6-modda. Qonun va qoidalar
Havo qatnovi toʻgʻrisida · Sana: 05.10.2009 · Amalda
1. Bir Ahdlashuvchi Tomonning xalqaro qatnovlarni amalga oshirayotgan havo kemalari oʻz davlat hududiga uchib kelishi va u erdan uchib ketishi, oʻzining davlat hududi doirasida bunday havo kemalaridan foydalanish va ularning navigatsiyasini tartibga soluvchi davlat milliy qonunchiligi boshqa Ahdlashuvchi Tomonning tayinlangan aviakorxonalariga nisbatan ham qoʻllaniladi hamda ushbu havo kemasi tomonidan birinchi Ahdlashuvchi Tomon davlatining hududiga uchib kelganda, uchib ketganda yoki u erda boʻlganida amal qilinadi.
2. Bir Ahdlashuvchi Tomon oʻz davlatining hududiga yoʻlovchilar, ekipaj aʼzolari, yukning kirib kelishi, u erda boʻlishi hamda u erdan joʻnatilishini tartibga soluvchi davlat milliy qonunchiligi, xususan, kirish, bojxona rasmiylashtiruvi, immigratsiya, pasport, bojxona hamda karantinga oid qoidalar boshqa Ahdlashuvchi Tomondan tayinlangan aviakorxonaga tegishli havo kemalaridagi yoʻlovchilar, ekipaj aʼzolari, yuk va pochtaga nisbatan birinchi Ahdlashuvchi Tomon davlatining hududiga kelishi, ketishi yoki u erda boʻlishi chogʻida qoʻllaniladi.
3. Har bir Ahdlashuvchi Tomonning tayinlangan aviakorxonalari oʻz havo kemalari orqali boshqa Ahdlashuvchi Tomon davlatining hududiga kirishi, u erda boʻlishi yoki u erdan chiqib ketishi chogʻida oʻsha Ahdlashuvchi Tomonning hududiga hayvonlar va oʻsimliklarni olib kirish yoki u erdan olib ketishga doir qonunlarga rioya qiladi.
