneslar haqida maʼlumotlar hajmi va ularni tekshirish imkoniyati;
oʻxshash biznesning bahosi haqiqatan ham odatiy bozor sharoitlariga mos kelishi.
196. Qiyosiy yondashuvdan foydalanganda baholovchi:
oʻxshash korxonalarni tanlashni amalga oshirishi;
korxonalarni taqqoslash parametrlarini aniqlashi va multiplikatorlarni hisoblashni amalga oshirishi;
multiplikatorlar qiymatini tanlashni amalga oshirishi va baholash obyekti qiymatini aniqlashi;
yakuniy tuzatishlarni kiritishi lozim.
197. Multiplikatorni hisoblash uchun oʻxshash korxonalar uchun sotuv narxini yoki oʻzgacha qiymat asosini aniqlash yoki oʻxshash korxonalarning mos keladigan moliyaviy yoxud boshqa xil koʻrsatkichlarni tanlash lozim.
Multiplikatorlarda hisobga olinadigan moliyaviy yoki boshqa xil koʻrsatkichlar baholanayotgan korxona va taqqoslanayotgan korxonalar uchun baholash sanasiga nisbatan ayni bir davrda yoki ayni bir davr uchun hisoblanishi lozim.
198. U yoki bu bozor multiplikatoridan foydalanganda ham baholanayotgan kompaniyaga nisbatan, ham analog-kompaniyalarga nisbatan tuzatishlar zarur boʻlib qolishi mumkin.
199. Qiyosiy yondashuvda baholash obyektining qiymati tanlangan multiplikatorlar miqdorlarini tegishli moliyaviy koʻrsatkichlarga yoki baholash obyektining boshqa koʻrsatkichlariga koʻpaytirish orqali olingan natijalarni muvofiqlashtirish yoʻli bilan aniqlanadi.
200. Baholovchi analoglarga quyidagi yakuniy tuzatishlarni kiritadi yoki ularni kiritishni rad etishni asoslaydi:
daromadni shakllantirishda ishtirok qilmagan aktivlarga;
xususiy aylanma kapitalining yetishmasligi (ortiqchaligi)ga;
likvidlilik (yopiq korxonani ochiq analoglar boʻyicha baholaganda) darajasiga;
nazorat darajasiga.
201. Biznesni baholashda daromad yondashuvi va usullari 6-son MBS talablariga muvofiq qoʻllaniladi.
202. Baholash obyekti qiymatini daromad yondashuvidan foydalangan holda aniqlashda, baholovchi:
baholash obyekti qiymati bilan boʻlajak pul oqimlarini bogʻlovchi baholash usulini (usullarini) tanlashi;
pul oqimlari yoki biznes yurituvchi tashkilot faoliyatining boshqa moliyaviy koʻrsatkichlari prognozi belgilanadigan davr davomiyligini (prognoz davrini) belgilashi;
ilgari reprezentativ davr mobaynida biznes olib borgan biznes yurituvchi tashkilot faoliyati haqidagi axborotni tahlil qilish asosida makroiqtisodiy va tarmoqqa oid tendensiyalarni koʻrib chiqishi hamda bunday tashkilotning pul oqimlarini yoki baholash obyektini baholash uchun tanlangan usulga muvofiq hisob-kitobda qoʻllaniladigan boshqa prognoz moliyaviy koʻrsatkichlarini prognozlab chiqishi;
baholash obyektini baholash uchun tanlangan usulga muvofiq keladigan diskontlash stavkasini va/yoki kapitallashtirish stavkasini belgilashi;
agar baholash obyektini baholash uchun diskontlash usuli tanlangan boʻlsa, terminal qiymatni aniqlashi;
biznesni yurituvchi tashkilotning xususiy va/yoki investitsiyalangan kapitali qiymatini hisob-kitob qilishi;
baholash obyekti qiymatini hisoblashi lozim.
203. Korxona kapitalining tuzilishiga (xususiy kapital va jalb qilingan kapitalning oʻzaro nisbatiga) qarab, baholovchi xususiy kapitalga yoki investitsiyalangan kapitalga olingan pul oqimidan foydalanadi.
204. Xususiy kapitalga olingan pul oqimi uchun diskontlash stavkasi quyidagi usullardan biri yordamida hisoblanadi:
kapital aktivlarni hisoblash usuli (CAPM);
kumulyativ tuzish usuli.
Investitsiyalangan kapitalga olingan pul oqimiga diskontlash stavkasini hisoblash uchun oʻrtacha hisoblab chiqilgan kapital qiymati (WACC) usuli qoʻllaniladi.
205. Baholash obyektining prognoz davri tugaganidan keyingi qiymatini aniqlash quyidagi usullardan biri yordamida amalga oshiriladi:
agar pul oqimlarini barqarorlashtirish moʻljallanayotgan boʻlsa, prognoz davri tugaganidan keyin birinchi yil pul oqimini Gordon (doimiy oʻsish) usuliga muvofiq kapitallashtirish yoʻli bilan;
agar prognoz davri tugaganidan keyin biznesni sotish moʻljallanayotgan boʻlsa, sof aktivlar qiymati boʻyicha yoki moʻljallanayotgan qayta sotish narxi boʻyicha;
agar prognoz davri tugaganidan keyin biznesni tugatish moʻljallanayotgan boʻlsa, tugatish qiymati usuli boʻyicha.
206. Baholovchi prognoz qilinayotgan pul oqimlari va boshqa moliyaviy koʻrsatkichlarga quyidagi yakuniy tuzatishlarni kiritadi yoki kiritishdan voz kechish sabablarini asoslaydi:
pul oqimini shakllantirishda ishga solinmagan yoki ishtirok etmagan aktivlar mavjudligiga;
xususiy aylanma kapitalning ortiqchaligi yoki taqchilligiga;
agar baholash obyekti mulkdagi ulush boʻlsa, nazorat va likvidlik darajasiga.
207. Daromadni kapitallashtirish usulini qoʻllaganda baholovchi mazkur Standartning 150-bandi talablarini inobatga olishi shart.
208. Kapitallashtirilishi lozim boʻlgan daromad hajmi sifatida baholash sanasidan keyingi yil uchun boʻlgʻusi daromad hajmi olinadi.
209. Baholash obyektining bozor qiymatini olish uchun pul oqimlarini shakllantirishda ishga solinmagan yoki ishtirok etmagan aktivlarning (agar shunday aktivlar mavjud boʻlsa) bozor qiymati qoʻshilishi zarur.
Agar baholash obyekti biznesdagi mulkiy ulush boʻlsa, baholovchi nazorat va likvidlik darajasiga tuzatishlar kiritadi.
210. Biznes xarajat yondashuvi orqali 6-son MBS talablariga muvofiq baholanadi.
211. Biznes qiymatini xarajat yondashuvi bilan baholashda baholovchi baholash obyektini tiklash yoki almashtirish uchun zarur boʻlgan xarajatlarga asoslangan quyidagi usullardan birini qoʻllaydi:
sof aktivlar usuli ― biznes qiymati korxona barcha aktivlarining bozor qiymatlari va uning majburiyatlari oʻrtasidagi tafovut sifatida aniqlanadi;
tugatish qiymati usuli ― biznes qiymati korxona tugatilganda uning mulkdori olishi mumkin boʻlgan mulkning qiymati va tugatish xarajatlari oʻrtasidagi tafovut sifatida aniqlanadi.
212. Sof aktivlar usulini qoʻllaganda baholovchi:
korxonaning baholash sanasidagi oxirgi buxgalteriya balansi boʻyicha aktivlar va majburiyatlar tarkibini oʻrganishi;
balansda hisobga olinmagan aktivlar va majburiyatlar bor yoki yoʻqligini aniqlashi;
aktivlar va majburiyatlar bozor qiymati boʻyicha hisobga olinadigan baholash balansini tuzishi;
baholash balansiga muvofiq aktivlar summasining bozor qiymatini va majburiyatlar summasining bozor qiymatini aniqlashi;
korxona xususiy kapitali qiymatini aktivlarning bozor qiymatidan majburiyatlarning bozor qiymatini ayirish yoʻli bilan aniqlashi lozim.
213. Tugatish qiymati usulini qoʻllaganda baholovchi:
korxonaning baholash sanasidagi oxirgi buxgalteriya balansi boʻyicha aktivlar va majburiyatlar tarkibini oʻrganishi;
balansda hisobga olinmagan aktivlar va majburiyatlar bor-yoʻqligini aniqlashi;
korxona aktivlarining joriy qiymatini ularning bozor qiymati negizida (tegishli aktivga xos boʻlgan sotuv muddati bilan solishtirganda) qisqartirilgan sotuv muddatiga chegirmani inobatga olgan holda hisoblashi;
tugatish xarajatlarini aniqlashi;
aktivlarning joriy qiymatidan tugatish xarajatlarini ayirib tashlashi va tugatish davrining operatsion daromadi (koʻrilgan zarar)ni (agar mavjud boʻlsa) qoʻshishi (ayirishi);
korxona majburiyatlarining joriy qiymatini hisoblashi;
korxonaning tugatish qiymatini aktivlarning tuzatish kiritilgan joriy qiymati va korxona majburiyatlarining joriy qiymati oʻrtasidagi tafovut sifatida aniqlashi lozim.
214. Baholash obyektini baholashning turli baholash yondashuvlari va baholash usullarini qoʻllab olingan natijalarni muvofiqlashtirish hamda uning natijalarini baholash toʻgʻrisidagi hisobotda aks ettirish 6-son MBS talablariga muvofiq amalga oshiriladi.
3-bob. Biznesni baholashga xos boʻlgan maxsus qoidalar
215. Baholashni amalga oshirishda baholanayotgan biznesga yoki unda ishtirok etish huquqiga tegishli boʻlgan barcha huquq va imtiyozlar hisobga olinishi kerak.
216. Biznesni yoki unda ishtirok etishdagi ulushini baholashni amalga oshirishda aksariyat hollarda baholanayotgan tashkilotning maʼmuriyatidan olingan axborotga tayanishga toʻgʻri keladi. Bunda baholovchi maʼmuriyatdan olingan axborotdan baholash maqsadlarida foydalanish qanchalik maqsadga muvofiqligini aniqlashi lozim.
217. Muayyan sanadagi qiymat boʻlajak egalik qilishdan kutilayotgan foydani aks ettirsa-da, biznes tarixini koʻrib chiqish, kelgusida kelajakni prognoz qilish nuqtai nazaridan foydalidir. Shuning uchun, baholovchilar korxonaning retrospektiv moliyaviy hisobotini baholashga oid vazifa doirasida hisobga olishi kerak.
Biznesning samaradorligi retrospektiv koʻrsatkichlardan jiddiy farq qiladi deb taxmin qilinsa, baholovchi retrospektiv samaradorlik nima uchun biznes amal qilishi yuzasidan kelajakdagi kutuvlarni belgilab bera olmasligini tushunishi kerak.
218. Baholovchi baholash jarayonida muhim iqtisodiy tendensiyalar va aniq tarmoqqa oid tendensiyalar haqida tasavvurga ega boʻlish kerak. Siyosiy tendensiya, davlat siyosati, valyuta kurslari, inflatsiya, foiz stavkalari va bozordagi faollik kabi masalalar iqtisodiyotning turli tarmoqlari va/yoki sektorlaridagi aktivlarga turlicha taʼsir koʻrsatishi mumkin.
Ushbu omillar biznesni va ulardagi ishtirok huquqini baholashda, ayniqsa, muhim boʻlishi mumkin, chunki korxonalar murakkab tuzilmaga ega boʻlishi, shu jumladan, joylashuvi va amalga oshiradigan operatsiyalari turlari ham murakkab boʻlishi mumkin. Masalan, biznesga quyidagilar bilan bogʻliq iqtisodiy va tarmoqqa oid omillar taʼsir koʻrsatishi mumkin:
korxonaning roʻyxatga olingan joylashuvi va biznesning huquqiy shakli;
tijoriy faoliyat xususiyati va har bir xoʻjalik operatsiyasi turini yuritish joyi (yaʼni ishlab chiqarish tadqiqotlar va ishlanmalar olib borilayotgan joydan boshqa joyda amalga oshirilishi mumkin);
tovarlar va/yoki xizmatlar sotiladigan joy;
biznesda ishlatiladigan valyuta (valyutalar);
baholanayotgan biznes yetkazib beruvchilari joylashgan joy;
baholanayotgan biznesga tegishli soliq va yigʻimlar.
219. Biznezda ishtirok etish huquqini baholash faqat biznesning muayyan vaqtdagi moliyaviy ahvolidan kelib chiqqanda dolzarb hisoblanadi. Biznesning aktivlari va majburiyatlari qanday tusga egaligini tushunish, shuningdek operatsion faoliyatda biznesga daromad keltiradigan qanday obyektlardan foydalanish zarurligini, qanday obyektlar esa baholash sanasida biznes ehtiyojlari uchun ortiqcha yoki keraksiz ekanligini aniqlash lozim.
220. Baholashning aksariyat usullari biznesning faoliyati uchun keraksiz aktivlar qiymatini hisobga olmaydi. Masalan, EBITDA multiplikatoridan foydalangan holda amalga oshirilgan biznesni baholashda faqat bunday EBITDA koʻrsatkichini olish maqsadida foydalanilgan aktivlar qiymati aks ettiriladi.
Agar biznesda ishlamayotgan aktivlar yoki majburiyatlar (masalan, ishlatilmayotgan ishlab chiqarish uskunalari) boʻlsa, bunday ishlamayotgan ishlab chiqarish uskunasining qiymati baholashda aks ettirilmaydi. Baholashga oid vazifadan kelib chiqib nooperatsion aktivlar qiymatini alohida aniqlash va uni asosiy faoliyat qiymatiga qoʻshib qoʻyish talab etilishi mumkin.
221. Korxonalar balansda aks ettirilmaydigan hisobga olinmagan aktivlar va/yoki majburiyatlarga ega boʻlishi mumkin. Bunday aktivlar nomoddiy aktivlarni, butunlay eskirgan mashina va uskunalarni, shuningdek majburiyatlardan iborat boʻlishi mumkin.
222. Agar nooperatsion aktivlar va majburiyatlar alohida-alohida baholansa, baholovchi baholash jarayonida qoʻllaniladigan pul oqimlarini shakllantirishda nooperatsion aktivlar boʻyicha daromadlar va xarajatlarni chiqarib tashlashi kerak boʻladi.
223. Agar baholashni oʻtkazishda birja kotirovkalaridan olingan axborotdan foydalanilsa, muomaladagi aksiyalar narxlarida nooperatsion aktivlar (agar shunday aktivlar mavjud boʻlsa) qiymati nazarda tutilgan boʻladi. Shu sababli, baholovchilar nooperatsion aktivlarga bogʻliq daromadlar va xarajatlarni qiymatdan chiqarib tashlash maqsadida birja kotirovkalaridan olinadigan axborotga tuzatish kiritishlari lozim.
224. Baholovchidan faqat hususiy kapitalni baholash yoki umumiy biznes qiymatini turli majburiyat va kapital qoʻyilmalar oʻrtasida taqsimlanishini aniqlash soʻralganda, u har bir turdagi majburiyat va kapitalga xos boʻlgan huquq va imtiyozlarni aniqlashi hamda koʻrib chiqishi kerak. Bunday huquq va imtiyozlarga quyidagilar misol boʻladi:
imtiyozli va oddiy aksiyalarga dividend olish huquqi;
biznesni tugatishdagi imtiyozlar;
ovoz berish huquqi;
sotib olish huquqi;
almashtirish huquqi;
boshqaruvda qatnashish huquqi;
qimmatli qogʻozlarni sotib olish va/yoki sotishga boʻlgan huquqlar.
225. Kapitali oddiy aksiyalar va majburiyatlardan iborat biznesning oddiy aksiyalari sof aktivlar usuli orqali baholanishi mumkin. Biroq, bu usulni barcha hollarda ham qoʻllash toʻgʻri boʻlmaydi. Masalan, yuqori leveredjli korxonalarni baholashda qoʻllab boʻlmaydi.
226. Oddiy aksiyalardan tashqari turli tuzilmalarga ega boʻlgan kapital qiymatini yoki kapitalning maʼlum bir turini baholash uchun baholovchi har qanday oqilona usullardan foydalanishi mumkin. Bunda, odatda biznesning qiymati aniqlanadi va keyin bu qiymat qarz va kapitalning har xil turlari oʻrtasida taqsimlanadi. Bunday hollarda, baholovchi quyidagi usullardan foydalanishi mumkin:
joriy qiymat usuli (bundan buyon matnda CVM usuli deb yuritiladi);
opsionlarni narxlash usuli (bundan buyon matnda OPM usuli deb yuritiladi);
taxmin qilingan daromadning qaytish usuli (bundan buyon matnda PWERM usuli deb yuritiladi).
227. CVM usuli kelajakdagi natijalarni hisobga olmasa ham OPM va PWERM usullari har xil kelajakdagi natijalarni taxmin qiladigan qiymatlarni hisoblaydi. PWERM usuli kelajakdagi hodisalar uchun aniq taxminlarga tayanadi va ORM usuli joriy qiymat atrofida aniq boʻlmagan taqsimotdan foydalanib, natijalarning kelajakda taqsimlanishini taxmin qiladi.
228. Baholovchi baholanayotgan kapital yoki kapitalning maʼlum bir turi boʻyicha yaqinda amalga oshirilgan operatsiyalarni hisobga olishi kerak. Chunki baholash jarayonida baholovchi foydalaniladigan farazlar va taxminlar investitsiyalar tarkibidagi oʻzgarishlar va bozor sharoitidagi oʻzgarishlarni aks ettirish uchun doimo yangilanib turishi kerak.
229. CVM usuli korxona zudlik bilan sotilishini nazarda tutadigan hollarda, turli xil qarzlar va qimmatli qogʻozlarga korxona qiymatini taqsimlaydi.
CVM usuliga muvofiq majburiyatlar va qarz munosabatlarini tasdiqlaydigan qimmatli qogʻozlar, birinchi navbatda, qoldiq kapital qiymatini hisoblash uchun baholangan korxona qiymatidan chiqarib tashlanadi. Soʻngra, qoldiq qiymat imtiyozli aksiyalarga ularning turli imtiyoz va huquqlarini inobatga olgan holda ajratiladi. Qarz munosabatlarini tasdiqlaydigan qimmatli qogʻozlar va imtiyozli aksiyalarga taqsimlangan mablagʻlardan qolgan qiymat oddiy aksiyalar, opsionlar va varrantlarga taqsimlanadi.
230. CVM usulidan:
korxona tugatilishi muqarrar boʻlganda;
korxona rivojlanishining boshlangʻich bosqichida boʻlib, hali faoliyat natijasida tugatish qiymatidan yuqori kapital qiymati yaratilmagan boʻlsa;
korxona biznes-rejasida belgilangan hech qanday jiddiy yutuqlarga erishmagan boʻlsa;
tugatish qiymatidan yuqori boʻlgan har qanday qiymatga erishish miqdorini va vaqtini aniq hisoblash imkoni boʻlmagan hollarda foydalaniladi.
231. Baholovchilar yetarli asossiz qarz majburiyatlari va qarz ekvivalentli qimmatli qogʻozlar qiymatlarini ularning balans qiymatiga teng deb hisoblamasliklari kerak.
232. OPM usuli har bir aksiyalar sinfini korxonadan keladigan pul oqimlari variantlari sifatida koʻrib chiqish orqali baholashni nazarda tutadi. OPM usuli koʻpincha murakkab kapital tuzilmalariga nisbatan qoʻllaniladi. OPM usuli umumiy korxona qiymatini aniqlash orqali yoki korxona kapitali tarkibidagi qarz alohida koʻrib chiqilgandan soʻng qoldiq kapitalni baholash asosida amalga oshirilishi mumkin.
233. OPM usuli korxona tugatilishi vaqtida kapital tarkibining har bir toifasiga mablagʻlar taqsimlanishiga taʼsir koʻrsatuvchi aksionerlik bitimlarining turli xil shartlarini, shu jumladan, qimmatli qogʻozlar orasidagi imtiyozlilik darajalari, dividend siyosati, konversiya koeffitsiyentlari va naqd pul taqsimotini koʻrib chiqadi.
234. OPM usuli uchun boshlangʻich nuqta boʻlib kapitalning umumiy qiymati hisoblanadi. Kapitalning umumiy qiymati qimmatli qogʻozlar oʻrtasida taqsimlash uchun qoʻllaniladi.
235. OPM usuli kelajakda tugatishni oldindan aniq prognoz qilish qiyin boʻlgan yoki rivojlanishining dastlabki bosqichida boʻlgan korxonalar qiymatini baholashda ishlatiladi.
236. OPM usuli maʼlum bir qiymat chegaralaridan yuqori boʻlgan taqsimot bilan bogʻliq qiymatni aniqlash uchun koʻpincha Blek-Shoulz opsion narxlari modeliga tayanadi.
237. OPM usulini qoʻllash quyidagi asosiy bosqichlarda amalga oshiriladi:
a) baholanayotgan kapitalning umumiy qiymatini aniqlash;
b) tugatishdagi imtiyozlar, imtiyozli va oddiy aksiyalarga dividendlar boʻyicha hisob-kitoblar, konversiya narxlari va naqd pul taqsimlanishiga taʼsir qiluvchi tegishli qimmatli qogʻozlarga biriktirilgan boshqa xususiyatlarni aniqlash;
v) tugatishdagi imtiyozlar va ayirboshlash narxlari kuchga kiradigan nuqtalar (nazorat nuqtalari)dagi kapitalning har xil qiymatlarini aniqlash;
g) Blek-Shoulz modeliga kiritiladigan boshlangʻich maʼlumotlarni aniqlash. Bunga:
OPM usuli uchun oqilona vaqt oraligʻini tanlash;
tanlangan vaqt oraligʻiga mos keladigan tavakkalsiz stavkani tanlash;
aktivning oʻz kapitali uchun mos keladigan oʻzgaruvchanlik koyeffitsiyentini aniqlash;
kutilayotgan dividend koʻrinishidagi daromadlilik darajasini aniqlash;
d) turli xil sotib olish huquqini beruvchi opsionlar uchun qiymatlarni aniqlash va nazorat nuqtalari orasidagi har bir oraliqqa ajratilgan qiymatni aniqlash;
e) nazorat nuqtalari orasidagi har bir oraliq uchun hisoblangan qiymatni tegishli aksiyalar turiga toʻgʻri keladigan taqsimotini aniqlash;
j) ushbu bandning “d” va “e” kichik bandlarida keltirilgan bosqichlarda belgilangan (sotib olish huquqini beruvchi opsion sifatida hisoblab chiqilgan) qiymatni, aksiyalar turlari orasida taqsimlash;
z) baholanayotgan ulushlar boʻyicha qoʻshimcha tuzatishlarni koʻrib chiqish. Bunda, chegirma yoki mukofotlarni qoʻllash maqsadga muvofiq.
238. Tegishli oʻzgaruvchanlik darajasini aniqlashda baholovchilar quyidagilarni eʼtiborga olishlari kerak:
aktivning rivojlanish bosqichini va taqqoslanadigan kompaniyalar tomonidan kuzatilgan koʻrsatkich bilan taqqoslaganda oʻzgaruvchanlikka nisbatan taʼsirini;
aktivning nisbiy moliyaviy richagi.
239. PWERM usuli asosida qimmatli qogʻozlarning qiymati kelajakda turli xil natijalarni hisobga olgan holda aktivning kelajakdagi qiymatini prognoz qilish asosida hisoblanadi. Aksiyalar qiymati, aksiyalar turlarining huquq va imtiyozlarini hisobga olgan holda, kelajakda aktivni oʻrtacha tortilgan ehtimollik bilan olishi mumkin boʻlgan investitsiya daromadlarining joriy qiymati sifatida baholanadi.
240. Odatda, PWERM usuli korxona qoʻshimcha kapital jalb qilishni rejalashtirmayotgan hollarda qoʻllaniladi.
PWERM usulini qoʻllash quyidagi asosiy bosqichlarda amalga oshiriladi:
baholanayotgan obyekt uchun boʻlishi mumkin boʻlgan kelajakdagi pul oqimlarini aniqlash;
har bir ehtimolli natija boʻyicha aktivning kelajakdagi qiymatini aniqlash;
har bir kutilayotgan ehtimoliy natija doirasida qarz va kapitalga tegishli aktivning taxminiy qiymatini aniqlash;
xatarlarni hisobga olib aniqlangan diskont stavkasi asosida, qarz va kapitalning taxmin qilingan keljakdagi qiymatini diskontlash orqali joriy qiymatlarini aniqlash;
har bir majburiyat va kapital turiga toʻgʻri keluvchi kutilayotgan turli natijalarni ehtimollik darajalari boʻyicha tortish orqali aniqlash;
zarurat boʻlganda, baholanayotgan aksiyalarga qoʻshimcha tuzatishlarni kiritish. Masalan, chegirma yoki mukofotlarni qoʻllash oʻrinli boʻlishi mumkin.
241. Baholovchi korxonaning umumiy bahosi toʻgʻri ekanligiga ishonch hosil qilish uchun, kelgusidagi chiqish qiymatining ehtimolliklar boʻyicha oʻrtacha tortilgan joriy qiymatlarini aktivning umumiy qiymatiga solishtirishi kerak.
VIII BOʻLIM. KOʻChMAS MULKNI BAHOLASh (8-SON MBS)
1-bob. Umumiy qoidalar
1-§. Koʻchmas mulkni baholashning umumiy qoidalari
242. Koʻchmas mulkni baholash 1 ― 6-son MBSlari talablari asosida amalga oshiriladi. Koʻchmas mulkni baholash (8-son MBS) (bundan buyon matnda 8-son MBS deb yuritiladi) koʻchmas mulkni baholashga doir qoʻshimcha talablarni belgilaydi.
243. Koʻchmas mulk jumlasiga yer uchastkalari, yer osti boyliklari, binolar, inshootlar, koʻp yillik dov-daraxtlar va yer bilan uzviy bogʻlangan boshqa mol-mulk, yaʼni belgilangan maqsadiga nomutanosib zarar yetkazmagan holda joyini oʻzgartirish mumkin boʻlmaydigan obyektlar kiradi.
244. Baholovchilar koʻchmas mulkni baholashda mazkur Standartning 2-ilovasida kelitirilgan Metodikadan foydalanishlari mumkin.
245. Koʻchmas mulk qiymati ularga boʻlgan mulkiy (ashyoviy va majburiyat) huquqlar, ularga boshqa shaxslar huquqlarining yuklanishi va mazkur huquqlarga doir cheklashlarni hisobga olgan holda aniqlanadi.
246. Baholash jarayonida 1 va 2-son MBS asosida olinadigan axborot xususiyati va manbasi haqidagi talablarga rioya etish maqsadida quyidagi masalalar koʻrib chiqilishi lozim:
koʻchmas mulkka boʻlgan huquqni tekshirish uchun zarur maʼlumotlar;
oʻtkaziladigan barcha koʻzdan kechirishlar hajmi;
yer uchastkasi maydoni hamda binoning barcha qavatlari maydonlari haqidagi axborot uchun javobgarlik;
binoning tavsiflari va uning holatini tasdiqlash uchun javobgarlik;
koʻrsatiladigan kommunal xizmatlar xususiyati, xususiyatlari va mosligiga nisbatan tekshiruvlar hajmi;
grunt va poydevorlarning holati haqida axborotning mavjudligi;
haqiqatda mavjud va ehtimoliy ekologik xavf-xatarlarni aniqlash uchun javobgarlik;
koʻchmas mulkdan foydalanish boʻytcha huquqlar yoki cheklovlar.
247. Baholanayotgan koʻchmas mulk obyekti haqidagi axborotni toʻplashda baholovchi yoki uning vakili baholash obyektini baholash sanasiga eng yaqin boʻlgan davrda koʻzdan kechiradi, agar baholashga oid vazifada boshqa davr koʻrsatilgan boʻlmasa.
Baholash obyekti koʻzdan kechirilmagan taqdirda baholovchi baholash haqidagi hisobotda baholash obyektini koʻzdan kechirilmaganligi sabablarini, shuningdek koʻzdan kechirilmaganligi bilan bogʻliq farazlar va cheklovlarni koʻrsatadi.
248. Koʻchmas mulk obyektini baholashga oid vazifa 1-son MBS asosida tuziladi. Bunda, axborotga qoʻshimcha tarzda quyidagi maʼlumotlar boʻlishi lozim:
baholanayotgan koʻchmas mulk tarkibi, shuningdek uning har bir tarkibiy qismini identifikatsiya qilish uchun yetarli boʻlgan maʼlumotlarni koʻrsatish (agar mvjud boʻlsa);
baholash obyekti va uning baholanayotgan qismlari tavsiflari yoki baholovchi foydalanishi mumkin boʻlgan, bunday tavsiflar koʻrsatilgan hujjatlarga havolalar;
baholash obyektini baholashda hisobga olinadigan huquqlar, ushbu huquqlarga, shu jumladan, baholash obyektining har bir qismiga doir cheklovlar (majburiyatlar).
2-§. Axborotni toʻplash va tahlil qilish
249. Boshlangʻich axborot quyidagilarni oʻz ichiga olishi lozim:
koʻchmas mulkka boʻlgan huquqlarni va u bilan tuzilgan bitimlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish toʻgʻrisidagi guvohnomani;
yer uchastkasidan foydalanish huquqini tasdiqlovchi hujjatni;
yer uchastkasini berish (ajratish) toʻgʻrisidagi hujjatni;
binolar va inshootlarga doir kadastr hujjatlarini;
baholash obyektiga boshqa shaxslarning huquqlari (baholash obyektiga boʻlgan huquqlarga nisbatan cheklashlar) mavjudligi haqidagi maʼlumotlarni oʻz ichiga olgan hujjatlarni;
baholanayotgan yaxshilashlarning hajmiy-rejalashtirish va konstruktiv tavsiflariga doir axborotni oʻz ichiga olgan hujjatlarni;
baholash obyektidan mavjud foydalanishga doir axborotni;
koʻchmas mulk obyektining kelib chiqishi va rivojlanish tarixi haqidagi maʼlumotlarni;
baholash obyekti va uning qismlarining rivojlanish rejalari (yangi qurilish, rekonstruksiya, taʼmirlash) haqidagi maʼlumotlarni;
yuridik shaxslarga qarashli boʻlgan obyektlarga nisbatan baholash obyektining soʻnggi hisobot sanasidagi balans (qoldiq va boshlangʻich) qiymati toʻgʻrisidagi maʼlumotnomani;
retrospektiv va prognoz moliyaviy axboroti, shu jumladan, obyektdan tijorat maqsadida foydalanishning asosiy koʻrsatkichlarini (xarajatlar moddalari boʻyicha yillik foydalanish xarajatlari, daromadlar manbalari boʻyicha obyektdan foydalanishdan olingan daromadlar);
koʻchmas mulk tarkibida baxolanadigan qoʻshimcha mulklar (oʻrnatilgan uskunalar, koʻp yillik daraxtlar, obodonlashtirish va koʻkalamzorlashtirish ishlari) roʻyxati va ular toʻgʻrisidagi maʼlumotlar.
Taqdim etilayotgan boshlangʻich axborot baholash obyekti mulkdorining imzosi bilan tasdiqlangan holdagina haqiqiy hisoblanadi.
Baholash maqsadiga va baholash obyektining xususiyatlariga qarab, baholovchi boshlangʻich axborot roʻyxatini kengaytirishi yoki baholashni amalga oshirish jarayonida kerakli axborotni talab qilib olishi mumkin.
250. Koʻchmas mulk qiymatini aniqlash uchun baholovchi bozorni baholanayotgan obyektdan haqiqiy foydalanish yoki uning qiymatini aniqlash uchun baholovchi koʻchmas mulk qiymatini boshqacha foydalanish mumkin boʻlgan segmentlarda oʻrganadi.
251. Koʻchmas mulk bozorini tahlil qilish quyidagi ketma-ketlikda bajariladi:
baholash obyekti joylashgan mamlakat va mintaqadagi umumiy siyosiy va ijtimoiy-iqtisodiy vaziyatning baholanayotgan obyekt bozoriga taʼsirini, shuningdek baholash davridan oldingi davrda kuzatilgan tendensiyalarni tahlil qilish;
baholanayotgan obyekt mansub bozor boʻgʻinini aniqlash. Agar koʻchmas mulk bozori rivojlanmagan boʻlib, koʻchmas mulk obyektlari bilan taqqoslanuvchi bitimlar va/yoki takliflar narxlari haqida tasavvurlar hosil qilish imkonini beradigan maʼlumotlar yetarli boʻlmasa, baholanayotgan obyekt joylashgan joyga iqtisodiy tavsiflariga koʻra oʻxshash hududlar hisobiga tadqiqotlar hududini kengaytirishga yoʻl qoʻyiladi;
taqqoslanuvchi koʻchmas mulk obyektlariga talab, taklif va ularning narxiga taʼsir qiluvchi asosiy omillar, masalan, daromadlilik stavkasi, koʻchmas mulk bozorida investitsiyalarning qoplanuvchanligi davrlarini ushbu omillar qiymatlari intervallarini keltirgan holda tahlil qilish;
koʻchmas mulk bozorining obyektni baholash uchun zarur boʻgʻinlariga nisbatan asosiy xulosalar, masalan bozor dinamikasi, talab, taklif, sotuvlar hajmi, bozor sigʻimi, xaridorlar va sotuvchilar motivatsiyasi, likvidlilik, baholanayotgan obyekt bozoridagi narxlar oʻzgarishlari va boshqalar haqidagi xulosalar.
Tahlillar hajmi baholovchi tomonidan baholash obyektining xususiyatidan kelib chiqqan holda belgilanadi.
2-bob. Koʻchmas mulkdan eng samarali foydalanish
252. Aksariyat baholash bazalaridan kelib chiqib baholovchi koʻchmas mulkdan eng samarali foydalanilishini hisobga olishi lozim. Eng samarali foydalanish tahlili koʻchmas mulkning bozor qiymatini aniqlashning ajralmas qismi hisoblanadi.
253. Baholash obyektidan eng samarali foydalanish koʻchmas mulkdan uning eng yuqori unumdorligini taʼminlaydigan (uning eng katta qiymatiga mos keladigan), jismoniy jihatdan amalga oshirish mumkin boʻlgan, huquqiy jihatdan yoʻl qoʻyilgan (baholash obyekti qiymatini aniqlash sanasida) va moliyaviy jihatdan oʻzini oqlaydigan foydalanishdir.
254. Baholash obyektidan eng samarali foydalanish uning haqiqiy foydalanilishiga mos kelishi yoki undan boshqacha tarzda foydalanishni, masalan, yer uchastkasida mavjud kapital qurilish obyektlarini taʼmirlash (yoki rekonstruksiya qilish)ni nazarda tutishi mumkin.
255. Baholash obyektidan eng samarali foydalanish tahlili koʻchmas mulk obyektidan eng koʻp foyda olinadigan tarzda foydalanish imkonini beradi, zero, bozor ishtirokchilari (xaridorlar va sotuvchilar) bitim narxini shuni moʻljallab shakllantiradilar.
Bozor qiymatini aniqlashda baholovchi baholash obyektini baholash yondashuvlari va usullarini tanlash hamda har bir yondashuvni qoʻllaganda taqqoslanuvchi koʻchmas mulk obyektlarini tanlash uchun ushbu tahlil natijalariga asoslanadi.
256. Baholash obyektidan eng samarali foydalanish tahlilini amalga oshirish chegarasi va koʻrib chiqilishi lozim boʻlgan muqobil foydalanish variantlari soni baholashga oid vazifa shartlari va baholash obyektining xususiyatlariga qarab belgilanadi.
Baholash obyektidan eng samarali foydalanish tahlili baholovchi tomonidan ikki bosqichda amalga oshiriladi:
boʻsh turgan (yaxshilanmagan) deb qaraladigan yer uchastkasi uchun;
yaxshilashlar mavjud boʻlgan yer uchastkasi uchun.
257. Yaxshilashlar mavjud boʻlgan yer uchastkasidan foydalanish uning bozor qiymati boʻsh turgan yer uchastkaning (yaxshilanishlarsiz) qiymatidan ortiq boʻlgan taqdirda eng samarali deb eʼtirof etiladi.
Baholash obyektining aniqlangan bozor qiymati miqdori yer uchastkasidan foydalanish variantlarining qaysi biriga muvofiq ekanligi baholash toʻgʻrisidagi hisobotda koʻrsatilishi lozim.
258. Baholash obyektidan eng samarali foydalanish tahlili, qoida tariqasida, hajmli-rejali va konstruktiv yechimlar boʻyicha oʻtkaziladi. Yer uchastkasi va kapital qurilish obyektlarini oʻz ichiga olgan baholash obyektlari uchun eng samarali foydalanish mavjud kapital qurilish obyektlarini hisobga olib aniqlanadi. Bunday tahlil zarur hisob-kitoblarni oʻtkazish yoki agar hisob-kitoblarni talab qilmaydigan asoslashlar taqdim etilgan boʻlsa, ularni oʻtkazmasdan bajariladi.
259. Baholash obyektidan eng samarali foydalanish tahlili natijalariga koʻra baholovchi yer uchastkasidan joriy foydalanish undan eng samarali foydalanishga qay darajada muvofiq ekanligi toʻgʻrisida xulosa chiqaradi va shunga qarab baholashning eng maqsadga muvofiq yondashuvlari va usullarini tanlash amalga oshiriladi.
Yaxshilashlar mavjud boʻlgan yer uchastkasidan eng samarali foydalanish boʻsh turgan deb qaraladigan yer uchastkasidan eng samarali foydalanish bilan muvofiq boʻlgan taqdirda baholashning barcha yondashuvlari qoʻllaniladi.
Yaxshilashlar mavjud boʻlgan yer uchastkasidan eng samarali foydalanish boʻsh turgan deb qaraladigan yer uchastkasidan eng samarali foydalanish bilan muvofiq boʻlmagan taqdirda baholashning xarajat va daromad yondashuvlari qoʻllaniladi.
Yaxshilashlar mavjud boʻlgan yer uchastkasidan eng samarali foydalanish boʻsh turgan deb qaraladigan yer uchastkasidan eng samarali foydalanish bilan muvofiq boʻlmagan, mavjud yaxshilashlarni rekonstruksiya qilish zarur boʻlgan holda xarajat yondashuvi va daromad yondashuvining POD usuli qoʻllaniladi.
Yaxshilashlar mavjud boʻlgan yer uchastkasidan eng samarali foydalanish boʻsh turgan deb qaraladigan yer uchastkasidan eng samarali foydalanish bilan muvofiq boʻlmagan, mavjud yaxshilashlarni buzib tashlash zarur boʻlgan holda buzish xarajatlarini hisobga olib qiyosiy yondashuv va daromad yondashuvining POD usuli qoʻllaniladi.
3-bob. Koʻchmas mulkni baholashda baholash yondashuvlari va usullarini qoʻllash
1-§. Umumiy qoida
260. Koʻchmas mulkni baholashda qoʻllaniladigan baholash yondashuvlari va usullarini qoʻllash 6-son MBS talablari asosida amalga oshiriladi. Koʻchmas mulkni baholashda qiyosiy, daromad va xarajat yondashuvlari qoʻllaniladi.
2-§. Qiyosiy yondashuv
261. Koʻchmas mulkni baholashga qiyosiy yondashuvni qoʻllaganda baholovchi quyidagilarni hisobga oladi:
a) koʻchmas mulkni baholash uchun qiyosiy yondashuv ― baholash uchun bitimlar va/yoki takliflar narxlari maʼlum boʻlgan analog-obyektlarni yetarli miqdorda tanlab olish mumkin boʻlganda qoʻllaniladi;
b) analog-obyektlar sifatida baholanayotgan obyekt bilan bitta bozor boʻgʻiniga tegishli boʻlgan va narx hosil qiluvchi omillar boʻyicha u bilan taqqoslanadigan koʻchmas mulk obyektlaridan foydalaniladi. Bunda, barcha koʻchmas mulk obyektlari, shu jumladan, baholanayotgan obyekt uchun har bir koʻrsatilgan omillar boʻyicha narx shakllanishi bir xil boʻlishi lozim;
v) baholashni oʻtkazishda baholovchi foydalana oladigan analog-obyektlar haqidagi bozor maʼlumotlari hajmi hamda hisob-kitoblarni olib borish uchun ularni tanlab olish qoidalari bayon etilishi lozim. Hisob-kitoblarda baholovchi foydalana oladigan analog-obyektlarning faqat bir qismidan foydalanilgani baholash haqidagi hisobotda asoslab berilgan boʻlishi lozim;
g) hisob-kitoblarni olib borishda baholanayotgan obyekt bozorida shu obyektga oʻxshash obyekt uchun xos boʻlgan solishtirma qiymat koʻrsatkichlari (taqqoslash birliklari), xususan maydon birligi yoki hajm birligining narxi yoki ijara haqi miqdoridan foydalaniladi;
d) bozorda mavjud boshlangʻich axborotga qarab, koʻchmas mulkni baholash jarayonida baholashning sifatga oid usullaridan (nisbiy qiyosiy tahlil, ekspert baholari usuli va boshqa usullar) baholashning miqdoriy usullaridan (regression tahlil usuli, miqdoriy tuzatishlar usuli va boshqa usullar) foydalanish yoki ularni birga qoʻshib qoʻllash mumkin.
Sifatga oid usullarni qoʻllaganda koʻchmas mulkni baholash oʻxshash obyektlar bilan bitimlar va/yoki takliflar narxlarini tahlil qilish asosida aniqlanadigan oʻzaro bogʻliqliklarni yoki ekspertlardan olingan tegishli axborotni oʻrganish hamda baholashni oʻtkazishda ushbu oʻzaro bogʻliqliklardan baholash uchun tanlangan usul texnologiyalariga muvofiq foydalanish yoʻli bilan amalga oshiriladi.
Tuzatishlar usulini qoʻllaganda har bir analog-obyekt baholash obyekti bilan narxni shakllantiruvchi omillar (taqqoslash elementlari) boʻyicha taqqoslanadi, ushbu omillar boʻyicha tafovutlar aniqlanadi hamda analog-obyektning bahosi yoki uning solishtirma koʻrsatkichi baholash obyektining qiymatini topish uchun aniqlangan farqlar boʻyicha tuzatiladi. Bunda, har bir taqqoslash elementi boʻyicha tuzatish bu elementning obyekt qiymatiga qoʻshgan hissasi prinsipi boʻyicha asoslab beriladi.
Regression tahlil usullarini qoʻllaganda baholovchi baholanayotgan obyekt bozori boʻgʻini maʼlumotlaridan foydalanib ushbu obyekt bozoriga mos keladigan narx shakllanishi modelini yasaydi, unga asosan izlanayotgan qiymatning hisoblangan miqdorini aniqlaydi;
e) baholash obyektini bitimlar sodir etilgan yoki bitim sodir etish uchun bozorga chiqarilgan boshqa koʻchmas mulk obyektlari bilan taqqoslash uchun, qoida tariqasida, quyidagi taqqoslash elementlaridan foydalaniladi:
oʻtkaziladigan mulkiy huquqlar, ushbu huquqlarga doir cheklashlar (boshqa shaxslar huquqlarining yuklanishi);
sodir etilgan yoki moʻljallanayotgan bitimni moliyalashtirish shartlari (toʻlov turi, kreditlash shartlari, boshqa shartlar);
sotish shartlari (bozor uchun xos boʻlmagan shartlar, affillangan shaxslar oʻrtasidagi bitim, boshqa shartlar);
bozor shartlari (bitim sanasi va baholash sanasi oʻrtasidagi davrda narxlarning oʻzgarishi, taklif narxlari boʻyicha chegirmalar, boshqa shartlar);
xariddan keyingi xarajatlar;
foydalanish turi;
obyektning joylashgan eri;
obyektning fizik tavsiflari, shu jumladan, yer uchastkasi xossalari, kapital qurilish obyektlarining holati, yer uchastkasi maydoni bilan undagi qurilmalar maydoni nisbati, boshqa tavsiflar;
iqtisodiy tavsiflar (operatsion xarajatlar hajmi, ijara shartlari, ijarachilar tarkibi, boshqa tavsiflar);
koʻchmas mulk bilan bogʻliq boʻlmagan koʻchar va koʻchmas mulk mavjudligi.
262. Baholash obyekti qiymatini qiyosuv yondashuv orqali aniqlashda baholovchi sotuvlarni taqqoslash usulini qoʻllashi mumkin. Bunda, hisoblash uchun taqqoslash birligi, qoida tariqasida, koʻchmas mulk turi bilan belgilanadi.
Taqqoslash birligi sifatida:
bino yoki yer uchastkasining maydoni birligi (kvadrat metr, sotix, gektar) narxi;
bino hajmining birligi (kub metr) narxi;
tijoriy salohiyati asosida baholanayotgan baholash obyektlari uchun joy narxi, raqam va boshqa oʻlchov birliklaridan foydalaniladi.
3-§. Daromad yondashuvi
263. Baholash natijalarini daromad yondashuvi doirasida aniqlash uchun turli usullardan foydalaniladi, ulardagi umumiylik shundan iboratki, qiymat mulkdor olayotgan haqiqiy daromad yoki olishi moʻljallanayotgan daromadlarga asoslanadi.
Investitsion mulk holatida bunday daromad ijara toʻlovi shaklida boʻlishi mumkin, mulkdor egaligidagi binoga nisbatan esa xuddi shunday binoni ijaraga olganda mulkdor qanday sarf-xarajatlar qilishi mumkinligini hisobga olgan holda moʻljallanayotgan ijara haqi (yoki tejalgan ijara haqi)dan iborat boʻlishi mumkin.
264. Koʻchmas mulkka boʻlgan baʼzi bir huquqlar uchun bunday mulkning daromad keltiruvchi tavsiflari undan maxsus foydalanilishi yoki biznes/savdo faoliyati (masalan, mehmonxonalar, golf maydonlari va h.k.) bilan bogʻliq boʻladi.
Agar bino faqat savdo faoliyatining muayyan turiga mos kelsa, undan olinadigan daromad koʻpincha haqiqiy yoki potensial pul oqimlari bilan bogʻliq boʻladi, bu pul oqimlari bino mulkdorida savdo faoliyatini amalga oshirish natijasida hosil boʻladi.
265. Baholash obyekti qiymatini daromad yondashuvi bilan aniqlash uchun baholovchi baholash obyektidan kutilayotgan daromadlarni baholash sanasida qiymatning yagona miqdoriga oʻzgartirishga asoslangan POD yoki daromadni kapitallashtirish usullaridan foydalaniladi.
266. Daromadni kapitallashtirish usuli taʼmirlashga yoki rekonstruksiya qilishga jiddiy kapital kiritmalarni talab qilmaydigan, ulardan haqiqiy foydalanish eng samarali foydalanilishiga mos keladigan koʻchmas mulk obyektlarini baholash uchun qoʻllaniladi.
Koʻchmas mulk obyektlari qiymatini daromadni kapitallashtirish usulidan foydalangan holda aniqlash obyektning bozorga muvofiq keladigan yillik daromadini umumiy kapitallashtirish stavkasiga boʻlish yoʻli bilan amalga oshiriladi, bunda umumiy kapitallashtirish stavkasi baholanayotgan obyektga oʻxshash koʻchmas mulk obyektlaridan daromadlar bilan ularning narxlari nisbati haqidagi bozor maʼlumotlarini tahlil qilish asosida aniqlanadi.
267. Kutilayotgan daromad sifatida uning quyidagi turlaridan biri olinadi:
potensial yalpi daromad, yaʼni koʻchmas mulkdan u toʻliq yuklangan sharoitda hamda barcha yoʻqotishlar va xarajatlarni hisobga olmagan holda olinishi mumkin boʻlgan daromad;
potensial yalpi daromaddan maydonlardan toʻlaligicha foydalanmaslik tufayli yuz bergan yoʻqotishlarni ayirish va ijara haqi olinganda koʻchmas mulk obyektidan bozor maqsadlarida normal foydalanishdan olingan boshqa daromadlarni qoʻshish yoʻli bilan olinadigan haqiqiy yalpi daromad;
haqiqiy yalpi daromaddan amortizatsiya ajratmalarini oʻz ichiga olmaydigan operatsion xarajatlarni ayirish yoʻli bilan olinadigan sof operatsion daromad.
268. Kapitallashtirish stavkasi baholanayotgan aktiv daromadlari tarkibi va mavjud axborotga qarab, quyidagi usullardan biri bilan hisoblanadi:
bozorni siqish usuli bilan;
bogʻliq investitsiyalar usuli bilan;
kapital xarajatlar qoplanishini hisobga olish usuli bilan.
Kapitallashtirish stavkasi daromad turiga muvofiq boʻlishi lozim.
269. POD usuli vaqt mobaynida erkin oʻzgaruvchan pul oqimlarini toʻplaydigan yoki toʻplash qobiliyatiga ega boʻlgan koʻchmas mulkni baholash uchun ularni xuddi shunday koʻchmas mulkka kiritilgan investitsiyalarning tegishli daromadliligi stavkasi boʻyicha diskontlash orqali qoʻllaniladi.
270. Prognoz davrida olinadigan pul oqimlari oʻlchovi sifatida quyidagi daromad turlaridan biri olinadi:
potensial yalpi daromad;
haqiqiy yalpi daromad;
sof operatsion daromad;
soliqlar va foizlar toʻlangunga qadar boʻlgan daromad.
Pul oqimlari nominal yoki real oʻlchovlarda hisoblanadi.
271. Diskontlash stavkasi quyidagi usullardan biri bilan hisoblanadi:
kumulyativ tuzish usuli bilan;
muqobil investitsiyalarni taqqoslash usuli bilan;
oʻxshash obyektlarning sotilishi haqidagi bozor maʼlumotlarini ajratish usuli bilan.
Diskontlash stavkasi qoʻllanilayotgan pul oqimining turiga muvofiq boʻlishi va u bilan bir xil qiymatlarda hisoblanishi lozim.
272. Muayyan biznes turini (masalan, mehmonxonalar, restoranlar, avtomobilga yoqilgʻi quyish stansiyalari) yuritishga moʻljallangan koʻchmas mulkni baholash ushbu biznesning operatsion faoliyati haqidagi axborot asosida uning qiymatidan baholanayotgan koʻchmas mulkka tegishli boʻlmagan qismlarni ajratish yoʻli bilan olib borilishi mumkin.
4-§. Xarajat yondashuvi
273. Koʻchmas mulkni xarajat yondashuvini qoʻllagan holda baholashda baholovchi 6-son MBS talablariga amal qilishi lozim.
274. Bozor bitimlari narhlari haqida yoki identifikatsiyalangan daromad oqimlari haqida maʼlumotlar boʻlgan taqdirda ham xarajat yondashuvi ikkilamchi yoki tasdiqlovchi yondashuv sifatida qoʻllanilishi mumkin.
275. Xarajat yondashuvi bozor faolligi past boʻlganda, qiyosiy va daromad yondashuvlarini qoʻllash uchun zarur maʼlumotlar yetarli boʻlmaganda, shuningdek maxsus maqsadlarda foydalaniladigan ixtisoslashtirilgan koʻchmas mulk (masalan, gidrotexnik inshootlar, suv bosimi minoralari, nasos stansiyalari, qozonxonalar, muhandislik tarmoqlari)ni baholash uchun qoʻllaniladi.
276. Xarajat yondashuvidan foydalangan holda aniqlanadigan koʻchmas mulk obyekti qiymati quyidagi ketma-ketlikda hisoblanadi:
yer uchastkasiga boʻlgan huquqlarni boʻsh yer uchastkasiga boʻlgan huquq sifatidagi qiymatini aniqlash;
kapital qurilish obyektlarini yaratishga (qayta tiklash yoki almashtirishga) xarajatlarni hisoblash;
tadbirkor foydasini aniqlash;
eskirishlarni aniqlash;
kapital qurilish obyektlari qiymatini ushbu obyektlarni yaratishga xarajatlarni hamda tadbirkor foydasini qoʻshish va ularning jismoniy eskirishini ayirish yoʻli bilan aniqlash;
koʻchmas mulk obyekti qiymatini yer uchastkasiga boʻlgan huquqlar qiymati va kapital qurilish obyektlari qiymati yigʻindisi sifatida aniqlash.
277. Koʻchmas mulk obyektining bozor qiymatini xarajat yondashuvidan foydalanib aniqlash maqsadida yer uchastkasi imoratlar qurilmagan boʻsh yer sifatida undan eng samarali foydalanishini taxmin qilib baholanadi.
278. Kapital qurilish obyektlarini yaratishga xarajatlarni hisoblash quyidagilar asosida amalga oshiriladi:
oʻxshash obyektlarni qurish haqida qurilish kontraktlari (shartnomalar) toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
oʻxshash obyektlarni qurishga xarajatlar haqida maxsus manbalardan olingan maʼlumotlar;
smeta hisob-kitoblari;
qurilish materiallarining bozor qiymatlari haqida axborot;
boshqa maʼlumotlar.
279. Kapital qurilish obyektlarini yaratishga xarajatlar qurilish-montaj ishlari tarkibiga kiradigan, ushbu obyektlarni yaratishga bevosita bogʻliq boʻlgan sarf-xarajatlar bilan ularni yaratishga yordam beradigan, ammo qurilish-montaj ishlari tarkibiga kiritilmaydigan sarf-xarajatlar yigʻindisi sifatida aniqlanadi.
280. Koʻchmas mulkning bozor qiymatini baholash maqsadida foyda miqdori ekstraksiya, ekspert baholash usullari yoki kapital qurilish obyektlarini yaratish va yer uchastkasiga boʻlgan huquqlarni sotib olish bilan bogʻliq toʻgʻridan-toʻgʻri, bilvosita va kiritilgan xarajatlarni hisobga oladigan analitik usullar asosida aniqlanadi.
281. Eskirish miqdori koʻchmas mulk qiymatining jismoniy eskirish, funksional va tashqi (iqtisodiy) eskirish natijasida yoʻqotilishi sifatida aniqlanadi. Bunda eskirish baholanayotgan koʻchmas mulkka tegishli kapital qurilish obyektlariga bogʻliq boʻladi.
282. Boʻsh turgan (yaxshilanmagan) deb qaraladigan yer uchastkasiga boʻlgan mulkiy huquqlar qiymati mazkur yer uchastkasidan eng samarali foydalanish yoʻli taxmin qilinganda quyidagi usullardan biri bilan hisoblanadi:
sotuvlarni taqqoslash usuli bilan;
taqsimlash usuli bilan;
ajratish usuli bilan;
er rentasini kapitallashtirish usuli bilan;
er uchun qoldiq usuli bilan;
yer uchastkasidan moʻljallanayotgan foydalanish usuli bilan.
283. Yaxshilashlarni tiklash yoki oʻrniga belgilash xarajatlari qiymatini hisoblash uchun quyidagi usullardan biri qoʻllaniladi:
qiyosiy birlik usuli;
komponentlarga ajratish usuli;
ayrim narxlar usuli, u ikki xil asosiy turlarga ega ― resursli usul va bazisli-indeksli usul;
analoglar usuli.
4-bob. Qoʻllanilgan baholash yondashuvlari natijalarini muvofiqlashtirish va baholash obyektining yakuniy qiymatini aniqlash
284. Baholashning turli usullari va yondashuvlaridan foydalanib olingan baholash obyektini baholash natijalarini muvofiqlashtirish, uning natijalarini baholash haqidagi hisobotda aks ettirish 6-son MBS talablariga asosan amalga oshiriladi.
285. Muvofiqlashtirish, qoida tariqasida, turli baholash yondashuvlari bilan olingan baholash natijalari uchun taqqoslama oʻlchovlarni aniqlash orqali amalga oshiriladi, bunda baholovchi:
baholash maqsadini va baholash natijalaridan foydalanish moʻljalini;
baholash obyektining xususiyatini;
qiymat turini;
baholash yondashuvlarini qoʻllashda foydalanilgan axborot hajmi va sifatini hisobga olishi lozim.
286. Muvofiqlashtirish usuli va taqqoslama oʻlchovlarning tanlanishi hamda bunda, baholovchining barcha mulohazalari va farazlari baholash toʻgʻrisidagi hisobotda asoslanishi lozim.
5-bob. Ayrim turdagi koʻchmas mulklarni baholashning oʻziga xos xususiyatlari
287. Koʻchmas mulk qiymatini baholash natijalari baholash obyekti balansida turgan shaxslar tomonidan, buxgalteriya hisobi va hisobotiga tegishli normativ-huquqiy hujjatlarda aktivlarni dastlabki qiymati asosida baholashning umumiy qoidalaridan chekinish nazarda tutilgan hollarda buxgalteriya hisobi va hisoboti maʼlumotlarini tuzatish maqsadida qoʻllanilishi mumkin.
288. Tijorat salohiyatiga muvofiq baholanadigan koʻchmas mulk uchun baholash bazasi mavjud foydalanishdagi bozor qiymatidir. Mazkur toifadagi koʻchmas mulkka mehmonxonalar, restoranlar, barlar, tijorat tibbiy-sogʻlomlashtirish muassasalari, sport, dam olish, koʻngilochar obyektlari va boshqa shunga oʻxshash obyektlar kiradi.
Tijorat salohiyatiga muvofiq baholanadigan koʻchmas mulk obyektlari olinishi mumkin boʻlgan daromaddan kelib chiqib (foizlar, soliqlar hamda moddiy va nomoddiy aktivlar eskirishi chegirib tashlangunga qadar) POD usuli yoki toʻgʻridan-toʻgʻri kapitallashtirish usuli bilan baholanadi.
Tijorat salohiyatiga muvofiq baholanayotgan koʻchmas mulk bahosiga yer uchastkasiga boʻlgan mulkiy huquqlar va yaxshilashlardan tashqari koʻchmas mulk bilan biriktirilgan asbob-uskunalar va jihozlar hamda beriladigan gudvill (tovar-moddiy zaxiralardan tashqari) kiritiladi.
Beriladigan gudvill nomoddiy aktiv boʻlib, u oʻziga xos nom, biznes obroʻsi, mijozlarning afzalliklari, joylashgan er, servis mahsuloti va iqtisodiy samara keltiradigan boshqa shunga oʻxshash omillar tufayli vujudga keladi.
289. Qurilishi tugallanmagan obyektning qiymati xarajat yondashuvi bilan quyidagi usullardan biri yordamida hisoblanadi:
qurilishi tugallanmagan obyektning tiklash qiymati yoki oʻrniga belgilash qiymati yigʻilgan eskirish chegirib tashlangan holda hisoblanadi;
qurilish tugallangan koʻchmas mulk obyektining qiymati qurilishni tugallash xarajatlari chegirib tashlangan holda hisoblanadi.
Hisoblangan qiymatga yer uchastkasiga boʻlgan huquqlarning bozor qiymati qoʻshiladi.
Qurilishi tugallanmagan obyektning qiymati daromad yondashuvi bilan POD usuli yordamida, baholash obyektini tugallash yoki rekonstruksiya qilish (qayta ixtisoslashtirish)ga investitsiyalarni hisobga olgan holda aniqlanadi.
Qurilishi tugallanmagan obyektning qiymatini baholashga qiyosiy yondashuv analoglarning sotilishi haqida zarur bozor maʼlumotlari mavjud boʻlgan holda qoʻllaniladi.
290. Tabiiy yoki texnogen xususiyatga ega boʻlgan omillar taʼsiri tufayli shikastlangan koʻchmas mulk qiymati mazkur koʻchmas mulkning tiklash qiymatiga yoki tiklash xarajatlari chegirib tashlangan oʻrniga belgilash qiymatiga muvofiqdir. Tiklashdan voz kechilgan taqdirda, koʻchmas mulk qiymati boʻsh turgan deb qaraladigan yer uchastkasiga boʻlgan mulkiy huquqlar qiymati bilan uni shikastlangan mulkdan tozalash xarajatlari oʻrtasidagi tafovut sifatida aniqlanadi.
291. Binoning ichki qismida qurilgan binoning bir qismi hisoblanadigan xonalar qiymatini aniqlashda yer uchastkasiga boʻlgan mulkiy huquqlar qiymati hisobga olinmaydi.
IX BOʻLIM. NOMODDIY AKTIVLARNI BAHOLASh (9-SON MBS)
1-bob. Umumiy qoidalar
1-§. Nomoddiy aktivlarni baholashning umumiy qoidalari
292. Nomoddiy aktivlarni, shu jumaladan intellektual mulkni baholash 1 ― 6-son MBS talablari asosida amalga oshiriladi. Nomoddiy aktivlarni baholash (9-son MBS) (bundan buyon matnda 9-son MBS deb yuritiladi) nomoddiy aktivlarni, shu jumladan, intellektual mulkni baholashga doir qoʻshimcha talablarni belgilaydi.
293. Baholovchilar nomoddiy aktivlar, shu jumladan, intellektual mulkni baholashda mazkur Standartning 3-ilovasida keltirilgan Metodikadan foydalanishlari mumkin.
294. 9-son MBS maqsadida baholash obyektlari boʻlib, moddiy-ashyoviy shaklga ega boʻlmagan, oʻzini oʻz iqtisodiy xossalari bilan namoyon qiladigan, oʻz egasiga (huquq egasiga) foyda keltiradigan nomoddiy aktivlar hisoblanadi.
295. Baholovchilar nomoddiy aktivni baholash predmeti va maqsadini aniq tushunishlari lozim. Qanday nomoddiy aktivlarni baholash kerakligi va ushbu nomoddiy aktivlar qanday aniqlanadi ― bu baholash maqsadiga bogʻliq boʻladi, nomoddiy aktivlarning qay tarzda aniqlanishiga qarab qiymatda jiddiy tafovut yuzaga kelishi mumkin.
2-§. Nomoddiy aktivlarni identifikatsiya qilish
296. Nomoddiy aktivlar, shu jumladan, intellektual mulkni identifikatsiya qilishda baholovchi taqdim etilgan hujjatlarning baholash obyekti va unga boʻlgan huquqlarning haqiqiy holatiga muvofiqligini aniqlaydi. Baholash jarayonida vujudga kelishi mumkin boʻlgan farazlar va cheklovchi shartlar tahlili amalga oshiriladi.
297. Baholash obyektini identifikatsiya qilish quyidagilarni nazarda tutadi:
baholash obyekti va unga boʻlgan huquqlarni belgilovchi hujjatlarning mavjudligi (mavjudligi ehtimoli) faktini aniqlash;
baholash obyektiga boʻlgan mulkiy huquqlarning turini aniqlash;
baholash obyektidan foydalanishning maqsadlarini, usullarini va boshqa muhim faktlarini aniqlash;
foydalanish boshlanadigan sanani aniqlash.
3-§. Axborotni toʻplash va tahlil qilish
298. Nomoddiy aktivlar, shu jumldana intellektual mulk obyektini baholashga oid vazifada 1-son MBSda koʻrsatilgan axborotga qoʻshimcha quyidagi axborotlar boʻlishi kerak:
intellektual mulkka berilgan huquqiy muhofaza rejimi haqida, shu jumladan, huquqiy muhofaza hajmi, muddatlari, hududi, intellektual mulkka mutlaq huquqlarga nisbatan cheklovlar (boshqa shaxslar talablarining yuklanishlari) haqida;
baholanishi kerak boʻlgan intellektual mulkka nisbatan huquqlar hajmi haqida;
tarkibida baholash obyekti boʻlgan obyektlar yigʻindisi (yoki yagona texnologiya, yoxud qoʻshimcha aktivlar) haqida;
litsenziya mukofotining hisoblangan miqdori (bundan buyon matnda Royalti deb yuritiladi).
Baholash maqsadi va baholash obyektining xususiyatlariga qarab baholashga oid vazifa qoʻshimcha shartlarni oʻz ichiga olishi mumkin.
299. Baholash obyekti qiymatini aniqlash uchun baholovchi bozorning baholanayotgan obyektni yaratish va undan foydalanish tegishli boʻlgan boʻgʻinlarini oʻrganadi.
Baholash obyekti bozorini tahlil qilish quyidagi izchillikda bajariladi:
makroiqtisodiy omillar, shu jumladan, baholash sanasidan oldingi davrda bozorda yuzaga kelgan tendensiyalar taʼsirini tahlil qilish;
baholanayotgan obyekt tegishli bozor boʻgʻinini aniqlash va tahlil qilish:
shunga oʻxshash nomoddiy aktivlar va intellektual mulk obyektlarini yaratish va huquqiy muhofaza berishni tahlil qilish;
baholash obyekti tegishli tarmoqning joriy holatini, rivojlanish istiqbollari va tendensiyalarini tahlil qilish;
baholash obyekti yoki analog-obyekt (agar mavjud boʻlsa) bilan bitimlar (litsenziya shartnomalari hamda mutlaq huquqdan boshqa shaxs foydasiga voz kechish haqidagi shartnomalar)ni tahlil qilish;
bir xil yoki oʻxshash nomoddiy aktivlarga ega biznes bilan (agar mavjud boʻlsa) birlashish bilan bogʻliq bitimlarni tahlil qilish;
baholash obyekti bilan taqqoslanuvchi analoglarga talab, taklif va narxiga taʼsir qiluvchi asosiy omillarni tahlil qilish. Tahlil qilinishi lozim boʻlgan asosiy omillar ichidan quyidagilar koʻrib chiqilishi mumkin:
baholash obyekti bilan taqqoslanuvchi analoglar sonining oʻzgarish tendensiyasi;
litsenziya shartnomalarining oʻzgarish tendensiyasi;
royalti stavkalari;
baholash obyektiga oʻxshash texnologiyalarni import va eksport qilish tendensiyasi;
texnologiyalar yoki mualliflik va (yoki) turdosh huquq obyektlari yoki individuallashtirish vositalari va intellektual mulk, shuningdek nomoddiy aktivlarning boshqa obyektlari bozoridagi raqobatga va narx shakllanishiga taʼsir qiluvchi boshqa omillar;
baholash obyektini yaratish va undan foydalanish bozori, shuningdek baholash obyektidan foydalangan holda ishlab chiqariladigan va sotiladigan mahsulot (tovarlar, ishlar, xizmatlar) bozoriga nisbatan asosiy xulosalar.
300. Boshlangʻich axborot quyidagi maʼlumotlardan iborat boʻlishi lozim:
baholash obyekti toʻgʻrisida ushbu obyektni bir xilda identifikatsiya qilish imkonini beruvchi, shu jumladan, nomoddiy aktiv biriktirilgan moddiy tashuvchisining tavsifi toʻgʻrisidagi maʼlumot;
baholash obyektining huquq egasi toʻgʻrisidagi maʼlumot;
nomoddiy aktiv va intellektual mulkni yaratishga sarflangan xarajatlar toʻgʻrisidagi maʼlumot;
nomoddiy aktiv va intellektual mulk keltiradigan afzalliklar toʻgʻrisidagi maʼlumot;
nomoddiy aktiv va intellektual mulkdan foydalanishdan keladigan daromad toʻgʻrisidagi maʼlumot;
baholash obyektidan foydalanishning texnik-iqtisodiy koʻrsatkichlari toʻgʻrisidagi maʼlumot.
nomoddiy aktiv va intellektual mulkka huquq egasining moliya xoʻjalik faoliyati boʻyicha hisobotlari.
Baholash maqsadiga va baholash obyektining xususiyatlariga qarab, baholovchi boshlangʻich axborot roʻyxatini kengaytirishi yoki baholashni oʻtkazish jarayonida kerakli axborotni talab qilib olishi mumkin.
2-bob. Nomoddiy aktivlarni baholashda baholash yondashuvlari va usullarini qoʻllash
1-§. Baholash yondashuvlari va usullarini tanlash
301. Nomoddiy aktivlar, shu jumladan, intellektual mulkka boʻlgan huquqlarni baholashga uchta asosiy yondashuv, yaʼni qiyosiy, xarajat va daromad yondashuvlarini qoʻllash mumkin. Baholash yondashuvi va usulini tanlashda 6-son MBS talablariga amal qilishi kerak.
302. Har bir baholash yondashuvi doirasida 9-son MBSda belgilangan usullarni tanlash baholovchi tomonidan baholash maqsadi, baholash obyektining xususiyatlari va rivojlantirish istiqbollari, cheklovchi shartlar, axborot bazasi mavjudligi va uning toʻliqligini hisobga olgan holda mustaqil tarzda amalga oshiriladi.
2-§. Qiyosiy yondashuv
303. Qiyosiy yondashuvdan foydalanganda nomoddiy aktiv qiymati bozorning faolligidan (masalan, bir xil yoki oʻxshash aktivlar bilan bitimlar) kelib chiqqan holda aniqlanadi.
304. Nomoddiy aktivlar ishtirokidagi bitimlar koʻpincha boshqa aktivlarni ham, masalan, nomoddiy aktivlar bilan bogʻliq boʻlgan biznesni birlashtirishga oid bitimlarni oʻz ichiga oladi.
305. Baholovchilar quyidagi shartlar bajarilgan taqdirda nomoddiy aktivlarni baholashga qiyosiy yondashuvni qoʻllashi kerak:
mustaqil taraflar oʻrtasidagi bir xil yoki oʻxshash nomoddiy aktivlar jalb qilingan bitimlar haqida baholash sanasidagi yoki unga yaqin sanadagi axborotdan foydalanish mumkin;
baholovchi baholanayotgan nomoddiy aktiv bilan bunday bitimlarda ishtirok etayotgan aktivlar oʻrtasidagi barcha ahamiyatli tafovutlarni hisobga olish maqsadida tuzatishlarni amalga oshirishi uchun yetarli axborotga ega.
306. Nomoddiy aktivlar xususiyatining bir xil emasligi hamda nomoddiy aktivlar bilan bitimlar juda kam hollarda boshqa aktivlardan alohida tuzilishi fakti shuni anglatadiki, faqat kamdan kam hollarda bir xil aktivlar bilan bitimlar haqida bozor maʼlumotlarini qoʻlga kiritish mumkin. Bozor maʼlumotlari mavjud boʻlgan taqdirda ham, qoida tariqasida, ular bir xil emas, balki oʻxshash aktivlarga tegishli boʻladi.
307. Taqqoslanuvchi bitimlar usuli, qoida tariqasida, qiyosiy yondashuvning nomoddiy aktivlarga qoʻllash mumkin boʻlgan usuldir.
308. Qiyosiy yondashuvning ushbu usulini qoʻllaganda nomoddiy aktivlar qiymati yaqinda sodir boʻlgan sotuvlarning haqiqiy narxlari yoki oʻxshash obyektlarga talab va taklif haqidagi axborotni oʻrganish yoʻli bilan olingan taklif narxlarini taqqoslash orqali aniqlanadi.
309. Taqqoslanuvchi bitimlar usuli quyidagi harakatlar ketma-ketligini nazarda tutadi:
sotuv (taklif) narxining ishonchliligi ehtimoli yuqori boʻlgan bitta yoki undan ortiq bir xil taqqoslanuvchi obyektlar yoki ikki va undan ortiq oʻxshashligi koʻproq boʻlgan obyektlar tanlanadi;
analogning baholanayotgan obyektdan farqining har bir omili (nomoddiy aktiv foydalaniladigan tarmoq, nomoddiy aktivning qimmati va himoyalanganligi, nomoddiy aktivdan foydalanayotgan korxonaning hajmi (kichik, oʻrta, yirik), nomoddiy aktivdan foydalanish koʻlami, nomoddiy aktivdan foydalanish muddati, nomoddiy aktivdan foydalanish qaltisliklari, boshqa ishonchli taqqoslash omillari) boʻyicha indekslar hisoblanadi;
har bir analog qiymati yuqorida koʻrsatilgan indekslar yordamida baholanayotgan nomoddiy aktiv qiymatiga keltiriladi;
nomoddiy aktivning bozor qiymati analoglarning oʻrtacha keltirilgan qiymati miqdori sifatida hisoblanadi.
310. Baholash obyektini bitimlar sodir etilgan yoki bitim sodir etish uchun bozorga chiqarilgan boshqa obyektlar bilan taqqoslash uchun, qoida tariqasida, quyidagi taqqoslash elementlaridan foydalaniladi:
intellektual mulkka berilgan huquqiy muhofaza rejimi, shu jumladan, unga oʻtkazilgan huquqlar va undan foydalanish muddatlari;
nomoddiy aktivlar bilan bitimlarni moliyalashtirish shartlari, shu jumladan, oʻz mablagʻlari va qarz mablagʻlarining nisbati;
analog obyekt bilan bitim tuzish sanasidan boshlab baholashni oʻtkazish sanasigacha boʻlgan davrda nomoddiy aktivlar narxlarining oʻzgarishi;
nomoddiy aktivlardan foydalanilgan yoki foydalaniladigan soha;
taqdim etiladigan (beriladigan) huquqlar amal qiladigan hudud;
tanlangan analog obyektlarning baholash obyektining tegishli tavsiflariga oʻxshash funksional, texnologik, iqtisodiy tavsiflari;
baholash obyektidan foydalanish orqali ishlab chiqariladigan va sotiladigan mahsulotga boʻlgan talab;
baholash obyektdan u iqtisodiy foyda keltira oladigan foydalanish muddati;
nomoddiy aktivning qiymatga taʼsir qiluvchi boshqa tavsiflari.
311. Baholanayotgan nomoddiy aktivga ancha yuqori darajada oʻxshash boʻlgan qimmatli qogʻoz kamdan kam hollarda ochiq bozorda boʻlishi mumkin, bu ommaviy analog-kompaniyalar usulidan foydalanish imkonini beradi.
3-§. Daromad yondashuvi
312. Daromad yondashuvidan foydalanilganda nomoddiy aktiv qiymati baholanayotgan nomoddiy aktivning uning iqtisodiy xizmati muddati davomidagi koʻrsatilgan daromad qiymati, pul oqimlari yoki sarf-xarajatlardagi tejash asosida aniqlanadi.
313. Nomoddiy aktivni baholashga daromad yondashuvini qoʻllash zaruratini aniqlashda baholovchilar 6-son MBS talablariga asoslanib ish tutishlari kerak.
314. Nomoddiy aktivlar bilan bogʻliq daromad koʻpincha tovarlar yoki xizmatlar uchun toʻlanadigan narxga kiritiladi. Daromad yondashuvining koʻpgina usullari baholanayotgan nomoddiy aktiv bilan bogʻliq boʻladigan iqtisodiy foydani ajratish uchun qoʻllaniladi.
315. Daromad yondashuvi nomoddiy aktivlarni baholashda qoʻllaniladigan eng keng tarqalgan usul boʻlib, koʻpincha quyidagilarni baholashda qoʻllaniladi:
texnologiyalarni;
mijoz bilan bogʻliq nomoddiy aktivlarni (masalan, bajarilmagan (boʻlajak buyurtmalar jurnallari, kontraktlar, shartnomaviy munosabatlar) ;
savdo nomlari /tovar belgilari/brendlarni;
faoliyatni amalga oshirish uchun litsenziyalarni (masalan, franchayzing haqida kelishuvlar, foydali qazilmalarni qavlab olishga, qurilishga litsenziyalar va h.k.);
raqobatni cheklash haqida kelishuvlarni.
316. Baholash obyekti qiymatini daromad yondashuvi bilan baholash uchun baholovchi tomonidan baholash obyektidan kutilayotgan daromadlarni baholash sanasidagi qiymatning yagona miqdoriga aylantirishga asoslangan quyidagi usullardan biri qoʻllanadi:
toʻgʻridan-toʻgʻri kapitallashtirish usuli;
POD usuli.
317. Nomoddiy aktivlar va intellektual mulkdan foydalanishdan daromad (foyda) olinganda daromad yondashuvidan foydalanish mumkin. Nomoddiy aktivlar va intellektual mulkka huquq egasining ulardan foydalanish huquqini vaqtning muayyan davrida boshqa shaxslarga berishi natijasida olinadigan pul tushumlari va pul xarajatlari (bundan buyon matnda pul oqimlari deb yuritiladi) oʻrtasidagi farq nomoddiy aktivlar va intellektual mulkdan foydalanishdan olinadigan daromad hisoblanadi.
318. Vaqtning teng davrlari mobaynida nomoddiy aktivlar va intellektual mulkdan foydalanishdan miqdor boʻyicha oʻzaro teng boʻlgan yoki bir xil surʼatlarda oʻzgaradigan pul oqimlarini keltiradigan baholash obyektlari uchun qiymatning miqdori kelgusidagi pul oqimlarini toʻgʻridan-toʻgʻri kapitallashtirish usuli bilan aniqlanadi.
319. Bozor qiymatini toʻgʻridan-toʻgʻri kapitallashtirish usuli bilan aniqlash quyidagi bosqichlardan iborat:
baholash obyektidan foydalanish orqali hosil boʻladigan pul oqimlarini aniqlash;
baholash obyektidan foydalanishdan olinadigan pul oqimlarini kapitallashtirishning tegishli stavkalari miqdorini aniqlash;
baholash obyektidan foydalanishdan olinadigan pul oqimlarini kapitallashtirish yoʻli bilan baholash obyektining bozor qiymatini hisoblab chiqish.
320. Nomoddiy aktivlar va intellektual mulkdan foydalanishdan keladigan pul oqimlari bir maromda boʻlmagan taqdirda qiymat miqdori POD usuli bilan aniqlanadi.
321. Bozor qiymatini POD usuli bilan aniqlash quyidagi bosqichlardan iborat:
baholash obyektidan foydalanishdan olinadigan pul oqimlarining miqdori va tuzilmasini aniqlash;
diskontlashning tegishli stavkasi miqdorini aniqlash;
baholash obyektidan foydalanish bilan bogʻliq barcha POD usuli bilan baholash obyektining bozor qiymatini hisoblab chiqish.
322. Nomoddiy aktivlar, shu jumladan, intellektual mulkdan foydalanishdan olinadigan daromad (pul oqimlari)ni tuzish uchun baholovchi tomonidan quyidagi usullardan biri qoʻllaniladi:
ortiqcha foyda usuli;
royaltidan ozod qilish usuli;
foydadagi ustunlik usuli;
grinfild usuli;
distribyutor usuli;
tannarxdagi yutuq usuli;
ekspluatatsion xarajatlar tejamkorligi usuli;
qoldiq usuli.
323. Ortiqcha foydalar usuliga muvofiq nomoddiy aktiv qiymati baholanayotgan nomoddiy aktiv bilan bogʻliq pul oqimlarining shu pul oqimlarini shakllantirish uchun zarur boʻlgan boshqa nomoddiy aktivlar (yordamchi aktivlar) ulushini chegirgandan keyingi keltirilgan qiymati sifatida baholanadi. Ortiqcha foydalar usuli aksariyat hollarda xaridordan biznesni sotib olishning umumiy qiymatini moddiy aktivlar, identifikatsiyalanadigan nomoddiy aktivlar va gulvill oʻrtasida taqsimlash talab etilganda qoʻllaniladi.
Bunda, yordamchi aktivlar boʻlib baholanayotgan nomoddiy aktivlar bilan bogʻliq moʻljallanayotgan pul oqimlarini toʻplashda baholanayotgan nomoddiy aktiv bilan birga ishlatiladigan aktivlar hisoblanadi. Moʻljallanayotgan pul oqimlarini shakllantirishda ishtirok etmaydigan aktivlar yordamchi aktivlar hisoblanmaydi.
324. Ortiqcha foyda usulidan taxmin qilinayotgan pul oqimlarini diskontlashni qoʻllagan holda yoki taxmin qilinayotgan pul oqimini kapitallashtirish yoʻli bilan foydalanish mumkin.
325. Kapitallashtirish usuli, qoida tariqasida, faqat agar nomoddiy aktiv barqaror ishlab turgan hamda barqaror oʻsish/pasayish surʼatlariga, oʻzgarmas rentabellik normalariga va yordamchi aktivlar ularga hisoblashlarning doimiy darajasiga ega boʻlsagina mos keladi.
326. Aksariyat nomoddiy aktivlarning iqtisodiy xizmat muddati bir davrdan yuqori boʻlgani bois, koʻpincha ular oʻsishi/pasayishining notekis xususiyati kuzatiladi, dinamikada yordamchi aktivlarga har xil miqdorda hisoblashlar talab etilishi mumkin.
Taxmin qilinayotgan POD usuli eng koʻp qoʻllaniladigan ortiqcha foyda usuli hisoblanadi. Bu usul eng yuqori darajadagi moslashuvchanlikka ega boʻlib, baholovchilarga dastlabki hisoblab chiqilgan maʼlumotlarda oʻzgarishlar yuz berishini aniq taxminlash imkonini beradi.
Ortiqcha foyda usulini qoʻllash quyidagi asosiy bosqichlarda amalga oshiriladi:
qaralayotgan nomoddiy aktivlar va tegishli yordamchi aktivlar bilan bogʻliq boʻlajak daromadlarning hajmi va muddatlarini taxminlash;
baholanayotgan nomoddiy aktivdan hamda tegishli yordamchi aktivlardan daromadni shakllantirish uchun talab etiladigan xarajatlar hajmi va ularning kelib chiqish muddatlarini taxminlash;
taxminlanayotgan daromadlar va xarajatlarning shakllanishi uchun talab etilmaydigan yangi nomoddiy aktivlarni yaratish bilan bogʻliq xarajatlarni istisno etish uchun xarajatlarga tuzatishlar kiritish. Ortiqcha foyda usuli boʻyicha rentabellik koʻrsatkichlari butun biznes uchun rentabellik koʻrsatkichidan yuqori boʻlishi mumkin, chunki ortiqcha foyda usuli muayyan yangi nomoddiy aktivlarga investitsiyalarni istisno etadi;
taxminlanayotgan daromadlarni qoʻlga kiritish va xarajatlar uchun zarur yordamchi aktivlarni aniqlash. Yordamchi aktivlar koʻpincha aylanma kapital, asosiy vositalar, toʻliq butlangan xodimlar shtati hamda baholanayotgan nomoddiy aktivdan farq qiladigan identifikatsiyalanadigan nomoddiy aktivlarni oʻz ichiga oladi;
yordamchi aktivlar bilan bogʻliq tavakkalchilikni baholash asosida ularning har biridan tegishli samaradorlik darajasini aniqlash. Masalan, aylanma kapital kabi tavakkalchilik darajasi past boʻlgan aktivlardan samara, qoida tariqasida, nisbatan olganda ancha past boʻladi;
faqat baholanayotgan nomoddiy aktivga tegishli ortiqcha foyda olish maqsadida har bir taxminlanayotgan davrda yordamchi aktivlar boʻyicha talab etiladigan samara taxminlanayotgan davr summasidan chegiriladi;
qaralayotgan nomoddiy aktiv uchun tegishli diskontlash stavkasini aniqlash hamda ortiqcha foydaning keltirilgan qiymatini hisoblash yoki uni kapitallashtirish;
agar baholash maqsadida zarur boʻlsa, amortizatsiyadan soliqqa oid foydani hisoblash va baholanayotgan nomoddiy aktivga qoʻshish.
327. Ortiqcha foyda usulini har bir alohida olingan daromad va foyda oqimi boʻyicha faqat bitta nomoddiy aktivga nisbatan qoʻllash kerak (qoida tariqasida, bu asosiy yoki eng muhim nomoddiy aktiv boʻladi).
328. Daromad yondashuvi doirasida qoʻllaniladigan royaltidan ozod qilish usuli nomoddiy aktivdan foydalanishdan kelajakda olinadigan foydaning joriy qiymatini aniqlashni nazarda tutadi, bu foyda nomaddiy aktiv egasi oʻzida mavjud tegishli huquqlar tufayli tejagan royalti toʻlovlari koʻrinishida ifodalanadi.
329. Royaltidan ozod qilish usulida ehtimoliy yillik toʻlovlarning miqdori nomoddiy aktivlar va intellektual mulkni qoʻllagan holda chiqarilgan mahsulotlarni (xizmatlarni) sotishdan tushgan yillik tushumni royalti stavkasiga koʻpaytirish yoʻli bilan aniqlanadi. Ushbu toʻlovlar ― royalti nomoddiy aktivlar va intellektual mulkdan foydalanish bilan olinadigan sof daromad (pul oqimi) sifatida qabul qilinadi.
330. Royaltidan ozod qilish usulini qoʻllash quyidagi asosiy bosqichlarda amalga oshiriladi:
royalti toʻlanishi kutilayotgan davridagi baholanayotgan nomoddiy aktivlar va intellektual mulkka boʻlgan huquqlarning samarali foydalanish muddati aniqlanadi;
nomoddiy aktivlar va intellektual mulkdan foydalangan holda ishlab chiqarilgan mahsulot (xizmatlar) hajmining qiymat va natura ifodadagi prognozi tuziladi. Bu koʻrsatkichlarning qiymatlari ehtimoliy royalti toʻlovlarining hisobi uchun baza hisoblanadi;
royalti stavkasi aniqlanadi;
yillik toʻlovlar (royalti) litsenzion mahsulotlarni (xizmatlarni) sotish hajmidan foiz ajratmalarni hisoblash yoʻli bilan aniqlanadi;
muhofaza qiluvchi hujjatni kuchda saqlab turish bilan bogʻliq boʻlgan barcha xarajatlar hamda baholanayotgan nomoddiy aktivlar va intellektual mulkdan foydalanishni tashkiliy-huquqiy taʼminlash bilan bogʻliq xarajatlar aniqlanadi, agar mavjud boʻlsa;
muhofaza qiluvchi hujjatni kuchda saqlab turish bilan hamda baholanayotgan nomoddiy aktivlar va intellektual mulkning tashkiliy-huquqiy taʼminlanishi bilan bogʻliq boʻlgan barcha xarajatlarni ayirib tashlash yoʻli bilan royalti boʻyicha sof toʻlovlar oqimlari hisoblab chiqiladi.
331. Royaltidan ozod qilish usuli doirasida nomoddiy aktiv qiymati bu aktivdan uchinchi taraf litsenziyasi boʻyicha foydalanish emas, balki aktivga egalik qilish tufayli tejalgan moʻljallanayotgan royalti toʻlovlari miqdoridan kelib chiqib aniqlanadi. Ushbu usulni nomoddiy aktiv egasi mazkur nomoddiy aktivdan foydalanish huquqini litsenziya toʻlovi evaziga uchinchi taraflarga berishdan olishi mumkin boʻlgan pul oqimlariga qoʻllaniladigan diskontlangan pul oqimlari usuli sifatida eʼtirof etish mumkin.
332. Royalti stavkasi bozor bitimlariga asoslanadimi yoki foydani taqsimlash usuligami (yoki ikkalasigami), bundan qatʼi nazar, uni tanlashda baholanayotgan nomoddiy aktiv tavsiflarini hamda undan foydalanilayotgan muhitni hisobga olish kerak. Agar ushbu omillar hisobga olingan boʻlsa, qaralayotgan aktiv uchun mumkin boʻlgan kuzatiladigan bitimlar va/yoki foyda diapazoni doirasida aniq royalti stavkasini tanlash uchun asos hosil boʻladi. Hisobga olish kerak boʻlgan omillarga quyidagilar kiradi:
raqobatbardosh muhit;
baholanayotgan nomoddiy aktivning unga boʻlgan huquq egasi uchun ahamiyatliligi;
baholanayotgan nomoddiy aktivning hayot sikli.
333. Baholovchi royalti stavkasini tanlashda quyidagilarni ham eʼtiborga olishi kerak:
litsenziya kelishuvini tuzishda royalti toʻlayotgan ishtirokchilar toʻlovlarni ularning foyda darajasiga hamda ularga litsenziya toʻlovi evaziga berilgan nomoddiy aktivning ushbu foydaga qoʻshgan hissasiga qarab toʻlashni istashi;
kuzatilayotgan royalti bitimlarini koʻrib chiqishda baholovchi litsenziyatga berilgan aniq huquqlarni, shuningdek har qanday cheklovlarni tushunishi kerak.
334. Foydadagi ustunlik usuli baholash obyektidan foydalanishdan olingan qoʻshimcha foydani hisobga olishga asoslangan. Foydadagi ustunlik deganda nomoddiy aktivlar va intellektual mulkni oʻz ichiga olgan mahsulotni sotadigan tashkilot shunga oʻxshash mahsulotni ishlab chiqaradigan yoki shunga oʻxshash xizmatlarni koʻrsatadigan, ammo bunday nomoddiy aktivlar va intellektual mulkka ega boʻlmagan tashkilotga nisbatan nomoddiy aktivlar va intellektual mulkdan foydalanish bilan bogʻliq oladigan qoʻshimcha sof foyda tushuniladi.
Oʻxshash tashkilotlar boʻyicha bunday axborot boʻlmaganda bunday taqqoslashni bir tashkilot doirasida tashkilotning baholanayotgan nomoddiy aktivlar va intellektual mulkdan foydalanishdan oldingi va keyingi faoliyati natijalarini taqqoslash yoʻli bilan amalga oshirish mumkin.
335. Nomoddiy aktivlar, shu jumladan, intellektual mulkdan foydalanish natijasida yuzaga keladigan foydadagi ustunlikning shakllanish manbasi:
mahsulot (ish, xizmat) birligini sotish narxining oshishi;
mahsulot (ish, xizmat)ni natural ifodada sotish hajmining oshishi;
mahsulot (ish, xizmat)ni ishlab chiqarish va/yoki sotish bilan bogʻliq xarajatlarning qisqarishi boʻlishi mumkin.
336. Grinfild usuliga muvofiq baholanayotgan nomoddiy aktivning qiymati, baholash sanasida biznesning faqat bitta aktivi baholanadigan nomoddiy aktiv boʻlsa, pul oqimlari prognozlari asosida aniqlanadi.
Boshqa barcha moddiy va nomoddiy aktivlar sotib olingan, qurilgan yoki ijaraga olingan boʻlishi kerak.
337. Grinfild usuli ortiqcha foyda usuliga oʻxshash boʻlib, biroq yordamchi aktivlar xissasini aks ettirish maqsadida yordamchi aktivlarga hisoblashlarni pul oqimidan chegirish oʻrniga, baholanayotgan aktivga boʻlgan huquqning egasi yordamchi aktivlarni qurgan, sotib olgan yoki ijaraga olgan boʻlishi kerakligi nazarda tutiladi.
Qoʻshimcha aktivlarni qurishda yoki sotib olishda takror ishlab chiqarishga xarajatlar emas, balki ekvivalent foydalilikdagi aktiv bilan almashtirish xarajatlari qoʻllaniladi.
338. Grinfild usulidan koʻproq franchayzing va eshittirish spektri kabi asosiy (biznesni hosil qiluvchi) nomoddiy aktivlar qiymatini hisob-kitob asosida baholash uchun foydalaniladi.
339. Grinfild usulini qoʻllash quyidagi asosiy bosqichlarda amalga oshiriladi:
baholanayotgan nomoddiy aktiv baholash sanasida biznes mulkidagi yagona aktiv boʻlishi sharti bilan, hamda “hajmlarni barqaror darajagacha oshirish” uchun zarur vaqt davrini hisobga olgan holda, tushum, xarajatlar prognozlarini tuzish, biznes uchun kapital qoʻyilmalar va aylanma kapitalga ehtiyojlarni prognozlash;
qaralayotgan biznes operatsion faoliyatini yuritish uchun zarur boshqa barcha aktivlarni sotib olish, yaratish yoki ijaraga olishga qoʻyilmalar muddatlarini hisoblab baholash;
biznes uchun tegishli diskontlash stavkasidan foydalanish, yagona baholanayotgan nomoddiy aktiv mavjudligini hisobga olgan holda baholanayotgan biznes qiymatini aniqlash uchun boʻlajak pul oqimlarining keltirilgan qiymatini hisoblash, shuningdek amortizatsiyadan soliqqa oid foydani hisoblash va baholanayotgan nomoddiy aktivga, agar bu baholash maqsadlari uchun zarur boʻlsa, qoʻshish.
340. Distribyutor usuli koʻp davrli ortiqcha foyda usuli boʻlib, mijozlar bilan bogʻliq nomoddiy aktivlarni baholash uchun foydalaniladi. Distribyutor usulining asosiy konsepsiyasi shundan iboratki, turli yoʻnalishlarda faoliyat yuritadigan tijorat korxonalari har bir faoliyat yoʻnalishidan foyda oladi.
Distribyutor usuli, qoida tariqasida, intellektual mulkni ishlab chiqish yoki ishlab chiqarish bilan emas, balki faqat mahsulotni mijozlar oʻrtasida taqsimlash bilan bogʻliq funksiyalarni bajarishi bois, distribyutorlar olgan foyda normasi haqida axborotdan mijozlar bilan bogʻliq nomoddiy aktivlarga tegishli ortiqcha foydani hisob-kitob asosida baholash uchun foydalaniladi.
341. Distribyutor usuli, agar boshqa nomoddiy aktiv (masalan, texnologiya yoki brend) asosiy yoki eng ahamiyatli nomoddiy aktiv hisoblansa hamda ortiqcha foyda usuli (POD usuli) boʻyicha baholansa, mijozlar bilan bogʻliq aktivlarni baholashga toʻgʻri keladi.
342. Distribyutor usulini qoʻllash quyidagi asosiy bosqichlarda amalga oshiriladi:
mijozlar bilan amaldagi munosabatlarga tegishli tushum prognozlarini tuzish. Bunday prognozlarda mavjud mijozlardan tushumning kutilayotgan oʻsishini, shuningdek mijozlarning ketib qolishi oqibatlarini aks ettirish kerak;
mijozlar bilan munosabatlari qaralayotgan biznesdagidek yoʻlga qoʻyilgan taqqoslanuvchi distribyutorlarni aniqlash, ushbu distribyuterlar erishadigan foyda normalarini hisoblash;
distribyutorlik foyda normasini prognozlanayotgan tushumga qoʻllash;
taqsimlash funksiyasiga aloqasi boʻlgan hamda prognozlangan tushum va xarajatlarni taʼminlash uchun zarur yordamchi aktivlarni aniqlash. Qoida tariqasida, bunday distribyutorlikka oid yordamchi aktivlarga aylanma kapital, asosiy vositalar va mehnat resurslari kiradi. Bunda distribyutorlarga ancha kam hollarda tovar belgilari yoki texnologiyalar kabi boshqa aktivlar talab etiladi. Talab etiladigan yordamchi aktivlar darajasi faqat distribyutorlik funksiyalarini bajaradigan ishtirokchilar ega boʻlgan darajaga mos kelishi lozim;
har bir yordamchi aktiv bilan bogʻliq tavakkalchilikni baholashga asoslangan har bir tegishli aktivdan samaradorlikning tegishli darajasini aniqlash;
har bir prognozlanadigan davrga nisbatan, faqat baholanayotgan nomoddiy aktivga tegishli ortiqcha foydani olish maqsadida yordamchi aktivlarning talab etiladigan samaralarini prognozlangan distribyutorlik foydasi miqdoridan chegirish;
baholanayotgan nomoddiy aktiv uchun tegishli diskontlash stavkasini aniqlash va keltirilgan ortiqcha foyda qiymatini hisoblash;
amortizatsiyadan soliqqa oid foydani hisoblash va baholanayotgan nomoddiy aktivga, agar bu baholash maqsadlari uchun zarur boʻlsa, qoʻshish.
343. Tannarxdagi yutuq usuli ishchi kuchi, xomashyo va materiallar, energiya manbalari va boshqa xarajatlarni tejash bilan yaratilishi mumkin. Bunday hollarda nomoddiy aktivlar, shu jumladan, intellektual mulkning qiymati tannarxdagi yutuq usuli bilan nomoddiy aktivlar, shu jumladan, intellektual mulkdan foydalanish natijasidagi xarajatlarni tejashni aniqlash orqali oʻlchanadi.
344. Ushbu usulni qoʻllash nomoddiy aktivlar va intellektual mulkning foydali xizmat qilish muddatining qolgan davridan koʻp boʻlmagan muayyan davrda tannarxdagi yutuq hajmini topishni anglatadi.
345. Tannarxdagi yutuq usulini qoʻllash quyidagi asosiy bosqichlarda amalga oshiriladi:
nomoddiy aktivlar va intellektual mulkdan foydalangan holda ishlab chiqarilgan mahsulotning tannarxini nomoddiy aktivlar va intellektual mulkdan foydalanmasdan ishlab chiqarilgan oʻxshash mahsulot (xizmat)ning tannarxi bilan solishtirma tahlili amalga oshiriladi;
nomoddiy aktivlar va intellektual mulkdan foydalangan holda mahsulotlarni (xizmatlarni) sotishdan olinishi kutilayotgan tannarxni tejash miqdori aniqlanadi;
ushbu tejashning kutilayotgan vaqt davri aniqlanadi.
346. Nomoddiy aktivlar va intellektual mulkka boʻlgan huquqlardan foydalanishdan keladigan daromad (pul oqimi) baholash obyektidan foydalangan holda amalga oshirilayotgan faoliyatdan olinadigan tannarxni bunday faoliyatni baholash obyektidan foydalanmagan holda amalga oshirishdan olingan tannarxni tejashdagi tafovut sifatida shakllanadi.
347. Baholash obyektidan xoʻjalikda foydalanish baholanayotgan nomoddiy aktivlar va intellektual mulkdan foydalangan holda tayyorlangan mahsulotni ekspluatatsiya qilish jarayonida qilinadigan xarajatlarni tejashga imkon beradigan xollarda ekspluatatsion xarajatlar tejamkorligi usuli qoʻllaniladi. Ushbu usulning qoʻllanilishi baholash obyektidan foydalangan holda tayyorlangan mahsulotni ekspluatatsiya qilish vaqti davridagi ekspluatatsion xarajatlarni tejash miqdorini topishni anglatadi.
348. Ekspluatatsion xarajatlar tejamkorligi usulini qoʻllash quyidagi asosiy bosqichlardan iborat:
baholanayotgan nomoddiy aktivlar va intellektual mulkdan foydalanishdan oldin ishlab chiqarilgan mahsulotning ekspluatatsiya xarajatlarini baholanayotgan nomoddiy aktivlar va intellektual mulkdan foydalangan holda ishlab chiqarilgan mahsulotning ekspluatatsiya xarajatlari bilan solishtirma tahlili amalga oshiriladi;
mahsulotni ishlab chiqarish davrida olinishi kutilayotgan ekspluatatsion xarajatlardagi tejamkorlik oʻlchami aniqlanadi;
baholanayotgan nomoddiy aktivlar va intellektual mulkdan foydalangan holda unga boʻlgan huquqlardan foydalanishning samarali muddati davrida ishlab chiqarilgan mahsulotlar (xizmatlar) hajmi aniqlanadi;
nomoddiy aktivlar va intellektual mulkdan samarali foydalanish muddati davrida ishlab chiqarilgan barcha mahsulotlar hajmi boʻyicha ekspluatatsion xarajatlardagi tejamkorlik sifatida pul oqimi aniqlanadi.
349. Nomoddiy aktivlar va intellektual mulkdan yaratilayotgan pul oqimlari uchun kapitallashtirish stavkasi nomoddiy aktivlar va intellektual mulkni sotib olish uchun investitsiya qilingan kapital va bu kapitalning qaytishini diskontlash (kapitaldan unum) stavkasi miqdorini hisobga olishi zarur.
350. Diskontlash stavkasi quyidagi usullardan biri bilan hisoblab chiqiladi:
kumulyativ tuzish usuli;
kapitalning oʻrtacha oʻlchangan qiymati usuli;
kapital aktivlarni baholash usuli.
4-§. Xarajat yondashuvi
351. Xarajat yondashuvini qoʻllaganda nomoddiy aktiv qiymati oʻxshash aktiv yoki oʻxshash servis salohiyatiga yoki foydalilikka ega aktiv bilan almashtirishga ketgan xarajatlar asosida aniqlanadi.
352. Nomoddiy aktivlarni baholashga xarajat yondashuvini qoʻllash zaruratini aniqlashda baholovchilar 6-son MBS talablariga rioya etishlari lozim.
353. Xarajat yondashuvi, qoida tariqasida, quyidagi nomoddiy aktivlarga nisbatan qoʻllaniladi:
uchinchi tarafdan sotib olingan dasturiy taʼminot;
oʻz kuchi bilan ishlab chiqilgan, kompaniya ichida foydalaniladigan va sotishga moʻljallanmagan dasturiy taʼminot;
toʻliq butlangan xodimlar shtati.
354. Xarajat yondashuvi boshqa baholash yondashuvlarini qoʻllash imkoniyati boʻlmaganda qoʻllanishi mumkin.
355. Xarajat yondashuvida quyidagi asosiy usullar qoʻllaniladi:
almashtirish xarajatlari usuli;
yaratish qiymati usuli;
takror ishlab chiqarish qoldiq qiymati usuli.
356. Almashtirish xarajatlari usuli shuni nazarda tutadiki, byurtmachi aktiv uchun taqqoslanuvchi foydalilik yoki funksionallilikka ega boshqa aktiv bilan almashtirish jarayonida sarflanishi mumkin boʻlgandan koʻp pul bermaydi.
357. Almashtirish xarajatlari usulini qoʻllaganda baholovchilar quyidagilarni hisobga olishi kerak:
foydali aktivni almashtirishga toʻgʻridan-toʻgʻri va bilvosita xarajatlarni, shu jumladan, mehnat resurslari, materiallar va yuklama xarajatlarni;
baholanayotgan aktivning eskirgani tasdiqlanganligini. Bunda nomoddiy aktivlar funksional yoki jismonan eskirmasa-da, ular iqtisodiy eskirishi mumkinligi inobatga olinadi;
boy berilgan imkoniyatlar xarajatlarini, bunda qaralayotgan nomoddiy aktivdan uni yaratish jarayonidagi vaqt oraligʻida foydalanish imkoni yoʻqligi bilan bogʻliq xarajatlar hisobga olinadi.
358. Yaratish qiymati usuli doirasida muqaddam amalda sarflangan baholanayotgan nomoddiy aktivlar va intellektual mulkni yaratish xarajatlari indeksatsiya qilish orqali joriy qiymatga keltiriladi. Nomoddiy aktivlar va intellektual mulkning qiymati joriy narxlarda baholangan va investitsiya uchun daromad stavkasiga koʻpaytirilgan barcha xarajatlarni jamlash bilan aniqlanadi.
359. Yaratish qiymati usulini qoʻllash quyidagi asosiy bosqichlarda amalga oshiriladi:
baholanayotgan nomoddiy aktivlar va intellektual mulkni yaratish hamda harakatga keltirish bilan bogʻliq barcha haqiqiy xarajatlar, shu jumladan, uni foydalanishga yaroqli holatga keltirish boʻyicha xarajatlar aniqlanadi;
baholash sanasi holatiga xarajatlar amalga oshirilgan paytdan boshlab narxlar (inflatsiya) indeksi miqdorida xarajatlar tuzatiladi;
tuzatilgan xarajatlar jamlanadi va qabul qilingan rentabellilik koeffitsiyentiga (investitsiya uchun daromad stavkasiga) koʻpaytiriladi;
https://neolex.uz/uz/laws/law-4843632
