Notariuslar tomonidan amalga oshiriladigan huquqiy va texnik tusdagi qoʻshimcha harakatlar uchun undiriladigan toʻlovlarning maksimal miqdorlarini tasdiqlash toʻgʻrisida (3235-son)
29.05.2020
Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirining
buyrugʻi
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2020-yil 29-mayda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 3235]
Oʻzbekiston Respublikasining “Notariat toʻgʻrisida”gi Qonuni, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 13-apreldagi PQ-3666-son “Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi faoliyatini yanada takomillashtirishga doir tashkiliy chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 16-martdagi 156-son “Nodavlat notarial faoliyatni tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq buyuraman:
1. Notariuslar tomonidan amalga oshiriladigan huquqiy va texnik tusdagi qoʻshimcha harakatlar uchun undiriladigan toʻlovlarning maksimal miqdorlari ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur buyruq davlat roʻyxatidan oʻtkazilsin va bu haqda Idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish boshqarmasi Idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarning davlat reyestriga tegishli yozuv kiritsin.
3. Qonun hujjatlarini tahlil qilish va turkumlash boshqarmasi ushbu idoraviy normativ-huquqiy hujjatni “Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami” — “Sobraniye zakonodatelstva Respubliki Uzbekistan”da hamda Oʻzbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasida eʼlon qilinishini taʼminlasin.
4. Mazkur buyruq rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
5. Mazkur buyruq ijrosini nazorat qilish vazir oʻrinbosari A. Tashkulov zimmasiga yuklansin.
Vazir R. DAVLETOV
Toshkent sh.,
2020-yil 29-may,
112-mh-son
Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2020-yil 29-maydagi 112-mh-son buyrugʻiga ILOVA
Notariuslar tomonidan amalga oshiriladigan huquqiy va texnik tusdagi qoʻshimcha harakatlar uchun undiriladigan toʻlovlarning
MAKSIMAL MIQDORLARI
T/rHuquqiy va texnik tusdagi qoʻshimcha harakatlar nomiHaq miqdori*(bazaviy hisoblash miqdoriga nisbatan)1-bob. Notarial harakatlarni amalga oshirishga doir masalalar yuzasidan tushuntirishlar berish uchun1.Koʻchmas mulk va avtomototransport vositalarini boshqa shaxsga oʻtkazish, shuningdek garov (ipoteka) va lizing shartnomalarini tasdiqlash15%2.Meros ishi20%3.Dalillarni taʼminlash20%4.1 — 3-bandlarda nazarda tutilmagan boshqa notarial harakatlarni amalga oshirish5%2-bob. Notarial tasdiqlanadigan hujjatlar loyihalarini tayyorlash uchun***5.Avtomototransport vositalarini boshqa shaxsga oʻtkazish shartnomalari20%6.Koʻchmas mulklarni boshqa shaxsga oʻtkazish shartnomalari30%7.Garov (ipoteka) va lizing shartnomalari25%(jismoniy shaxslar uchun yoki taraflardan biri jismoniy shaxs boʻlsa)100%(taraflarning barchasi yuridik shaxs boʻlsa)8.Mulk ijara shartnomalari20%9.Mediator sifatida tasdiqlanadigan mediativ kelishuvlar55%10.Ishonchnomalar10%11.5 — 10-bandlarda nazarda tutilmagan boshqa bitimlar20%12.Merosga boʻlgan huquq toʻgʻrisida guvohnomalar100%13.Dalillarni taʼminlash boʻyicha hujjatlar100%14.12 va 13-bandlarda nazarda tutilmagan boshqa notarial harakatlar boʻyicha hujjatlar10%3-bob. Texnik tusdagi harakatlar amalga oshirilishi uchun15.“Notarius” avtomatlashtirilgan axborot tizimi orqali maʼlumot chop etish yoki texnik vositalar yordamida hujjatlardan nusxalar koʻchirish (har bir bet uchun)0,5%16.Hujjatlardan koʻchirmalar tayyorlash (har bir bet uchun)2%4-bob. Boshqa qoʻshimcha harakatlar amalga oshirilishi uchun17.Apostil qoʻyish va (yoki) hujjatlarni legallashtirish boʻyicha kompleks xizmatlar koʻrsatish20%18.“Notarius” avtomatlashtirilgan axborot tizimi orqali koʻchmas mulk yoki avtomototransport vositalarini boshqa shaxsga oʻtkazish taqiqlanmaganligi va (yoki) xatlanmaganligini tekshirish yoki bu haqda maʼlumotnoma berish (har bitta mulk uchun)**15%19.“Notarius” avtomatlashtirilgan axborot tizimi orqali soliqlar, kommunal xizmatlar va elektr energiyasi boʻyicha qarzdorlik mavjud yoki mavjud emasligini tekshirish uchun elektron ariza toʻldirish hamda Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Majburiy ijro byurosi maʼlumotlar bazasi orqali ijro hujjatlari boʻyicha qarzdorlik mavjud yoki mavjud emasligini tekshirish (har bir notarial harakat uchun bir marotaba)10%20.Hujjatlarni bir tildan boshqa tilga tarjima qilish (har bir bet uchun)15%21.Umumiy ulushli mulk ishtirokchisini imtiyozli sotib olish huquqiga ega ekanligi haqida xabardor qilish20%23.Notarial harakatni notarial idora binosidan tashqarida amalga oshirish (Oʻzbekiston Respublikasining “Davlat boji toʻgʻrisida”gi Qonuni 11-moddasida davlat boji toʻlashdan ozod etilgan notarial harakatlar boʻyicha belgilangan haq miqdorining 50 foizi undiriladi)50%24.Notarial harakatni amalga oshirishda boshqa tashkilotlardan maʼlumotlar olish uchun soʻrovnomalar yozish (elektron shaklda yozilgan soʻrovnomalar bundan mustasno)5%25.Hujjatlarni saqlash (har 250 varaqqacha boʻlgan hujjatlar uchun bir sutkagacha)0,5%26.Pul summalari yoki qimmatli qogʻozlarni depozitda saqlash (bir sutkaga)1%27.Notarial harakatlar doirasida kuryerlik xizmati koʻrsatish10%28.Notarius tomonidan Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 9-fevraldagi 66-son qarori bilan tasdiqlangan Tadbirkorlik subyektlarini davlat roʻyxatidan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomning 2-ilovasida nazarda tutilgan Tadbirkorlik subyektlari yagona davlat reyestridan maʼlumotlar berilganligi uchun undiriladigan yigʻimlar stavkalarining 4-bandida belgilangan hujjatlarni axborot-kommunikatsiya texnologiyalari orqali olish va chop etish (har bir yuridik shaxs uchun)***5%29.Mol-mulkka qoʻyilgan taqiqni (xatlovni) bekor qilish yoki bekor qilinganligi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni Boshqa shaxsga oʻtkazish taqiqlab yoki xatlab qoʻyilgan mol-mulklar elektron maʼlumotlar bankiga kiritish (har bir mulk uchun)5%
* Notariuslar tomonidan amalga oshiriladigan huquqiy va texnik tusdagi qoʻshimcha harakatlar uchun undiriladigan toʻlovlarning maksimal miqdorlarida (bundan buyon matnda haq miqdorlari deb yuritiladi) belgilangan haq miqdoridan ortiq undirilishiga yoʻl qoʻyilmaydi. Bunda toʻlovlar xususiy amaliyot bilan shugʻullanuvchi notariuslar tomonidan belgilanganidan kam miqdorda undirilishi mumkin.
Notarius tomonidan murojaat etuvchi shaxslarga Oʻzbekiston Respublikasi “Notariat toʻgʻrisida”gi Qonunining 21-moddasiga asosan notarius tomonidan notarial harakatlar amalga oshirilganda notarial tartibda tasdiqlanadigan bitim loyihasini mustaqil tayyorlagan jismoniy va yuridik shaxslar huquqiy hamda texnik tusdagi qoʻshimcha harakatlar uchun haq toʻlashdan ozod etilishi tushuntirilishi shart.
Bitta notarial harakatni amalga oshirish yuzasidan mazkur haq miqdorlarining 1-bobida nazarda tutilgan huquqiy tushuntirishlardan biri bir necha marotaba berilganda ular uchun bitta huquqiy tushuntirish uchun nazarda tutilgan haq miqdorida toʻlov undiriladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 22-oktabrdagi PQ-4871-son “Favqulodda vaziyatlardan jabr koʻrgan fuqarolarni ijtimoiy himoya qilishning qoʻshimcha choralari toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan Oʻzbekiston Respublikasi va xorijiy davlatlar hududida tabiiy va texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlar, shu jumladan maishiy tusdagi ofatlar (turar, noturar-joyning yongʻini yoki qulashi, transport vositasining yongʻini) yuz berganligi oqibatida jismoniy shaxslarning aybisiz yoʻqotilgan yoki yaroqsiz holga kelgan notarial tasdiqlangan hujjatlarning dublikatlari, hujjatlarning koʻchirma nusxalari hamda reyestrlardan koʻchirmalar berishda huquqiy va texnik tusdagi qoʻshimcha harakatlar uchun haq undirilmaydi.
** Qoraqalpogʻiston Respublikasi Adliya vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar adliya boshqarmalari huzuridagi idoraviy notarial arxivlar “Notarius” avtomatlashtirilgan axborot tizimi orqali koʻchmas mulk yoki avtomototransport vositalarini boshqa shaxsga oʻtkazish taqiqlanmaganligi va (yoki) xatlanmaganligini tekshirish yoki bu haqda maʼlumotnoma berish yuzasidan elektron maʼlumotlar bankini yuritish boʻyicha bazaviy idora hisoblanganligi sababli, mazkur haq miqdorlarining 18-bandida nazarda tutilgan maksimal haq miqdorlarining 50 foizi adliya organlarining budjetdan tashqari davlat boji yigʻiladigan shaxsiy gʻazna hisobvaraqlariga yoʻnaltiriladi, shuningdek kelgusida idoraviy notarial arxivlarni moliyalashtirish, adliya organlari xodimlarini moddiy ragʻbatlantirish va ijtimoiy himoya qilish, adliya organlarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash hamda ularni saqlab turish xarajatlari uchun sarflanadi.
*** Mazkur haq miqdorlarining 28-bandida nazarda tutilgan maksimal haq miqdorining 50 foizi, shuningdek, notarial harakat videokonferensaloqa orqali amalga oshirilgan hollarda mazkur haq miqdorlarining 2-bobida nazarda tutilgan maksimal haq miqdorlaridan bazaviy hisoblash miqdorining 5 foizi “Adliya organlari va muassasalarida axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish markazi” davlat muassasasi hisobraqamiga vazirlik axborot tizimlarini rivojlantirish uchun yoʻnaltiriladi.
Mazkur Notariuslar tomonidan amalga oshiriladigan huquqiy va texnik tusdagi qoʻshimcha harakatlar uchun undiriladigan toʻlovlarning maksimal miqdorlari Oʻzbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi bilan kelishilgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi raisi N. SHARIPOV
2020-yil 29-may
