4-modda. Ruxsatnomadan foydalanishni bekor qilish yoki toʻxtatib qoʻyish
Havo qatnovi toʻgʻrisida · Sana: 05.10.2009 · Amalda
1. Har bir Ahdlashuvchi Tomon boshqa Ahdlashuvchi Tomon tayinlagan aviakorxonaga berilgan ekspluatatsiya ruxsatnomalarni bekor qilish yoki mazkur Bitimning 3-moddasida koʻrsatilgan huquqlardan foydalanishni toʻxtatib qoʻyish yoxud bunday huquqlardan foydalanish uchun zarur boʻlgan muayyan shartlarni bajarishni talab qilish huquqiga ega, basharti:
a) mazkur aviakorxonaga ustun darajada egalik qilish yoki uning ustidan haqiqiy nazorat oʻrnatish aviakorxonani tayinlagan Ahdlashuvchi Tomonga yoki uning fuqarolariga qarashli ekanligiga ishonch hosil qilmagan har qanday holda, yoxud
b) mazkur aviakorxona ushbu huquqlarni bergan Ahdlashuvchi Tomon davlatining milliy qonunchiligiga rioya etmasa yoki rioya etishni rad etgan taqdirda, yoxud
s) ushbu aviakorxona mazkur Bitimda belgilangan shartlar asosida faoliyat yuritishga rioya etmagan taqdirda.
2. Agar mazkur moddaning 1-bandida koʻrsatilgan ruxsatnomani bekor qilish, toʻxtatib qoʻyish yoki muayyan shartlarni bajarishni talab qilish Ahdlashuvchi Tomonlarning milliy qonun hujjatlari talablari hamda mazkur Bitim qoidalari buzilishining oldini olish uchun zarur boʻlmasa, bunday huquqdan faqatgina boshqa Ahdlashuvchi Tomonning aviatsiya maʼmuriyati bilan maslahatlashuvlar oʻtkazilganidan soʻng foydalaniladi.
