8-modda. Bojxona bojlari, soliq va yigʻimlardan ozod qilish
Havo qatnovi toʻgʻrisida · Sana: 05.10.2009 · Amalda
1. Ahdlashuvchi Tomonlardan birining tayinlangan aviakorxonasi tomonidan kelishilgan qatnovda ekspluatatsiya qilinadigan havo kemalari, shuningdek ularning bortidagi joriy jihozlari, yoqilgʻi-moylash zaxirasi hamda bunday havo kemasi zaxiralari (oziq-ovqat, ichimlik mahsulotlarini oʻz ichiga olgan holda) boshqa Ahdlashuvchi Tomon davlati hududiga kirgandan soʻng bojxona bojlari, soliqlar va yigʻimlardan bu jihozlar va zaxiralar ularni havo kemasi bortida qayta olib chiqib ketgunga qadar qolishi sharti bilan ozod etiladi.
2. Quyidagilar ham bojxona bojlari, soliqlar va yigʻimlardan ozod qilinadi, koʻrsatilgan xizmatlar uchun toʻlovlar bundan mustasno:
a) bir Ahdlashuvchi Tomon davlatining hududida shu Ahdlashuvchi Tomon maʼmuriyati tomonidan belgilangan miqdor doirasida va boshqa Ahdlashuvchi Tomonning tayinlangan aviakorxonasi tomonidan ekspluatatsiya qilinadigan havo kemasining bortiga olingan va unda foydalanish uchun moʻljallangan havo kemasi zaxiralari;
b) bir Ahdlashuvchi Tomon davlat hududida boshqa Ahdlashuvchi Tomonning tayinlangan aviakorxonasi tomonidan ekspluatatsiya qilinadigan havo kemasiga texnik xizmat koʻrsatish yoki uni taʼmirlash uchun olib kirilgan ehtiyot qismlari, shuningdek dvigatellar;
s) bir Ahdlashuvchi Tomonning tayinlangan aviakorxonasi tomonidan xalqaro qatnovlarda ekspluatatsiya qilinadigan havo kemasi bortiga olingan va unda ishlatish uchun moʻljallangan yoqilgʻi va moylash materiallari, hatto mazkur zaxiralar havo kemasi bortiga olingan Ahdlashuvchi Tomon hududi boʻylab parvoz qismida ishlatilgan taqdirda ham.
Koʻrsatilgan xizmatlar, saqlash va bojxona rasmiylashtiruvi uchun yigʻimlar Ahdlashuvchi Tomonlar davlatlarining milliy qonunchiligiga muvofiq olinadi.
3. Mazkur moddaning 1 va 2-bandlarida koʻrsatilgan materiallar va buyumlar bojxona organlarining talablari boʻyicha bojxona tekshiruvidan oʻtkazilishi mumkin.
4. Bir Ahdlashuvchi Tomonning havo kemasi bortidagi odatiy bort jihozlari, shuningdek, ehtiyot qismlar va zaxiralar boshqa Ahdlashuvchi Tomonning hududida faqatgina mazkur Ahdlashuvchi Tomon bojxona organlarining roziligi bilan tushirilishi mumkin. Bunday holatda, ular bojxona qonunchiligiga muvofiq qayta olib chiqilguniga qadar yoki boshqacha tarzda yoʻq qilinguniga qadar yuqorida qayd etilgan organlarning nazorati ostida boʻladi.
5. Bir Ahdlashuvchi Tomonning tayinlangan aviakorxonasi tomonidan oʻz faoliyati ehtiyojlari uchun boshqa Ahdlashuvchi Tomon davlat hududiga olib kirilgan yoki olib kiriladigan yoqilgʻi, moylash ashyolari, ehtiyot qismlar, joriy jihozlari, havo kemasi zaxiralari, oziq-ovqat, ichimlik va tamaki mahsulotlari, reklama materiallari, avtotransport, buyurtma qilish va aloqa uchun elektron jihozlar va ularning ehtiyot qismlari, vakolatxona faoliyati uchun mebel va jihozlar, tashuv hujjatlari va blankalari boshqa Ahdlashuvchi Tomon davlatining hududiga olib kirishda, undan olib chiqishda va u erda boʻlishi mobaynida bojxona bojlari, soliq va yigʻimlardan ozod qilinadi.
